toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 04.01.2013
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
KREDIT UYuShMALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-345-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi kredit uyushmalarining tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Kredit uyushmalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Kredit uyushmalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining kredit uyushmalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Kredit uyushmasi
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit uyushmasi kreditlar berish hamda boshqa moliyaviy xizmatlar koʻrsatish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ixtiyoriy teng huquqli aʼzolik asosida tuziladigan kredit tashkilotidir.
(3-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Kredit uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank hisobvaraqlarini belgilangan tartibda ochishga haqlidir.
Kredit uyushmasi oʻzining firma nomi davlat tilida toʻliq yozilgan hamda joylashgan manzili koʻrsatilgan yumaloq muhriga ega boʻlishi lozim. Muhrda ayni paytning oʻzida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham koʻrsatilishi mumkin.
Kredit uyushmasining firma nomida “kredit uyushmasi” soʻz birikmasi ifodalanishi va u boshqa kredit uyushmalarining firma nomiga oʻxshash boʻlmasligi kerak. Ushbu Qonun talablariga javob bermaydigan yuridik shaxs oʻz nomida “kredit uyushmasi” soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
Kredit uyushmasi oʻz nomi yozilgan shtamplarga, blankalarga va oʻz emblemasiga ega boʻlishga haqlidir.
Kredit uyushmasi ishlab chiqarish, sugʻurta, savdo-vositachilik hamda ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyat bilan bevosita shugʻullanishga haqli emas.
4-modda. Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish
Kredit uyushmalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs huquqini oladilar. Kredit uyushmasining faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi.
Kredit uyushmasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi va unga litsenziya berilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yoki uning hududiy boshqarmasiga quyidagilar taqdim etiladi:
joylashgan yeri (pochta manzili) koʻrsatilgan holdagi roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi ariza;
(4-moddaning uchinchi qismi birinchi va ikkinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
muassislar umumiy yigʻilishining kredit uyushmasini tuzish toʻgʻrisidagi bayonnomasi;
kredit uyushmasining ustavi (bundan buyon matnda ustav deb yuritiladi);
kredit uyushmasi faoliyatining biznes-rejasi;
yuridik shaxslar — muassislarning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
kredit uyushmasining ustav fondi (bundan buyon matnda ustav fondi deb yuritiladi) shakllanganligini tasdiqlovchi bank hujjati;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji toʻlanganligi toʻgʻrisidagi bank toʻlov hujjati.
(4-modda uchinchi qismining sakkizinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Hujjatlar taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va bir vaqtning oʻzida unga litsenziya beradi.
Ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar (ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlar bundan mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun davlat boji miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasiga litsenziya berganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
 LexUZ sharhi
Qarang: Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2084, 01.03.2010-y.).
5-modda. Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va unga litsenziya berishni rad etish
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va unga litsenziya berishni quyidagi hollarda rad etishi mumkin:
kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur hujjatlar taqdim etilmaganda;
ustav va taqdim etilgan boshqa hujjatlar qonun hujjatlariga muvofiq kelmaganda;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda, shuningdek biznes-reja asosli boʻlmaganda;
yuridik shaxs boʻlmish bir yoki bir necha muassislarning moliyaviy ahvoli qoniqarsiz boʻlsa.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi mazkur sabablarni bartaraf qilib, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma ravishda yuboriladi.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatlarni qayta koʻrib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oʻn kun muddatda amalga oshiriladi. Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza yangitdan berilgan hisoblanadi.
(5-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kredit uyushmalari faoliyatini tartibga solish borasidagi vakolatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki moliyaviy va kassa operatsiyalari oʻtkazishning, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritishning kredit uyushmalari uchun majburiy boʻlgan qoidalarini belgilaydi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
 LexUZ sharhi
Kredit uyushmalari tomonidan moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazish qoidalariga (roʻyxat raqami 1179, 07.10.2002-y.), Kredit uyushmalarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlari rejasiga (roʻyxat raqami 1944, 20.04.2009-y.), “Kredit uyushmalarida buxgalteriya hisobini yuritish toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma (roʻyxat № 2234, 09.06.2011-y.) va Kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga (roʻyxat raqami 1719, 24.09.2007-y.) qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
kredit uyushmalarining hisoboti va boshqa hujjatlarini tekshiradi;
kredit uyushmalarining faoliyati toʻgʻrisida axborot oladi;
kredit uyushmalarining faoliyatini tekshiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan kredit uyushmalari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlar faoliyatini tekshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2209, 14.03.2011-y.).
kredit uyushmasining faoliyatini auditdan oʻtkazishga doir talablarni belgilaydi;
kredit uyushmalariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar beradi;
ijro etuvchi organ rahbarlarining malakasiga doir talablarni belgilaydi;
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklari va ularning filiallari rahbarlari, bosh buxgalterlari, boshqaruv aʼzolari, kredit uyushmalari hamda mikrokredit tashkilotlari ijro organlari rahbarlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlarga nisbatan malaka talablari qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1641, 14.11.2006-y.) qarang.
moliyaviy operatsiyalar oʻtkazilishini olti oygacha boʻlgan muddatga cheklaydi, shuningdek filiallar tuzishni ham shuncha muddatga taqiqlab qoʻyadi;
kredit uyushmasi litsenziyasining amal qilishini toʻxtatib turadi, tugatadi yoki litsenziyani bekor qiladi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
7-modda. Kredit uyushmasi aʼzolari
Ustav fondiga pay badallarini kiritgan yuridik va jismoniy shaxslar kredit uyushmasining aʼzolari hisoblanadi. Shaxsga kredit uyushmasi tomonidan berilgan sertifikat uning kredit uyushmasiga aʼzoligini tasdiqlovchi hujjatdir. Sertifikat shakli va uni berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2084, 01.03.2010-y.).
Kredit uyushmasi aʼzolarining soni elliktadan kam boʻlishi mumkin emas.
8-modda. Kredit uyushmasi aʼzolarining huquqlari
Kredit uyushmasi aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
kredit uyushmasi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanish;
kredit uyushmasini boshqarishda ishtirok etish;
kredit uyushmasi daromadining (foydasining) bir qismini belgilangan tartibda olish;
ustavga muvofiq kredit uyushmasi faoliyati toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish;
ushbu Qonunda belgilangan tartibda kredit uyushmasidan chiqish;
kredit uyushmasi tugatilgan taqdirda oʻz pay badallariga mutanosib ravishda mol-mulkning bir qismini olish.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi aʼzolari boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
9-modda. Kredit uyushmasi aʼzolarining majburiyatlari
Kredit uyushmasi aʼzolari:
ustavga rioya etishga;
kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi, kredit uyushmasi kengashi (bundan buyon matnda kengash deb yuritiladi), kredit uyushmasi kredit qoʻmitasi (bundan buyon matnda kredit qoʻmitasi deb yuritiladi) va kredit uyushmasi taftish komissiyasining (bundan buyon matnda taftish komissiyasi deb yuritiladi) qarorlarini bajarishga;
olingan kreditlarni oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda qaytarishga;
kredit uyushmasining obroʻsi va kredit berish qobiliyati oshishiga koʻmaklashishga majburdirlar.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi aʼzolarining zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
10-modda. Kredit uyushmasining huquqlari
Kredit uyushmasi quyidagi huquqlarga ega:
depozitlarga qoʻyish uchun oʻz aʼzolaridan pul mablagʻlarini jalb etish;
oʻz aʼzolariga kreditlar berish;
oʻz ustaviga muvofiq shartnomalar tuzish va boshqa fuqarolik-huquqiy bitimlarni amalga oshirish;
grantlar hamda bepul beriladigan boshqa mablagʻlarni olish;
maslahat va axborot xizmatlari koʻrsatish;
kredit uyushmasi aʼzolari moliyaviy majburiyatlarini bajarmaganliklari yoki lozim darajada bajarmaganliklari uchun toʻlaydigan neustoyka miqdorini belgilash;
kreditlarni belgilangan tartibda jalb etish.
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz aʼzolari bilan lizing operatsiyalarini amalga oshirish;
oʻz faoliyatini muvofiqlashtirib borish, aʼzolarining manfaatlarini himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadlarida uyushmalar va boshqa birlashmalar tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan tartibda filiallar tuzish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning IX-boʻlimiga (roʻyxat raqami 2084, 01.03.2010-y.).
(10-moddaning birinchi qismi toʻqqizinchi—oʻn birinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11-modda. Kredit uyushmasining majburiyatlari
Kredit uyushmasi:
oʻz ustav fondini belgilangan eng kam miqdordan pasaytirmagan holda saqlashga;
Oldingi tahrirga qarang.
moliyaviy va kassa operatsiyalari oʻtkazishning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadigan qoidalariga rioya qilishga;
(11-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
hisob, hisobot va boshqa hujjatlarni yuritishga;
Oldingi tahrirga qarang.
hisobotni belgilangan tartibda eʼlon qilish va oʻz vaqtida taqdim etishga;
(11-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
kredit uyushmasining aʼzosi kredit uyushmasi oldidagi majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda toʻlanishi lozim boʻlgan summani kredit uyushmasining aʼzosiga tegishli boʻlgan pay badali yoki depozitdan, shuningdek ularga pay badali boʻyicha beriladigan dividendlardan va depozit boʻyicha toʻlanadigan foizlardan undirib olishga;
inspeksiya oʻtkazish uchun yuborilgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillariga hujjatlar va kredit uyushmasi faoliyatiga oid boshqa axborot manbalaridan erkin foydalanish imkoniyatini taʼminlashga majburdir.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasining zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
12-modda. Kredit uyushmasining javobgarligi
Kredit uyushmasi oʻz majburiyatlari boʻyicha ustav fondining jami summasi, zaxiralar, taqsimlanmagan daromad (foyda) va oʻzining boshqa mablagʻlari doirasida javobgar boʻladi.
Kredit uyushmasining aʼzolari kredit uyushmasining majburiyatlari boʻyicha oʻzlari kiritgan pay badallari doirasida javobgar boʻladilar.
13-modda. Kredit uyushmasining taʼsis hujjati
Kredit uyushmasining ustavi uning taʼsis hujjatidir.
Ustav kredit uyushmasi muassislarining umumiy yigʻilishida qabul qilinishi kerak.
Kredit uyushmasi aʼzosining, auditorning, istalgan manfaatdor shaxsning talabiga binoan kredit uyushmasi ularga ustav bilan tanishib chiqish imkonini berishga majburdir.
14-modda. Kredit uyushmasining ustavi
Ustavda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
kredit uyushmasining toʻliq va qisqartirilgan firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili);
kredit uyushmasining faoliyat sohasi va maqsadi;
ustav fondining kredit uyushmasi tashkil etilgan paytdagi miqdori;
pay badalining eng kam va eng koʻp miqdori;
ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish tartibi;
daromadni (foydani), dividendlarni taqsimlash va zararlarni qoplash tartibi;
zaxiralarni shakllantirish tartibi;
kredit uyushmasi aʼzosining oʻz pay badalini boshqa shaxsga oʻtkazish tartibi;
kredit uyushmasi aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
kredit uyushmasini boshqarish tuzilmasi, shuningdek kengash, kredit qoʻmitasi, kredit uyushmasi ijro etuvchi organi (bundan buyon matnda ijro etuvchi organ deb yuritiladi) va taftish komissiyasi aʼzolarining soni, ularni saylash (tayinlash) tartibi, ushbu organlarning vakolatlari;
yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;
kredit uyushmasini qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Ustavda qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
15-modda. Kredit uyushmasining ustav fondi
Kredit uyushmasi aʼzolari pay badallarining umumiy summasi ustav fondi hisoblanadi. Ustav fondi faqat pul mablagʻlaridan shakllantiriladi.
Ustav fondining eng kam miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytida ustav fondi toʻliq toʻlangan boʻlishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: Kredit uyushmalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2084, 01.03.2010-y.).
Ustav fondi kredit uyushmasiga yangi aʼzolar kirishi yoki pay badallari miqdorini oshirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.
Ustav fondi kredit uyushmasi aʼzolari uyushmadan chiqqan yoki aʼzolikdan chiqarilgan hollarda yoxud pay badallari miqdorini kamaytirish yoʻli bilan kamaytirilishi mumkin.
Agar aʼzolar kredit uyushmasidan chiqayotganda yoki aʼzolikdan chiqarilayotganda pay badallarining qaytarilishi ustav fondining miqdori belgilangan eng kam miqdoridan kamayishiga sabab boʻlsa, bunday kredit uyushmasi qayta tashkil etiladi yoxud tugatiladi.
Ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi va ustavga tegishli oʻzgartirishlar kiritish haqidagi qaror kengash tomonidan qabul qilinadi.
Ustav fondi koʻpaytirilgan yoki kamaytirilganda ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga maʼlum qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
16-modda. Kredit uyushmasidan chiqish
Kredit uyushmasi aʼzosi, agar uning kredit uyushmasi oldida majburiyatlari boʻlmasa, uyushmadan chiqishga haqli. Bunda u oʻz pay badalini ustavda belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Kredit uyushmasining aʼzosi uyushmadan chiqishi moʻljallanayotgan sanadan oʻttiz kun oldin oʻzining kredit uyushmasidan chiqish istagi borligini kengashga yozma ravishda maʼlum qilishi kerak.
Pay badallarining summasi kredit uyushmasidan chiqayotgan aʼzoga ustavda belgilangan tartibda qaytarilishi kerak.
17-modda. Kredit uyushmasidan chiqarish
Kredit uyushmasi aʼzosi ushbu Qonunda belgilangan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda kengash qarori bilan kredit uyushmasidan chiqarilishi mumkin. Kredit uyushmasidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror ustidan kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishiga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Aʼzoning kredit uyushmasidan chiqarilishi uni kredit uyushmasi oldidagi majburiyatlaridan ozod qilmaydi.
Kredit uyushmasidan chiqarilayotgan aʼzoga pay badallarining summasi uning kredit uyushmasi oldidagi qarzlari ushlab qolinganidan keyin qaytarilishi kerak.
18-modda. Kredit uyushmasining yuqori boshqaruv organi
Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi uyushmaning yuqori boshqaruv organidir.
Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi har yili kamida bir marta va moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay oʻtkazilishi lozim.
Ushbu Qonunda va ustavda nazarda tutilgan hollarda taftish komissiyasi, kredit uyushmasi aʼzolari umumiy sonining kamida oʻn foizini tashkil etuvchi uyushma aʼzolari kredit uyushmasi aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazishni talab qilishlari mumkin.
Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi, joyi va tartibi, yigʻilish oʻtkazilishini kredit uyushmasi aʼzolariga albatta maʼlum qilish tartibi, umumiy yigʻilishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish vaqtida aʼzolarga beriladigan axborotlar roʻyxati va ularni berish tartibi kengash tomonidan belgilanadi. Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabar kamida oʻttiz kun oldin maʼlum qilinadi.
Umumiy yigʻilish qaror qabul qilayotganda kredit uyushmasining har bir aʼzosi, ustav fondiga kiritgan pay badallari miqdoridan qatʼi nazar, bir ovoz huquqiga egadir.
Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori, agar ushbu Qonunda va ustavda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, umumiy yigʻilishda ishtirok etayotgan kredit uyushmasi aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonunning 27, 28-moddalariga muvofiq kredit uyushmasini qayta tashkil etish va ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qaror kredit uyushmasi aʼzolarining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit uyushmasining aʼzosi boʻlgan yuridik shaxs umumiy yigʻilishda ovoz berishni oʻzining vakolatli vakili orqali amalga oshiradi.
Ijro etuvchi organ kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi yuritilishini tashkil etadi.
19-modda. Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari
Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi:
ustavga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritadi, ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi oʻzgartirishlar bundan mustasno;
Oldingi tahrirga qarang.
kredit uyushmasi aʼzolariga daromadning (foydaning) bir qismini toʻlash tartibini tasdiqlaydi, shuningdek toʻlov miqdorlari va muddatlarini belgilaydi;
(19-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
kredit uyushmasi aʼzolari orasidan kengash va taftish komissiyasi aʼzolarini saylaydi, ularning vakolatlarini tugatadi;
(19-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
yillik moliyaviy hisobotni (buxgalteriya balanslari, daromad (foyda) va zararlar toʻgʻrisidagi hisobotni, pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi hisobotni) tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
kengash, ijro etuvchi organ va taftish komissiyasining hisobotlarini tasdiqlaydi;
(19-moddaning birinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
auditorlik tashkilotini va u bilan tuziladigan shartnoma shartlarini belgilaydi;
kredit uyushmasini qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
20-modda. Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi
Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
umumiy yigʻilish oʻtkazilgan joy va vaqt;
kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy soni;
umumiy yigʻilish raisi va kotibi;
umumiy yigʻilish kun tartibi;
nutqlardagi asosiy fikrlar, ovozga qoʻyilgan masalalar;
ovoz berishda ishtirok etgan kredit uyushmasi aʼzolarining soni, ovoz berish yakunlari, umumiy yigʻilish qabul qilgan qarorlar.
Kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi yigʻilish oʻtkazilganidan keyin uch kundan kechiktirmay umumiy yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
21-modda. Kredit uyushmasi kengashi
Kengash kredit uyushmasi faoliyatiga rahbarlikni ushbu Qonun va ustavda berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
Kengash ustavda belgilangan tartibda va muddatlarga kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan saylangan kamida besh kishidan iborat toq sonli aʼzolardan iborat boʻladi.
Kengash raisi kengash aʼzolari orasidan, agar ustavda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻpchilik ovoz bilan saylanadi.
Kengash majlisi har oyda kamida bir marta, ustavda belgilangan tartibda oʻtkaziladi va kengashning koʻpchilik aʼzolari ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Kengash qarori majlisda ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning vakolatlariga quyidagilar kiradi:
kredit uyushmasi aʼzolarining reyestrini yuritish;
kredit uyushmasining pul mablagʻlarini jalb etish va kreditlar berish borasidagi faoliyati yoʻnalishlarini aniqlash;
ijro etuvchi organ faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
moliyaviy xizmatlar turlarini, kreditlar va depozitlar boʻyicha foiz stavkalari darajasini belgilash;
Oldingi tahrirga qarang.
ijro etuvchi organni hamda kredit qoʻmitasini tuzish;
(21-moddaning beshinchi qismi oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
kredit uyushmasining boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek smetasi va shtatlar jadvalini tasdiqlash;
kredit uyushmasining filiallarini tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
(21-moddaning beshinchi qismi yettinchi va sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni bilan toʻldirilgan — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
kredit uyushmasiga yangi aʼzolarni qabul qilish toʻgʻrisidagi, kredit uyushmasidan chiqish hamda kredit uyushmasi aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;
ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish hamda kredit uyushmasiga yangi aʼzolar qabul qilingan, kredit uyushmasi aʼzoligidan chiqqan yoki chiqarilgan taqdirda ustavga tegishli oʻzgartirishlar kiritish.
Qonun hujjatlariga va ustavga muvofiq kengashning vakolatlariga boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
Kengash aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kengash tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda kengash tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u kengash ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
Kengash aʼzolari kredit uyushmasining boshqa organlariga aʼzo boʻla olmaydilar.
Kengash oʻz faoliyati toʻgʻrisida kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi oldida har yili hisobot beradi.
22-modda. Kredit uyushmasining ijro etuvchi organi
Ijro etuvchi organ kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining hamda kengashning qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijro etuvchi organ rahbari va xodimlari kredit uyushmasi bilan mehnat shartnomasi tuzadilar. Kredit uyushmasi nomidan kredit uyushmasi va ijro etuvchi organ rahbari oʻrtasidagi mehnat shartnomasini kengash raisi imzolaydi. Kredit uyushmasi nomidan mehnat shartnomalarini ijro etuvchi organ rahbari imzolaydi.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Ijro etuvchi organ rahbari kredit uyushmasi nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, ijro etuvchi organning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
Ijro etuvchi organ hamda uning xodimlarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari hamda ustav bilan belgilanadi.
23-modda. Kredit uyushmasining kredit qoʻmitasi
Kredit qoʻmitasi kreditlar berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi, olingan kreditlar oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit qoʻmitasi tarkibiga kredit uyushmasi kengashi tomonidan saylanadigan ijro etuvchi organ rahbari hamda kredit uyushmasining toʻrt nafar aʼzosi kiradi. Kredit qoʻmitasi aʼzolari kredit uyushmasi kengashi va taftish komissiyasining aʼzolari boʻla olmaydilar.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
Kredit qoʻmitasining majlisi har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi, agar majlisda aʼzolarning kamida yarmi ishtirok etsa, u vakolatli hisoblanadi. Kredit qoʻmitasining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan kredit qoʻmitasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit qoʻmitasining aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u kredit qoʻmitasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda kredit qoʻmitasi tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u kredit qoʻmitasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
Kredit qoʻmitasi oʻz faoliyati toʻgʻrisida kengashga har oyda hisobot taqdim etishi kerak.
24-modda. Kredit uyushmasining taftish komissiyasi
Kredit uyushmasining moliya-xoʻjalik faoliyatini muntazam tekshirib borish uchun taftish komissiyasi tuziladi.
Taftish komissiyasi umumiy yigʻilish tomonidan kredit uyushmasi aʼzolari orasidan kamida uch kishidan iborat tarkibda saylanadi.
Taftish komissiyasi aʼzolari kengash, kredit qoʻmitasi va ijro etuvchi organ aʼzosi boʻlishlari mumkin emas.
Taftish komissiyasi aʼzolari buxgalteriya hisobi, moliya sohasida tegishli maʼlumotga yoki ish tajribasiga ega boʻlishlari kerak.
Taftish komissiyasi kredit uyushmasining buxgalteriya, moliya, toʻlov va boshqa hujjatlarining barchasidan erkin foydalanish huquqiga ega.
Taftish komissiyasi:
kredit uyushmasi aʼzolarining pay badallari toʻlashini, kreditlar olishi va ulardan foydalanishini tekshirib boradi;
oʻtkazilgan tekshirishlarning natijalari yuzasidan kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hamda kengashga yozma hisobotlar va xulosalar taqdim etadi;
qonun hujjatlari va ustav talablari buzilgan hollarni koʻrib chiqish uchun kredit uyushmasi aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi taftish komissiyasining tegishli qarori qabul qilinganidan keyin qirq kundan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak.
Taftish komissiyasining aʼzosi kredit uyushmasidan olgan kreditni toʻlashni uch oydan koʻproq vaqtga kechiktirgan taqdirda, u taftish komissiyasi tarkibidan chiqarilishi kerak. Kreditni toʻlash kechiktirilgan paytdan boshlab mazkur aʼzoni belgilangan tartibda taftish komissiyasi tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar u taftish komissiyasi ishida ishtirok etishdan chetlatib qoʻyiladi.
Taftish komissiyasining aʼzosi kengashning barcha majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.
25-modda. Kreditlar berish
Kredit uyushmasi oʻz aʼzolariga shartnoma asosida, ustavda qayd etilgan shartlarda, qonun hujjatlarida belgilangan talablarni hisobga olgan holda muddatli, qaytariladigan va haq evaziga beriladigan kreditlar beradi.
Kredit uyushmasi mulkiy taʼminlangan kreditlar, shuningdek oʻzaro ishonchli (blankda qayd etiladigan) kreditlar berishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Kredit uyushmasining aʼzosiga beriladigan kredit mazkur kredit uyushmasi boshqa aʼzosining pay badali yoki depoziti asosida uning kafolati bilan taʼminlanishi mumkin. Kredit, shuningdek kredit uyushmasi aʼzosi boʻlmagan shaxslarning kafilligi yoki kafolat bilan taʼminlanishi mumkin.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 4-apreldagi OʻRQ–29-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda)
26-modda. Dividendlar
Barcha xarajatlar, majburiy toʻlovlar toʻlanganidan hamda kredit uyushmasining zarur zaxiralari shakllantirilganidan keyin faqat kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan kredit uyushmasi aʼzolariga dividendlar toʻlanishi mumkin.
Kredit uyushmasi aʼzolariga dividendlarni hisoblash ularning pay badallari miqdorlariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Eʼlon qilingan dividendlar kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorida belgilangan muddatlarda kredit uyushmasi aʼzolariga toʻlanishi kerak. Dividendlar belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda dividendlarning toʻlanmagan qismi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qaror qabul qilinayotgan paytdagi qayta moliyalashtirish stavkalari darajasiga asosan penyalar yoziladi.
27-modda. Kredit uyushmasini qayta tashkil etish
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, kredit uyushmasi aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga binoan qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror kredit uyushmasi aʼzolarining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Kredit uyushmasini qayta tashkil etish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49—51-moddalari va “Kredit uyushmalarini qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning (roʻyxat raqami 1815, 22.05.2008-y.) II-boʻlimiga qarang.
28-modda. Kredit uyushmasini tugatish
Kredit uyushmasini tugatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kredit uyushmasi aʼzolarining umumiy yigʻilishi tegishli qaror qabul qilganda. Ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qaror kredit uyushmasi aʼzolarining uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi;
litsenziyaning amal qilishi tugatilganda yoki litsenziya bekor qilinganda;
uyushma bankrot deb eʼlon qilinganda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Kredit uyushmalarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritganidan keyin kredit uyushmasini tugatish tamomlangan, kredit uyushmasi esa faoliyatini tugatgan deb hisoblanadi.
Kredit uyushmasining faoliyati tugatilganligi toʻgʻrisidagi xabar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Kredit uyushmasini tugatish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53—56-moddalari va “Kredit uyushmalarini qayta tashkil etish va tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning (roʻyxat raqami 1815, 22.05.2008-y.) III-boʻlimiga qarang.
29-modda. Nizolarni hal etish
Kredit uyushmalarining faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30-modda. Kredit uyushmalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Kredit uyushmalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 4-aprel,
355-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 65-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 111-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda)