O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-martdagi 158-sonli “Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmonini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3268-son qarorini bajarish, ishsiz shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga keng jalb etish asosida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi Vasiylik kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
(1-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadigan Jamoat ishlariga band bo‘lmagan aholini bosqichma-bosqich jalb etish jadvali 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) ijro etuvchi direksiyasi tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish vakolati berilsin.
(1-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
2. Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirish uchun buyurtmalar quyidagi ish beruvchilar tomonidan beriladi, jumladan:
budjet tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan — jamoat ishlariga jalb qilingan ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarning ish haqi bo‘yicha to‘lovlar 100 foiz miqdorida;
boshqa tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan — jamoat ishlariga jalb qilingan ishsiz va band bo‘lmagan shaxslarning ish haqi bo‘yicha 50 foiz miqdorida to‘lanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Jamg‘armani tasdiqlangan tuzilmasiga muvofiq malakali kadrlar bilan shakllantirilishini ikki oy muddatda ta’minlasin.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
4. “O‘zavtosanoat” AJ Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etadigan fuqarolarni tashish uchun, haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirishni muvofiqlashtiradigan har bir tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi ehtiyojlari uchun “Damas” avtomashinalarini 100 foiz oldindan to‘lov shartlari asosida yetkazib berishni ta’minlasin.
5. Jamg‘arma Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Lutfiy ko‘chasi, 47-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
6. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jamg‘armani belgilangan tartibda hukumat va shahar aloqa vositalari bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamg‘armaning Vasiylik Kengashi va Ijro etuvchi direksiyasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlasin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
8. Ishsiz va band bo‘lmagan aholini keng jalb etish asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlarini manzilli va tizimli ravishda tashkil etish, Respublikaning har bir mahallasida ishsiz fuqarolarni qamrab olgan holda to‘lanadigan jamoat ishlari dasturining sifatli, to‘liq va samarali bajarilishini ta’minlash uchun javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga yuklansin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga sud qarori bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlari jazosi tayinlangan shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga joylashtirishda, Probatsiya xizmati va uning hududiy bo‘linmalariga har tomonlama amaliy ko‘maklashish va samarali hamkorlikni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1999-yil 19-iyuldagi 353-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 7-son, 40-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A. Xaitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-oktabr,
799-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qaroriga 1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi Vasiylik kengashining
TARKIBI
J.A. Qo‘chqorov
—
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, Kengash raisi
N.B. Xusanov
—
bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Kengash raisining o‘rinbosari
S.M. Xolxo‘jayev
—
iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari
O.Z. Nasritdinxo‘jayev
—
moliya vazirining birinchi o‘rinbosari
Sh.J. Teshayev
—
qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari
S.I. Saifnazarov
—
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari
B.X. Umurzakov
—
bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari
A.K. Tursunov
—
mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari
K.M. Rafikov
—
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi
A.A. Xaitov
—
?zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi
Lavozimi bo‘yicha
—
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi raisi, Kengashning mas’ul kotibi
Izoh. Vasiylik kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, sobiq a’zolarning vazifalari ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar zimmasiga yuklanadi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi Ijro etuvchi direksiyasining
TUZILMASI
Jamoat ishlari jamg‘armasi Vasiylik kengashi
Jamoat ishlari jamg‘armasining ijrochi direktori
Jamoat ishlari dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish bo‘limi
2
Jamoat ishlari jamg‘aramasi mablag‘laridan maqsadli foydalanish va buxgalteriya hisobini yuritish bo‘limi
2
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Jamoat ishlari dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish bosh mutaxassislari
14
Yuriskonsult
1
Ichki audit bo‘limi
3
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 23 nafar, shu jumladan 14 nafar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh mutaxassislar.
(2-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qaroriga 3-ILOVA
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmoniga muvofiq haq to‘lanadigan jamoat ishlarini (keyingi o‘rinlarda Jamoat ishi deb ataladi) tashkil qilish turlari va tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jamoat ishlari — ishsiz va band bo‘lmagan aholi uchun umumjalb etish mumkin bo‘lgan, alohida tayyorgarlik va malaka talab qilmaydigan, haq to‘lanadigan vaqtinchalik mehnat faoliyati turlari;
buyurtmachi ish beruvchi — mazkur Nizomga muvofiq jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha tashabbuskor (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari, vazirliklar, idoralar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tadbirkorlik subyektlari, boshqa tashkilotlar);
jamoat ishlarini bajaruvchi shaxs-haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilishi yuzasidan sudning qarori asosida hamda belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan, shuningdek, ish izlovchi shaxs sifatida ro‘yxatga olingan va jamoat ishlarida qatnashish uchun jalb qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab kelayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (keyingi o‘rinlarda — fuqaro).
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 10-bobi, O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 6-oktabrdagi 75/2023-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Shaxslarni ishsiz deb e’tirof etish va ularga ishsizlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha elektron davlat xizmatini ko‘rsatish to‘g‘risidagi reglament (ro‘yxat raqami 3472, 31.10.2023-y.).
3. Jamoat ishlari quyidagi maqsadlarda tashkil qilinadi:
band bo‘lmagan shaxslarni vaqtinchalik maosh (mehnat daromadi) bilan ta’minlash va ularni ish qidirish davrida moddiy qo‘llab-quvvatlash;
sud qarori asosida shaxslarni haq to‘lanadigan ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etish;
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
ishsiz shaxslarning vaqtinchalik bandligini ta’minlash uchun sharoitlar yaratish;
kasbga (mutaxassislikka) ega bo‘lmagan ilk bor ish izlovchi shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etish;
turli sabablarga ko‘ra (ilgari bola tarbiyasi, bemor va keksa oila a’zolarini parvarishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan va boshqa sabablarga ko‘ra) uzoq tanaffusdan so‘ng kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan shaxslar mehnatini reabilitatsiya qilish;
iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ijtimoiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarini ishchi kuchi bilan ta’minlash.
4. Jamoat ishlarining taklif qilinayotgan turlari jamoat ishlariga yuborilayotgan shaxslarning kasbiy mahoratini, ish tajribasini, yoshini, jinsini va boshqa xususiyatlarini, ish vaqti va mehnatni muhofaza qilish uchun zarur sharoitlarni hisobga olishi kerak.
5. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi (keyingi o‘rinlarda ABKM deb ataladi) jamoat ishlariga yuboriladigan fuqarolarning kasbi, yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda jamoat ishlarining joylarini, shuningdek jamoat ishlarida ishtirok etish shartlarini belgilaydi.
Buyurtmachi ish beruvchi ABKM bilan birgalikda jamoat ishlari turlari va hajmini belgilaydi.
Sudning qarori asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilishi belgilangan, shuningdek, ishsiz va band bo‘lmagan shaxslar tomonidan jamoat ishlarida ishtirok etish ishning xavfliligi, zararliligi va mehnat sharoitlarining og‘irligi sababli rad etilsa, ularga jamoat ishlarining boshqa turlari taklif qilinadi.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
6. Ishsiz shaxslarga ishsizlik nafaqasini to‘lash jamoat ishlarida qatnashayotgan davrlarida to‘xtatiladi va jamoat ishlari tugagan kundan boshlab tiklanadi.
7. Budjet tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ko‘p kvartirali uylardagi uy-joy mulkdorlarining shirkatlari tomonidan (tutash hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va saqlash bo‘yicha) tashkil etiladigan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ABKMning yo‘llanmalariga ko‘ra haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lashga oid xarajatlarning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi.
Bunda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi va mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Mahalliy mehnat organi tomonidan yuborilgan shaxslar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarning o‘rni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan yuz foiz qoplanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
8. Tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan (fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ko‘p kvartirali uylardagi uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bundan mustasno) tashkil etiladigan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida mehnatga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarning ellik foizigacha bo‘lgan qismining o‘rni ish beruvchi bajarilgan ishlarni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bunda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan bir shaxs mehnatiga to‘langan haqning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan qoplashning har oylik miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravari miqdoridan oshmasligi kerak. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarning mehnatiga har oyda haq to‘lash mehnat shartnomasi asosida belgilanadi.
Zarur bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi tomonidan mehnatga haq to‘lashning o‘rnini qoplashning har oylik miqdorini mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining to‘rt baravarigacha miqdorda belgilashi mumkin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
2-bob. Jamoat ishlarining turlari
9. Haq to‘lanadigan jamoat ishlarining asosiy turlari quyidagilardan iborat:
shaharlarning, tumanlarning, aholi punktlarining, mahallalarning hududlarini va boshqa hududlarni obodonlashtirish (ko‘kalamzorlashtirish, yig‘ishtirish, oqlash, ariqlarni, qabristonlarni, ziyoratgohlarni, madaniy obyektlarni tozalash va boshqalar);
uy-joy-kommunal obyektlar va boshqa infratuzilma obyektlari hududlariga tutash uy-joy fondining obyektlarini ta’mirlash hamda ularning faoliyat ko‘rsatishini ta’mirlash;
ko‘chalarni, yo‘llarni va yo‘lkalarni ta’mirlash;
qishloq xo‘jaligi ishlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosilini yig‘ib-terib olish, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni, keksalarni, bemorlarni va boshqa shaxslarni parvarishlash;
sanoat tarmoqlari tashkilotlaridagi va xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi ishlar;
obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarorlariga muvofiq haq to‘lanadigan jamoat ishlarining boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
3-bob. Jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi
10. Buyurtmachi ish beruvchilar har oyning 15-sanasiga qadar kelgusi hisobot oyi uchun jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha buyurtmalar ro‘yxatiga kiritish uchun tuman (shahar) ABKMga jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha buyurtma beradi.
Jamoat ishlarini tashkil qilish va ularni Jamg‘arma hisobidan moliyalashtirish mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemalarga muvofiq amalga oshiriladi.
11. ABKM har oyning 20-sanasiga qadar buyurtmachi ish beruvchilardan kelgusi oyda jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha buyurtmalarni qabul qiladi va mazkur maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida har oyning 25-sanasiga qadar yig‘ma buyurtmani shakllantiradi va tasdiqlaydi.
ABKM zarurat bo‘lganda, ishsizlik yoki ishchi kuchiga bo‘lgan talab oshgan hududlarda fuqarolarni tezkor tartibda jamoat ishlariga jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha buyurtmalarni shakllantirishi va tasdiqlashi mumkin.
12. ABKM tomonidan yig‘ma buyurtma tasdiqlangandan so‘ng hisobot oyining 1-sanasiga qadar mablag‘ ajratish uchun Jamg‘armaga taqdim etiladi.
ABKM tomonidan tasdiqlangan qo‘shimcha yig‘ma buyurtma mablag‘ ajratish uchun bir ish kuni davomida Jamg‘armaga taqdim etiladi.
(11 va 12-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
13. Jamoat ishlarini tashkil qilish maqsadida ABKM buyurtmachi-ish beruvchilar buyurtmalariga muvofiq ishchi kuchiga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda sudning qarori asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilishi belgilangan hamda ishsiz va ish izlovchi shaxslar ro‘yxatini shakllantiradi. Jamg‘arma tomonidan hisobot oyining 5-sanasiga qadar yig‘ma buyurtmaga muvofiq ABKMning g‘aznachilik hisobraqamiga mablag‘larning o‘tkazilishini ta’minlaydi.
(13-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Agar yig‘ma buyurtmaga asosan ABKMning g‘aznachilik hisobraqamiga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobot oyidan keyingi oyning 15 sanasiga qadar foydalanilmasa, Jamg‘armaga qaytarish choralari ko‘riladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
14. Bir vaqtning o‘zida hisobot oyining 1-sanasiga qadar ABKM buyurtmachi-ish beruvchi bilan jamoat ishlarida qatnashadigan fuqarolar ro‘yxatini ilova qilgan holda jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha shartnoma tuzadi.
Ushbu Nizomning 11-bandi ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holatlarda Jamg‘arma qo‘shimcha yig‘ma buyurtmaga asosan mablag‘lar ajratgandan so‘ng jamoat ishlarini bajarishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxatini ilova qilgan holda, ABKM ish beruvchilar bilan shartnoma tuzadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
15. Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslar bilan haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etish uchun kamida ikki haftalik, lekin olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga, ayrim hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda, o‘n bir oygacha muddatga muddatli mehnat shartnomalari tuziladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
16. Shartnomalar ABKMning jamoat ishlarini tashkil qilish uchun xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatga olinadi.
17. Yig‘ma buyurtmadagi jamoat ishlarining xususiyati va amalga oshiriladigan joyidan kelib chiqqan holda ushbu ishlarga fuqarolar o‘z roziligi asosida taqsimlanadi (sud qaroriga asosan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxslar bundan mustasno).
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
18. Jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘zda tutilmagan ehtiyoj tug‘ilganda, buyurtmachi budjet tashkiloti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lgan holda, buyurtmachilari tuman (shahar) hokimligi jamoat ishlari hajmini qayta taqsimlash bo‘yicha qaror qabul qilish huquqiga ega.
19. ABKM buyurtmachi ish beruvchi bilan shartnoma tuzgandan so‘ng haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarga haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish uchun 2-ilovaga muvofiq shaklda yo‘llanma beradi.
Buyurtmachi ish beruvchi haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirish vaqtida mehnatni muhofaza qilishga doir lozim darajadagi shart-sharoitlarni qonun hujjatlariga muvofiq ta’minlaydi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarga ish haqi to‘g‘ri hisoblanishi va bajarilgan jamoat ishlarining haqiqiy hajmlari to‘g‘ri hisobga olinishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining haq to‘lanadigan jamoat ishlariga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi yuzasidan javobgarlik buyurtmachi ish beruvchining zimmasiga yuklanadi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
20. Jamoat ishlarida qatnashuvchi ishsiz band bo‘lmagan va sud qaroriga asosan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxslar ro‘yxatlarini shakllantirishda mazkur hududda doimiy va vaqtincha yashovchi band bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek mehnat faoliyatiga jalb etiladigan chet ellik fuqarolar qamrab olinishi lozim.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
21. Jamoat ishlarini tashkil etish davrida buyurtmachi-ish beruvchi qonunchilikka muvofiq mehnat muhofazasi talablariga mos sharoitlarni ta’minlaydi.
22. ABKM haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirish monitoringini bir oyda bir marta joyning o‘ziga chiqib o‘rganish orqali o‘tkazadi va tegishli monitoring dalolatnomasini rasmiylashtiradi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini o‘tkazish tartibi buzilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, dalolatnoma rasmiylashtiriladi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli choralar ko‘riladi.
Jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jamoat ishlari dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish bo‘yicha bosh mutaxassislari har oyda, shu jumladan joyiga borgan holda jamoat ishlarining tashkil qilinishi, amalga oshirilishi va haq to‘lanishini nazorat qiladi.
Ish beruvchi jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarni ish joyida bo‘lmaganligi sabablari to‘g‘risida ABKMni ogohlantirishi kerak. Jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar muntazam sababsiz ish joyida bo‘lmasa, ABKM ish joyida muntazam yo‘q bo‘lgan xodim uchun ish beruvchilarga xarajatlarni moliyalashtirmaydi;
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxslar ish joyida muntazam yo‘q bo‘lgan holatlar yuzasidan ABKM xodimlari tomonidan probatsiya bo‘linmalariga xabarnoma yuboriladi.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
23. Monitoring jarayonida shartnoma shartlari buzilganligi holati aniqlanganda, aniqlangan qonunbuzilishi holati bo‘yicha tegishli ABKM xodimi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi va qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun ABKMga taqdim etiladi.
24. Buyurtmachi ish beruvchi har oyning 15-sanasiga qadar hisobot oyining birinchi yarmi uchun ABKMga fuqarolarning jamoat ishlarida qatnashgan davri bo‘yicha hisobga olish tabelini taqdim etadi.
25. ABKM buyurtmachi ish beruvchi tomonidan hisobot oyining 15-sanasiga qadar taqdim etilgan tabelga asosan Jamg‘arma tomonidan qoplanadigan to‘lovlarning 50 foiz qismini avans sifatida to‘laydi.
Jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxslar ish haqining ellik foizi aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzni to‘lashga yo‘naltiriladi;
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha to‘lovlar ABKM tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi bo‘linmalariga memorial order yoki to‘lov topshiriqnomalari taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
26. Buyurtmachi ish beruvchi hisobot oyidan keyingi oyning 1-sanasiga qadar ABKMga o‘tgan oy uchun jamoat ishlarida qatnashgan fuqarolarni amalda qatnashgan kunlari bo‘yicha tasdiqlangan hisobga olish tabelini va ish haqi hisoblanganligi bo‘yicha qaydnomani, jumladan, tadbirkorlik subyektlari va nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolarga to‘langan oylik ish haqining Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmagan qismi bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
27. ABKM tomonidan tasdiqlovchi hujjatlar (tabel, qaydnoma) olingandan so‘ng, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar o‘tgan oy uchun to‘langan avans summasini chegirib tashlagan holda jamoat ishlarida qatnashgan fuqarolarning ish haqlarining qoplanadigan qismini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi bo‘linmalariga memorial order yoki to‘lov topshiriqnomasi va bajarilgan ishlar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani ilova qilgan holda yuboradi.
28. Buyurtmachi ish beruvchilar jamoat ishlarida qatnashuvchi shaxslarni jalb qilgan holda amalga oshirilgan jamoat ishlari to‘g‘risidagi ma’lumotni, shuningdek buyurtmachi ish beruvchilarning birinchi rahbarlari tomonidan imzolangan bajarilgan ishlar bo‘yicha dalolatnomalar nusxasini har oyda ABKMga taqdim etadilar.
(28-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
ABKM, o‘z navbatida, jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxslarning ishlagan soati hamda bajarilgan ishlari yuzasidan hududiy probatsiya bo‘linmalariga ma’lumot taqdim etadi.
(28-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
29. Agar bajarilgan ishlar dalolatnomalariga asosan ish beruvchiga qoplab berilgan to‘lov haqiqatda bajarilgan ishlarning hajmidan oshsa hamda mazkur Nizomning 8-bandiga muvofiq Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan jamoat ishlarining buyurtmachisi tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lsa, oshgan miqdor to‘liqligicha ABKM hisob raqamiga qaytariladi.
30. ABKM fuqarolarni jamoat ishlarini bajarish uchun yuborgan taqdirda ularga mehnatni tashkil qilish va unga haq to‘lash to‘g‘risida ma’lumot beradi.
31. Jamoat ishlarida qatnashadigan fuqarolar bilan ish beruvchi mazkur Nizom talablariga muvofiq mehnat shartnomasi tuzadi.
Jamoat ishlarini bajarish bo‘yicha shartnoma munosabatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda “YAMMT” IDAKda ro‘yxatga olingan mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Ixtiyoriylik asosida brigadalarga birlashgan fuqarolar tomonidan jamoat ishlarining kompleksini yoki alohida turlarini amalga oshirishda shartnomada tomonlarning majburiyatlari, ishning hajmi va bajarish muddatlari, mehnatni tashkil etish va unga haq to‘lash shakllari nazarda tutiladi.
(31-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
32. Jamoat ishlarini bajarayotgan fuqarolarga korxonalarda amalga bo‘lgan stavkalar va lavozim maoshlari (ishbay narxlar)dan kelib chiqqan holda, ammo ish haqi to‘lash bo‘yicha Yagona tarif setkasining birinchi razryadidan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi to‘lanadi.
Jamoat ishlarida ish haqidan tashqari mehnat uchun qo‘shimcha mukofotlar miqdori ish beruvchilar mablag‘lari hisobidan belgilanishi mumkin.
33. Agar ishsizni yoki band bo‘lmagan shaxsni, shuningdek, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan shaxsni jamoat ishi qanoatlantirsa, unda u buyurtmachi-ish beruvchi bilan kelishgan holda bunday ishni doimiy asosda bajarishga rozilik berishi mumkin, ABKM esa, unga bu doimiy mos keladigan ish deb hisoblaydi.
(33-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Bunday hollarda ushbu shaxs bilan ilgari tuzilgan mehnat shartnomasi yangi mehnat sharoitlari ko‘rsatilgan holda qayta tuzilishi kerak.
34. Jamoat ishlarini tashkil qilishda mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish, bajarilgan ishlar bo‘yicha dalolatnomani to‘g‘ri rasmiylashtirish, fuqarolarning mehnatidan samarali foydalanish bunday ishlarni bajarish uchun mehnat shartnomasini tuzgan buyurtmachi-ish beruvchi zimmasiga yuklanadi.
Xavfli, zararli va og‘ir mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan jamoat ishiga yuborilgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tishlari kerak.
35. Buyurtmachi ish beruvchilar tomonidan mehnat shartnomasi “YAMMT” IDAKda ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda fuqarolarning jamoat ishlarida qatnashgan davri to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron mehnat daftarchalarida aks ettiriladi.
(35-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Jamoat ishlarida qatnashgan davr mehnat stajiga qo‘shiladi. Jamoat ishlarida qatnashgan fuqarolarda pensiya ta’minoti va vaqtincha ishga yaroqsizligi bo‘yicha nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
(35-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
36. Jamoat ishlarini bajarayotgan fuqarolar ish vaqtining davomiyligi mehnat qonunchiligiga muvofiq belgilanadi. Buyurtmachi-ish beruvchilar ish kuni va ish vaqtining o‘zgaruvchan shakllaridan foydalanish, shuningdek mehnat unumdorligiga ko‘ra yoki ishlagan vaqtga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda jamoat ishlarining qisqartirilgan ish vaqtini kiritishga haqlidir.
37. ABKM tomonidan jamoat ishlariga yuborilgan va ularda band bo‘lgan fuqarolarning hisobi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
38. ABKM tomonidan buyurtmachi ish beruvchilarga Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga xarid qilingan asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlar jamoat ishlarini tashkil qilish uchun ijaraga berilishi amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Jamoat ishlarini tashkil qilish bo‘yicha faoliyat bilan bog‘liq holda vujudga keladigan bahslar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
40. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob berishadi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 1-ILOVA
Jamoat ishlarini tashkil qilish va ularni Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtirish
SXEMASI
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ILOVA
NAMUNA
Jamoat ishlariga YO‘LLANMA ________________________________________________________________________________________________ (korxona, tashkilot, muassasaning nomi va manzili) ________________________________________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________ Fuqaro __________________________________________________________________________________________ (F. I. O.) ________________________________________________________________________________________________ haq to‘lanadigan jamoat ishlariga __________________________________________________muddatga yuborilmoqda (kasb, mutaxassislik ko‘rsatiladi)
Qabul qilingan qaror to‘g‘risida uch kun muddatda bizga xabar berishingiz so‘raladi.
Qabul qilingan qaror bo‘yicha JAVOB Fuqaro ______________________________________________________________ haq to‘lanadigan jamoat ishlariga (F. I. O.) quyidagi muddatga ishga qabul qilindi _________________________________________________________________ ________________________________________________________________________________________________ (kasb, mutaxassislik)
20___ yil “_____” _________________ dagi ___________- son buyruq.
Rahbar
_______________________________________________
M. O‘.
(imzo)
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qaroriga 4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmoni talablariga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Jamg‘arma belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan, Aholi bandlikka ko‘maklashish markazlarida (keyingi o‘rinlarda ABKM) deb ataladi) ish izlovchi sifatida (keyingi o‘rinlarda band bo‘lmagan shaxslar deb ataladi) ro‘yxatdan o‘tgan, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘naltirilgan, shuningdek, sud qarori asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etilgan fuqarolar ishtirokini moliyalashtirish uchun tashkil etilgan.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, g‘aznachilik hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, tamg‘a va blankalarga ega.
4. Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochiladigan g‘aznachilik hisob raqamida jamlanadi.
5. Quyidagilar Jamg‘arma faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari hisoblanadi:
shahar va tuman hokimliklari, ABKM, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa ish beruvchi tashkilotlar bilan birgalikda respublikaning barcha hududlarida jamoat ishlariga majburiy jalb etilgan shaxslar hamda ishsiz va band bo‘lmagan aholini keng jalb etgan holda jamoat ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi 434-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.09.2023-y., 09/23/434/0679-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tuman hokimliklari, vazirliklar va idoralar, ABKMlar bilan birgalikda jamoat ishlari dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ularning bajarilishi yuzasidan monitoring olib borish;
jamoat ishlariga jalb etilgan, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari — jismoniy shaxslarning mehnatiga haq to‘lash xarajatlarini moliyalashtirish, band bo‘lmagan aholini jamoat ishlaridagi ishtirokining hisobini va monitoringini yuritish;
jamoat ishlarini tashkil etishga ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash, jamoat ishlarining bandlik va ishsizlar bozori dinamikasiga ta’siri tahlilini amalga oshirish;
ish beruvchi buyurtmachilar va jamoat ishlari ishtirokchilari reyestrini o‘z ichiga olgan jamoat ishlarining elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish.
2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi
6. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
jamoat ishlarini tashkil etish va bajarish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, homiylik jamg‘armalarining va boshqa xorijiy donorlarning ixtiyoriy yordamlari;
asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlar ijarasidan daromadlar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari.
7. Jamoat ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan budjet ajratmalarining hajmi har yili aniqlashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy parametrlarida tasdiqlanadi.
8. Xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, xayriya jamg‘armalarining, jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ixtiyoriy ehsonlari qonunchilikda belgilangan tartibda Jamg‘armaning g‘aznachilikdagi hisob raqamiga kelib tushadi, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar yoki xorijiy grantlar berish shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
3-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi
9. Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagilarni moliyalashtirishda foydalaniladi:
jamoat ishlariga jalb etilgan ishsizlar va band bo‘lmagan shaxslarning mehnat haqiga to‘lovlar;
jamoat ishlarida, jumladan ularni ijara asosida berish yo‘li bilan foydalanish uchun mo‘ljallangan asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlarni xarid qilish;
jamoat ishlarini bajarish uchun xavfsizlik texnikasi mablag‘lari va maxsus kiyim xarid qilish;
Jamg‘armani saqlab turishga, jumladan, xodimlar mehnat haqi, bino va inshootlarni, aloqa va axborot kompyuter texnologiyalari vositalarini saqlab turish, xo‘jalik va boshqa xarajatlar to‘lovi;
jamoat ishlarini amalga oshirishni tashkil etish masalalari bo‘yicha axborot materiallarini, ko‘rgazmali axborotlarni tayyorlash, ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida joylashtirish.
Jamg‘arma xodimlariga mehnat haqi to‘lash shartlariga O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
10. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish Jamg‘arma Kengashi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida ro‘yxatga olingan, hududlar bo‘yicha oyma-oy tasniflangan xarajatlar smetalari asosida amalga oshiriladi.
11. Jamg‘armaning joriy yilda ishlatilmagan mablag‘lar qoldiqlari keyingi moliya yiliga o‘tkaziladi va keyingi yilga mablag‘lar ajratilayotganda inobatga olinadi.
4-bob. Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish va mablag‘larini boshqarish
12. Jamoat ishlari Jamg‘armasining Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma Kengashi deb ataladi) Jamg‘armani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Jamg‘arma Kengashi:
har yili Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini, Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari balansi prognoz ko‘rsatkichlarini, shuningdek jamoat ishlarining respublika dasturi ko‘rsatkichlarini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
jamoat ishlariga ajratiladigan mablag‘lar hajmlarining foizli nisbatini tasdiqlaydi;
Jamg‘arma mablag‘lari daromadlari va xarajatlari smetasini, zarur hollarda, tasdiqlangan smetalarga kiritiladigan tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlaydi, Jamg‘arma daromadlarining shakllanishini va mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini ta’minlash bo‘yicha uning faoliyati yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
Jamg‘arma faoliyati haqida hisobotlarni davriy ravishda eshitib boradi va tasdiqlaydi, jamoat ishlarini tashkil etish va jamoat ishlari dasturlarining bajarilishi yuzasidan vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining hisobotlarini eshitib boradi;
Jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, jamoat ishlarini tashkil etish va moliyalashtirish mexanizmlarini yaxshilash, jamoat ishlarini amalga oshirish va ularni moliyalashtirish yuzasidan monitoring va nazoratning samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining tegishli qarorlari asosida alohida holatlarda va davlat ahamiyatiga molik boshqa holatlarda, jamoat ishlarining tasdiqlangan dasturiga kiritilmagan va ish beruvchilardan buyurtmaga ega bo‘lmagan jamoat ishlarini tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qiladi;
Jamg‘arma faoliyati bilan bog‘liq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Jamg‘arma Kengashi qarori ochiq ovoz berish orqali, oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
13. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining ijro etuvchi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda Direksiya deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
14. Direksiya:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirliklar va idoralar bilan birgalikda jamoat ishlarining respublika dasturini hududlar bo‘yicha shakllantiradi, uning bajarilishi tahlili va monitoringini amalga oshiradi;
Jamg‘arma Kengashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taqdim etish uchun Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini, uning bajarilishi to‘g‘risida choraklar bo‘yicha va oyma-oy taqsimlangan yillik hisobotni tayyorlaydi, Jamg‘arma Kengashiga va vazirlik rahbariyatiga Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlarining oyma-oy yoyilmasini tasdiqlash uchun kiritadi;
shahar va tuman ABKMlari bilan birgalikda ish beruvchilar, shahar va tuman hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan jamoat ishlarini tashkil etish uchun ariza qabul qilishni amalga oshiradi;
mazkur Nizomda belgilangan tartibda jamoat ishlarini moliyalashtirishni ta’minlaydi;
Davlat mehnat inspeksiyasi bilan birgalikda jamoat ishlarida ishtirok etayotgan ishchilarning mehnat qonunchiligida belgilangan kafolatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
(14-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-dekabrdagi 1066-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2018-y., 09/18/1066/2428-son)
jamoat ishlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha da’vo ishlari olib borilishini amalga oshiradi;
jamoat ishlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha aholini va ish beruvchilarni axborot bilan ta’minlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi;
fuqarolarning jamoat ishlaridagi ishtiroki hisobini yuritish bo‘yicha axborot- kompyuter tizimlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
jamoat ishlarini amalga oshirish uchun ish beruvchi-buyurtmachilar arizalari shakli va mazmuniga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.
Direksiya Jamg‘arma faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga, shuningdek Jamg‘arma Kengashi qarorlari va qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
141. Istisno hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining tegishli buyrug‘i asosida Jamg‘arma mablag‘lari doirasida dasturdan tashqari jamoat ishlari tashkil etilishi mumkin.
(141-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
15. Direksiya o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
soliq idoralaridan jamoat ishlarini bajargan fuqarolar uchun ish beruvchilar tomonidan oylik ish haqi hisoblanishi to‘g‘risida ma’lumotlarni so‘rash va olish;
jamoat ishlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, uning vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha uslubiy hujjatlar ishlab chiqish.
16. Direksiyani Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan Jamg‘arma Vasiylik kengashi raisi bilan kelishgan holda tayinlanadigan va ozod etiladigan ijrochi direktor boshqaradi.
17. Ijrochi direktor:
Jamg‘arma faoliyati yuzasidan umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Jamg‘armaga xodimlarni qabul qiladi va mehnat shartnomalarini tugatadi, ularning lavozim majburiyatlarini va vakolatlarini taqsimlaydi;
vakolatlari doirasida yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzadi;
Jamg‘arma pul mablag‘lari va moddiy boyliklarining buxgalteriya hisobi yuritilishini, moliyaviy va statistik hisobotlarning belgilangan tartibda tayyorlanishi va taqdim etilishini tashkil etadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar va vakolatlarni amalga oshiradi.
18. Direksiya Jamg‘arma Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga hisobot beradi.
19. Jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Direksiyaning shtat jadvaliga kiradigan vakillarga ega.
5-bob. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash
20. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari prognozini tayyorlash, ko‘rib chiqish va tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining keyingi yil uchun loyihasi, shuningdek respublika hududlarini kompleks rivojlantirish dasturi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
21. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda har yili 1-iyunga qadar ishlarning turlari va hajmini, shuningdek, asosiy vositalar, mini-uskunalar va inventarlar xarid qilish bo‘yicha xarajatlarni ko‘rsatgan holda jamoat ishlarining hududiy loyihalarini shakllantiradi va kelishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga kiritadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari ish beruvchilarning qo‘shimcha arizalari asosida hududiy jamoat ishlari dasturlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.
22. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har yili 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan to‘lanadigan keyingi yilda amalga oshiriladigan jamoat ishlariga arizalarni, shuningdek Mazkur Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan manbalardan Jamg‘armaga mablag‘lar tushumi prognozini shakllantiradi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining keyingi yildagi loyihasiga kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuboradi.
23. Direksiya har yili 1-dekabrga qadar:
jamoat ishlarining yakuniy ko‘rsatkichlarini Jamg‘armaga kelgusi yil tushadigan mablag‘lar doirasida kelishadi;
hududiy dasturlarga kiritilgan har bir tadbir bo‘yicha moliyalashtirish hajmlarini aniqlashtirgan holda jamoat ishlarining hududiy dasturlari loyihasini Jamg‘arma Kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi. Zaruratga ko‘ra, budjetdan ajratilayotgan mablag‘larning qiymatiga Jamg‘arma Kengashi qaroriga ko‘ra aniqlik kiritilishi mumkin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti ko‘rsatkichlari tasdiqlangandan so‘ng, jamoat ishlarining hududiy dasturlarini Jamg‘arma Kengashi tasdiqlagandan keyin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari qarorlari bilan tasdiqlanadi.
25. Direksiya keyingi yilga belgilangan moliyalashtirish hajmlarini 5 kun mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazadi.
6-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanish hisobi, hisoboti va nazorati
26. Jamg‘arma mablag‘lari shakllanishi va kelib tushishi hisobini yuritish va hisobotini tuzish Direksiya tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
27. Jamg‘arma faoliyati bo‘yicha barcha ma’lumotlar, jumladan, ish beruvchilar va ishchilar (STIR ko‘rsatilgan holda) hisobi reyestri, buyurtmachi — ish beruvchilar va ishchilar o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari to‘g‘risida ma’lumotlar, pul o‘tkazmalari va to‘lovlari, shuningdek boshqa operatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, Direksiya tomonidan shakllantiriladigan “Jamoat ishlari” avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining elektron ma’lumotlar bazasida aks ettiriladi.
28. Direksiya har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Jamg‘armaning jamoat ishlarini tashkil etishga ajratilgan mablag‘lari shakllanishi va ishlatilishi to‘g‘risida, shuningdek jamoat ishlari hududiy dasturlarining bajarilishi ko‘rsatkichlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakllarga ko‘ra (elektron va qog‘oz shakllarda) hisobot berib boradi.
29. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi har chorakda hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar Jamg‘arma Kengashiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va Moliya vazirligiga Jamg‘armaning jamoat ishlarini tashkil etishga ajratilgan mablag‘lari shakllanishi va ishlatilishi to‘g‘risida, shuningdek jamoat ishlari hududiy dasturlarining bajarilishi ko‘rsatkichlari to‘g‘risida hisobot berib boradi.
30. Buyurtmachi — ish beruvchilar tomonidan jamoat ishlari ishtirokchilariga Jamg‘armadan ajratilgan mablag‘lar qismi hisobidan ish haqining to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan nazorat Direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
31. Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli foydalanish yuzasidan javobgarlik ish beruvchi — buyurtmachi va Direksiyaga yuklanadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
32. Jamg‘arma faoliyati, shuningdek Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilishi doirasida vujudga keladigan bahslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
33. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob berishadi.
34. Jamg‘armani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49 –– 57-moddalari.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-oktabrdagi 799-son qaroriga 5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan haq to‘lanadigan jamoat ishlariga band bo‘lmagan aholini bosqichma-bosqich jalb etish
JADVALI
T/r
Hududlar
2017-yilning oktabr oyidan boshlab tajriba tariqasida band bo‘lmagan aholini jalb qilgan holda jamoat ishlari tashkil qilinadigan tumanlar (shaharlar)
2018-yilning 1-yanvaridan boshlab hududlarning qolgan barcha shahar va tumanlarida band bo‘lmagan aholini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda