toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 21.08.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL YOʻLLARI QURISh VA FOYDALANISh (“OʻZAVTOYOʻL”) DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgustdagi 361-son “Aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish (“Oʻzavtoyoʻl”) davlat aksionerlik konsernini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlarida joylashgan yoʻl xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlarining ularning negizida avtomobil yoʻllarini qurish va foydalanish boʻyicha respublika va viloyatlarning davlat-aksionerlik birlashmalarini tashkil qilish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari:
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxona va tashkilotlarni aksiyalashtirish prinsipi asosida ixtiyoriy ravishda birlashtiradilar, oʻzlariga berilgan funksiyalarni bajarish yuzasidan oʻz muassislari oldida javob berdilar.
“Oʻzavtoyoʻl” konsernining yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan ishtirokchisi hisoblangan holda oʻz faoliyatini birlashmaning uning ishtirokchilarining umumiy majlisida tasdiqlanadigan ustaviga muvofiq amalga oshiradilar.
Birlashmalarning raislari viloyat hokimlarining tavsiyasiga koʻra muassislar yigʻilishida saylanadilar va “Oʻzavtoyoʻl” konserni Boshqaruvi tomonidan tasdiqlanadilar.
Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish boʻyicha hududiy davlat-aksionerlik birlashmasining namunaviy tuzilmasi, 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova qarorning rus tilidagi matnida berilgan.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksionerlik konsernining 2-ilovaga* muvofiq davlat-aksionerlik birlashmalari, trestlar, korxonalar va tashkilotlarni oʻz ichiga olgan tuzilmasi tasdiqlansin.
* 2-ilova qarorning rus tilidagi matnida berilgan.
4. Belgilab qoʻyilsinki “Oʻzavtoyoʻl” konserni:
respublika avtomobil yoʻllarini boshqarish uchun davlat tomonidan maxsus vakolat berilgan tashkilot hisoblanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi, oʻz faoliyatida qonun hujjatlariga va konsern ustaviga amal qiladi;
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son qarori tahririda)
davlat topshiriqlari asosida respublika xalq xoʻjaligi ehtiyojlaridan kelib chiqib, shuningdek, shartnoma va bitimlar asosida mustaqil ravishda pudrat faoliyatining istiqbolini belgilaydi va uni amalga oshiradi;
Davlat yoʻl jamgʻarmasini tashkil etadi, undan foydalanishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi;
ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliyaviy faoliyatga oid masalalarni mustaqil hal qiladi, markazlashtirilgan sugʻurta, zaxira va boshqa jamgʻarmalarni tashkil etadi;
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, trestlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar mehnat jamoalarining ijtimoiy masalalarini hal qilish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzavtoyoʻl” konserni 2 oy muddat ichida 3-ilovaga* muvofiq hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarini taʼsis etish va korxonalarni aksionerlik jamiyatlariga aylantirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni taʼminlasinlar.
* 3-ilova qarorning rus tilidagi matnida berilgan.
6. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha tashkiliy tadbirlar amalga oshirilayotganda korxonalar va tashkilotlarni yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarga aylantirish maqsadga muvofiq ekanligidan kelib chiqilsin. Tarmoqning rivojlanishidan manfaatdor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi timsolida davlat, “Oʻzavtoyoʻl” konserni, korxonalar va tashkilotlar jamoalari, respublika yuridik shaxslari va xorijiy yuridik shaxslar ularning ishtirokchilari boʻlishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 30-iyundagi 272-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi quyidagilarni amaliyotga joriy etsin:
hududiy-aksionerlik birlashmalariga davlatga tegishli aksiyalarning hissalariga muvofiq aksionerlik jamiyatlari faoliyatiga rahbarlik qilish huquqlarini berish;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-dekabrdagi 525-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
9. “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga muvofiq yoʻl ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash (umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, qayta qurish, tuzatish va saqlash) Davlat yoʻl jamgʻarmasining mablagʻi hisobiga amalga oshiriladi.
Yuqorida qayd qilingan qonunning ushbu moddasini amalda roʻyobga chiqarish maqsadida “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksionerlik konserni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasining “Respublika yoʻl jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin va Hukumatga taqdim etsin.
Qaror loyihasini tayyorlashda quyidagilarga eʼtibor berilsin:
respublika yoʻl jamgʻarmasi mustaqil davlat moliyaviy kredit muassasasi hisoblanadi;
jamgʻarmaning pul mablagʻlari respublikaning davlat budjeti va boshqa jamgʻarmalar tarkibiga kirmaydi va musodara qilinmaydi;
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-apreldagi 180-son qarori, 1992-yil 31-oktabrdagi 504-son qarori bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va saqlashga majburiy ajratmalarning meʼyorlari tasdiqlangan.
10. “Oʻzavtoyoʻl” konserni zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq unga quyidagi huquqlar berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil yoʻllarini rivojlantirish va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
belgilangan vakolatlar doirasida barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy hokimiyat organlari, idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, tashkilotlar va korxonalar bajarishlari majburiy boʻlgan meʼyoriy va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar mehnat jamoalarining roziligi bilan ishlab chiqarish vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy, moddiy-texnika va boshqa resurslarni konsern Ustavida belgilangan tartibda va shartlarda markazlashtirish;
xorijiy sheriklar bilan qoʻshma korxonalar tashkil etish, belgilangan tartibda uskunalar, materiallar, mexanizmlar va xalq isteʼmol mollarini eksport va import qilish aʼmollarini amalga oshirish.
11. Konsernni boshqarishning yuqori organi Kengash hisoblanadi, u Boshqaruvni va taftish komissiyasini saylaydi.
“Oʻzavtoyoʻl” konsernining xodimlari 55 kishidan ortiq boʻlmagan apparati tuzilmasi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Konsern va uning hududiy tashkilotlarining ishchi apparatlari yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlar hisobidan taʼminlanadilar.
* 4-ilova qarorning rus tilidagi matnida berilgan.
“Oʻzavtoyoʻl” konserni raisining uch nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat etilsin. Konsern Boshqaruvining raisi va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern raisi maqomida maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlari boʻyicha respublika vaziriga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
13. “Oʻzavtoyoʻl” konsernining ijro etuvchi apparati quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent shahri, Pushkin koʻchasi, 68-a uy.
14. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1989-yil 9-sentabrdagi 281-son va 1989-yil 19-dekabrdagi 432-son qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari oʻrtoq K. N. Toʻlaganov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil mart oyida Vazirlar Mahkamasining majmui yigʻilishida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-fevral,
58-son