toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 20-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2891]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 4-sentabrdagi 13/9-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3282, 16.09.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PQ-3066-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va kapitallashuv darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-iyun,
13/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2017-yil 17-iyundagi 13/1-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PQ-3066-son “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va kapitallashuv darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
taʼminotsiz kredit — lahzali likvidlilik koeffitsiyenti boʻyicha Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talabdan past boʻlgan yoki keyingi bank ish kunida past boʻlishi kutilayotgan banklarga, ularning likvidligini qoʻllab-quvvatlash va toʻlovlarning uzluksizligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank tomonidan ajratiladigan taʼminotsiz kredit;
foiz stavkasi — banklarga beriladigan taʼminotsiz kreditlar uchun Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan oʻrnatiladigan stavka;
qarz oluvchi bank — Markaziy bankka taʼminotsiz kredit olish yuzasidan murojaat qilgan bank;
qarzdor bank — Markaziy bank oldida taʼminotsiz kreditlar boʻyicha majburiyatga ega boʻlgan bank;
kredit shartnomasi — Markaziy bank tomonidan qarz oluvchi bankka kelishilgan miqdorda va shartlar asosida taʼminotsiz kredit berish, qarz oluvchi bank esa olingan taʼminotsiz kreditni qaytarish va uning uchun foizlar toʻlash majburiyatini nazarda tutuvchi shartnoma.
2. Markaziy bank tomonidan banklarga taʼminotsiz kreditlar Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida muddatlilik, qaytarishlik, toʻlovlilik va maqsadlilik shartlari asosida beriladi.
3. Taʼminotsiz kreditlar boʻyicha foiz stavkalari Markaziy bank Boshqaruvi tomonidan kreditlarning muddatidan kelib chiqqan holda oʻrnatiladi.
4. Qarz oluvchi bankka taʼminotsiz kredit ajratish masalasi Markaziy bankning Kredit qoʻmitasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
5. Taʼminotsiz kreditlar Markaziy bank tomonidan 3 oy muddatgacha qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz ajratiladi.
6. Taʼminotsiz kreditdan foydalanganlik uchun foizlarni hisoblash kredit shartnomasida koʻrsatilgan miqdor va tartibda, kredit ajratilgan kundan boshlab, u toʻliq qaytarilgan kundan oldingi kungacha boʻlgan muddatga amalga oshiriladi.
7. Qarz oluvchi bankka ajratiladigan taʼminotsiz kreditlarning maksimal miqdori qarz oluvchi bankning ushbu Nizomning 1-ilovasida roʻyxati keltirilgan milliy valyutadagi hisobvaraqlar boʻyicha majburiyatlarining qoldiqlari jami summasining 30 foizidan oshmasligi lozim, bundan vasiylik oʻrnatilgan qarzdor banklar mustasno.
8. Qarz oluvchi bank taʼminotsiz kredit olish uchun quyidagi talablarga javob berishi lozim:
majburiy rezerv talablarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarishi;
bank ustav kapitali miqdori qonun hujjatlarida belgilangan meʼyor talablaridan kam boʻlmasligi;
bank majburiyatlarini bank aktivlari bilan toʻliq qoplanganligi;
xavfli va nosogʻlom bank faoliyati amalga oshirilmayotganligi;
omonatchilar tomonidan bankka ishonib topshirilgan mablagʻlar butligiga real xavf mavjud boʻlmasligi;
oxirgi uch oy mobaynida Markaziy bank tomonidan ajratilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlardan muddati oʻtgan qarzdorligi (qaytarish muddatini kechiktirish holatlari) mavjud boʻlmasligi.
2-bob. Taʼminotsiz kreditlarni berish
9. Taʼminotsiz kreditni olish uchun qarz oluvchi bank mazkur Nizomning 2-ilovasida koʻrsatilgan shakldagi arizaga quyidagilarni ilova qilgan holda Markaziy bankka murojaat qiladi:
lahzali likvidlilik koeffitsiyenti boʻyicha Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talabdan past ekanligi yoki keyingi bank ish kunida past boʻlishi kutilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
moliyaviy ahvoli, shu jumladan likvidlilik holatini yaxshilash boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi.
10. Qarz oluvchi bank taʼminotsiz kredit olishi toʻgʻrisida arizani bank Kengashini xabardor qilgandan soʻng Markaziy bankka taqdim etishi lozim.
11. Qarz oluvchi bank moliyaviy ahvolini, likvidlilik holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) kredit portfelini sogʻlomlashtirish, xususan, avval berilgan kreditlarni (aktivlarni) oʻz vaqtida toʻliq undirilishini taʼminlash va muammoli kreditlar (aktivlar) qoldigʻini keskin qisqartirish borasidagi tadbirlar;
b) aktivlar va passivlarning muddatlari oʻrtasidagi nomutanosiblikni keskin qisqartirish borasida koʻriladigan qatʼiy choralar;
v) bankning moliyaviy faoliyati xususiyatidan kelib chiqqan holda boshqa zarur chora-tadbirlar.
12. Markaziy bankning Kredit qoʻmitasi qarz oluvchi bankka taʼminotsiz kredit berish yoki bermaslik toʻgʻrisida bir bank ish kuni davomida qaror qabul qiladi.
13. Markaziy bankning Kredit qoʻmitasi tomonidan taʼminotsiz kredit ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, Kredit qoʻmitasi qarorida kredit shartnomasini tuzish hamda taʼminotsiz kredit ajratish sanasi, kredit summasi va foiz stavkasi belgilanadi.
14. Kredit shartnomasida koʻrsatib oʻtilgan sanada taʼminotsiz kredit mablagʻlari qarz oluvchi bankning Markaziy bankdagi vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
15. Markaziy bankning Kredit qoʻmitasi taʼminotsiz kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda bu haqda qarz oluvchi bankni bir bank ish kuni ichida xabardor qiladi.
3-bob. Qarzdor bankka qoʻyiladigan talablar
16. Qarzdor bank taʼminotsiz kreditdan foydalanish davrida quyida keltirilgan shartlarni bir vaqtning oʻzida bajargan taqdirda unga kredit (faktoring, lizing) ajratish bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi:
a) kredit qoʻyilmalari qoldigʻini kredit shartnomasi imzolangan kun holatidagiga nisbatan oshirmaslik;
b) taʼminotsiz kreditdan foydalanish davrida lahzali likvidlilik koeffitsiyentini ketma-ket uch marta Markaziy bank tomonidan belgilangan minimal talabdan kamayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik;
v) qarzdor bankning moliyaviy ahvolini, shu jumladan likvidlilik holatini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ijro etishda ijobiy tomonga sezilarli oʻzgarishning yuzaga kelishi.
17. Qarzdor bankning taʼminotsiz kreditdan foydalanish davrida mazkur Nizomning 16-bandida koʻzda tutilgan operatsiyalardan tashqari barcha aktiv operatsiyalari toʻxtatiladi.
4-bob. Taʼminotsiz kreditlarni qaytarish tartibi
18. Taʼminotsiz kredit mablagʻlari va unga hisoblangan foizlar qarzdor bank tomonidan kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarilishi lozim.
19. Qarzdor bank taʼminotsiz kreditni muddatidan oldin toʻliq yoki qisman qaytarishi mumkin. Bunda taʼminotsiz kreditlar boʻyicha foizlar faqat kreditdan foydalanilgan davr uchun hisoblanadi va toʻlanadi.
20. Markaziy bank mijozlarning toʻlov hujjatlarini uzluksiz ijrosini taʼminlamagan va taʼminotsiz kreditni qaytarishga doir oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan qarzdor bankka nisbatan vasiylik oʻrnatishga haqli.
21. Qarzdor bankka vasiylik qilish Banklarga vasiylik qilish toʻgʻrisidagi Nizomda (roʻyxat raqami 570, 1998-yil 19-dekabr) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5-bob. Yakuniy qoida
22. Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berishda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Qarzdor bankning taʼminotsiz kreditlari maksimal miqdorining hisob-kitobi uchun qabul qilinadigan milliy valyutadagi hisobvaraqlar
ROʻYXATI

T/r

Talab qilib olinguncha majburiyatlar

Balans hisobvaraqlari

A

B

1.

Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar

20200

2.

Boshqa banklarning hisobvaraqlari

21002, 21008

3.

Toʻlanishi lozim boʻlgan hisoblangan foizlar

22402, 22403, 22405, 22406, 22476

4.

Mijozlarning boshqa depozitlari

22600 minus 22602, 22628

5.

Mijozlarning plastik kartalariga oʻtkazilishi lozim boʻlgan pul mablagʻlari boʻyicha tranzit hisobvaragʻlari

23100

6.

Kliring transaksiyalari

23200 minus 23206

7.

Hukumatga tegishli daromad va boshqa tushumlar hisobvaraqlari

23400 minus 17500

8.

Mijozlarning plastik kartalaridan kelib tushgan tushum

23500 minus 17400

9.

Boshqa majburiyatlar

29800 minus 29822, 29826, 29830, 29842, 29846

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA

‎‎Taʼminotsiz kredit olish toʻgʻrisida
‎ARIZA

‎‎_____________-son ‎‎20__ yil “___” _____________

‎‎________________________________________________________________
‎(qarz oluvchi bankning nomi)

‎‎Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Toshkent shahar Bosh boshqarmasi Hisob-kitob-kassa markazidagi vakillik hisobvaragʻining raqami ________________________________________________________________
‎‎Yuridik manzil: ______________________________________________________________________________
‎telefon: _____________________ faks: _________________________
‎20___ yilning “___” ________dan 20___ yilning “___” ___________gacha yillik _______ foiz stavkasi boʻyicha

‎‎____________________________________________________________
‎(summa raqamlarda va soʻz bilan yoziladi)

soʻm‎
‎‎miqdorida taʼminotsiz krediti berishingizni soʻraymiz.
‎‎Kredit summasini yuqorida qayd etilgan vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazishingizni soʻraymiz. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonida� tijorat banklariga taʼminotsiz kreditlarni berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2891, 2017-yil 20-iyun) talablariga rioya etilganligini tasdiqlayman.
‎‎Bankning vakolatli shaxsi ________________‎

‎‎_____________________________________________

‎(imzo)

‎‎(F.I.O.)

Markaziy bank tomonidan toʻldiriladi
‎‎_____________________________________-son

‎‎(arizaning qayd raqami)

‎‎Ariza kelib tushgan sana 20__ yil “___” _____________
Hujjatlarni qabul qiluvchi shaxs _________________

‎‎_____________________________________________

‎‎(imzo)

‎‎(F.I.O.)

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 25-son, 560-modda)