1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.05.00 Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (shuningdek, 08.01.06.00ga qarang) / 03.08.05.01 Umumiy qoidalar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.09.00 Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari / 09.14.09.10 Asalarichilik. Baliqchilik;
3.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.07.00.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish / 11.07.09.00 Baliq ovlash va baliqchilikni tartibga solish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish;
2.Iqtisodiyot / Qishloq xo‘jaligi]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BALIQChILIK TARMOG‘IDA MONOPOLIYADAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRIShNI ChUQURLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-avgustdagi 593-sonli “Tabiiy suv havza uchastkalarini baliq ovlash xo‘jaliklariga ijaraga berish va Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Baliqchilik tarmog‘ida xususiylashtirish va xususiy mulkchilikni rivojlantirish jarayonlarini chuqurlashtirish, baliq ovlash va baliqchilik korxonalari faoliyatini tashkil etishga bozor prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, tarmoqni yanada monopoliyadan chiqarish hamda raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek baliq ovlashni, baliq va baliq mahsulotlarini sotishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining faoliyati tashkil etilishini tekshirish bo‘yicha 2003-yil 18-martdagi F-1728-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Maxsus komissiyaning:
“O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasini va “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasini tugatish;
tugatilayotgan “O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi baliqchilik tarmog‘ining baliq ovlash va baliqchilik korxonalarini to‘liq xususiylashtirish va asosan xususiy mulkchilikka aylantirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xo‘jaligi / 09.14.02.00 Agrosanoat ishlab chiqarishning davlat boshqaruvi / 09.14.02.01 Boshqaruv va tartibga solishning umumiy masalalari]
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati tarkibida Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi, viloyatlar qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalarida esa — chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bo‘limlari tashkil etilganligi, ularga baliqchilik xo‘jaligini rivojlantirish funksiyalari yuklanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. “O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining faoliyati tashkil etilishini tekshirish bo‘yicha Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi, baliqchilik tarmog‘ining 1-ilovaga muvofiq xususiylashtirilgan korxonalari ustav jamg‘armalaridagi davlat ulushlari va aksiyalar paketlarini birja va birjadan tashqari bozorlarda asosan jismoniy shaxslarga va xorijiy investorlarga sotishni nazarda tutgan holda, belgilangan tartibda tugatilishini ta’minlasin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi PQ-2125-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.06.00 Mulkiy yollash (ijara). Umumiy masalalar / 03.11.06.01 Umumiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.07.00.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish / 11.07.06.00 O‘simlik dunyosidan foydalanish uchun ruxsatnomalar berish tartibi. Litsenziyalar]
5. Quyidagi tartib belgilansin, unga ko‘ra:
tabiiy baliqchilik xo‘jaligi havzalari baliq ovlash korxonalariga tanlov asosida ijara shartlarida kamida 10 yil muddatga biriktirib qo‘yiladi;
tabiiy suv havzalari uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ijara shartnomasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va tanlov g‘olibi bo‘lgan baliq ovlash korxonasi o‘rtasida tuziladi;
ijara shartnomasi tuzgan baliq ovlash korxonalari tomonidan tabiiy suv havzalarida baliq ovlash mavjud biologik resurslardan va vujudga kelayotgan talabdan hamda mahsuldorlikni saqlab qolish va baliq resurslarini zarur darajada ko‘paytirishdan kelib chiqqan holda kvotasiz asosda amalga oshiriladi;
tabiiy suv havzalari uchastkalarini ijaraga oluvchi baliq ovlash korxonalari tabiatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga, respublika hududida baliq ovlashning belgilangan qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, har yili baliqlarni o‘stirishga qo‘yib yuborish va baliq resurslari saqlanishini va ko‘paytirilishini ta’minlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishlari shart.
Ijarachi baliq ovlovchi korxonalar tomonidan tabiatni muhofaza qilishga doir belgilangan qonun hujjatlari, baliq ovlash qoidalari va ijara shartnomasi shartlari qo‘pol ravishda va muntazam buzilgan taqdirda ijara shartnomasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari qaroriga ko‘ra muddatidan oldin, belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
6. Respublika baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarini biriktirib qo‘yish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi huzurida ilmiy-tadqiqot va seleksiya-naslchilik ishlarini, ozuqalarning zamonaviy retseptlarini ishlab chiqishni va baliqchilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga, baliqlar kasalliklarining oldini olish va davolashga, tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini shakllantirishga ko‘maklashishni moliyalashtirish uchun budjetdan tashqari Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi huzuridagi Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
LexUZ sharhi
7-bandga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi PQ-2125-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Mazkur bandning rus tilidagi matniga qarang.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-oktabrdagi 499-son qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 43-son, 456-modda)
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda respublika baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarining baliq ovlash korxonalariga ijara shartnomasi shartlarida biriktirib qo‘yilgan uchastkalaridan foydalanganlik uchun ijara haqini undirish tartibi va miqdorlari to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, respublika baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarini ijaraga olishdan tushadigan mablag‘larning:
68 foizi — tegishli tumanlar va shaharlar budjetlariga;
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
20 foizi — Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazi huzuridagi Baliqchilikni rivojlantirish jamg‘armasiga;
12 foizi — mablag‘larni baliq resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish tadbirlariga maqsadli yo‘naltirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga yo‘naltiriladi.
(9-bandning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 14-15-son, 106-modda)
LexUZ sharhi
9-bandga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi PQ-2125-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Mazkur bandning rus tilidagi matniga qarang.
10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi bilan birgalikda 2004—2006-yillarda baliqchilik tarmog‘ini va uning ozuqa bazasini rivojlantirish kompleks dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, baliq ovlash va baliqchilik korxonalari bilan birgalikda baliq va baliq mahsulotlarini sotish bo‘yicha chakana savdo shoxobchalarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda baliqchilik va baliq ovlash korxonalariga seleksiya-naslchilik materiali, ozuqa va boshqa resurslar bilan ta’minlashda ko‘maklashsinlar;
O‘zbekiston Respublikasi Er resurslari davlat qo‘mitasi bilan birgalikda baliqchilik faoliyatini yuritish uchun ajratilgan ko‘llar va boshqa yer maydonlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatsinlar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi tabiiy suv havzalarida baliq resurslari muhofaza qilinishi va ulardan oqilona foydalanilishi, g‘ayriqonuniy ov qilishga hamda baliq va baliq mahsulotlarining noqonuniy sotilishiga qarshi kurash ustidan qattiq nazorat o‘rnatsinlar. Amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
13. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2001-yil 6-iyuldagi 289-son qarori, 9-banddan tashqari;
Vazirlar Mahkamasining “Respublika baliqchilik tabiiy suv havzalaridan foydalanishni yaxshilash va baliq resurslari muhofazasini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1998-yil 11 maydagi 198-son qarori, 6-banddan tashqari;
Vazirlar Mahkamasining “Respublika baliqchilik tabiiy suv havzalarini biriktirib qo‘yish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida” 1998-yil 2-iyuldagi 277-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 13-avgust,
350-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi 350-son qaroriga 1-ILOVA
Tugatilayotgan “O‘zbaliq” aksiyadorlik kompaniyasining ulushlari va aksiyalar paketlari birja va birjadan tashqari bozorlarda asosan xususiy mulk qilib sotiladigan korxonalari
ro‘yxati
№№ p/p
Korxonalar nomi
Sotiladigan ulush miqdori
1.
“Andijonbaliq” OAJ
25
2.
“Buxorobaliqsanoatsotish” OAJ
25
3.
“Baliqchi” OAJ
25
4.
“Navoiybaliqchilik” OAJ
25
5.
“Damachi” OAJ
25
6.
“Jizzaxbali�” OAJ
25
7.
“Qashqadaryobaliqchilik” OAJ
25
8.
“Qozoqdaryobaliq” OAJ
25
9.
“Mo‘ynoq baliq-konserva kombinati” OAJ
25
10.
“Namanganbaliq” OAJ
25
11.
“Nukusbaliq” OAJ
25
12.
“Sirdaryobaliq” OAJ
25
13.
“Su�xonbaliq” OAJ
25
14.
“Toshkentbaliq” OAJ
25
15.
“Uray” OAJ
25
16.
“Xorazmbaliqmahsulotlari” OAJ
25
17.
“Yangiyerbaliq” OAJ
25
18.
“Chinoz omixta em zavodi” AJ
25
19.
“Aydarko‘l” MChJ
25
20.
“Samarqandbali�” MChJ
25
21.
“Beshariqbaliq” AJ
16.4
22.
“Baliqsavdo” SIYoAJ
10
(foizlarda)
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-avgustdagi 350-son qaroriga 2-ILOVA
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.06.00 Mulkiy yollash (ijara). Umumiy masalalar / 03.11.06.01 Umumiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.07.00.00 Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va foydalanish / 11.07.06.00 O‘simlik dunyosidan foydalanish uchun ruxsatnomalar berish tartibi. Litsenziyalar]
Respublika baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarini biriktirib qo‘yish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom respublika baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarini ijaraga berish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Baliq va boshqa suv jonivorlarini ovlash yoki ularni ko‘paytirish uchun foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin bo‘lgan barcha tabiiy suv havzalari (dengiz, daryolar, suv omborlari, ko‘llar va ularga yondosh suv havzalari — ko‘l xo‘jaliklari va baliq pitomniklaridan tashqari) baliqchilik xo‘jaligi suv havzalari hisoblanadi.
Baliq ovlanayotgan va ovlanishi mumkin bo‘lgan baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalari ov qilinadigan suv havzalari hisoblanadi. Baliqchilik xo‘jaligi suv havzalari sport – ishqivozlik turidagi baliq ovlash uchun ham foydalanilishi mumkin.
3. Mazkur Nizomga muvofiq ijara shartnomasi tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar (keyingi o‘rinlarda baliq ovlash korxonalari deb ataladi) tabiiy suv havzalarida baliq ovlash huquqiga ega bo‘ladilar.
II. Tabiiy suv havzalarini baliq ovlash korxonalariga ijaraga berish va biriktirib qo‘yish tartibi
4. Baliqchilik tabiiy suv havzalari ijaraga, qoidaga ko‘ra, xususiy mulkchilikka asoslangan baliq ovlash korxonalariga tanlov asosida ijara shartnomasida belgilangan, lekin kamida 10 yil muddatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan beriladi.
5. Baliqchilik tabiiy suv havzalarini baliq ovlash korxonalariga ijaraga berish masalalarini ko‘rib chiqish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari huzurida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari boshchilik qiladigan maxsus tanlov komissiyalari tuziladi. Komissiya tarkibiga “Davlatbionazorat” inspeksiyasi, hududiy moliya va soliq organlari, viloyatlar qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmalari, adliya va ichki ishlar organlari va boshqa manfaatdor tuzilmalar vakillari kiritiladi.
6. Baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzalarini yoki ularning uchastkalarini tanlovda g‘olib chiqqan baliq ovlash korxonalariga biriktirib qo‘yish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari (ijaraga beruvchilar) va baliq ovlash korxonalari (ijarachilar) o‘rtasida ijara shartnomasi tuzish asosida amalga oshiriladi.
Ijara shartnomasiga baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzasi yoki uning uchastkasi pasporti ilova qilinadi, unda suv havzasining nomi, joylashgan joyi, suv havzasining o‘lchamlari va yerdan foydalanuvchilar chegaralari ko‘rsatilgan xarita-sxema ilova qilingan chegaralari, boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
7. Baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzasi yoki uning uchastkasini ijaraga olish maqsadida tanlovda qatnashish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va viloyatlar hokimliklariga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza;
baliq ovlash korxonasining yuridik shaxs sifatida yoki yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
baliq ovlash uchun zarur moddiy-texnika resurslarining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari arizachilar tomonidan hujjatlar berilgan vaqtdan boshlab bir oy muddatda ularni ko‘rib chiqadilar, tanlov komissiyasining yig‘ilishini o‘tkazadilar va tanlov g‘oliblariga baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzasi yoki uning uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risida qaror qabul qiladilar.
Qaror qabul qilingandan keyin 10 kun mobaynida tanlov g‘olibi bilan ijara shartnomasi tuziladi va ov faoliyati uchun guvohnoma (ov bileti) beriladi.
9. Tanlov natijalariga ko‘ra tabiiy suv havzasini ijaraga berish rad etilgan ariza beruvchilar tanlov komissiyasi qarori yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqlidirlar.
10. Baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzasi yoki ularning uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ijara shartnomasi tuzgan baliq ovlash korxonalari qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda ijara haqi to‘laydilar.
11. Baliqchilik xo‘jaligi tabiiy suv havzasi yoki uning uchastkasini ijaraga olish shartnomasi baliq ovlash korxonasining o‘z xohishiga ko‘ra yoki baliq ovlash korxonasi tomonidan baliq ovlashning belgilangan qoidalari qo‘pol ravishda va muntazam buzilishi, baliq resurslarini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarga rioya qilinmasligi natijasida muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
III. Ijaraga beruvchining huquq va majburiyatlari
12. Ijaraga beruvchi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari quyidagilarga haqlidir:
amaldagi qonun hujjatlari, shartnoma shartlari, ayniqsa har yili baliqlarni o‘stirishga qo‘yib yuborishni, baliqchilik resurslarini saqlash va ko‘paytirishni ta’minlash bo‘yicha shartlari buzilishi aniqlanganda baliq, boshqa suv jonivorlarini ovlashni va o‘simliklar tayyorlashni to‘xtatib qo‘yish;
baliq ovlovchi korxona — ijarachi tomonidan tabiatni muhofaza qilish qonunchiligining, belgilangan baliq ovlash qoidalarining muntazam va qo‘pol ravishda buzilishi aniqlanganda tuzilgan shartnomani tabiatni muhofaza qilish organlarining taqdimnomasiga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatidan oldin bekor qilish.
13. Ijaraga beruvchi quyidagilarga majbur:
tabiiy baliqchilik xo‘jaligi suv havzasini yoki uning uchastkasini ijaraga olish uchun tanlovda qatnashish istagini bildirgan yuridik va jismoniy shaxslardan ariza hamda boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun bepul asosda qabul qilish;
berilgan arizalarni ko‘rib chiqish va tanlovni o‘tkazishni o‘z vaqtida, qat’iy belgilangan muddatlarda amalga oshirish;
tanlov qatnashchilarini uning natijalaridan o‘z vaqtida xabardor qilish;
tanlov yakunlari bo‘yicha 10 kun mobaynida g‘olib bilan tabiiy baliqchilik xo‘jaligi suv havzasidan yoki uning uchastkasidan foydalanish huquqini beruvchi ijara shartnomasi tuzish va baliq ovlash faoliyati bilan shug‘ullanishga guvohnoma berish.
IV. Ijarachining huquq va majburiyatlari
14. Baliq ovlovchi korxona — ijarachi quyidagi huquqlarga ega:
ajratilgan tabiiy baliqchilik xo‘jaligi suv havzasi yoki uning uchastkasidan tuzilgan ijara shartnomasiga muvofiq foydalanish;
kvotasiz miqdorda baliq ovlash va mahsulotni ixtiyoriy ravishda sotish;
ozuqa va asosiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa mahsulotlar, shuningdek baliqchilik mahsulotlari etishtirish uchun suvni muhofaza qilish hududi tashqarisida yordamchi xo‘jaliklar tashkil qilish;
o‘z ovchilik-baliqchilik xo‘jaligini tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni amalga oshirish.
15. Baliq ovlovchi korxona – ijarachi quyidagilarga majbur:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq baliq ovlash va tabiatni muhofaza qilish qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
birkitilgan suv havzasini subijaraga bermaslik;
har yili baliqlarni o‘stirishga qo‘yib yuborish, baliqchilik melioratsiyasi, baliqlarning ovlanadigan turlari nasllarini saqlab qolish ishlarini hamda baliqchilik resurslarini saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish;
har yili dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga va Baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markaziga tabiiy suv havzalaridagi baliq zaxiralarining ahvoli va ularni ko‘paytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot taqdim etish;
LexUZ sharhi
15-bandning beshinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 10-fevraldagi PQ-2125-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Mazkur xatboshining rus tilidagi matniga qarang.
ovlangan baliqlarning hammasini namunaviy ov daftarida qayd etish;
baliqlarning tovar-transport xati bo‘yicha tashilishini amalga oshirish;
baliq ovlash vositalarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish va baliq ovlashda xavfsizlik texnikasiga rioya qilish;
tasdiqlangan shakl bo‘yicha statistik hisobot taqdim etish;
tabiiy suv havzasi ijara to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirish.
16. Baliq va boshqa suv jonivorlarini ovlash faqat ijara shartnomasiga ilova qilinadigan biriktirilgan tabiiy baliqchilik xo‘jaligi suv havzasi yoki uning uchastkasi pasportida ko‘rsatilgan tabiiy suv havzalari yoki ularning uchastkalari doirasida amalga oshirilishi mumkin.
17. Baliq ovlovchi korxona – ijarachi tomonidan tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha qonun hujjatlari, baliq ovlash qoidalari va ijara shartnomasi shartlari qo‘pol ravishda va muntazam buzilgan taqdirda ijara shartnomasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin.
18. Ijara shartnomasi shartlari ijaraga beruvchilar va ijarachilar tomonidan buzilganda tomonlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
19. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan baliq, baliq mahsulotlari, boshqa suv jonivorlarini sotish faqat belgilangan tartibda shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan belgilangan joylarda, mahsulotning qonuniy ovlanganligini yoki olinganligini tasdiqlovchi hujjatlar hamda mahsulot uchun sifat sertifikati mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2003-y., 15-16-son, 127-modda; 2004-y., 43-son, 456-modda; 2010-y., 14-15-son, 106-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)