toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida
So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.
Xususan, oxirgi to‘rt yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1 270 dan ortiq loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat budjetidan 117 milliard so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy kafolatlarini ta’minlaydigan, zamonaviy demokratik talablarga va xalqaro standartlarga javob beradigan normativ-huquqiy baza yanada takomillashtirildi. Buning natijasida 20 ga yaqin qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Hukumatning qarorlari qabul qilindi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari manfaatlarini ifoda etish, davlat bilan ular o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi tashkil qilindi, shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot olib borishning yangi samarali vositalarini joriy etish maqsadida davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirish, inson huquqlarini, qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishga munosib hissa qo‘shgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini rag‘batlantirish maqsadida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi hamda sohaning 126 nafar faollari ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlandi.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida so‘nggi to‘rt yilda fuqarolik jamiyatining eng asosiy instituti hisoblanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari soni 20,7 foizga oshdi, shu jumladan 187 ta yirik respublika nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatini boshladi.
Shu bilan birga, ushbu ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va o‘rta muddatli istiqbollarini belgilab olish zarur.
Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining roli va ahamiyatini, ijtimoiy faolligi va faoliyatining samaradorligini oshirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” va “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturlari ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. 2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Konsepsiyaning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;
fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash.
3. Quyidagilar:
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2021-yilda amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (keyingi o‘rinlarda — Maqsadli ko‘rsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
a) Konsepsiya har ikki yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi;
b) Maqsadli ko‘rsatkichlar quyidagilarni nazarda tutadi:
nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini 2021-yilda kamida 1,2 baravarga, 2025-yilda 1,8 baravarga oshirish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga 2021-yilda 16 milliard so‘m, 2025-yilda 70 milliard so‘m mablag‘lar ajratish;
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi a’zolari sonini jami faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari soniga nisbatan 2021-yilda 10 foizga, 2025-yilda 30 foizga yetkazish;
har bir davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatida fuqarolar tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining sonini (jami jamoatchilik kengashlari tarkiblariga kiritilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining soniga nisbatan) 2021-yilda 5 foizga, 2025-yilda 25 foizga yetkazish;
nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilgan takliflarning umumiy sonini 2021-yilda 1 000 taga, 2025-yilda 5 000 taga yetkazilishini ta’minlash;
mamlakatimizda e’lon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari sonini 2021-yilda 30 taga, 2025-yildagi davlat dasturida — 50 taga yetkazish;
amaldagi jarayonlarni soddalashtirish va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni (jami 2020-yilda sodir qilingan huquqbuzarliklar soniga nisbatan) 2021-yilda 3,8 foizga, 2025-yilda 19,2 foizga kamaytirish;
2021-yilda 50 ta, 2025-yilda 250 ta nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2021-yil 1-apreldan boshlab:
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilinadi va unga ko‘ra har yil yakunlari bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, ijtimoiy sheriklik darajasi, ajratilgan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar natijadorligi va boshqa muhim faoliyat ko‘rsatkichlariga asosan ularning reytingi tuziladi;
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi (keyingi o‘rinlarda — Jamoatchilik palatasi), O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladi va indeks natijalari ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi;
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini ishlab chiqish va to‘liq amaliyotga joriy qilish adliya organlariga yuklatiladi.
Adliya vazirligi (M. Ikramov) Jamoatchilik palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (N. Alimov) bilan birgalikda ikki oy muddatda Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini shakllantirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti (keyingi o‘rinlarda — doimiy vakil) joriy etilsin.
Doimiy vakilning asosiy vazifalari etib qonun loyihalari va quyi palataning vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha muhokamalar va yig‘ilishlarda ijtimoiy sheriklik, ta’sirchan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy qilish va ularni amaliyotga to‘g‘ri qo‘llash, nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini ifoda qilish belgilansin.
Belgilansinki, doimiy vakil fuqarolik jamiyati rivojiga hissa qo‘shgan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda faollik ko‘rsatgan, el-yurt izzat-hurmatiga sazovor bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari orasidan Jamoatchilik palatasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
7. Belgilansinki:
davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari (keyingi o‘rinlarda — jamoatchilik kengashlari) tarkibining kamida 50 foizini nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tashkil etadi;
jamoatchilik kengashlarining tarkibi Jamoatchilik palatasi bilan kelishilgandan so‘ng davlat organi rahbarining qarori bilan har 2 yilda tasdiqlanadi;
jamoatchilik kengashlarining umumiy a’zolari soni 15 nafardan kam bo‘lmasligi zarur;
davlat organlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi (yoki axborot xizmati) jamoatchilik kengashlarining ishchi organi hisoblanadi, ular faoliyatini tashkiliy-uslubiy va axborot jihatdan ta’minlaydi.
8. Homiylik mablag‘larini markazlashtirilgan holda to‘plash va tarqatish, ularning maqsadli hamda manzilli yo‘naltirilishini monitoring qilish, ushbu jarayonlarni to‘liq avtomatlashtirish va oshkoraligini ta’minlash, shuningdek, xayriya etuvchi o‘z mablag‘ining ishlatilishini kuzatib borish imkonini beruvchi “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portali 2021-yil 1-maydan boshlab ishga tushirilsin.
9. Belgilansinki, “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portalini ishlab chiqish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari O.A. Pekos “Shaffof xayriya” yagona interaktiv portalini o‘z vaqtida ishga tushirish, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi bilan integratsiyalash, zarur bo‘lganda, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish yuzasidan shaxsan mas’ul ekanliklari belgilab qo‘yilsin.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
10. 2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari” tashkil etilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q. Sariyev), Andijon (Sh. Abduraxmonov), Qashqadaryo (Z. Mirzayev), Namangan (Sh. Abdurazakov), Surxondaryo (T. Bobolov), Toshkent (D. Xidoyatov), Farg‘ona (X. Bozarov) viloyatlari va Toshkent shahar (J. Artikxodjayev) hokimliklari:
“Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni foydalanishga topshirsin, shuningdek, ularni zarur ofis anjomlari, mebel, buyumlar, texnika va boshqa vositalar bilan ta’minlasin;
mazkur binolarga yangi tashkil etilgan, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarini tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, bo‘shab yotgan va samarali foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari negizida tuman (shahar)larda “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish tavsiya qilinsin.
11. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruhlari barcha hududlarda bo‘lib, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish, davlat organlari bilan birga qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan.
Bosh vazir o‘rinbosari B.A. Musayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu hududlarda 2021-yilda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan joylardagi dolzarb muammolarning yechimini topish bo‘yicha ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xarita”larini tasdiqlasin, shuningdek, ularning to‘liq va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatsin.
12. Oliy Majlis palatalariga Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yagona vertikal tizimini joriy qilish tavsiya etilsin. Bunda, shu jumladan quyidagilar nazarda tutilsin:
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish;
davlat subsidiyalari, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish tartibini soddalashtirish;
ajratilayotgan mablag‘larni ustuvor ravishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo‘jaligi kabi sohalarda muammolarni hal etish uchun ijtimoiy buyurtmalarga yo‘naltirish;
mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari bo‘yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash.
13. Jamoatchilik palatasi:
a) Adliya vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda Jahon xayriya indeksi (The World Giving Index) bo‘yicha O‘zbekistonning dunyodagi yetakchi mamlakatlar qatoriga kirishini ta’minlasin;
b) Adliya vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan davlat organlariga borgan holda jamoatchilik nazoratini o‘tkazish amaliyotining tartibini ishlab chiqsin hamda joriy etsin;
jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Milliy axborot agentligi (A. Ko‘chimov) Milliy teleradiokompaniya (A. Xadjayev), Xalqaro press-klub (Sh. Kudratxodjayev), Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (F. Abduxalikov) bilan hamkorlikda ushbu Farmonning maqsad hamda vazifalarini keng yoritish bo‘yicha chiqishlar va mavzuga oid ko‘rsatuvlarni tashkil etsin.
15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari B.A. Musayev, adliya vaziri R.Q. Davletov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 4-mart,
PF-6181-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga
1-ILOVA
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish
konsepsiyasi
1-bob. Umumiy qoidalar
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) maqsadi mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, aholining siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini hamda dolzarb masalalarni hal etishda hamkorligini kuchaytirish, respublikada barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuskorligi va faolligini oshirish hisoblanadi.
Konsepsiya fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, vazifalari, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish bosqichlarini belgilab beradi hamda sohaga oid maqsadli dasturlar va “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
2-bob. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari
I. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish.
Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
1) “fuqarolik jamiyati” va “fuqarolik jamiyati institutlari” tushunchalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish;
2) fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish hamda jamiyat rivojlanishiga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda ularning faoliyatini baholash mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqish;
3) ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar faoliyatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatiga unifikatsiya qilish;
4) “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalarini o‘zaro birlashtirgan holda sohadagi bo‘shliqlarni bartaraf qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatiga unifikatsiya qilish;
5) ommaviy axborot vositalarining faoliyati yo‘nalishlari bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish;
6) nodavlat notijorat tashkilotlarining ro‘yxatga oluvchi organ bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish;
7) fuqarolik jamiyatini ilmiy-nazariy o‘rganuvchi, uning rivojlanishini doimiy tahlil qilib boruvchi tahliliy, ilmiy-o‘quv laboratoriyalarni (aql markazlarini) tashkil etish;
8) fuqarolik jamiyati rivojlanishi masalalari bo‘yicha amaliy va fundamental tadqiqotlar o‘tkazish;
9) nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;
10) kasaba uyushmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning a’zolari soniga qo‘yilgan talabni qayta ko‘rib chiqish, kasaba uyushmalari tomonidan kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish bo‘yicha huquqlarini yanada kengaytirish;
11) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarini mahalliy budjetdan moliyalashtirishni huquqiy tartibga solish;
12) fuqarolik jamiyati institutlarining Axloq kodekslarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
13) fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyatini bevosita tartibga soluvchi hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi qonunosti hujjatlarini yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjat shakliga o‘tkazish;
14) fuqarolik jamiyati institutlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va xorijiy manbalardan pul mablag‘larini olish bilan bog‘liq munosabatlarni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni bekor qilish;
15) Huquq himoyachilari haqidagi deklaratsiya va boshqa xalqaro hujjatlarni tahlil qilish, umumlashtirish hamda ular asosida huquq himoyachilari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
16) siyosiy partiyalarning rolini oshirish maqsadida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining mahalliy hokimliklardan to‘laqonli mustaqilligini ta’minlash.
II. Fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak berish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish.
Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
1) fuqarolik jamiyati institutlariga budjet mablag‘larini aniq ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlagan holda ajratish mexanizmini hamda ulardan foydalanishning samaradorligini aniqlash bo‘yicha indikatorlar ishlab chiqish;
2) ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalarni fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti shaklidan aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy buyurtma berish orqali moliyalashtirish amaliyotini kengaytirish;
3) davlat boshqaruvi organlari tomonidan bajarilayotgan vazifa va funksiyalarni fuqarolik jamiyati institutlari orqali amalga oshirish miqdorini ko‘paytirish;
4) Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan mablag‘lar ajratilishini tartibga soluvchi hujjatlarni normativ-huquqiy hujjat sifatida qabul qilish va takomillashtirish;
5) Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, ular tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga mablag‘lar ajratish bo‘yicha loyihalarni tanlash hamda ulardan foydalanishning samaradorligini monitoring qilishda jamoat fondining ijrochi rahbar organi mas’uliyatini oshirish;
6) “Fuqarolik jamiyati asoslari” fani bo‘yicha o‘quv dasturlari va qo‘llanmalarini tayyorlash, uning asosida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun doimiy ravishda maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish;
7) Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining rolini sohaviy va hududiy moliyalashtirishda kengaytirish;
8) fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlari rahbarlarining jamoatchilik eshituvini Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan har yili tashkil etish amaliyotini joriy etish;
9) fuqarolik jamiyati institutlarini faoliyatining samaradorligi nuqtai nazaridan shartli guruhlarga ajratish mezonini ishlab chiqish va ularga toifasidan kelib chiqib imtiyozlar belgilash;
10) fuqarolik jamiyati institutlari ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilmagan har qanday tadbirkorlik faoliyati turi bilan shug‘ullanishi mumkinligining huquqiy asosini mustahkamlash;
11) fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining samaradorligini oshirish, faoliyat qamrovini kengaytirish, shuningdek, ularning moliyaviy ta’minotini mustahkamlash;
12) fuqarolik jamiyati institutlarining ixtisoslashuvini qo‘llab-quvvatlash, sohaviy nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalarini tashkil qilishni rag‘batlantirish.
III. Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
1) qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichida, shu jumladan Vazirlar Mahkamasiga kiritish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining huquqiy asoslarini takomillashtirish;
2) jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari tomonidan monitoringni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini joriy qilish hamda jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish;
3) fuqarolik jamiyati institutlarining muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar ishlab chiqilishida ishtirok etishi va ularning ijrosi ustidan monitoring olib borishning huquqiy mexanizmlarini yaratish;
4) yoshlar, bolalar, bandlik, xotin-qizlar, nuroniylar, atrof-muhit muammolari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash;
5) qonun hujjatlari va davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini barcha uchun ochiq bo‘lgan onlayn kuzatib borish tizimini joriy qilish;
6) davlat organlarining faoliyati samaradorligini baholab borish, davlat dasturlari ijrosi hamda davlat organlari faoliyati yuzasidan hisobotlarni tayyorlashda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini keng jalb etish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish;
7) davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari tomonidan o‘z vazifalarini amalga oshirishning o‘zaro manfaatdor va amaliy mexanizmlarini yaratish;
8) jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki darajasini oshirish, shuningdek, davlat organlarining ochiqligi va oshkoraligini yanada kengroq ta’minlash.
IV. Davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish.
Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
1) mahalliy budjetlar xarajatlarining yo‘nalishlarini belgilash va ularning ijrosini nazorat qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirok etish mexanizmlarini joriy qilish;
2) tasarruf etilishi taqiqlangan holda ijtimoiy va homiylik maqsadlarida doimiy ravishda foydalanish (egalik qilish) uchun shu yo‘nalishlarda tashkil qilingan tashkilotlarga o‘tkazilishi nazarda tutilgan “ijtimoiy yo‘naltirilgan mol-mulk instituti”ning huquqiy asoslarini joriy qilish;
3) davlat organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish miqdori va hajmini oshirish;
4) “davlat + fuqarolik jamiyati institutlari + tadbirkorlik subyektlari” tamoyili asosida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish mexanizmini yanada takomillashtirish;
5) volontyorlik faoliyatini yo‘naltirish, muvofiqlashtirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, hisobga olish mexanizmlarini ishlab chiqish, davlat organlarining vazifa va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamkor shaklda bajarish amaliyotini joriy qilish;
6) yirik korxonalarning korporativ volontyorlik faoliyatini tashkil etishda uslubiy, axborot, maslahat va tashkiliy jihatdan ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy va huquqiy asoslarini mustahkamlash;
7) Birlashgan Millatlar Tashkilotining volontyorlik dasturida O‘zbekiston fuqarolarining ishtirokini kengaytirish;
8) BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb qilish.
V. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash.
Bu borada quyidagi ishlar amalga oshirilishi lozim:
1) nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar mablag‘lari ishlatilishi hamda ularning o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanishi jarayonining oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha “Openness of non-governmental non-profit organizations” — “Ochiqlik standarti”ni joriy etish;
2) davlat organlari xodimlarining fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan bevosita elektron aloqa vositalari orqali tezkorlik muloqotini yo‘lga qo‘yish;
3) fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish jarayonida “kraudfanding instituti” imkoniyatidan foydalanish mexanizmini yaratish;
4) volontyorlik faoliyati hisobini olib borish va yo‘naltirish imkonini ta’minlovchi yagona interaktiv portal yaratish.
3-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Konsepsiyada belgilangan vazifalarni bajarish orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;
fuqarolik jamiyati institutlariga ajratilgan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ishlatish samaradorligi, shuningdek, ularning o‘z mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanishi jarayonining oshkoraligi ta’minlanadi;
fuqarolik jamiyati ilmiy-nazariy jihatdan chuqur o‘rganilib, uning rivojlanishi doimiy tahlil qilib boriladi;
fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining axborot-ma’rifiy salohiyati va demokratik ko‘nikmalari oshirib boriladi;
qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtiroki huquqiy jihatdan mustahkamlanadi;
ommaviy axborot vositalari sohasidagi huquqiy baza takomillashtiriladi, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining roli oshiriladi;
jamoatchilik nazoratini ta’sirchan amalga oshirish ishlari jadallashtiriladi;
volontyorlik va homiylik faoliyati rivojlantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga
2-ILOVA
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini 2021-yilda amalga oshirish
“Yo‘l xaritasi”
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish shakli

Amalga oshirish muddatlari

Mas’ul ijrochilar

I. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish

1.

“Fuqarolik jamiyati” va “fuqarolik jamiyati institutlari” tushunchalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Aprel

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, O‘zNNTMA, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, manfaatdor vazirlik va idoralar

2.

Fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilish hamda jamiyat rivojlanishiga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda ularning faoliyatini baholash mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Aprel

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, AOKA, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

3.

Ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar faoliyatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatiga unifikatsiya qilish.

Qonun loyihasi

Dekabr

AOKA, O‘zA, MTRK, Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

4.

Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalarini o‘zaro birlashtirgan holda sohadagi bo‘shliqlarni bartaraf qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonun hujjatiga unifikatsiya qilish.

Qonu� loyihasi

Dekabr

AOKA, O‘zA, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor tashkilotlar va idoralar

5.

Ommaviy axborot vositalarining faoliyati yo‘nalishlari bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish.

Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar

Dekabr

AOKA, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

6.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining ro‘yxatga oluvchi organ bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish.

Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar

Dekabr

Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

7.

Fuqarolik jamiyatini ilmiy-nazariy o‘rganuvchi, uning rivojlanishini doimiy tahlil qilib boruvchi tahliliy, ilmiy-o‘quv laboratoriyalarni (aql markazlarini) tashkil etish.

Amaliy chora-tadbirlar

Iyun

Jamoatchilik palatasi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

8.

Fuqarolik jamiyati rivojlanishi masalalari bo‘yicha amaliy va fundamental tadqiqotlar o‘tkazish.

Amaliy chora-tadbirlar

Yil davomida

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Jamoatchilik palatasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

9.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish.

Rejaga asosan

Yil davomida

Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jamoatchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

10.

Kasaba uyushmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularning a’zolari soniga qo‘yilgan talabni qayta ko‘rib chiqish, kasaba uyushmalari tomonidan kasbiy manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish bo‘yicha huquqlarini yanada kengaytirish.

Qonun loyihasi

Dekabr

Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Adliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

II. Fuqarolik jamiyati institutlariga ko‘mak ko‘rsatish hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish

11.

Fuqarolik jamiyati institutlariga budjet mablag‘larini aniq ijtimoiy maqsadlarni ko‘zlagan holda ajratish mexanizmini hamda ulardan foydalanishning samaradorligini aniqlash bo‘yicha indikatorlar ishlab chiqish.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi

Sentyabr

Adliya vazirligi, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

12.

Ijtimoiy yo‘naltirilgan loyihalarni fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti shaklidan aniq yo‘naltirilgan ijtimoiy buyurtma berish orqali moliyalashtirish amaliyotini kengaytirish.

Kompleks chora-tadbirlar

1-sentabrdan boshlab

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi,Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

13.

Davlat boshqaruvi organlari tomonidan bajarilayotgan vazifa va funksiyalarni fuqarolik jamiyati institutlari orqali amalga oshirish miqdorini ko‘paytirish.

Kompleks chora-tadbirlar

Yil davomida

Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, vazirlik va idoralar

14.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan mablag‘lar ajratilishini tartibga soluvchi hujja�larni normativ-huquqiy hujjat sifatida qabul qilish va takomillashtirish.

Qonun hujjatlari

Avgust

Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

15.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlarining tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, ular tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga mablag‘lar ajratish bo‘yicha loyihalarni tanlash hamda ulardan foydalanishning samaradorligini monitoring qilishda jamoat fondining ijrochi rahbar organi mas’uliyatini oshirish.

Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarorlari loyihalari

Aprel

Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

16.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining rolini sohaviy va hududiy moliyalashtirishda kengaytirish.

Kompleks chora-tadbirlar

1-sentabrdan boshlab

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar

17.

“Fuqarolik jamiyati asoslari” fani bo‘yicha o‘quv dasturlari va qo‘llanmalarini tayyorlash, uning asosida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun doimiy ravishda maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish.

Kompleks chora-tadbirlar

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab

Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jamoatchilik palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar

18.

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlari rahbarlarining jamoatchilik eshituvini Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari tomonidan har yili tashkil etish amaliyotini joriy etish.

Amaliy chora-tadbirlar

1-avgustdan boshlab

Jamoatchilik palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar

III. Davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish

19.

Qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichlarida, shu jumladan Vazirlar Mahkamasiga kiritish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokining huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Dekabr

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar

20.

Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari tomonidan monitoringni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini joriy qilish hamda jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilash bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish.

Qonun loyihasi

May

Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, AOKA, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

21.

Fuqarolik jamiyati institutlarining muhim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar ishlab chiqilishida ishtirok etishi va ularning ijrosi ustidan monitoring olib borishning huquqiy mexanizmlarini yaratish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Dekabr

Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, AOKA, O‘zNNTMA, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, vazirlik va idoralar

22.

Yoshlar, bolalar, bandlik, xotin-qizlar, nuroniylar, atrof-muhit muammolari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Yil davomida

Yoshlar ishlari agentligi, Adliya vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

IV. Davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish

23.

Mahalliy budjetlar xarajatlarining yo‘nalishlarini belgilash va ularning ijrosini nazorat qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirok etish mexanizmlarini joriy qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

1-apreldan boshlab

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

25.

Davlat organlari tomonidan fuqarolik jamiyati institutlariga budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmasini berish miqdori va hajmini oshirish.

Amaliy chora-tadbirlar

1-apreldan boshlab

Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

26.

Volontyorlik faoliyatini yo‘naltirish, muvofiqlashtirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, hisobga olish mexanizmlarini ishlab chiqish, davlat organlarining vazifa va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamkor shaklda bajarish amaliyotini joriy qilish.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

Oktyabr

Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, O‘zNNTMA, O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar

27.

Yirik korxonalarning korporativ volontyorlik faoliyatini tashkil etishda uslubiy, axborot, maslahat va tashkiliy jihatdan ko‘maklashish hamda qo‘llab-quvvatlashning tashkiliy va huquqiy asoslarini mustahkamlash.

Qonun loyihasi

Oktyabr

Yoshlar ishlari agentligi, Jamoatchilik palatasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

28.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining volontyorlik dasturida O‘zbekiston fuqarolarining ishtirokini kengaytirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

1-apreldan boshlab

O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zNNTMA

29.

BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb qilish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

1-apreldan boshlab

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, O‘zNNTMA

V. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash

30.

Nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar mablag‘lari ishlatilishi hamda o‘z ularning mol-mulki va pul mablag‘laridan foydalanishi jarayonining oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha “Openness of non-governmental non-profit organizations” — “Ochiqlik standarti”ni joriy etish.

“Ochiqlik standarti”ni hamda ushbu tashkilotlarda ochiqlik bo‘yicha monitoring o‘tkazish va ochiqlik indeksini hisoblashga qaratilgan tartibni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Amaliy chora-tadbirlar

Dekabr

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

31.

Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish jarayonida “kraudfanding instituti” imkoniyatidan foydalanish mexanizmini yaratish.

Amaliy chora-tadbirlar

Iyul

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, manfaatdor vazirlik va idoralar

32.

Volontyorlik faoliyati hisobini olib borish va yo‘naltirish imkonini ta’minlo�chi yagona interaktiv portal yaratish.

Tashkiliy-texnik tadbirlar

May

Yoshlar ishlari agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

Izoh: “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar, zarurat tug‘ilgan taqdirda, boshqa bandlarning hujjatlari bilan birlashtirilishi yoki bir necha turdagi hujjatlarga bo‘linishi mumkin.
(2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 4-martdagi PF-6181-son Farmoniga
3-ILOVA
2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning
maqsadli ko‘rsatkichlari

T/r

Ko‘rsatkich

O‘lchov birligi

2021

2022

2023

2024

2025

Ijro uchun mas’ullar

1.

Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi. Shundan:

mlrd so‘m/ta

45,8/310

50/364

56/428

63/462

68/498

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Moliya vazirligi

davlat subsidiyalari

mlrd so‘m/ta

25/11

27/11

30/12

32/12

33/13

davlat grantlari

13/281

15/330

17/390

20/420

22/450

davlat ijtimoiy buyurtmalari

7,8/21

8/23

9/26

11/30

13/35

2.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilgan mablag‘lar hajmi

mlrd so‘m

16

28

42

56

70

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

3.

Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, aholining siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash ishlariga munosib hissa qo‘shgan hamda jamiyatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini taqdirlash, shu jumladan:

“Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan

ta

60

75

90

105

120

Jamoatchilik palatasi

boshqa davlat mukofotlari bilan

ta

55

60

65

70

75

Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya, Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, O‘zNNTMA

4.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi a’zolari soni (jami faoliyat ko‘rsatayotgan
nodavlat notijorat tashkilotlar soniga nisbatan
)

foiz

10

15

20

25

30

O‘zNNTMA

5.

Nodavlat notijorat tashkilotlariga a’zo bo‘lgan fuqarolar soni

mln nafar

20,8

20,85

20,9

20,95

21

O‘zNNTMA, siyosiy partiyalar, Yoshlar ittifoqi, manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar

6.

Nodavlat notijorat tashkilotlar sektorida ishlaydigan fuqarolar soni

ming nafar

40

40,5

41

41,5

42

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zNNTMA

7.

Faol va moliyaviy barqaror nodavlat notijorat tashkilotlari soni

ta

2 800

2 900

3 000

3 100

3 200

O‘zNNTMA, Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi

8.

Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatida fuqarolar tashabbusi bilan tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining ishtirokini kengaytirish (jami jamoatchilik kengashlari tarkiblariga kiritilgan
nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining soniga nisbatan
)

foiz

5

10

15

20

25

Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, O‘zNNTMA, vazirlik va idoralar

9.

Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan yuqori turuvchi tashkilotlarga qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kiritilgan takliflar soni

ta

1 000

2 000

3 000

4 000

5 000

Adliya vazirligi, O‘zNNTMA

10.

Mamlakatimizda e’lon qilinadigan yilga oid davlat dasturida ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar soni

ta

30

35

40

45

50

Jamoatchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zNNTMA, Adliya vazirligi

11.

Amaldagi jarayonlarni soddalashtirish va profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklarni kamaytirish (jami 2020-yilda sodir qilingan huquqbuzarliklar soniga nisbatan)

foiz

3,8

7,7

11,5

15,3

19,2

Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar

12.

Davlat xaridlari, soliq, bandlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan kengashlar, komissiyalar va boshqa idoralararo tuzilmalarda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari soni (kengashlar, komissiyalar va boshqa
idoralararo tuzilmalar tarkibga nisbatan
)

foiz

10

15

20

25

30

Vazirlar Mahkamasi, Jamoatchilik palatasi, O‘zNNTMA

13.

Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ijtimoiy foydali tadbirlar soni

son

200

250

300

350

400

Vazirlik va idoralar, O‘zNNTMA

14.

Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotiga oid eng muhim masalalarni muhokama qilish maqsadida doimiy asosida efirga uzatilayotgan maxsus teleko‘rsatuvlar (jamoatchilik munozaralari) soni

son

400

450

500

550

600

MTRK, O‘zNNTMA

15.

Nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari

son

50

100

150

200

250

Davlat boshqaruvi akademiyasi, O‘zNNTMA

16.

BMT volontyorlik dasturida O‘zbekiston fuqarolarining ishtiroki

foiz

0,1

0,2

0,3

0,4

0,5

O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zNNTMA

17.

Tijorat tashkilotlari tomonidan “ijtimoiy shartnoma” asosida moliyalashtiriladigan (grant ajratiladigan) nodavlat notijorat tashkilotlari soni (jami faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari soniga nisbatan)

foiz

2

5

10

15

20

Jamoatchilik palatasi, Adliya vazirligi, O‘zNNTMA, manfaatdor vazirlik va idoralar

18.

Davlat organlarining ayrim vazifa va funksiyalarini nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘tkazish (jami davlat
organlarining vazifalari va funksiyalari soniga nisbatan
)

foiz

0,1

0,3

0,5

1

1,2

Adliya vazirligi, Jamoatchilik palatasi, O‘zNNTMA, vazirlik va idoralar

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.03.2021-y., 06/21/6181/0182-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)