toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 28.12.2021
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi 775-sonli “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga intellektual rivojlangan va har tomonlama tayyorlangan yoshlarni tanlash tartibi va qabul qilish qoidalarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomni amal qilish uchun qabul qilsinlar va uning talablari so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2012-yil 26-sentabrdagi 277-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-iyun,
141-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida” va “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlashni tashkil etish tartibini va qabul qilish qoidalarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetiga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi alohida nizom bilan belgilanadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
2. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 529-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son)
Mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan, xizmatdagi harbiy va ilmiy faoliyatida ma’lum bir natijalarga erishgan, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining farzandlari uchun oliy harbiy ta’lim muassasalariga kursantlarni bakalavriatga qabul qilishning umumiy qabul sonidan besh foizli kvota, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmatdagi harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlari uchun ikki foizli kvota ajratiladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 470-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son)
3. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash va qabul qilish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan tanlash bo‘yicha Tadbirlar kompleksiga binoan amalga oshiriladi.
4. Oliy harbiy ta’lim muassasalari tinglovchilari kontingentini sifatli butlash uchun:
harbiy-professional yo‘nalish;
dastlabki tanlash;
harbiy-professional tanlash;
test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.
5. Harbiy professional yo‘nalish — shaxsiy mayllarga, qiziqishlarga, qobiliyatlarga muvofiq va turli mutaxassisliklar bo‘yicha harbiy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni hisobga olgan holda yoshlarni harbiy kasbni asosli tanlash bo‘yicha maqsadga yo‘naltirilgan, rejalashtirilgan faoliyat.
6. Dastlabki tanlash — oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishga qaror qilgan fuqaro yoki harbiy xizmatchiga tegishli ma’lumotlarni, uning ta’lim muassasasidagi o‘zlashtirishi darajasini, individual-psixologik xususiyatlarini, jismoniy tayyorgarligi va sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni dastlabki to‘plash va o‘rganish.
7. Harbiy-professional tanlash — yakka tartibdagi yakuniy suhbatda uzil-kesil ko‘rib chiqish uchun nomzodning asoslangan va psixofiziologik xususiyatlarini, tayyorlanganligi va ko‘nikmalarini, shuningdek sog‘lig‘i va umumjismoniy tayyorgarligini hisobga olgan holda uning tanlangan harbiy mutaxassislikni egallab olishga tayyorligini aniqlashga yo‘naltirilgan kompleks tadbirlar.
8. Test sinovlari — oliy harbiy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari o‘ziga xosligini hisobga olgan holda nomzodning umumta’lim darajasini aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan tadbir.
9. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Nomzodlar uch tildan — o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birini shaxsan tanlagan holda test sinovlari topshiradilar.
10. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida oliy harbiy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar (keyingi o‘rinlarda vazirliklar va idoralar deb ataladi) tomonidan, belgilangan tartibda, oliy harbiy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tashkil etiladi.
11. Nomzodlarni o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizalarni (bildirgilarni) topshirish muddatlari va qabul komissiyasiga taqdim etiladigan zarur hujjatlar ro‘yxati vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
II. Harbiy-professional yo‘nalish
12. Harbiy xizmatchi kasbining mohiyatini va unga qo‘yiladigan talablarni ochib berish, yoshlarda harbiy kasbni ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan harbiy mutaxassislikni tanlashda ularga yordam berish harbiy-professional yo‘nalishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
13. Quyidagilar harbiy-professional yo‘nalishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
zobitlar xizmatining ijtimoiy mazmuni va o‘ziga xosligini ochib berish, shu asosda yoshlarda zobit — Vatan himoyachisi kasbining yuksak mas’uliyatini to‘g‘ri tushunish va anglashni shakllantirish;
oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishga qaror qilgan fuqaro yoshlar va harbiy xizmatchilarga iste’dodni, qobiliyatlarni va shaxsiy fazilatlarni hisobga olgan holda harbiy mutaxassislikni tanlashda yordam berish;
oliy harbiy ta’lim muassasalariga kiruvchi nomzodlarning ma’naviy va axloqiy fazilatlariga, psixologik xususiyatlariga, umumjismoniy va umumta’lim tayyorgarligiga, sog‘lig‘iga qo‘yiladigan talablarni tushuntirish;
oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga eng iqtidorli, har tomonlama kamol topgan, tayyorgarlik ko‘rgan va Vatanga sadoqatli yoshlarni jalb etish.
14. Harbiy-professional yo‘nalish oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishgacha o‘tkaziladi va ushbu bosqichda:
yoshlarning faxriylar, harbiy qismlar va oliy harbiy ta’lim muassasalarining vakillari bilan uchrashuvlari;
harbiy qismlarda, muassasalarda, mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalar va bo‘limlarda oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi ko‘rgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va o‘ziga xosliklarini aks ettiruvchi o‘quv-maslahat burchaklarini bezash;
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning uchinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilariga zobit kasbi, oliy harbiy ta’lim muassasalariga tayyorgarlik ko‘rish va kirish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etish vositasida ta’minlanadi.
15. Yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi harbiy-professional yo‘nalishning asosi hisoblanadi. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi davomida ma’ruzalar o‘qiladi, suhbatlar o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mintaqaviy muzeylari va Davlat muzeyiga, harbiy okruglarga, qo‘shilmalar va harbiy qismlarga (muassasalarga), oliy harbiy ta’lim muassasalariga ekskursiyalar uyushtiriladi hamda yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini tashkil etish va rivojlantirish tarixi hamda oliy harbiy ta’lim muassasalari bilan tanishtirishni nazarda tutuvchi boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
16. Nomzodlarda harbiy xizmatga qiziqishni shakllantirish va zobit kasbi to‘g‘risida to‘g‘ri tasavvur hosil qilish ishlari umumta’lim muassasalari, mahalliy harbiy boshqaruv organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro yaqin hamkorlikda yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash o‘qituvchilarini faol jalb etgan holda vazirliklar va idoralar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
17. Yoshlarni harbiy-professional yo‘naltirish doirasida kasbga doir maslahatlar beriladi, nomzodlarning shaxsiy fazilatlari, qiziqishlari va qobiliyatlarini hisobga olgan holda harbiy kasbni tanlashda bevosita yordam ko‘rsatiladi.
Kasbga doir maslahatlar ta’lim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash o‘qituvchilari tomonidan o‘tkaziladi, ularda nomzodning shaxsiy fazilatlariga, qobiliyatlariga va oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishga ma’naviy-psixologik tayyorligi darajasiga dastlabki baho beriladi.
Maslahatlar berish jarayonida nomzodlarning mayllari va qobiliyatlari chuqur o‘rganiladi, ularning oliy harbiy ta’lim muassasalariga kiruvchi shaxslarga qo‘yiladigan talablarga muvofiqligi darajasi aniqlanadi.
18. Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorlash vazirliklar va idoralar tomonidan, belgilangan tartibda, qo‘shilmalar va qismlarning komandirlari (muassasalarning boshliqlari) rahbarligida o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
19. Vazirliklar va idoralar joylarda harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha ishlarning tashkil etilishi va o‘tkazilishi, Internet tarmog‘ida oliy harbiy ta’lim muassasalarining veb-saytlarida ularning faoliyatini aks ettiruvchi materiallar vaqti-vaqti bilan yangilanib turilishini nazorat qiladilar, shuningdek tegishli oliy harbiy ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiyaviy jarayonini yorituvchi nashr etilgan bukletlar va plakatlar, ularga kirish shartlari harbiy qismlarga (muassasalarga), mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalar va bo‘limlarga yetkazilishini tashkil etadilar.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
20. Oliy harbiy ta’lim muassasalariga harbiy-professional yo‘nalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi hayot, turmush va o‘qishning o‘ziga xosligi to‘g‘risidagi plakatlar, bukletlar, filmlar va videoroliklar shaklidagi oliy harbiy ta’lim muassasalari haqidagi axborot materiallarini nashr etish va harbiy qismlarga (muassasalarga), mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalar va bo‘limlarga tarqatish;
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning ikkinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
oliy harbiy ta’lim muassasalari vakillarining televideniyeda, radioda, markaziy va mintaqaviy (mahalliy) matbuot sahifalarida chiqishlarini tashkil etish, oliy harbiy ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi filmlarni ko‘rish, mavzuli kechalar, ma’ruzalar va ochiq eshiklar kunlari o‘tkazish;
harbiy stajirovkalar, ishlab chiqarish amaliyotlari, ta’tillar va kanikulli ta’tillar davrida oliy harbiy ta’lim muassasalarining doimiy va o‘zgarib turuvchi tarkibining harbiy xizmatchilar va fuqaro yoshlar bilan uchrashuvlari va suhbatlarini o‘tkazish.
21. Qo‘shilmalar va harbiy qismlarga (muassasalarga) harbiy-professional yo‘nalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
garnizonlarning zobitlar uylari va harbiy qismlarning klublarida oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi ko‘rgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va o‘ziga xosliklarini aks ettiruvchi o‘quv-maslahat burchaklarini tashkil etish va bezash;
O‘zbekiston Respublikasi Qurollik Kuchlari zobitlar tarkibining harbiy xizmati, oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiyaviy jarayon to‘g‘risidagi filmlarni namoyish qilishni, shuningdek faxriylar va oliy harbiy ta’lim muassasalarining vakillari bilan muntazam uchrashuvlarni tashkil etish;
harbiy xizmatchilar bilan zobit kasbi to‘g‘risida yakka tartibda tushuntirish suhbatlari o‘tkazish;
harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakunlarini vaqti-vaqti bilan tahlil qilish;
oliy harbiy ta’lim muassasalari bilan mustahkam aloqalar tashkil etish va bog‘lash.
22. Mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalar va bo‘limlarga harbiy-professional yo‘nalish sohasida quyidagi vazifalar yuklanadi:
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning birinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
fuqaro yoshlar orasidan oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash ishlarini tashkil etish, ularni zobitlar tarkibiga qo‘yiladigan talablar bilan tanishtirish;
tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda barcha viloyat tumanlaridagi umumta’lim maktablar, litseylar va kollejlarning a’lochi bitiruvchilari bilan yig‘inlar, shuningdek, maqsadli targ‘ibot ishlarini tashkil etish;
(22-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni fuqaro yoshlarga yetkazish;
hokimliklar va jamoat tashkilotlarining vakillari ishtirokida ta’lim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash, “Vatanparvar” mudofaaga ko‘maklashish tashkilotining o‘quv muassasalari o‘qituvchilari bilan harbiy-professional yo‘nalish masalalari bo‘yicha har yilgi o‘quv-metodik yig‘inlarni o‘tkazish;
harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha ishda ta’lim muassasalarining yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlash o‘qituvchilariga yordam berish, ta’lim muassasalarini zobitlik kasblariga bag‘ishlangan stendlar bilan jihozlash;
mudofaa ishlari bo‘yicha boshqarmalar va bo‘limlar huzurida o‘quv-maslahat burchaklari tashkil etish va ularni oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi hayotni aks ettiruvchi ko‘rgazmali tashviqotli, qabul qilish shartlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga hamda fuqarolarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kontrakt bo‘yicha kirishda beriladigan imtiyozlar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining har xil turlari va xillarida zobitlar tarkibining harbiy xizmati xususiyati va o‘ziga xosliklarini aks ettiruvchi ko‘rgazmali tashviqot bilan bezash;
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning uchinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida, korxonalar va tashkilotlarda fuqaro yoshlarni harbiy-professional yo‘naltirish ishlarida mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar vakillarining bevosita ishtirok etishini ta’minlash;
hokimliklar, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari, jamoat tashkilotlari va mahalliy ommaviy axborot vositalari bilan harbiy-professional yo‘nalish bo‘yicha mustahkam o‘zaro hamkorlikni tashkil etish;
fuqaro yoshlarning garnizonlarning zobitlar uylariga, joylardagi tarixiy, harbiy-vatanparvarlikka doir muzeylarga va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Davlat muzeyiga, harbiy qismlar va muassasalarga tashrifini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zobitlar tarkibining harbiy xizmati, oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi hayoti va turmushi to‘g‘risidagi filmlarni namoyish qilish;
harbiy mutaxassislikni ongli ravishda tanlashda yoshlarga yordam berish.
III. Dastlabki tanlash
23. Sog‘lig‘iga, individual-psixologik xususiyatlari va umumjismoniy tayyorgarligiga muvofiq harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob beradigan, ichki tuyg‘u, g‘oyaviy-ma’naviy barqarorlikka, mustahkam intellektual va ma’naviy-axloqiy salohiyatga ega bo‘lgan nomzodlarni aniqlash dastlabki tanlashning asosiy maqsadi hisoblanadi.
24. Quyidagilar dastlabki tanlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma’lumotlarni to‘plash;
nomzod to‘g‘risidagi turli ma’lumotlarni aniqlashtirish (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), zobit kasbini tanlashning sabablarini, asoslarini aniqlash;
umumta’lim darajasini, sog‘lig‘ini va umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini har tomonlama va xolisona baholash;
oliy harbiy ta’lim muassasalariga kiruvchi nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini o‘rganish.
25. Dastlabki tanlash:
fuqaro yoshlar uchun — yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar va boshqarmalarda;
harbiy xizmatchilar uchun — xizmat qilish joyidagi harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
26. Dastlabki tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:
hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
yakka tartibda suhbatlashish;
individual-psixologik o‘rganish;
umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baholash;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
Dastlabki tanlash tadbirlarini o‘tkazish tartibi vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
27. Hujjatlarni to‘plash va o‘rganish natijalarni tahlil qilish, nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish, uning ijtimoiy faolligi va ma’naviy-ishbilarmonlik fazilatlarini baholash usuli bilan o‘tkaziladi.
Nomzodlarning ijtimoiy faolligi va ma’naviy-ishbilarmonlik fazilatlarini aniqlashda:
nomzodlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini, davlatni himoya qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy majburiyatlarni tushunishi;
yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot mafkura va axloqqa nisbatan murosasizlik zarurligini anglash;
burchni his etish, qat’iyatlilik, ishchanlik, mehnatsevarlik va to‘g‘rilik;
jamoaning ijtimoiy hayotida faol qatnashish;
nomzod tomonidan xizmat (mehnat) faoliyatida, o‘qishda va yoshlarni chaqiriqgacha tayyorlashda erishilgan natijalar hisobga olinadi.
Bundan tashqari, zobit bo‘lishni xohlashning asoslanganligiga va buning uchun zarur fazilatlar mavjudligiga asosiy e’tibor beriladi.
28. Yakka tartibdagi suhbat nomzodlar to‘g‘risidagi turli ma’lumotlarni aniqlashtirish (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), zobit kasbini tanlashning sabablari, asoslarini aniqlash, ta’lim muassasasidagi o‘zlashtirish darajasini va xorijiy tilni egallaganlik darajasini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Suhbat davomida oliy harbiy ta’lim muassasasiga kiruvchilarga qo‘yiladigan talablar, beriladigan imtiyozlar va boshqa masalalar nomzodning e’tiboriga yetkaziladi.
Tegishli shakl bo‘yicha ruxsatnomani kelishish uchun zarur bo‘lgan materiallar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Yakka tartibdagi suhbat:
fuqaro yoshlar bilan — mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar, boshqarmalar boshliqlari;
harbiy xizmatchilar bilan — harbiy qismlar (muassasalar) va bo‘linmalarning komandirlari tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning beshinchi va oltinchi xatboshilariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
29. Individual-psixologik o‘rganish, oliy harbiy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning mutaxassislari — psixologlari jalb etilgan holda nomzodlarni psixologik test sinovidan o‘tkazish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning birinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
Psixologik test sinovidan o‘tkazish metodikasi, oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qishning o‘ziga xosligi hisobga olingan holda, vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Psixologik test sinovi natijalari bo‘yicha quyidagi xulosalar chiqariladi:
oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun tavsiya etiladi;
oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmaydi.
Test sinovi natijalari bo‘yicha oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
30. Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarlik ko‘rganligini baholash oliy harbiy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning birinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasi vazirliklar va idoralarning belgilangan talablariga muvofiq baholanadi.
Umumjismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha talablarga javob bermaydigan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
31. Nomzodlar tibbiy ko‘rikdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga (keyingi o‘rinlarda Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom deb ataladi) muvofiq vazirliklar va idoralarning maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi:
(31-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-martdagi 210-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 09/19/210/2757-son)
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning birinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘iga ko‘ra nomzodning oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqliligi darajasi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar dastlabki tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
 LexUZ sharhi
Mazkur bandning uchinchi xatboshisiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-yanvardagi 6-sonli qaroriga asosan o‘zgartirish kiritilgan. Rus tili matniga qarang.
IV. Harbiy-professional tanlash
32. O‘zining psixofiziologik xususiyatlariga va sog‘lig‘iga ko‘ra harbiy mutaxassislikning zamonaviy talablariga javob beradigan, zobit kasbini egallashning sabab-asoslariga, yetakchilik fazilatlariga, ichki tuyg‘uga, mustahkam ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan nomzodlarni aniqlash harbiy-professional tanlashning asosiy maqsadi hisoblanadi.
33. Quyidagilar harbiy-professional tanlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlarni va nomzodni tavsiflovchi materiallarni o‘rganish;
nomzodning kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganligi, orfografik va punktuatsion savodxonligi darajasini, sog‘lig‘ining holatini har tomonlama va xolisona baholash;
oliy harbiy ta’lim muassasasiga kiruvchi nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini o‘rganish;
nomzodlarni test sinovlariga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilish (yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari bo‘yicha).
34. Harbiy-professional tanlash oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘tkaziladi, tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:
hujjatlarni o‘rganish;
psixofiziologik o‘rganish;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
yozma ish (diktant, bayon, insho);
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga harbiy-professional tanlashni o‘tkazishda yozma ish va yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘rniga umumta’lim fanlarini bilish bo‘yicha yozma imtihon o‘tkaziladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Harbiy-professional tanlash tadbirlarini o‘tkazish tartibi mansubligi bo‘yicha vazirliklar va idoralar tomonidan belgilanadi.
35. Hujjatlarni o‘rganish nomzod to‘g‘risida taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish usuli bilan o‘tkaziladi.
36. Psixofiziologik o‘rganish oliy harbiy ta’lim muassasasining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda, vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan metodika bo‘yicha, tegishli mutaxassislar tomonidan tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Psixofiziologik o‘rganish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
37. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tegishli vazirlik, idoraning buyrug‘i bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan o‘tkaziladi.
Nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq o‘tkaziladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘iga ko‘ra nomzodning oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqliligi darajasi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.
38. Yozma ish vazirliklar va idoralarning tegishli mutaxassislari jalb etilgan holda, diktant (bayon yoki insho) yozish yo‘li bilan nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonligini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
Yozma ishni o‘tkazish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yozma ish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
39. Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish shaxsiy kompyuterdan foydalanuvchi darajasida, idora dasturiy ilovalari bilan, Internet tarmog‘ida, lokal va korporativ tarmoqlarda ishlash va tashkiliy texnikadan foydalanish bo‘yicha nomzodning ko‘nikmalarini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida qaror qabul qilishda hisobga olinadi.
40. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat nomzodning oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishi sababini, yetakchilik fazilatlarini, aqliy qobiliyatlari va boshqa muhim professional fazilatlarini aniqlash maqsadida yagona metodika bo‘yicha psixofiziologik o‘rganish, yozma ish natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari asosida o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat kollegial prinsip bo‘yicha, oliy harbiy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni o‘tkazish metodikasi oliy harbiy ta’lim muassasasida ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xosligi hisobga olingan holda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqiladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari bo‘yicha nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.
V. Test sinovlari
41. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan har yili 5-iyulda o‘tkaziladi.
(41-bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(41-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida test sinovlarini o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan belgilanadi.
Zarur shart-sharoitlar yaratish, test sinovlarini tashkil etish uchun javobgarlik, joylarda ularni belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilgan holda adolatli o‘tkazish mahalliy davlat hokimiyati organlariga, oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining vakillariga, qabul komissiyalarining raislariga va ular tomonidan tayinlangan auditoriyalar rahbarlariga yuklanadi.
Oliy harbiy ta’lim muassasasida test sinovi o‘tkaziladigan kunda auditoriyaning rahbari va kuzatuvchisiga vazirliklar va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga, belgilangan tartibda, pul mablag‘lari to‘lanadi.
42. Nomzod umumta’lim muassasalarida chet tili sifatida ingliz, nemis yoki fransuz tillarini o‘rgangan taqdirda chet tili bo‘yicha test sinovlari topshiradi.
Umumta’lim muassasalarida boshqa chet tili (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur va boshqa tillar) bo‘yicha o‘qigan taqdirda nomzod test sinovlari o‘rniga ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan tartibda oliy harbiy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli imtihon tizimi bo‘yicha chet tilidan imtihon topshiradi.
Nomzod oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun berilgan arizada (bildirgida) qaysi chet tilidan imtihon topshirishini ko‘rsatadi.
43. Chet tillari bo‘yicha imtihonni baholash mezonlari oliy harbiy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi hamda mansubligi bo‘yicha vazirlik, idora tomonidan tasdiqlanadi.
44. Test sinovlari bloklari oliy harbiy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Test topshiriqlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi umumta’lim fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
45. Test topshiriqlari bo‘yicha savollar kitobiga ta’lim yo‘nalishlariga muvofiq belgilangan fanlar bo‘yicha savollar kiritiladi.
Test topshiriqlarini yechish vaqti 36 ta savolga 1 soat hisobidan ajratiladi.
Test sinovlari boshlangunga qadar nomzodlar 30 daqiqa mobaynida javoblar varaqalarini to‘ldirish qoidalari bilan tanishtiriladi va ular tomonidan tegishli bo‘limga o‘zi to‘g‘risidagi shaxsiy ma’lumotlar kiritiladi. Ushbu vaqt test sinovlarini yechish uchun ajratilgan vaqtning umumiy hajmiga kirmaydi.
Auditoriyada test sinovlari to‘g‘ri tashkil etilishini, adolatli o‘tkazilishini, uni o‘tkazish talablariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik auditoriyalarning rahbarlari va kuzatuvchilariga yuklanadi.
Nomzodlar test sinovlarini topshirish uchun soat 8.30 gacha auditoriyaga qo‘yiladilar, test sinovlari soat 9.00 da boshlanadi.
Javoblar varaqasi nomzodlar tomonidan ko‘k rangli sharikli ruchka bilan to‘ldiriladi. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun qo‘shimcha ravishda 20 daqiqa vaqt ajratiladi.
Javoblar varaqasi to‘ldirilganligining to‘g‘riligi uchun shaxsan nomzod javob beradi. Javoblar varaqasida tegishli doiralarni noto‘g‘ri belgilagan nomzodlarning e’tirozlari ko‘rib chiqilmaydi.
Nomzodlarning uyali telefonlarni va boshqa aloqa vositalarini o‘zi bilan olib kirishi va ulardan foydalanishi qat’iyan taqiqlanadi.
Nomzod tomonidan test sinovlariga mikrokalkulyatorlar, lug‘at, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, test sinovi paytida test materiallarini boshqa nomzodga berish, savollar kitobi varaqlarini yaroqsiz holga keltirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va nomzod test sinovlaridan chetlashtiriladi.
46. Nomzodlarning o‘tkazilgan test sinovlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga va tegishli oliy harbiy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(46-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Belgilangan vaqtda test sinoviga kelmagan nomzodlar uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilmaydi.
VI. Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
47. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga imtiyozli kirish uchun harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovi natijalari bo‘yicha o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida ball qo‘shish shaklida imtiyozli shartlar beriladi.
(47-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 186-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 14-son, 229-modda)
471. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3726-son qaroriga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining va Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga kvota asosida o‘qishga kirish huquqiga ega;
harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chog‘ida yarador bo‘lishi, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan ofitserlar, kontrakt bo‘yicha serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning va Milliy gvardiya xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari oliy harbiy ta’lim muassasalariga belgilangan qabul kvotasidan tashqari tanlovsiz o‘qishga kirish huquqiga ega.
(471-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-avgustdagi 470-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son)
48. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq “Ilg‘or serjant” nominatsiyasida Respublika turining g‘oliblari bo‘lgan serjantlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlari topshirmasdan o‘qishga qabul qilinadilar, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining serjantlar tarkibi lavozimlarida 5 yil benuqson xizmat qilgan serjantlarga esa ijobiy tavsifnomalar, qo‘mondonlik, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yutuqlar bo‘lgan taqdirda oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilishda to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar qo‘shish shaklida imtiyoz beriladi.
49. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga muvofiq:
“Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi;
“Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylarini imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida “Temurbeklar maktabi” bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy professional tanlash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi beriladi.
(49-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 973-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son)
50. Agar nomzod bir vaqtning o‘zida ushbu Nizomning 47 — 49-bandlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarga ega bo‘lsa, ular tomonidan to‘plangan ballar yig‘indisiga imtiyozlar bo‘yicha eng yuqori ball qo‘shiladi.
51. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari dastlabki va harbiy-professional tanlash natijalari hamda vazirliklar va idoralarning rahbarlari taqdimnomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlarisiz tanlovdan tashqari oliy harbiy ta’lim muassasasiga qabul qilinadilar.
(51-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya olim ta’lim muassasalariga dastlabki va harbiy-prfessional tanlov natijalari hamda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.
Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda o‘rinlar harbiy-professional tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.
Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar harbiy-professional tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 529-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son)
52. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida” 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g‘oliblari bo‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarini taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son qaroriga muvofiq “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari oliy harbiy ta’lim muassasasi qabul komissiyasining qarori bilan dastlabki va harbiy-professional tanlash talablariga muvofiq bo‘lganlari taqdirda oliy harbiy ta’lim muassasasiga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz qabul qilinadilar. Oliy harbiy ta’lim muassasasiga tanlovdan tashqari qabul qilishga tavsiya etilgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalarining g‘oliblari hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi
(52-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 18-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/18/0550-son)
53. Oliy harbiy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari tomonidan 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda xalqaro va respublika olimpiadalari, “Ilg‘or serjant” nominatsiyasida Respublika turi g‘oliblari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlarining bolalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘qish yo‘nalishi, shakli va tili ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
(53-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida yaradorlik, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan harbiy xizmatchilar farzandlari ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasiga har yili 1-maygacha yuboradi;
(53-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi vazirliklar va idoralarning taqdimnomalari asosida 4-iyulgacha ular bo‘yicha alohida qaror qabul qiladi.
(53-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
VII. Qabul qilish tartibi
54. Oliy harbiy ta’lim muassasasiga qabul qilish o‘quv yili uchun oliy harbiy ta’lim muassasasini butlash rejasiga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
55. Nomzodlarni oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan test sinovlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
56. Oliy harbiy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi nomzodlar belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda ularni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tanlashning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
57. Oliy harbiy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi 10-iyulda nomzodlarni o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi va tegishli protokolni rasmiylashtiradi.
(57-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
58. Oliy harbiy ta’lim muassasasining qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan protokol nomzodlarni oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
59. Ushbu Nizomni qo‘llash masalalari bo‘yicha paydo bo‘ladigan kelishmovchiliklar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
60. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan davlat organlari, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalari
RO‘YXATI
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi:
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
(“O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi” bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-avgustdagi 500-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 09/21/500/0767-son)
Mudofaa vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi;
(ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-maydagi 320-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 22-son, 427-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi;
(“Mudofaa vazirligi” bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-yanvardagi 36-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2021-y., 09/21/36/0063-son)
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti;
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurti;
(1-ilova oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti.
(1-ilova yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-iyuldagi 562-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son)
Davlat xavfsizlik xizmati:
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi.
(to‘qqizinchi — o‘n beshinchi xatboshilar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Oliy harbiy ta’lim muassasalariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tanlash tadbirlari kompleksini bosqichma-bosqich amalga oshirish
SXEMASI
(2-ilovaning matni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-oktabrdagi 655-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha chet tilidan imtihon o‘tkazish
TARTIBI
1. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida yagona ko‘p balli imtihon tizimi bo‘yicha chet tilidan imtihonlar 30-iyun kuniga qadar o‘tkaziladi va natijalar 1-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga taqdim etiladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 16-iyundagi 209-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 25-son, 306-modda)
2. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida imtihonlarni qabul qilish uchun fanlar bo‘yicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalarida imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishuv bo‘yicha oliy harbiy ta’lim muassasalari boshliqlarining buyruqlari bilan imtihon boshlanishidan bir oy oldin tajribali va malakali o‘qituvchilardan fanlar bo‘yicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi va komissiya raisi tasdiqlanadi;
imtihonlar tasdiqlangan jadvalga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
3. Imtihon test sinovlari majmuasi fanning egallagan o‘rnini hisobga olgan holda 75,6 ball yoki 39,6 ball oralig‘ida yagona ko‘p balli tizim bo‘yicha baholanadi.
Oliy harbiy ta’lim muassasalarining qabul komissiyalari imtihonlar boshlanishidan bir oy oldin nomzodlar e’tiboriga imtihon olinadigan fan dasturini, baholash mezonlarini, maslahatlar berish va imtihon jadvalini ma’lum qiladi.
4. Chet tilidan o‘tkaziladigan imtihonga belgilangan muddatda kelmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.
5. Qabul qilingan imtihon bo‘yicha e’tirozlar shu kunning o‘zida tegishli oliy harbiy ta’lim muassasasi buyrug‘i asosida tashkil etilgan apellatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 23-son, 271-modda; 2016-y., 25-son, 306-modda; 2017-y., 14-son, 229-modda, 22-son, 427-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/958/0353-son, 12.01.2018-y., 09/18/18/0550-son, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son; 12.03.2019-y., 09/19/210/2757-son, 30.04.2019-y., 09/19/365/3036-son, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son, 08.07.2019-y., 09/19/562/3387-son, 07.12.2019-y., 09/19/973/4123-son; 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son; 23.01.2021-y., 09/21/36/0063-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.08.2021-y., 09/21/500/0767-son, 22.10.2021-y., 09/21/655/0989-son)