1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik / 05.07.00.00 Mehnatni muhofaza qilish / 05.07.08.00 Ayrim tarmoqlarda mehnatni muhofaza qilish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI YER QA’RINI GEOLOGIK O‘RGANISH, SANOATDA, KONCHILIKDA VA KOMMUNAL-MAISHIY SEKTORDA ISHLARNING BEXATAR OLIB BORILISHINI NAZORAT QILISH DAVLAT INSPEKSIYASI BOSHLIG‘INING
buyrug‘i
Donni saqlash va qayta ishlash korxonalarida ishlar xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 30-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2669]
1. Donni saqlash va qayta ishlash korxonalarida ishlar xavfsizligi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Boshliq B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 13-aprel,
29-son
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2015-yil 13-apreldagi 29-sonli buyrug‘iga ILOVA
Donni saqlash va qayta ishlash korxonalarida ishlar xavfsizligi
Mazkur Qoidalar donni saqlash va qayta ishlash tashkilotlarida ishlar xavfsizligi qoidalarini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar donni saqlash va qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar talablari ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnologik jarayonlarni va sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shartligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan jamoa shartnomasi;
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq yuritiladigan ish joyining mehnat sharoitlari xaritasi;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita tashkilot rahbariga bo‘ysunadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlari jumlasiga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘riqnoma berishni tashkil etish
11. Xodimlar o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha o‘qishlari, ularning bilimlari sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazish, o‘qitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
13. Har bir kasb va ish turlari uchun mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 “Tabiatni muhofaza qilish. Atmosfera. Sanoat korxonalari zararli moddalarining yo‘l qo‘yiladigan chiqarishlarini o‘rnatish qoidalari” bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnat sharoitlarini attestatsiya qilish orqali belgilanishi kerak.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarganda, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tashkilot rahbari tomonidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilotlar o‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim.
18. Lavozim yo‘riqnomalariga muvofiq, xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlarni, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlarni, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr qurilmalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarni hamda tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq boshqa xavfli ishlarni bajarishni nazarda tutuvchi kasblar o‘ta xavfli kasblar ro‘yxatiga, mazkur vazifalarni bir martalik topshiriq asosida bajarilishini nazarda tutuvchi ishlar o‘ta xavfli ishlar ro‘yxatiga kiritilishi zarur.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat (naryad-ruxsatnoma)ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishlari va ishlarni xavfsiz bajarish usullarini o‘zlashtirishlari shart.
21. O‘ta xavfli ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va xavfsiz bajarish belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi uchun tashkilot rahbariyati javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibda himoyalanish vositalarini qo‘llash
22. Xodimlar xavfli va zararli ishlab chiqarish omillaridan jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan himoyalangan bo‘lishi lozim.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari ishlab chiqarish xonalari va ish joylaridagi barcha xodimlarga ta’sir qilgan taqdirda qo‘llanilishi zarur hamda tashkilot binolarini qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi shart.
24. Jamoaviy himoya vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini normallashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo harorati va namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda qurilmalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
25. Xodimlar tegishli ishlarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-sentabrdagi 263-sonli “Xodimlar mehnatini muhofaza qilish chora-tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
26. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llash, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak.
27. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarining samaradorligi va sozligi;
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish;
xavfli va zaharli moddalar bilan ishlashda foydalanilgan yakka tartibdagi himoya vositalarini dezinfeksiya qilish, bir marta qo‘llaniladigan vositalar bundan mustasno.
28. Xavfli moddalar bilan ishlashda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish zarur.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Xodimlar va ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli tarmoq tarif-malaka ma’lumotnomasiga muvofiq zarur ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida va boshqa o‘ta xavfli ishlarda ishlovchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lishi shart.
7-§. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish shart-sharoitlari
32. Xodimlarni ishlab chiqarish jarayonida qatnashishga qo‘yish oldidan quyidagilar tekshirilishi zarur:
ish joyining mazkur Qoidalarda belgilangan sanitariya va gigiyena, xavfsizlik talablariga, shuningdek shovqin va tebranishga, shamollatish va isitishga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi;
xodimning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish, unga yo‘l-yo‘riq berish va salomatligini nazorat qilish davriyligiga amal qilinganligi;
texnologik jarayonlarda ishtirok etuvchi asbob-uskunalar va ularning himoya vositalari sozligi;
jamoaviy himoya vositalarining sozligi, xodimning yakka tartibdagi himoya vositalariga egaligi.
8-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
33. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
34. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash muassasasi bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi zarur.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
35. Majburiy tibbiy ko‘riklar tashkilotga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash profilaktika muassasalari tomonidan, agar ular bo‘lmagan taqdirda tashkilot joylashgan joydagi hududiy davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
36. Ish beruvchi majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
37. Tashkilot rahbariyati o‘z xodimlarining majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tishi uchun va majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslarni ishga qo‘yish natijasida fuqarolarning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.
38. Xodimlarni sog‘lig‘ining holati tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarga qo‘yish taqiqlanadi.
9-§. Sanitariya va gigiyenik talablar
39. Tashkilot ish hududidagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
40. Tashkilotning xonalari quyidagi talablarga muvofiq saqlanishi lozim:
havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi va yil mavsumini hisobga olgan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlashi;
(40-bandning uchinchi hatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
41. Noqulay omillar ta’siriga qarshi himoya tadbirlarini amalga oshirishda samarali havo almashinuvi tizimini SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq tashkil qilish lozim.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
10-§. Tashkilot maydonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
42. Tashkilotning hududi chegara bo‘ylab to‘silgan va uning hududiga begonalarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
43. Tashkilotda transport vositalari va piyodalarning tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi hamda tashkilotga kirish va chiqish joylari hamda ish joylarining ko‘rinarli qismiga osib qo‘yilishi zarur.
44. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Maydonlardagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
45. Yozgi mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan bo‘lishi kerak.
46. Qishki mavsumda yo‘laklar va o‘tish joylari qordan tozalanib, qum sepilgan hamda binolarning tomlari qordan, karnizlari esa muzdan tozalab turilishi zarur.
47. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yo‘laklar va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m bo‘lib, yon tomonlari devorcha va to‘siqlarga ega bo‘lishi kerak.
48. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
11-§. Bino va inshootlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
49. Tashkilotdagi binolar va xonalar SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
50. Binolar va xonalardagi havoning harorati, nisbiy namligi va harakatlanish tezligi GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
51. Muntazam ishlashga mo‘ljallangan xonalarning pollariga yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi, mazkur pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi zarur.
52. Binoning transport vositalari kirish joylarida darvozalar va signal asbob-uskunalari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
53. Darvoza tavaqalari darvozaning yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar bilan mustahkam tutib turilgan bo‘lishi kerak.
54. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari enidan ortiq bo‘lishi, darvozalarning balandligi transport vositalarining balandligidan kamida 0,2 m ortiq bo‘lishi zarur.
55. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
56. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda kamida ikki marta (bahorgi va kuzgi mavsumda) tashkilot rahbari tayinlagan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilishi zarur.
57. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Bunda xavfli hududlardagi ishlar halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi va u yerdagi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
58. Tashkilotning binolari va inshootlari yong‘indan xabar beruvchi va yong‘inni bartaraf etuvchi avtomatik qurilmalar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
59. Kirish va chiqish yo‘llari turli jismlar va asbob-uskunalar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak. Evakuatsiya chiqish yo‘llarining barcha eshiklari binodan chiqish yo‘nalishi bo‘yicha ochilishi zarur.
12-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
60. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
61. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasi muntazam nazorat qilib turilishi kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lsa, uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqariga joylashtirish;
tebranish manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan mustaqil poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatish.
62. Shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etish imkoni bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibdagi himoya vositalari va shovqinga qarshi kaskalardan foydalangan holda himoyalash kerak.
13-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar
63. Shamollatish va isitish tizimi SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
64. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
65. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari o‘tish yo‘laklarining kengligiga qo‘yilgan talablarni buzmasligi zarur.
66. Ish joylaridagi havo harorati yengil jismoniy ishda 21 oC, o‘rtacha og‘ir ishda 17 oC va og‘ir ishda 16 oC dan past bo‘lmasligi kerak.
67. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalardagi havo harorati 22 oC dan kam bo‘lmasligi kerak.
68. Xodimlarning isinishi uchun mo‘ljallangan xonalargacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan va bino tashqarisidagi ish joylaridan 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
14-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan talablar
(14-paragrafning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
69. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” shaharsozlik normalari va qoidalari talabiga mos kelishi zarur.
(69-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
70. Ichimlik suvi O`zDSt 950-2011 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq bo‘lishi, uning harorati 8 oC dan 20 oC gacha bo‘lishi kerak.
71. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar o‘rnatilishi yoki maxsus idishlarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
72. Tashkilot hududi va xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(72-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
73. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi zarur. Yorug‘lik tushuvchi oynalar har yili kamida ikki marotaba tozalanishi lozim.
74. Yorug‘lik tushuvchi oyna va eshiklar turli buyumlar bilan to‘sib qo‘yilmasligi kerak.
75. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizim orqali amalga oshirilishi zarur. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
76. Tashkilot hududi va xonalarida yoritish vositalarining ko‘zni qamashtirishidan saqlash choralari ko‘rilgan bo‘lishi kerak.
77. Ish joylari va xonalarda portlash xavfi bo‘lgan gaz va chang konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli mavjud bo‘lsa, elektr yoritish tizimi xonadan tashqarida o‘rnatilishi kerak.
78. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlarning ichki sirtini yoritish uchun ishlatiladigan ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
79. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi zarur.
80. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi kerak.
81. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchami va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi lozim.
82. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritilishlarining sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi zarur.
83. Tashkilotlarning maishiy bino va xonalari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
(83-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
84. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlar, ichimlik suvi ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va boshqa maishiy xona va jihozlarning soni smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi zarur.
85. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
86. Barcha maishiy imoratlar ozoda saqlanishi, muntazam dezinfeksiya qilinishi va sutkaning qorong‘i paytida yoritilgan bo‘lishi kerak.
17-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga qo‘yiladigan talablar
87. Tashkilot faoliyati atrof tabiiy muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
88. Donni saqlash va qayta ishlash jarayonlarini amalga oshirishda atrof tabiiy muhitni oqava suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqa chiqindilar bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi kerak.
89. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va chiqindilar uchun maxsus idishlar bilan ta’minlanishi kerak. Ushbu idishlar chiqindilar bo‘shatilganda xlorli ohak eritmasi bilan dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi zarur.
90. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilot tomonidan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
(90-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 13, 14-boblari.
3-bob. Ishlab chiqarish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
91. Tashkilotlarning texnologik jarayonlari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq bo‘lishi zarur.
92. Texnologik jarayonlar parametri va ularni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan diapazon hamda parametrlardan chiqmaslik usullari va vositalari ishlab chiquvchi tomonidan belgilanib texnologik reglamentda ko‘rsatilishi kerak.
93. Tashkilotlarda texnologik jihozlarda sinov ishlarini olib borish uchun xavfsizlikni ta’minlash choralari va xavfsiz ish sharoitlarini yaratib berishni ta’minlovchi vaqtinchalik sinov-ishlab chiqarish reglamenti bo‘lishi lozim.
94. Nazorat o‘lchov asboblari (termometr, manometr, hisoblagich) va signal lampalarining joylashuvi ularning ko‘rsatkichlarini bemalol nazorat qilish imkonini berishi lozim.
95 Bo‘linish chegarasi bo‘lgan moddalarning idishlardagi suyuqlik sathini nazorat qilish yuqori va quyi sathlarni o‘z ichiga olgan ko‘rsatkichlar yordamida amalga oshiriladi.
96. Daraja ko‘rsatkichlarida shaffof element sifatida oyna yoki plastmassadan foydalanilganda, xodimlarni jarohatlanishdan saqlovchi uskunalar qo‘llanishi kerak.
97. Apparat va idishlardagi bosimni (vakuumni) nazorat qilish uchun ularga monometrlar va vakuummetrlar o‘rnatilishi lozim. Manometr shkalasida idishning ishchi bosimi ko‘rsatilishi zarur.
98. Ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat-o‘lchash asboblari, xavfsizlik panjaralari, ishga tushirish apparaturasi, texnologik qurilmalari va asboblari bo‘lgan sozlangan jihozlarda o‘tkazish lozim.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligiga qo‘yiladigan talablar
99. Tashkilotlarda yong‘in va portlash xavfsizligi GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga muvofiq ta’minlanishi lozim.
100. Sinovdan o‘tkazilmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlanadi.
101. Tashkilot binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19-22 “Portlab-yonish va yong‘in xavfi bo‘lgan xonalar, binolar va tashqi qurilmalar toifalarini aniqlash” shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
(101-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
102. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan SHNQ 2.01.19-22 “Portlab-yonish va yong‘in xavfi bo‘lgan xonalar, binolar va tashqi qurilmalar toifalarini aniqlash” shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak.
(102-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
103. Donni saqlash va qayta ishlash jarayonida oldindan nazarda tutilmagan yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
104. Tashkilot binolari va xonalari birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
105. Shamollatish tizimlari yong‘in avtomatikasi tizimlari bilan bog‘langan bo‘lishi lozim.
106. Suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
107. Yong‘in va portlash xavfi mavjud bo‘lgan uskunalar va ish joylarida ochiq olovdan foydalanishni taqiqlovchi hamda alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lishi zarur.
108. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
109. Ishlab chiqarish amalga oshiriladigan bo‘limlarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi.
110. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va ularga yong‘inning oldini olish bo‘yicha yo‘riqnomalar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalari va elektr uskunalarini ishlatishda xavfsizlik talablari
111. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatishda va ulardan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari talablariga rioya qilinishi kerak.
(111-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
112. Elektr energiyasidan foydalanadigan tashkilotlarda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi lozim.
113. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim:
elektr qurilmalarining ishonchli, tejamli va xavfsiz ishlashini;
elektr qurilma va tarmoqlarda rejali ta’mirlash ishlari hamda profilaktik sinovlarning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini;
elektr energiya sarfining hisobi olib borilishini;
himoya vositalari va yong‘inga qarshi jihozlar mavjudligi hamda ularning o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazib turilishi ta’minlanishi kerak.
114. Elektr xavfsizligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish uchun esa IV malaka guruhiga ega bo‘lishi kerak. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda tashkilotda tuzilgan elektr xavfsizligi bo‘yicha komissiyada sinovdan o‘tishi zarur.
115. Elektr toki o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
116. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi kerak.
117. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi zarur.
118. Binolari va maishiy xonalarda qo‘llaniluvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
119. Kabellar va elektr simlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va o‘lchash asboblari orqali tekshirib turilishi kerak.
120. Elektr apparatlari va agregatlarining nollash va yerga ulash simlarining butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi, tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi zarur.
121. Quyidagi elektr qurilmalari nollanishi yoki yerga ulanishi lozim:
kuchlanishi 380 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgaruvchan tok hamda 440 V va undan yuqori bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan barcha elektr qurilmalari;
nominal kuchlanishi 42 V dan yuqori, lekin 380 V dan past bo‘lgan o‘zgaruvchan tok va 110 V dan yuqori, lekin 440 V dan past o‘zgarmas tokda ishlaydigan yuqori xavfli tashqi qurilmalar.
Nominal kuchlanishi 42 V gacha bo‘lgan o‘zgaruvchan tokda va 110 V gacha bo‘lgan o‘zgarmas tokda ishlaydigan elektr qurilmalarini nollash yoki yerga ulash talab etilmaydi, metall konstruksiyaga o‘rnatilgan nazorat kabellari, kuchlanish kabellarining metall qobiqlari hamda portlash xavfi bo‘lgan xonalardagi elektr qurilmalar, payvandlash transformatorining ikkilamchi cho‘lg‘amalari bundan mustasno.
122. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
123. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun uskunalarning g‘iloflari, asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
124. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘r bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi kerak.
125. Tashkilotning bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi zarur. Yashin qaytargichlar har yili bahorgi mavsumda tekshirib turilishi, aniqlangan nosozliklar bartaraf etilishi zarur.
4-§. Silos va sig‘imlarda ishlarni bajarishda xavfsizlik talablari
126. Xodimlarni silos va sig‘imlarga tushirish, istisno tariqasida, ishlab chiqarish zaruriyatiga asoslanganda amalga oshirilishi mumkin. Bu ishlar sex boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari ishtirokida, ish bajarish uchun bosh muhandis tomonidan tasdiqlangan naryad-ruxsatnoma bo‘lganda amalga oshiriladi.
127. Xodimlarni don, un, kepak, omixta yem va boshqa mahsulotlarni saqlash uchun mo‘ljallangan silos va sig‘imlarga tushirish faqat maxsus tushirish va ko‘tarishga mo‘ljallangan moslama yordamida amalga oshiriladi.
128. Xodim silos va sig‘imlarga tushishdan oldin, ularni shamollatish zarur.
129. Xodim silos va sig‘im ichida bo‘lgan vaqtda, uning ichiga don va boshqa mahsulotlarni tushirish va chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Silos va sig‘imga don va boshqa mahsulotlarni tushirish va chiqarish moslamalari oldida “Ochilmasin, silosda (sig‘imda) xodimlar ishlamoqda!” degan ogohlantirish yozuvi osib qo‘yilishi kerak.
130. Ish bo‘yicha javobgar rahbar (sex boshlig‘i yoki o‘rinbosari) shaxsan lebyodka, tross, o‘rindiq, saqlagich kamari, respiratorning holatini tekshirib ko‘rishi va har bir xodim tomonidan silos ichiga tushishda tayyorgarlik ko‘rishida va silos ichida ishni bajarishida ishlarni xavfsiz olib borilishini kuzatib borishi lozim.
131. Silos va sig‘imlar, zarur bo‘lganda, lyuk orqali elektr yoritqichlar yoki akkumulyatorli fonarlar bilan yoritilishi kerak.
132. Saqlagich kamari har 6 oyda 4000 N (400 kg) yuk bilan sinovdan o‘tkazilishi lozim. Kamarni sinovdan o‘tkazishda 400 kg statik yuk 5 daqiqa davomida ushlab turilishi zarur.
5-§. Pastki lyuk orqali silos va sig‘imlarga kirishda xavfsizlik talablari
133. Xodimlarni silos va sig‘imlarga pastki lyuk orqali kirishi faqat naryad-ruxsatnoma asosida, sex boshlig‘i yoki smena boshlig‘i ruxsati bilan va uning kuzatuvi ostida amalga oshirilishi kerak.
134. Silos va sig‘im pastki lyuklari hamda pastki yon lyuklari orqali kirish uchun ularning ichida va yon devorlarida yopishib qolgan mahsulotlar mavjud emasligi tekshirilishi, shunday mahsulotlar bo‘lgan hollarda, ulardan tozalangandan so‘ng, xodim silos va sig‘im ichiga kirishi lozim.
6-§. Omborlar va yuklash-tushirish ishlari uchun xavfsizlik talablari
(135-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining 2026-yil 18-martdagi 43-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 3803, 03.04.2026-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)
136. Yuk ortish va tushirish ishlari qoidaga ko‘ra mexanizatsiyalangan bo‘lishi lozim.
137. Og‘ir va ulkan yagona yuklarni tashish, yuk ortish va tushirishning xavfsiz usullari ustidan kuzatish lozim bo‘lgan ma’muriy-texnik xodimlardan maxsus ajratilgan shaxs rahbarligi ostida amalga oshirilishi kerak.
138. Yuk ortish va tushirish ishlarini amalga oshirishda mazkur Qoidalardan tashqari yuk ortish va tushirish ishlari va turli yuklarni avtomobil transportida tashishda xavfsizlik texnikasining qoidalariga amal qilinishi lozim.
139. Korxonalar quyidagi talablarga javob beradigan yuk ortish va tushirish maydonchalari bilan jihozlanishi zarur:
maydoncha atmosfera yog‘inlaridan xalos etish uchun 5% dan oshmagan qiyalikka ega bo‘lib, tekis, qattiq qoplamaga ega bo‘lishi (asfalt, beton va boshqalar) va toza saqlanishi, qish paytida u qor, muzdan tozalanishi va qum yotqizilishi kerak;
maydoncha yuk ortish va tushirish ishlarining me’yordagi maydoni hajmini ta’minlaydigan hududga ega bo‘lishi kerak;
transport-tashish vositalari orasidagi masofa ular maydoncha atrofida bir-biri ortidan qo‘yilganda (tubga) 1 m dan kam bo‘lmasligi, ular qator qilib qo‘yilganda (front bo‘ylab) 1,5 m dan kam bo‘lmasligi lozim;
maydonchada zaruriy soz inventarlar va yoritqich bo‘lishi kerak.
140. Barcha turdagi pol usti qo‘l telejkalari, ular harakatlanish joylarida, ustunlar, kolonnalar yonlarida va eshiklar orasidan harakat qilinganda himoyalovchi uskunalar bilan jihozlanishi lozim.
141. Avtoelektryuklagich qo‘llanishiga faqat qattiq qoplamaga (asfalt, beton) ega bo‘lgan tekis maydonchalarda ruxsat beriladi. Chuqurlar paydo bo‘lganda uni to‘ldiradigan shoshilinch ta’mir o‘tkazilishi kerak.
142. Omborxonalar ichki transporti sifatida elektroyuklagichlar va elektrokaralar qo‘llanilishi mumkin. Ichki yonuv dvigatelli avtoyuklagichlar va avtokaralarni ishlab chiqarish binolari va omborlarga kirishi taqiqlanadi.
143. Elektryuklagichlarning vilkali ushlagichlari bitta tekislikda turishi lozim.
144. Yuklagichga yo‘l qo‘yiladigan yuk og‘irligi va og‘irlik markazi bilan yuklagichning pasport ma’lumotlari muvofiqligida belgilanadi.
145. Elektryuklagich bilan 0,5 m dan ortiq yuqoriga ko‘tarilgan yukni tashish taqiqlanadi.
146. Odamlarni elektryuklagichlar va elektrokaralarda tashish, ko‘tarilayotgan va tashilayotgan yuk (konteynerlar va hokazolar) ustida turish taqiqlanadi.
147. Korxona hududida amalga oshiriluvchi temir yo‘l tarmog‘ining izchil yuk operatsiyalari kerakli mexanizm va inventarlar bilan (taxta zina, ko‘prikchalar, xodachalar, richag-tirkagichlar) ta’minlanishi zarur.
148. Tashkilotning yoki stansiyaning temir yo‘l tarmog‘ida yuk ortish va tushirish ishlarini olib borishda, bu ishlarga rahbarlik qilish mazkur Qoidalarni biladigan va temir yo‘l transportida yuk ortish va tushirish ishlari paytida xavfsizlik texnikasining amaldagi qoidalari asosida ishni tashkil qiladigan shaxsga yuklatilishi lozim.
149. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kiraverishda harakat yo‘nalishi, yuklash-tushirish joyi yoki transport vositalarining to‘xtab turish joyini ko‘rsatuvchi chizma osilgan bo‘lishi kerak.
4-bob. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlikning umumiy talablari
150. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining elementlari (elektr o‘tkazgichlari, o‘tkazish quvurlari, kabellari va boshqalar) ularning shikastlanishiga imkon bermaydigan holatda tayyorlangan bo‘lishi lozim.
151. Katta o‘lchamli (gabaritli) ishlab chiqarish uskunalari va ularning qismlariga xizmat ko‘rsatish, tekshirish, ta’mirlash va sozlash uchun qulay hamda yerdan 2 m va undan baland joylashgan to‘siqlari va zinalari bor maydonlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
152. Asbob-uskunalarni boshqarish xonalarida (pultli boshqaruv) ularning vazifasi ko‘rsatilgan aniq yozuvlar yoki shartli belgilari bo‘lishi zarur.
153. Ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalar o‘tkir uchli, qirrali va boshqa jarohatlashi mumkin bo‘lgan elementlarga, to‘silmagan issiq yoki juda ham sovutilgan qism va detallarga ega bo‘lmasligi lozim.
154. Ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalarning tuzilishi va joylashishi montaj qilish, xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashda qulaylik va xavfsizlikni ta’minlashi zarur.
155. Asbob-uskunalarning konstruksiyasi, uning tarkibiy qismi bo‘lgan bug‘ o‘tkazgichlar, elektr simlarining bexosdan zararlanish xavfini bartaraf etishi kerak.
156. Asbob-uskunalarning konstruksiyasi xodimlarning jarohat olishiga sabab bo‘ladigan o‘tkir bo‘g‘inli, hoshiyali, g‘adir-budur va tikanli bo‘lmasligi lozim.
157. Asbob-uskunalarning holatini tekshirish ishlari tashkilotning texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida olib borilishi kerak.
158. Asbob-uskunalarni o‘rnatish, ta’mirlash, tozalash, ko‘tarish va o‘rnini almashtirish ishlari javobgar shaxs nazorati ostida mexanizatsiya yordamida bajarilishi lozim.
159. Har bir asbob-uskunaning pasporti, kommunikatsiyalarga ulanish chizmasi, konstruksiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlar, foydalanishga qabul qilish hujjatlari, shuningdek xavfsiz foydalanish qo‘llanmasi bo‘lishi zarur.
160. Har bir asbob-uskunadan foydalanish sharoitlarini hisobga olgan holda xizmat qilish muddati belgilanishi va bu muddat uning pasportida qayd etilishi lozim.
161. Asbob-uskunalarning barcha harakatlanuvchi qismlari, keltiruvchi, uzatuvchi mexanizmlari, uning qismlari (shkiv, qayishlar, zanjirlar, aylanuvchi vallar) asbob- uskunaning korpusida joylashgan bo‘lishi kerak.
162. Himoyalash konstruksiyasi qo‘shimcha shovqin, tebranish, xavfli vaziyat yuzaga keltirmasligi, uskunaga xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtirmasligi zarur.
163. Tez-tez kuzatiladigan joylarning panjaralari tez yechiladigan (qopqoq, lyuk, shit, to‘r va boshqalar) yoki tez ochiladigan bo‘lishi kerak. Panjaralar, eshiklar, shitlar, ular ochilganida yoki olib tashlanganida avtomatik ravishda uskunalar ishini to‘xtatish bloklari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
164. Asbob-uskunalarni boshqarish tizimida xodimlarning jarohatlanish xavfini bartaraf etish maqsadida xavfli vaziyatlarda tormozlanish va halokatni to‘xtatish vositalari, shuningdek uskunaning buzilishi haqida ogohlantiruvchi signal berish vositalari bo‘lishi zarur.
165. Boshqaruv organlari joylashuvi va konstruksiyasi uskunalarning to‘satdan harakatga kelishining oldini olishi lozim.
166. O‘tish uchun eng kam oraliqlar uskunalarning bo‘rtib turgan qismlarini hisobga olgan holda qoldirilishi zarur.
167. Himoyalash qurilmalari yo‘q yoki nosoz bo‘lgan asbob-uskunalardan foydalanish taqiqlanadi.
168. Foydalanish jarayonida bir-biri bilan ishqalanganda uchqun chiqarishi mumkin bo‘lgan asbob-uskunalarni gazgolderning ichki yarim o‘ralari va gaz kiritish kamerasiga o‘rnatish taqiqlanadi.
169. Sharnirga mahkamlangan, ilgakka ilingan yoki suriluvchi panjaralar ishga tushirish qurilmasi bilan bloklangan bo‘lishi kerak.
170. Vakuum holatida ishlovchi apparatlar, vakummetr va apparat ichidagi bosimni atmosfera bosimiga tenglashtiruvchi qurilma bilan jihozlanishi zarur.
171. Quvur o‘tkazgich, apparat va tiqin armaturasi flyansi, lyuk va tushish o‘rasi qopqog‘ining teshiklaridan birida mahkamlovchi bolti bo‘lmasa ishlatishga ruxsat etilmaydi.
172. Ish vaqtida apparatni ko‘rish fonari va lyuklarini ochish taqiqlanadi. Apparatdan foydalanish vaqtida ishlov berilayotgan materialning texnologik qo‘llanmada ko‘zda tutilgan miqdori saqlanishi kerak.
173. Harorat va bosimni kuzatish lozim bo‘lgan va ish joyidan uzoqda joylashgan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish mumkin bo‘lmagan apparat va agregatlar joylarda ko‘rsatish va masofadan ko‘rsatish asboblari bilan ta’minlanishi zarur.
174. Uskunalarning 45oC dan yuqori bo‘lgan barcha issiqlik tarqatuvchi tashqi devorlari tashqi ta’sirlardan himoya qilingan bo‘lishi kerak.
2-§. Himoya to‘siqlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
175. Ishlab chiqarish asbob-uskunalarining harakatlanuvchi qismlari GOST 12.2.062-81 “Ishlab chiqarish qurilmalari. Himoya to‘siqlari” talablariga muvofiq blokirovkalash, to‘xtatish, xabardor qilish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
176. Uskuna tarkibiga kiruvchi himoya vositalari:
uskuna ishga tushirilishidan oldin soz holatda bo‘lishi, himoya vositasi o‘chirib qo‘yilgan yoki nosoz bo‘lsa, uskunaning ishlashi mumkin bo‘lmasligi kerak;
o‘z vazifalarini uzluksiz bajarishi yoxud xavf tug‘ilgan yoki odam xavfli zonaga yaqinlashgan holatlarda ishlab ketishi;
faqat xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining ta’siri tugagandan so‘nggina o‘zining himoya vazifasini tugatishni ta’minlashi;
himoya vositalarining ayrim elementlari ishdan chiqqan taqdirda, qo‘shimcha xavf-xatarni yuzaga keltirmagan holda boshqa himoya vositalarining himoyalash vazifasini ta’minlashi;
xizmat ko‘rsatish va nazorat qilish uchun qulay bo‘lgan joyda o‘rnatilgan bo‘lishi, ayrim hollarda ularning ishlashini avtomatik ravishda nazorat qiluvchi qurilmalar bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
177. Uskunaning, u ishlayotgan paytda xavf-xatarning oldini olishga mo‘ljallangan, ko‘tarib qo‘yiluvchi va ikki tomonga suriluvchi to‘siqlari, shuningdek ulardagi yoki uskunaning korpusidagi ochiluvchi eshikchalar, qopqoqlar, qalqonchalar, ularning tasodifan ochilib yoki yechilib ketishidan saqlovchi moslamalarga (maxsus asbob bilan ochiladigan qulflar va shu kabilarga), zarur hollarda esa to‘siq yechib olingan yoki ochilganda ish jarayonining to‘xtatib qo‘yilishini ta’minlovchi blokirovkalarga ega bo‘lishi lozim.
178. Uskunalar o‘tkir uchli, qirrali va boshqa jarohatlashi mumkin bo‘lgan elementlarga, shuningdek to‘silmagan issiq yoki juda ham sovutilgan qism va detallarga ega bo‘lmasligi kerak.
179. Uskunalarning konstruksiyasida quyidagi asosiy talablarga javob beruvchi xodimning elektr tokidan zararlanishidan (shu jumladan xodimning xato harakatlari natijasida) himoyalash nazarda tutilgan bo‘lishi shart:
uskunaning xavf-xatar manbai bo‘lgan tok o‘tkazuvchi qismi ishonchli izolyatsiyalangan yoki to‘silgan yoxud xodimlar tega olmaydigan joylarda o‘rnatilgan bo‘lishi kerak;
ochiq tok o‘tkazuvchi qismlari bo‘lgan elektr uskunalari qulflanuvchi eshikchalari bo‘lgan korpuslarning (shkaflarning, bloklarning) ichiga joylangan yoki himoyalovchi g‘ilof bilan yopilgan bo‘lishi lozim;
uskunaning izolyatsiya shikastlanishi natijasida xavfli kuchlanish ostida qolishi mumkin bo‘lgan metall qismlari yerga (nolga) ulangan bo‘lishi lozim;
uskunaning elektr zanjirlarining sxemasida uni ta’minlayotgan tarmoqdan o‘chirib qo‘yuvchi qurilma nazarda tutilgan bo‘lishi lozim. Uskuna o‘zining avtonom elektr energiyasi manbaidan ta’minlangan hollarda kuchlanishni elektr zanjirini uzmasdan ta’minlash manbaini o‘chirib olib tashlashga ruxsat etiladi.
3-§. Don va tayyor mahsulotlar saqlash omborxonalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
180. Tekis polli omborxonalarning balandligi ko‘chma transport mexanizmlarining to‘siqsiz harakatlanishini ta’minlashi va binoning pastki konstruktiv elementdan ko‘chmas transport va boshqa uskunalarning yuqori qismigacha bo‘lgan masofa 2,6 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
181. Omborxonalarning poli tekis, yoriqlarsiz, qattiq qoplama bilan qoplangan bo‘lishi, qoida bo‘yicha don saqlanadigan omborxonalarda asfaltning qalinligi 25 mm, qopli yuklarni saqlash omborxonalarda asfaltning qalinligi 50 mm bo‘lishi lozim.
182. Donni saqlash omborxonalarining devorlari ularni tozalash va dezinfeksiya qilish uchun tekis bo‘lishi zarur.
183. Vertikal kolonnalarsiz va piramida shaklidagi panjaralarsiz mexanizatsiyalashtirilgan donni saqlash omborxonalaridan foydalanish taqiqlanadi.
184. Omborxonani don bilan to‘ldirishda ko‘chma texnikalarni joylashtirish uchun bo‘sh maydon va bitta bo‘sh chiqish moslamasini qoldirish kerak. Don to‘kilgan omborxonalarning lyuklari yoki chiqish moslamalarining qopqoqlari yopiq holda turishi zarur. To‘kilgan donni chiqish moslamasiga ko‘chirish uchun omborxonada mahsulotdan bo‘shagan maydonda ko‘chma texnikadan foydalanish lozim, bunda xodimlar mahsulotdan bo‘shagan joyda turishlari lozim.
185. Don o‘zi oqib chiqadigan har bir mexanizatsiyalashtirilgan omborxonada, uning tashqarisidan avariya holatida pastki galereyadagi konveyerni to‘xtatish uchun 2 tadan kam bo‘lmagan (to‘xtatish) tugmachalari va unga erkin kirish yo‘li bo‘lishi kerak.
186. Omborxonalarda mahsulotlar turlari va navlari bo‘yicha saqlanishi zarur.
187. Omborxonalarda mahsulotlarni saqlash harorati va omborxonadagi namlik darajasi mahsulotlar standartlarida belgilangan me’yorlarda bo‘lishi kerak.
188. Omborxonalar ozoda holatda tutilishi zarur.
189. Mahsulotlar taxlangan yog‘och taglikdan issiqlik manbai va devorlargacha bo‘lgan masofa 1 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
4-§. Donni saqlash bunkerlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
190. Don, sholi, omixta yem va kepakni saqlash bunkerlari (bundan buyon matnda bunkerlar deb yuritiladi) ularning joylashishidan qat’i nazar, zich yopiladigan va qulflanadigan panjarali saqlagich lyuklar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Bunkerlarga xodimlar tushib ketishining oldini olish maqsadida ular ko‘chmas panjaralar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
191. Bunkerlarning ichki devorlari va ularning ostki qismlari mahsulot to‘liq chiqishi uchun silliq bo‘lishi lozim.
192. Bunkerlarda saqlanayotgan don va boshqa mahsulotlarning harorati ko‘chma va ko‘chmas moslamalar yordamida tekshiriladi.
193. Bunkerlar mahsulot to‘liq oqib tushishini ta’minlaydigan moslamalar bilan jihozlanishi zarur.
194. Bunkerlar lyuklari (qopqoqlari) pol sathida yopilishi kerak.
195. Bunkerlar va boshqa uskunalarning lyuklari ularning o‘rnatilgan joyidan qat’i nazar, qopqoqlaridan tashqari kataklari 250 x 75 mm o‘lchamdagi mustahkam metall panjaralar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
196. Barcha lyuklar panjaralari boltlarda mustahkamlanishi, yopilishi uchun esa, maxsus moslama bo‘lishi zarur.
5-§. Don tozalash uskunalariga (separatorlar, toshdan ajratish uskunalariga) qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
197. Elaklari aylanma ilgarilama harakatlanuvchi toshdan ajratish va separatorlarning muvozanatlashtirish moslamalaridagi yuklar kontragaykali va boltlar va shpilintlar bilan mustahkamlanishi kerak.
198. Klapanlar, shlyuzoviklar va tekshirish oynalari chang va havo tortishga yo‘l qo‘ymaydigan ishonchli zich bo‘lishi lozim.
199. Separatorlar va toshdan ajratish uskunalarini ishga tushirishda salt yurishida kuzovning muvozanatlashtirilganligiga, elaklarning ishonchli mustahkamlanganligiga va taqillagan ovoz hamda tebranishning yo‘qligiga ishonch hosil qilinishi kerak.
200. Pnevmatik separatorlarning shamollatish kanalining ko‘chma devor sozlash mexanizmi kanalning enini asta-sekin o‘zgartirishni ta’minlashi lozim.
201. Elaklari aylanma ilgarilama harakatlanuvchi toshdan ajratish va separatorlarning kuzovni osish uchun trosslar bir xil taranglikka ega bo‘lishi va doimiy ravishda tekshirib turilishi zarur.
202. Separatorlar korpuslari elaklarining muvozonatlashtirish holati davriy tekshirilib turilishi, ventilyator rotorlari muvozanatlashtirilishi kerak.
6-§. Diskli va silindrli triyerlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
203. Diskli triyerning har bir diski va rotori yig‘ilganda statistik muvozanatlashtirilgan bo‘lishi lozim.
204. Triyer yuzasidagi katakchalarda metall qirindilari va qoldiqlari bo‘lmasligi kerak.
205. Silindrli triyerning sozlash va sektor moslamasi yengil aylanishi va talab qilingan holatga mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi zarur.
206. Shnekning ko‘chmas qismlari bilan peroning orasida, ularni bir-biri bilan ishqalanishga yo‘l qo‘ymaydigan masofa bo‘lishi kerak.
207. Triyerlar aspiratsiya qilinishi, ularning korpuslari esa, zich bo‘lishi lozim.
208. Silindrlar ishlash vaqtida moylash ishlarini bajarishi taqiqlanadi.
7-§. Don yuzasini changdan tozalash uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
209. Radial yoki bo‘ylama bichlar valga ishonchli mustahkamlanishi lozim. Har qaysi rozetka va bichli baraban yig‘ma holda statistik muvozanatlashtirilgan bo‘lishi lozim.
210. Rozetka panjasiga xavfsiz xizmat ko‘rsatish uchun bichlar ortiqcha chiqib turmasligi, boltlarning bosh qismlari yarim doirali bo‘lib, bichlar tomonidan joylashtirilshi, rozetka panjasi tomonidan gaykalar kontrgaykalar bo‘lishi kerak.
211. Bichlar teng yuzali bir turdagi po‘latdan tayyorlanishi lozim. Uchqun chiqishidan saqlash uchun bichlarni barabanning ichki devoriga tegishiga ruxsat etilmaydi.
212. Barabanlarning muvozonatlashtirish yuklari rozetka ichki yuzasiga boltlar bilan mustahkamlanadi. Bichlarning orqasi egri, ishchi qirralari o‘tkirsizlantirilgan bo‘lishi zarur.
213. Qayroqi barabanlarning charxlash diski mustahkam bo‘lishi, yoriqlari yoki gardishlaridan ajralishlari bo‘lmasligi lozim.
214. Donni don sirtini tozalash uskunalariga berishdan oldin metall va mineral aralashmalardan tozalanishi kerak.
215. Uskunaning eshiklari, ko‘rish teshiklari va chiqarish moslamalari changni o‘tkazmaydigan zich bo‘lishi lozim. Ish jarayonida uskunalarning setkalar ramkalari, charxlash diski va metall barabanlarini ochish taqiqlanadi.
216. Shunday qoidalar don yuzasini changdan, yengil metall magnit aralashmalaridan tozalash va don qobig‘ining qoldig‘idan qo‘shimcha endosperma ajratish uskunalarining barchasi uchun tegishlidir.
8-§. Donga suv va issiqlik bilan ishlov berish uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
217. Donni namlash uskunalarining g‘ildiraklari tekis aylanishi, suv oqimi bir xilda tarqalishi lozim.
218. Don yuvish uskunalari isitiladigan xonada yon devorlarining balandligi 50 — 75 mm bo‘lgan metall yoki betonli hovuzchaga o‘rnatilishi lozim. Don yuvish uskunasining atrofidagi pol quruq bo‘lishi kerak.
219. Don yuvish uskunasining suvni siqib chiqarish kolonkalari mustahkam bo‘lishi va suv chiqarib yubormasligi hamda mustahkamlangan joylarini yechish imkoniyati bo‘lishi lozim.
220. Don isitish kolonkalari to‘siqlarga mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi zarur.
9-§. Magnit aralashmalarni ushlab qoluvchi uskunalar, elektromagnit separatorlar, magnit kolonkalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
221. Magnit aralashmalarini ushlab qoluvchi uskunalar donni maydalash stanoklari, drobilkalar, don yuzasini changdan, yengil metall magnit aralashmalaridan tozalash va don qobig‘ining qoldig‘idan qo‘shimcha endosperma ajratish, silliqlash uskunalari, entoleytorlar va uskunalarda o‘rnatilishi lozim.
222. Elektromagnitli separatorlar izolyatsiyalangan bo‘lishi lozim. Elektr maydonning kuchlanishi ishlab chiqargan tashkilot pasportida ko‘rsatilgan ko‘rsatkichdan oshmasligi va elektromagnit o‘ramlari izolyatsiyasining qarshiligi 0,5 m Om dan kam bo‘lmasligi kerak.
223. Elektromagnitli separatorlar, ularning detallari (magnit o‘tkazgichlar, podshipniklar) 60oC dan yuqori bo‘lmagan darajada qizdirilganda, mahsulot bilan ishqalanish natijasida detallarning harorati 50oC dan yuqori bo‘lmaganda ishga tushirishga ruxsat etiladi.
224. Elektromagnitli separatorda begona tovush va boshqa nosozliklar paydo bo‘lganda, zudlik bilan uni to‘xtatish zarur.
225. Magnit aralashmalarini ushlab qoluvchi uskunalar ularga xizmat ko‘rsatish va tekshirib turish uchun qulay joylarda o‘rnatilishi lozim.
226. Magnit kolonkalarning tuzilishi magnit aralashmalardan yengil fizik kuch bilan tozalash va bloklarni yengil chiqarib olishni ta’minlashi kerak.
227. Elektromagnitli separatorlar va magnit kolonkalariga mahsulotni uzluksiz va bir tekisda magnit maydon bo‘yicha tushishini xizmat ko‘rsatuvchi xodim doimiy ravishda tekshirib turishi zarur.
10-§. Tegirmonning don maydalash bo‘limi uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
228. Donni maydalash valining umumiy sapfa yuzasining og‘ishi har qaysi yarim stanokda 1000 mm uzunlik bo‘yicha 0,25 mm dan oshmasligi lozim.
229. Vallar orasidagi masofa o‘zgartiriladigan va 0,1 mm dan 1,0 mm gacha bo‘lgan chegaralarda bo‘lishi kerak.
230. Don bilan ta’minlovchi moslama vallarning barcha uzunligi bo‘yicha bir tekisda mahsulot tushishini ta’minlashi zarur.
231. Stanokning tuzilishi ichi bo‘sh bochkali vallarning orasidan 5 mm dan kam bo‘lmagan va ichi bo‘sh bo‘lmagan bochkali vallarning orasidan 8 mm begona predmetlarni o‘tishni ta’minlashi lozim.
232. Stanoklar salt ishlashida lampochkali signalizatsiyaga ega bo‘lishi kerak.
233. Don maydalash stanoklarining tasmali uzatmalari va shkivlari hamda elektrodvigatellari ichki va tashqi tomonlarida (stanok tomonida) to‘siqlari bo‘lishi zarur.
234. Vallararo uzatish shesternyalarining to‘siqlari kojuxlarining konstruksiyasi karterda moyning sathi me’yorida bo‘lganda, moyni tashqariga sachrab ketishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim.
235. Vallarni suv bilan sovitish tizimi maydalangan mahsulot haroratining tushishini 12oC dan oshmagan holda ta’minlashi kerak.
236. Stanokda aylanayotgan vallar orasiga xodimlarning qo‘l panjalari tushib qolmasligining oldini olish maqsadida panjarali saqlagichlar bilan ta’minlangan bo‘lishi zarur.
237. To‘siq bilan ta’minlovchi val, aspiratsiya quvurlari, kanallari va material o‘tkazgichlar orasini tozalash uchun xavfsiz qulay moslama taqdim etilishi lozim.
238. Vallarni stanokdan olish va boshqa joyga surish hamda o‘rnatish faqat maxsus moslama yordamida (kranlar, telejkalar, tallar va boshqalar) amalga oshirilishi kerak. Chiqarib olingan vallar yog‘ochdan tayyorlangan moslamaga o‘rnatilishi va maxsus piramidalarda saqlanishi zarur.
11-§. Elaklar va sitoveykalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
239. O‘rnatilgan elak korpusining pastki yuzasi bilan pol sathi orasidagi balandlik 0,35 m dan kam bo‘lmasligi lozim.
240. Elaklarning kuzovlari va toshni ajratish uskunalarining chiqish patrubkalari bilan barcha egiluvchan birlashtirishlar chang o‘tkazmaydigan, ishonchli mustahkamlanadigan materiallar va shtutserlar yordamida amalga oshirilishi kerak.
241. Elakni ishga tushirishdan oldin uskunada begona predmetlarning yo‘qligini sinchiklab tekshirish zarur.
242. Sitoveykalarda elak ramkalari ish jarayonida surilib ketmasligi va tushib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ishonchli mustahkamlanishi lozim.
243. Sitoveykalar ishlash jarayonida yig‘ma shnekni mahsulot uyumlaridan qo‘l bilan tozalash, moylash va ekssentrik tebratkichni ta’mirlash taqiqlanadi.
12-§. Silliqlash va vallarga tish ochish stanoklariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
244. Silliqlash uskunasining asosiy qismi bo‘lgan silliqlash doirasi, kesish supporti va elektr uzatmasi yengil yechib olinadigan to‘siqlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Stanok sovitish moslamasi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Vallarga tish ochish va boshqa detallarni silliqlashda ishlov berish uslubi yoki silliqlash doirasining qopqog‘idan havoni so‘rib olish moslamasi ishlatilishi zarur.
245. Silliqlash va vallarga tish ochish stanogi ustida vallarni ko‘tarib ko‘chib yurish va joyiga o‘rnatish uchun tal o‘rnatilgan monorels bo‘lishi lozim.
246. Xodimning stoli stanok atrofidagi bo‘sh maydonning eng chekka joyida joylashishi kerak. Stolning biror-bir joyga tegib ag‘darilib ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir oqibatlarning oldini olish uchun stolning uzunligi bo‘yicha amortizatsiyali to‘xtatish va chegaralovchi moslama bo‘lishi zarur.
13-§. Oqlash uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
247. Oqlash uskunalari tebranishi izolyatsiya qilingan poydevorlarda o‘rnatilishi lozim.
248. Oqlash uskunalarini ularning tarang tortish moslamasi nosoz bo‘lganda, silliqlash doirasi bo‘lmaganda va charxlash diski bo‘sh mustahkamlanganda ishga tushirish taqiqlanadi.
249. Oqlash uskunasining rezina vali yengil chiqadigan va kiydiriladigan bo‘lishi lozim. Rezina vallarning qizib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
14-§. Don va yormaga issiqlik berish uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
250. Bug‘lantirish, bug‘ quritish, qaynatish va bug‘ qozonlarida quyidagilarga rioya etilishi kerak:
nazorat va o‘lchov asboblari hamda saqlagich klapanlarning (manometrlar, termometrlar va hokazo) sozligiga;
xodim xonalarga bug‘ning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uskunalar, bug‘ va issiqlik quvurlari va ularning zich va ishonchli ulanishiga;
barcha uskunalarning issiq qismlari, apparatlar, bug‘ va issiqlik o‘tkazgichlarning puxta termoizolyatsiya qilinganligiga;
bug‘ va issiqlikni ochish-yopish hamda mahsulotning kelib tushishi va chiqishi uchun shlyuzli moslamalarning ishonchli ishlashiga;
tasmali uzatmalar to‘siqlarining sozligiga.
251. Bug‘ning bosimi manometr shkalasida ko‘rsatilgan nazorat belgisidan yuqori bo‘lmasligi, harorati esa apparatda ko‘rsatilgan me’yordan ortiq bo‘lmasligi lozim.
252. Bosim ostida ishlaydigan (bug‘, suv) uskunalarning manometrlari va boshqa nazorat-o‘lchov asboblari kuzatish uchun bemalol kirib boradigan qulay joyda o‘rnatilishi kerak.
253. Bug‘lantirish, quritish va qaynatish apparatlari o‘rnatilgan xonalari shamollatish moslamalari bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
254. Suv va bug‘ni chiqarib yuborishga yo‘l qo‘ymaslik uchun bug‘ va issiq suvni ochish yoki yopish moslamalarining qopqoqlari zich bo‘lishi va joyida mustahkam o‘rnatilishi kerak.
255. Ta’mirlash ishlarini bajarishga faqat bug‘ni uzatish to‘xtatilgandan va apparat ichidagi bug‘ to‘liq chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshirilishi zarur.
256. Apparatni bug‘ tizimidan uzish uchun ochish va yopish moslamasi o‘rnatilishi lozim.
257. Berilgan bosimni ta’minlab turish va kaloriferlarning quvur o‘tkazgichlarining yorilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bug‘li quritishdan oldin manometr bilan birga reduksionli klapan o‘rnatilishi kerak.
258. Bug‘li quritish quvur o‘tkazgichning chiqish qopqog‘idan namuna faqat yog‘ochdan tayyorlangan moslama yordamida olinishi zarur.
15-§. Kunjara va makkajo‘xori so‘tasi drobilkalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
259. Kunjara maydalash moslamasi va makkajo‘xori so‘tasi drobilkalarida maydalangan kunjara va makkajo‘xori mahsulotlarini drobilka og‘zidan chiqib ketmasligi uchun klapanlar bo‘lishi lozim.
260. Makkajo‘xori so‘tasi yoki kunjara parchasini qo‘l yoki biror bir asbob bilan drobilka ichiga tiqish taqiqlanadi. Ularni chiqarish uchun uskunani to‘xtatish lozim.
261. Kunjarani maydalash uchun u konveyer orqali yuborilishi kerak.
16-§. Hajmli, barabanli va tarelkali dozatorlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
262. Hajmli, barabanli va tarelkali dozatorlarning barcha aylanadigan yelkali birlashtirgichlari, tasmali va zanjirli uzatmalar vallarining uchi va erkin joylari mustahkam to‘silgan bo‘lishi zarur.
17-§. Aralashtirgichlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
263. Don o‘z oqimi bilan oqish quvurlarida donni tushirish moslamalaridan keyin mahsulot toshib ketganda o‘zi ochiladigan saqlagichli klapanlar bo‘lishi lozim. Xodim qo‘lini uskunaning aralashtirish zonasiga tiqmasligi uchun namuna olish maqsadida uskunadan keyin maxsus moslama bo‘lishi lozim.
264. Aralashtirgichni ishga tushirishdan oldin quyidagilar tekshirilishi kerak:
barcha zichlashtirish moslamalarining boltlar bilan tortilganligi;
reduktor va moy taqsimlagichda moyning mavjudligi;
yuqori va pastki qopqoqlarning zich yopilishini fiksatsiya qilinishini nazorat qilish blokirovkalarining sozligi.
265. Aralashtirgichlarning yuqori qopqoqlari zich yopilishi va mustahkamlanishi lozim. Aralashtirgichlardan qopqoqlari ochiq holda foydalanish taqiqlanadi.
266. Aralashtirgichlarda mahsulotning toshib ketishi va sodir bo‘ladigan barcha nosozliklar faqat elektrodvigatel elektr manbaidan uzilib, uskuna to‘liq to‘xtatilgandan so‘ng bartaraf etilishi lozim. Aralashtirgichlarni mahsulotdan tozalash ishlarida faqat maxsus sidirgichlardan foydalanish kerak.
18-§. Granullangan omixta yem ishlab chiqarish uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
267. Granullangan omixta yem ishlab chiqarish granulyator uskunalari yordamida amalga oshiriladi.
268. Uskunani ishga tushirishdan oldin begona predmetlarning yo‘qligi, mexanizm va asboblarning sozligi tekshirilishi lozim.
269. Granulyatorning ish jarayonida matritsaning shtift kesish joyida boshqa ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
270. Metall sterjenli saqlagich shtiftni boshqa biror-bir moslama bilan almashtirish taqiqlanadi.
271. Matritsalarni almashtirish uchun maxsus ko‘tarish moslamasi yordamida amalga oshirilishi kerak.
272. Matritsalar bilan roliklarning orasidagi masofani o‘zgartirish va sozlash ishlari faqat granulyator to‘xtatilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkin.
273. Boshqaruv pulti, armatura va asboblar xizmat ko‘rsatish uchun qulay joyga joylashtirilishi va ularga bemalol kirib borish imkoniyati bo‘lishi zarur.
274. Sovutish uskunasini faqat ventilyator va shlyuzli ochish va yopish mexanizmi ishlaganda ishga tushirishga ruxsat etiladi.
19-§. Boshoqli urug‘lik makkajo‘xori so‘tasini quritish uskunasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
275. Makkajo‘xori so‘tasini quritish uskunasining kirish oldida “Agregat to‘liq to‘xtamaguncha kameraga kirmang!” degan yozuv osib qo‘yilishi lozim.
276. Makkajo‘xori so‘tasini quritish vaqtida kameraga issiqlikni haydash zonasida xodimlarning turishi taqiqlanadi.
277. Issiqlik yo‘nalishini o‘zgartirish uchun mo‘ljallangan eshiklar, qopqoqlar va devorlar mustahkam joylashtirilgan bo‘lishi kerak.
278. Quritish kamerasining yuqori havo oqimi bilan tozalash qopqog‘i, xodimlarning kamera ichiga tushib ketishining oldini olish uchun yechib olinadigan panjaralar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Quritish kamerasiga kirish uchun to‘siqli narvonlar bo‘lishi zarur.
20-§. Don o‘z oqimi bilan oqish quvurlari (samoteki), material va havo o‘tkazgichlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
279. Don o‘z oqimi bilan oqish quvurlarining og‘ish burchagi tegishli mahsulotlar uchun ruxsat etiladigan miqdordan kam bo‘lmasligi lozim.
280. Quvurlar va don o‘z oqimi bilan oqish quvurlarining detallari ishonchli mustahkamlangan, bir-biri bilan zich birlashtirilgan va chang kiritmaydigan bo‘lishi kerak.
281. Don o‘z oqimi bilan oqish quvurlari elementlari, material va havo o‘tkazgichlarning birlashtirilgan joylarida zichlashtirish moslamalari ularning ichki tomonidan chiqib qolmasligi zarur.
282. Tozalash va namuna olish teshiklari xizmat ko‘rsatish uchun qulay joyda o‘rnatilishi va qopqoqlari zich berkitilishi lozim. Tiqilib qolgan mahsulotlarni quvurlarga qattiq predmetlar yordamida zarba urish yo‘li bilan bartaraf etish taqiqlanadi. Mahsulot harakatlanishi vaqtida teshikni ochiq qoldirish taqiqlanadi.
283. Tashlab yuboruvchi klapanlar, bo‘luvchilar xizmat ko‘rsatish uchun qulay joyda o‘rnatilishi va xizmat ko‘rsatish uchun teshigi bo‘lishi kerak.
284. Material o‘tkazgichlar osib qo‘yilganda, bino orasida yoki tayanchlarda ochiq o‘tkazilganda, quvurlarning flanetsli birlashtirgichlariga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bo‘lishi zarur. Material o‘tkazgichlarning issiqlik izolyatsiyasini quruq yo‘l bilan amalga oshirish nazarda tutilishi lozim.
285. Material o‘tkazgichlarni gorizontal ravishda o‘tkazishda ularni aero aralashma harakatining yo‘nalishi bo‘yicha kichik qiyalik bilan o‘rnatish tavsiya etiladi. Material o‘tkazgichlarning detallari zich birlashtirilishi kerak.
286. Material o‘tkazgichlar, to‘siqlar yoki devorlar orqali o‘tkazilganda, harorat o‘zgarishi bilan quvurlarning surilishi imkonini beradigan patrubka (diametri katta bo‘lgan bir bo‘lak quvur) orqali o‘tkazilishi zarur.
287. Material o‘tkazgichlarda mahsulotning harakatlanishini nazorat qilish uchun qulay joyda (pol sathidan 1,6 m balandlikda) ko‘rinishi yaxshi bo‘lgan organik oynadan qilingan, quvurlarda zich berkitiladigan vstavkalar bo‘lishi lozim. Material o‘tkazgichlarning atrofidagi statik elektr tokini olish uchun vstavkalar qadami 200 mm bo‘lgan organik oynani o‘rab oluvchi egiluvchan metall o‘tkazgich bilan ulanishi lozim.
288. Aspiratsiya havo o‘tkazgichlar vertikal shaklda, 600 dan kam bo‘lmagan gorizont qiyalikda minimal gorizontal uchastkaning uzunligi bo‘lgan holatda va xizmat ko‘rsatish uchun qulay bo‘lgan 3 m dan ortiq bo‘lmagan balandlikda o‘tkazilishi kerak.
289. Havo o‘tkazgichlarning ichida changni ushlab va cho‘kib qolishiga xizmat qiladigan hech qanday notekislik va g‘adir-budurlikka yo‘l qo‘yilmaydi.
290. Gorizontal uchastkalarda havo o‘tkazgichlarni tozalash uchun teshiklar 4 m dan oshmagan masofada o‘rnatiladi.Teshiklar havo o‘tkazgichlarning detallarida (otvod, troynik, krestovina) ham bo‘lishi zarur.
291. Havo o‘tkazgichlarni tozalash uchun teshiklar, aerodinamik o‘lchash uchun shtutserlar joylashgan joylari, xavfsiz xizmat ko‘rsatish, aspiratsiya va pnevmatik transport uskunalarini sinash hamda sozlash ishlarini bajarish xavfsizligini ta’minlashi kerak.
21-§. Pnevmatik transportyor uskunasiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
292. Pnevmatik transportyor tizimining shlyuzli ochish va yopish moslamalari, tezlikni nazorat qilish relsi (bu talab yuqori ishlab chiqarish uskunalari komplektidagi shlyuzli ochish va yopish moslamalariga tegishli emas) bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
293. Moslamaning parragi aylanishini tekshirish uchun valning orqa qismidan amalga oshiriladi, qo‘l bilan parrakni aylantirish taqiqlanadi.
22-§. Pnevmatik qabul qilgichlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
294. Pnevmatik qabul qilgichning tag qismi qulay yechilishini ta’minlaydigan moslama bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
295. Mexanik qo‘zg‘atish bilan ishlaydigan qabul qilgichlarda, mahsulot tiqilib qolganda rotorni to‘xtatish uchun blokirovka moslamasi bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Mazkur qabul qilgichlarda havo berish teshigi panjara bilan o‘ralgan bo‘lishi zarur.
23-§. Markazdan qochma chang ajratgichlar — siklonlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
296. Markazdan qochma chang ajratgichlar — siklonlarning flanets ulagichlari va detallari havo chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zich bo‘lishi lozim.
297. Markazdan qochma chang ajratgichlar — siklonlar lyuklari yoniga borish yo‘li xavfsiz bo‘lishi kerak.
298. So‘rib olingan chang ushlagichlardan uzluksiz ravishda chiqarib tashlanishi zarur.
24-§. So‘rib olish filtrlari va impulsli siqilgan havo bilan tozalash filtr-siklonlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
299. Filtr qutisi, chang uchun korpus, qabul qilgich korobkasi, chiqarish kollektorlari va eshiklar zich hamda havo so‘rilishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Filtrlarda korpus teshiklari bilan yenglar uchun osma ramalarning boltlari orasidagi masofaning zich bo‘lishi nazarda tutilishi lozim.
300. So‘rib olish filtrlarining yenglari butun, uzilmagan va havoni tozalashni ta’minlaydigan hamda zich filtrlaydigan matodan tayyorlanishi lozim. Yenglarni tortish bir xilda bo‘lishi kerak.
301. Tishli g‘ildirakning silindrik, konusli-zanjirli va tasmali uzatmalar, aylanadigan kulachoklar, boshqa rejimga o‘tkazish moslamalarining xavfsiz xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan to‘siqlari bo‘lishi zarur.
302. Filtrlar ishlash jarayonida tasmalarni kiydirish va silkitish mexanizmida ta’mirlash, jumladan shnek, yig‘ish va chiqarish klapanlarini tozalash hamda sozlash ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Shnek parraklarini tarnovning tag qismiga tegishiga ruxsat etilmaydi.
303. Impulsli siqilgan havo bilan tozalash filtr-siklonlarida, impulsli siqilgan havo bilan tozalash va elektr pnevmatik klapanli boshqarish asboblarining sozligi tekshirilishi lozim.
304. Yenglarga xizmat ko‘rsatish eshiklari zich bo‘lishi lozim. Yenglarga xizmat ko‘rsatishda xavfsizlik talablariga javob beradigan narvondan foydalanishga ruxsat etiladi.
305. Filtrli yenglarning simdan qilingan karkaslari tekis folga bilan yerga ulangan bo‘lishi kerak.
25-§. Lentali kovshli noriyalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
306. Don va uni qayta ishlashdan hosil bo‘lgan mahsulotlar uchun lentali kovshli noriyalarning tuzilishi tashkilotning standartlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
307. Noriyalardagi kovshlar va mustahkamlash detallari uzatilayotgan mahsulotga tushib ketmasligi kerak.
308. Noriya lentasi barabandan chiqib ketmasligi uchun eni bo‘yicha bir xilda tortilgan bo‘lishi zarur.
309. Uzatish barabanining o‘qi bo‘yicha poldan 1,5 m balandlikda joylashgan noriyalar bosh qismi(golovka)lariga xizmat ko‘rsatish uchun, balandligi 1 m va pastdan 0,15 m balandlikdan to‘liq o‘ralgan tutqich va to‘siqlar bilan jihozlangan maxsus maydoncha nazarda tutilishi lozim. Maydonchaga ko‘tarilish uchun eni 0,7 m dan kam bo‘lmagan tutqich bilan jihozlangan zinapoya o‘rnatilishi kerak.
310. Noriya bashmaklarini chuqurlashtirish tavsiya etilmaydi. Agarda buning iloji bo‘lmasa, noriya chuqurlarida balandligi 1 m dan kam bo‘lmagan to‘siqlar o‘rnatilishi va noriya chuquriga eni 1 m dan kam bo‘lmagan yo‘lak bo‘lishi lozim. Chuqurlarga kirib borish uchun ko‘chmas zinapoya o‘rnatilishi zarur.
311. Noriya quvurlarida ko‘rish va lentalarni tortish uchun lyuklar o‘rnatilishi lozim. Lentalarning harakatlanishini kuzatish uchun poldan 1,6 m balandlikda ko‘rish lyuklari o‘rnatilishi lozim. Lentalarni tortish uchun lyuklarning o‘rtacha o‘qi poldan 1,3 m dan kam bo‘lmagan balandlikda joylashishi kerak. Noriyaning ish vaqtida ko‘rish va lentani tortish lyuklari hamda noriyaning bosh qismi (golovka) va bashmakining eshiklari zich berkitilishi lozim. Noriyalarning bashmaklari va quvurlari chang kiritmaydigan bo‘lishi zarur.
312. Noriyalarni ishga tushirishni masofadan boshqarishda faqat ogohlantirish tovushi berilgandan so‘ng amalga oshirilishi mumkin. Joyida boshqarishda ishga tushirish tugmasi noriya bosh qismi(golovka)ning yonida, elektrodvigatel yaqinida joylashtirilishi lozim.
313. Noriyani to‘xtatish uning bosh qismi(golovka) va bashmaki yonidagi “To‘xtatish” tugmasi orqali amalga oshiriladi.
314. Barcha turdagi noriyalarning bashmaklarida mahsulot tiqilib qolishidan saqlash datchiklari va tezligini nazorat qilish relesi nazarda tutilishi kerak.
315. Noriya qiyin sochiladigan mahsulotlarda ishlaganda, noriyalarda mahsulot toshib ketishining oldini oladigan va bashmaklarning qabul qilish joyining yuqori qismida ta’minlash moslamalari nazarda tutilishi lozim. Boshoqli va granullangan mahsulotlardan tashqari xom ashyolar lentaning harakat yo‘nalishi bo‘yicha berilishi zarur.
316. Kovshlarning orqa devoridagi boltlar uchun mo‘ljallangan teshiklarda o‘tkir metall uchlari va metall qirindilari bo‘lmasligi lozim.
26-§. Lentali, zanjirli konveyerlar, roliksiz, vintli va aerotarnovlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
317. Mahsulotni tashlash va tushirish moslamalari konveyerning harakatlanish yo‘nalishi bo‘yicha mahsulotni bir me’yorda va markazga tashlashni ta’minlashi kerak. Mahsulotni tashlash va tushirish moslamalari mahsulotning toshib ketishi yoki tushib ketishi va konveyerning ortiqcha yuklanishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur.
318. Transportirovka qilinayotgan mahsulotni bir konveyerdan ikkinchi konveyerga yoki mashinaga berishda mahsulotning konveyerdan yoki mashinadan tushib ketishiga yo‘l qo‘ymaydigan moslamalar nazarda tutilishi lozim. Qopli yuklar uchun konveyerlarning yon tomonlari barcha uzunligi bo‘yicha balandligi 200 mm dan kam bo‘lmagan devorlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
319. Qiya qilib o‘rnatilgan konveyerlarda (konveyerlarning og‘ma uchastkalarida) donali yuklarni transportirovka qilishda (qoplar mahsulot bilan) lentaning tekisligiga nisbatan harakatsiz holatda va yuklashda egallagan holatini o‘zgartirmasligi kerak.
320. Qiya qilib o‘rnatilgan konveyerlarda uzatma to‘xtatilganda, yukni ko‘tarib turuvchi elementning o‘z-o‘zidan yurib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik imkoniyati bo‘lishi zarur.
321. Sochma yuklar uchun mo‘ljallangan ko‘chmas lentali konveyerlarning yuksiz lentasini tozalash moslamasi bo‘lishi lozim.
322. Lentaning barabanda sirpanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Lenta sirpanishi paydo bo‘lganda, ushbu nosozlikni konveyerning tuzilishida nazarda tutilgan yo‘l bilan bartaraf etilishi kerak. Ko‘chmas lentali konveyerlarda tezlikni nazorat qilish releni o‘rnatmasdan ulardan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Lenta tarangligi bo‘shab qolganda, uzatma barabanlarni moylash taqiqlanadi. Lentaning pastki qismidan polgacha bo‘lgan masofa 150 mm dan kam bo‘lmasligi zarur.
323. Ko‘chma yuklash yoki tushirish moslamalari bilan jihozlangan konveyerlar yo‘nalishida blokirovkalar va yuklash-tushirish moslamalarining yurishini cheklaydigan tayanchlari bo‘lishi lozim.
324. Konveyerning harakatlanadigan qismlariga (uzatma, tarang tortish barabanlari, tayanch roliklari va pastki roliklar, tasmali va boshqa turdagi uzatishlar, shkivlar, muftalar, vallar uchlari va boshqalar) xizmat ko‘rsatish personali va konveyerlar oldida ishlayotgan shaxslar ishlaydigan joylarda to‘siqlar o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Vertikal tarang tortish yuklari poldan 2 m dan kam bo‘lmagan balandlikda to‘siq bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
325. Konveyerlarning bosh va orqa qismlarida konveyerni to‘xtatish uchun avariya tugmalari bo‘lishi lozim. Umumiy uzunligi bo‘yicha ochiq konveyerlarning xavfli joylarda konveyerni avariya vaziyatlarida xohlagan joyda to‘xtatish uchun qo‘shimcha to‘xtatish moslamalari bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Omborxonalarning pastki va yuqori siloslarda pastki va yuqori konveyerlarning uzunligi bo‘yicha har 10 m masofada “To‘xtatish” tugmasi bo‘lishi zarur.
326. Konveyerlarni boshqarish chizmasida avariya vaziyati bartaraf etilgunga qadar uzatmani qayta ishga tushirishga yo‘l qo‘ymaydigan blokirovka nazarda tutilishi lozim. Avtomatlashtirilgan transport yoki texnologik liniyalar tarkibiga kiradigan konveyerlarda avariya vaziyati paydo bo‘lganda, avtomatik ravishda to‘xtatish moslamasi nazarda tutilishi kerak.
5-bob. Ta’mirlash tuzatish ishlarini bajarish chog‘ida xavfsizlikni ta’minlash talablari
1-§. Ta’mirlash ishlarini bajarishda xavfsizlikning umumiy talablari
327. Tashkilotning ta’mirlash xizmati asbob-uskunalarning mehnat xavfsizligi talablari, ularning texnik pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
328. Asbob-uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun tashkilotda unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejali va oldini oluvchi ta’mirlashning qat’iy bajarilishi hamda ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi zarur.
329. Asosiy uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida ta’mirlashni o‘tkazishga javobgar shaxslar, shuningdek ta’mirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi choralar ko‘rsatilishi kerak.
330. Ishlayotgan sexlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariluvchi ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
331. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
332. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan holatda bo‘lishi va u yerda xavfsizlik plakati va belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi zarur.
333. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan avval ta’mirlashda band bo‘lgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazilishi lozim.
334. Nosoz yuk ko‘taruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
335. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi kerak.
336. Ta’mirlash paytida ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
337. Havoza va to‘shamalarida ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlaridan foydalanilishi shart. Ehtiyot kamarlari arqonining mahkamlanish joyi konstruksiyalarda avvaldan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi zarur.
338. Ta’mirlash ishlari bajarilayotgan hududdagi elektr o‘tkazgichlari yoki uskunalarning kuchlanish ostida bo‘lgan ochiq qismlari oldindan elektr tokidan o‘chirib qo‘yilgan yoki maxsus izolyatsiyalovchi vositalar bilan ishonchli himoyalangan bo‘lishi lozim.
339. Xodimlarning qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarini olib borishiga uskunani shamollatib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va havoning harorati ko‘pi bilan 40oC gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
340. Barcha ta’mirlash ishlari sex yoki tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi kerak.
341. Materiallarni uskunaning ish maydonchasiga uzatish mexanizatsiyalashgan bo‘lishi va ular tushib ketmaydigan usulda bajarilishi zarur.
342. Ta’mirlash olib borilayotgan joy va barcha o‘tish joylari belgilangan me’yorlarga muvofiq yoritilishi kerak.
343. Ta’mirlash tugagach keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar va blokirovkalar o‘z joyiga o‘rnatilishi zarur. Barcha turdagi ta’mirlash ishlari tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan rejaviy-ehtiyot ta’mirlash jadvaliga muvofiq bajarilishi lozim.
344. Barcha zararli va portlovchi gazlar bo‘lgan hamda gazlar yig‘ilish ehtimoli bor xonalarda ta’mirlash ishlarini boshlashdan avval, shuningdek ta’mirlash ishlari hamda apparatlar va qurilmalarni tozalash vaqtida xonadagi shamollatish tizimini ishlatish zarur.
345. Ta’mirlash ishlari vaqtida portlovchi gaz va bug‘lar ajralib chiqaruvchi jarayonlarni bajarish ishlari taqiqlanadi. Ta’mirlash ishlarini boshlashdan oldin va ularni bajarayotganda binodagi havoda portlovchi bug‘, gaz bor yo‘qligini tekshirish lozim. Polga, maydonchaga, zinaga va boshqa joylarga metall asboblarni tashlash taqiqlanadi.
346. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda panjara, armatura, quvur o‘tkazgich va mufta qobig‘ida turish taqiqlanadi.
347. Xodimlarning o‘tishi, shuningdek asbob-uskunalar va ehtiyot qismlarini olib o‘tish uchun mo‘ljallangan yo‘llar sirpanchiq bo‘lmasligi zarur.
348. Zararli va portlovchi moddalar ishlatiluvchi asbob-uskuna va quvur o‘tkazgichlar devorining qalinligi (texnik ko‘rikdan o‘tkazish, parmalash, ultratovush yordamida) bosh muhandis tomonidan rejaviy-ehtiyot ta’mirlash jadvali asosida tekshirib turilishi kerak.
349. Asbob-uskuna va quvur o‘tkazgichlarda ortiqcha bosim borligida boltlarni va shpilkalarni tortish taqiqlanadi.
350. Barcha portlab yonish xavfi bo‘lgan binolarda tortish shamollatish tizimi o‘chirilganda, rejali va ogohlantirish ta’mirlash ishlarini olib borish taqiqlanadi.
351. Asbob-uskuna (rezervuar)da ta’mirlash ishlari boshlanishidan oldin, unga ulangan barcha quvur o‘tkazgichlardan to‘sqich bilan to‘silgan va texnologik mahsulotlarning qoldiqlaridan tozalangan hamda o‘tkir bug‘ bilan bug‘lantirilgan, suv bilan yuvilgan va shamollatilgan bo‘lishi lozim.
352. Olovli ishlar yordamida yoki boshqa ta’mirlash ishlari ularni bajarish jarayonida ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay xavfli vaziyat yuzaga keltirish sharoitlari aniqlanganda to‘xtatilishi zarur.
2-§. Apparat, sig‘im va quduqlar ichida ta’mirlash ishlarini bajarishda xavfsizlik talablari
353. Apparat, sig‘im va quduqlarni ochish, ularni tekshiruvdan o‘tkazish, tozalash va ta’mirlash ishlari sex boshlig‘ining yozma ko‘rsatmasiga asosan (avariya hollaridan tashqari) muhandis-texnik shaxslarning uzluksiz nazoratida va ishga kirishish ruxsatnomasi to‘ldirilgandan so‘ng amalga oshirilishi lozim.
354. Xodimlarni apparat (rezervuar) ichiga tushirishdan oldin unga ulangan barcha quvur o‘tkazgichlar to‘sqichlar bilan berkitilgan, texnologik mahsulotlarning qoldiqlaridan tozalangan, o‘tkir hidli qoldiqlar neytrallashtiruvchilar bilan xavfsizlantirilgan, suv bilan yuvilgan yoki bug‘langan hamda 400 S ga qadar sovutilgan va shamollatilgan bo‘lishi kerak.
355. O‘z tuzilishida harakatlanuvchi qismlari bo‘lgan apparatlarga xodimlar tushirilishidan oldin u o‘chirish bilan quvvatsizlantirilishi, xavfsizlik qo‘shimchasi olinib, “Yoqilmasin, xodimlar ishlamoqda!” degan ogohlantirish yozuvi ilib qo‘yilishi zarur.
356. Apparat, sig‘im va quduqlarning ichidagi havodan olingan namunaning tahlili ularning ichidagi havoda hajmi bo‘yicha kamida 20 foiz kislorod borligini va ammiak, sirka kislotasi va boshqa zararli aralashmalar yo‘qligini ko‘rsatgan taqdirdagina ularning ichida ishlarni bajarishga ruxsat etilishi lozim.
357. Ishlar mas’ul muhandis-texnik xodimning rahbarligida kamida uch xodim tomonidan bajarilishi, ulardan biri apparat, idish yoki quduqning ichida bo‘lishi, ikkinchisi esa yuqorida turib qutqarish arqonini ushlagan holda ichkarida ishlayotgan xodimni kuzatib turishi va quduqning yonidan ketmasligi kerak.
358. Apparatning ichida ishlayotgan xodimning sog‘lig‘i yomonlashsa, u darhol ishni to‘xtatib, tashqariga chiqishi lozim. Zarur hollarda kuzatib turuvchi va ish rahbari jabrlangan xodimni tashqariga chiqarib olishlari zarur.
359. Xodim avariya holatlarida ichida gaz bor yoki havo almashinuvi yetishmaydigan apparatlar, sig‘imlar, quduqlarda ta’mirlash ishlarini boshlashidan oldin shlangli protivogazni kiyishi lozim. Shlangning orqa uchi toza havoli hududga chiqarib, mahkamlanib qo‘yilishi kerak.
360. Shlangli protivogazda tanaffussiz ishlash muddati 15 daqiqadan oshmasligi shart, shundan so‘ng xodim 15 daqiqa ochiq havoda dam olishi lozim.
361. Idishlarni, ularning ichiga xodimlarning tushishi bilan bog‘liq ishlarga tayyorlash hamda ishlash paytidagi ko‘riladigan xavfsizlik choralari naryad-ruxsatnomada bayon qilingan bo‘lishi zarur.
362. Ta’mirlash jarayonida yong‘in xavfsizligi choralarini ta’minlash uchun javobgarlik olovli ishlar olib boriladigan sex, tajribaxona, ustaxona, omborxona, bo‘lim rahbarlariga yuklatilishi kerak.
363. Vaqtinchalik payvandlash ishlari va boshqa olovli ishlar bajariladigan joylar obyektning yong‘in xavfsizligi uchun javobgar shaxsining (muassasa, sex, laboratoriya, ustaxona, omborxonaning rahbari) yozma ruxsati bilan aniqlanishi lozim.
364. Olovli ishlar bilan bog‘liq ta’mirlashga yong‘in xavfsizligi talablarini biladigan, tekshiruvdan o‘tgan va maxsus ruxsatnoma berilgan xodimlar qo‘yilishi zarur.
365. Olovli ishlarni boshlashdan oldin ushbu ishlarni bajaruvchi xodimlar mazkur ishlab chiqarishda ishlarni bexatar bajarish qoidalari bilan tanishtirilishi lozim.
366. Ishlab turgan portlash xavfi bor obyektlar va ishlab chiqarish qurilmalariga 25 m gacha bo‘lgan masofadagi hududlarda olovli ishlarni bajarish taqiqlanadi.
367. Olovli ishlar bajarilayotgan ish joylarida xavf yuzaga kelgan zahotiyoq ish to‘xtatilishi kerak.
3-§. Favqulodda vaziyatlarda xavfsiz ishlashga qo‘yiladigan talab
368. Tashkilotlarda ehtimol tutilgan avariyalarni bartaraf etish rejasi ishlab chiqilishi lozim. Unda mavjud sharoitlarni hisobga olgan holda avariyalarning oldini olish va avariya vaziyatlarini bartaraf etish, avariya sodir bo‘lganda esa, uning oqibatlarini chegaralash va yengillashtirish, alangalanish va portlashning oldini olish, avariyani bartaraf etishda band bo‘lmagan odamlarni evakuatsiya qilish yuzasidan xodimlarning tezkor vazifalari nazarda tutilishi zarur.
6-bob. Qoidalarni buzganlik uchun javobgarlik
369. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
370. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(370-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
7-bob. Yakuniy qoida
371. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qo‘rilish qo‘mitasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi hamda “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 10-aprel
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. ABDUHAKIMOV
2015-yil 10-aprel
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 10-aprel
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 10-aprel
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
2015-yil 10-aprel
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2015-yil 10-aprel
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktori A. QURBONOV
2015-yil 10-aprel
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi raisi E. QUDRATOV
2015-yil 10-aprel
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 17-son, 213-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 04.04.2026-y., 10/26/3803/0311-son)