OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 4-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2465-1]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 15-fevraldagi 3/11-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2465-8, 13.04.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 26-apreldagi 9/1-sonli qarori (roʻyxat raqami 2465, 2013-yil 3-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 23-son, 309-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomgailovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2013-yil 23-noyabr,
22/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2013-yil 23-noyabrdagi 22/5-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
“9. Mablagʻlarni toʻlovchining hisobvaragʻida unga qoʻyilgan talablarni qondirish uchun yetarli miqdorda mablagʻlar boʻlmagan taqdirda, mablagʻlarni hisobdan chiqarish Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 2342, 2012-yil 15-mart) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 11-son, 127-modda) muvofiq amalga oshiriladi.”.
“38. Mablagʻlarni oluvchi bank tomonidan toʻlov tizimi orqali olingan elektron toʻlov topshiriqnomalari roʻyxat koʻrinishida chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi. Elektron toʻlov topshiriqnomasining bir nusxasi mablagʻlarni oluvchining shaxsiy hisobvaragʻidan koʻchirmaga ilova qilingan holda unga taqdim qilinadi.”.
“42. Tovarlarni yetkazib beruvchi toʻlov talabnomasining “Toʻlov maqsadi” grafasida:
shartnoma turi, sanasi va tartib raqami;
tovarni joʻnatish (topshirish) sanasi va tovar-transport yoki qabul qilish-topshirish hujjatlari raqami hamda transport turi, tovarlar pochta aloqasi orqali joʻnatilganda esa, pochta kvitansiyalarining raqami;
tovarlar sotib oluvchining transport vositasi bilan olib ketilganda “___-sonli ishonch xati asosida sotib oluvchining transport vositasi bilan olib chiqib ketilgan” degan yozuv koʻrsatilishi shart.”.
“savdo tashkilotlarini istisno qilganda, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan hisoblangan yagona soliq toʻlovi miqdorining qonun hujjatlarida belgilangan tegishli foizini oʻzaro qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi shartnomalar asosida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatini rivojlantirish jamgʻarmasiga undirish uchun;”;
“61. Mablagʻlarni ijro hujjatlari asosida undirish boʻyicha inkasso topshiriqnomalari ijro hujjatining asl nusxasi taqdim qilingan taqdirda, bank tomonidan qabul qilinadi. Ijro hujjatining asl nusxasi yoʻqolgan taqdirda, uning dublikati undiruv uchun asos boʻladi. Mablagʻlarni ijro hujjatlarining nusxalari asosida hisobdan chiqarish taqiqlanadi.
Sud ijrochilari tomonidan qoʻyiladigan inkasso topshiriqnomalari sud ijrochisining qaroriga ilova qilingan holda taqdim qilinadi.
Mablagʻlarni ijro hujjatlari asosida undirish boʻyicha inkasso topshiriqnomalari “Toʻlov maqsadi” grafasida ijro hujjatining tartib raqami va sanasi, shuningdek davlat boji xarajatlari va qarz summalari alohida ajratib koʻrsatilishi kerak.”.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 49-son, 640-modda)