toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 19.08.2003
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON AVTOMOBIL YO‘LLARI QURISh VA FOYDALANISh DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNI (“O‘ZAVTOYO‘L”) TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son “Umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish yuzasidan va respublikaning yo‘l xo‘jaligini boshqarishni yanada takomillashtirish, bozor munosabatlari shakllanib borayotgan sharoitda quyi tarkibiy bo‘linmalarga ko‘proq mustaqillik berish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasining Avtomobil yo‘llari vazirligi tugatilsin.
Respublika yo‘l xo‘jaligi tizimidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar mehnat jamoalarining amaldagi qonunlarga muvofiq O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksionerlik konserni (“O‘zavtoyo‘l”) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zavtoyo‘l” konserni:
xo‘jalik uyushmasi bo‘lib, avtomobil yo‘llari, ko‘priklarni hamda loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash va foydalanish ishlarini amalga oshiruvchi davlat, davlat-aksionerlik, ijara, jamoa korxonalari va tashkilotlarini, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan boshqa tarmoqlarning korxona va tashkilotlarini hamda xorijiy yuridik shaxslarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasining tugatilgan Avtomobil yo‘llari vazirligining huquqiy vorisi hisoblanib, o‘z faoliyatida amaldagi qonunlarga va konsernning Ustaviga amal qiladi.
2. “O‘zavtoyo‘l” konserni zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal qilish yuklansin:
O‘zbekiston Respublikasining Davlat istiqbolstat qo‘mitasi bilan birgalikda respublika xalq xo‘jaligi va aholisining yuk tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini eng ko‘p darajada qondirish uchun avtomobil yo‘llarini rivojlantirish konsepsiyasi va istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini ishlab chiqish;
respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish, foydalanish va takomillashtirish ishida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni o‘tkazish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalash, rekonstruksiyalash, ta’mirlash va saqlash masalalarini kompleks hal etishni ta’minlash;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari bilan bevosita shartnomalar hamda bitimlar tuzish asosida avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va boshqa yo‘l inshootlari qurish hamda o‘zgacha turdagi pudrat ishlarini bajarish;
o‘zaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy firmalar bilan qo‘shma ishlab chiqarish va korxonalarni tashkil qilish, MDH davlatlarida va chet ellarda avtomobil yo‘llari qurish.
3. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida “O‘zavtoyo‘l” konsernini tashkil etish va uning faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qaror qabul qilib, uning tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 26-yanvar,
PF-546-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 91-modda)