1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.83.00 (Кучини йукотган) Taʼlim muassasalariga qabul qilish, oʻqishini koʻchirish, oʻqishdan chetlashtirish va qayta tiklash;
2.15.00.00.00 Mudofaa / 15.06.00.00 Harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash / 15.06.02.00 Kasbiy taʼlimning harbiy taʼlim muassasalari]
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan hamda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga muvofiq oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul qilish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Harbiy akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 17-fevraldagi 21-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-yil, 2-son, 7-modda) 3-bandiga “Davlat bojxona qoʻmitasi” soʻzlaridan keyin “Milliy xavfsizlik xizmati” soʻzlari qoʻshilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 26-sentabr,
277-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-sentabrdagi 277-son qaroriga ILOVA
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi va “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31 maydagi PQ–1765-son qaroriga hamda “Oʻzbekiston Respublikasida harbiy taʼlim tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida” 2005-yil 19-apreldagi F-2193-son farmoyishiga muvofiq oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni qabul qilish tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
Test sinovlari, shuningdek ularni oʻtkazish tartibini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Joylarda test sinovlarini oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarining boshliqlari tomonidan taʼminlanadi.
3. Maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiya tarkibi tegishli vazirlik yoki idora buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Abituriyentlar oliy harbiy taʼlim muassasasida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan yakuniy tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi yakuniy xulosa hisoblanadi va sogʻligʻining holatiga koʻra oʻqishga yaroqsiz deb topilganlar tanlovning navbatdagi bosqichiga qoʻyilmaydi.
4. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga qabul barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshiriladi.
Abituriyent test sinovlarini oliy harbiy taʼlim muassasasida oʻqitiladigan tilda topshiradi.
5. Abituriyent umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasida chet tili sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri boʻyicha oʻqitilgan boʻlsa, u holda, ushbu chet tilidan test sinovi topshiradi.
Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasida ingliz, nemis yoki fransuz tillari emas, balki boshqa chet tillar (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uygʻur va hokazo) oʻqitilgan boʻlsa, abituriyent test sinovi oʻrniga 2-ilovaga muvofiq “Oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon oʻtkazish tartibi” boʻyicha chet tilidan imtihon topshiradi.
Abituriyent qaysi chet tilidan imtihon topshirishini ariza (bildirgi)da qayd etadi.
6. Imtihon oʻtkaziladigan chet tillari boʻyicha baholash mezonlari oliy harbiy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va tegishli vazirlik yoki idora bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
II. Hujjatlarni qabul qilish
7. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻqishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idora tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyalari tashkil etiladi.
8. Oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalariga taqdim qilinadigan hujjatlar roʻyxati hamda abituriyentlarning oʻqishga qabul qilish haqidagi arizalarni topshirish muddatlari tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilanadi.
9. Xalqaro va respublika fan olimpiadalari, “Ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovi gʻoliblari, muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasini olganlar oliy harbiy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda qabul komissiyasi deb yuritiladi) tegishli hujjatlarning asl nusxasini taqdim etadilar.
Abituriyent tomonidan pasport hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan koʻrsatiladi.
Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent tanlovdan (oliy harbiy taʼlim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda uning hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Qabul komissiyasi 30-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga taʼlim yoʻnalishi, oʻquv shakli va tili koʻrsatilgan holda abituriyentlarning soni haqida belgilangan shakldagi maʼlumotni imtiyozga ega boʻlganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan birgalikda taqdim etadi.
III. Test sinovlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish tartibi
10. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlarini oʻtkazish tartibini belgilash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida test sinovlari 10-iyul kuni oʻtkaziladi.
11. Oliy harbiy taʼlim muassasalari taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati va test sinovi boʻyicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmui Davlat test markazi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda tegishli vazirlik va idora tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Davlat komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadi.
Test topshiriqlari oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq tuziladi.
12. Majmuaning har bir fani 36 topshiriqni oʻz ichiga oladi.
Quyidagi vaqt meʼyorlari belgilanadi:
a) 72 savolga — 2 soat;
b) 108 savolga — 3 soat.
Test sinovlari boshlanishiga qadar 30 daqiqagacha abituriyentlar javoblar varaqasini toʻgʻri toʻldirish bilan tanishadilar va uning tegishli joyiga oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yozadilar. Bu vaqt test savollariga javob berish uchun ajratilgan vaqt meʼyoriga kirmaydi.
Test sinovi sinov oʻtadigan xonada sinovni oʻtkazish qoidalari talablariga qatʼiy rioya etgan holda toʻgʻri va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat auditoriya rahbari va kuzatuvchisi zimmasiga yuklanadi.
Abituriyentlar test sinovlari oʻtkaziladigan auditoriyaga ertalab soat 8.30 gacha kiritiladi va test sinovlari 9.00 da boshlanadi.
Javoblar varaqasi abituriyent tomonidan havo rang pastali sharikli ruchka bilan toʻldiriladi.
Javoblar varaqasini toʻldirish uchun qoʻshimcha 20 daqiqa beriladi.
Javoblar varaqasining toʻgʻri toʻldirilishi uchun abituriyent shaxsan javobgardir. Javoblar varaqasidagi tegishli doirachalarni notoʻgʻri belgilagan abituriyentlarning eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi.
Abituriyentning uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirishi va ulardan foydalanishi qatʼiy man etiladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan binoga kirishda abituriyent mikrokalkulyator, lugʻat, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa yoki olib kirgan boʻlsa, test sinovlari davomida test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, abituriyent test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan hisoblanadi va auditoriya rahbari tomonidan dalolatnoma tuzilib, u test sinovidan chetlashtiriladi.
Test sinovi jarayonida abituriyent tomonidan savollar kitobi varagʻi yirtib olinganligi aniqlansa, test sinovlarini topshirish qoidalari buzilgan hisoblanadi va abituriyent test sinovidan chetlashtiriladi.
Belgilangan vaqtda test sinovlariga kelmagan abituriyentlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
13. Test sinovlarini tashkil etish va ularni joylarda adolatli oʻtkazish masʼuliyati test sinovlari qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda Davlat test markazi vakillari, qabul komissiyalari raislari, hokimliklarga va ular tomonidan tayinlanadigan auditoriyalarning rahbarlariga yuklanadi.
Test oʻtkazilgan kuni auditoriya rahbari va kuzatuvchisiga oliy harbiy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan tartibda pul mablagʻi toʻlanadi.
IV. Xalqaro va respublika fan olimpiadalari, tanlovlari hamda musobaqa gʻoliblarini oʻqishga qabul qilish
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida” 1993-yil 5-fevraldagi PF–555-son Farmoniga hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qaroriga muvofiq tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilangan tanlovdan (yakuniy tibbiy tekshiruv, ruhiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik boʻyicha sinov va hokazolar) oʻtgan Xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari tegishli oliy harbiy taʼlim muassasalariga mutaxassislik yoʻnalishining asosiy faniga muvofiqligi boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlar statusi haqida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq “Ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovi gʻoliblari Davlat komissiyasining qarori bilan oʻqishga test sinovlarisiz qabul qilinadilar.
15. Xalqaro va respublika fan olimpiadalari va “Ilgʻor serjant” nominatsiyasi boʻyicha respublika tanlovi gʻoliblari haqidagi maʼlumotlar oliy harbiy taʼlim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan taʼlim yoʻnalishi, oʻquv shakli va tili koʻrsatilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga hamda Davlat komissiyasiga 1-iyulgacha boʻlgan muddatda taqdim etiladi. Davlat komissiyasi gʻolib boʻlganlar boʻyicha tegishli vazirlik va idora tavsiyanomasi asosida 9-iyulgacha alohida qaror qabul qiladi.
V. Abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 31 maydagi PQ–1765-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlarida toʻplanadigan eng koʻp ballning 27 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlari statusi haqida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq serjant lavozimida kamida 5 (besh) yil davomida xizmat qilgan hamda harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega boʻlgan serjantlarga oliy harbiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda test sinovlarida toʻplanadigan eng koʻp ballning 20 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Harbiy akademik litseylar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2010-yil 17-fevraldagi 21-son qaroriga muvofiq respublika harbiy akademik litseylari bitiruvchilariga test sinovlarida toʻplanadigan eng koʻp ballning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi.
19. Yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari tibbiy tekshiruv natijalariga hamda tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyanomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan Oliy harbiy taʼlim muassasasiga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz qabul qilinadi.
20. Agar abituriyent bir vaqtning oʻzida ushbu Nizomning 16 — 18-bandlarida koʻrsatib oʻtilgan imtiyozlardan bir nechtasiga ega boʻlsa, unga eng yuqori foizli ball qoʻshiladi.
VI. Qabul qilish tartibi
21. Oliy harbiy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi taqdim etgan test sinovlari natijalari hamda ajratilgan kvotalar boʻyicha joylardagi harbiy boʻlinmalar va hududiy huquq-tartibot organlarining ehtiyojlariga asosan amalga oshiriladi.
22. Qabul komissiyasi belgilangan tartibga rioya qilmagan, harbiy va xizmat intizomini buzgan abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlovning har qanday bosqichidan chetlashtirish huquqiga ega.
23. 15-iyul kuni qabul komissiyasi (Ichki ishlar vazirligida — Mandat komissiyasi) abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish masalasini koʻrib chiqadi va tegishli bayonnomani rasmiylashtiradi.
24. Qabul komissiyasi (Ichki ishlar vazirligida — Mandat komissiyasi) raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma abituriyentlarni tinglovchi va kursantlar safiga qabul qilish haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.
X. Yakunlovchi qoida
25. Mazkur Nizomda belgilangan masalalar boʻyicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish
TUZILMASI
Oliy harbiy taʼlim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon oʻtkazish
TARTIBI
1. Oliy harbiy taʼlim muassasalarida yagona koʻp balli baholash tizimi boʻyicha chet tilidan imtihon 4-iyul kuniga qadar oʻtkaziladi va natijalar 5-iyul kuni Davlat test markaziga taqdim etiladi.
2. Oliy harbiy taʼlim muassasasida abituriyentlardan imtihon qabul qilish uchun fanlar boʻyicha imtihon komissiyalari tashkil etiladi.
Oliy harbiy taʼlim muassasasida imtihonni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
imtihon boshlanishidan bir oy oldin tajribali va malakali oʻqituvchilardan iborat tarkibda fan boʻyicha imtihon komissiyasi tashkil etiladi va fan boʻyicha imtihon komissiyasining raisi tegishli vazirlik yoki idoraning roziligiga koʻra oliy harbiy taʼlim muassasasi boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi;
imtihon tasdiqlangan jadvalga qatʼiy rioya etilgan holda oʻtkaziladi.
3. Imtihon test sinovlari majmualaridagi fanning egallagan oʻrniga qarab tegishli ravishda 75,6 ball yoki 39,6 ball oraligʻida yagona koʻp balli tizim boʻyicha baholanadi.
Oliy harbiy taʼlim muassasasining qabul komissiyasi imtihon boshlanishidan bir oy oldin abituriyentlar eʼtiboriga imtihon olinadigan fan dasturini, baholash mezonlarini, maslahat berish va imtihon jadvalini maʼlum qiladi.
4. Chet tilidan oʻtkaziladigan imtihonga belgilangan muddatda kelmagan abituriyentlar tanlovning keyingi bosqichiga qoʻyilmaydi.
5. Chet tilidan qabul qilingan imtihon boʻyicha eʼtiroz shu kunning oʻzida oliy harbiy taʼlim muassasasi buyrugʻi bilan tasdiqlangan apellyatsiya komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 39-son, 452-modda)