toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 29.08.2023
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2013-yil 6-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2013-yil 22-avgustda ma’qullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-fevraldagi O‘RQ-819-sonli “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 29-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi muvofiqlikni baholash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunchilik
Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
akkreditatsiya — yuridik shaxslarning muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini Milliy akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;
akkreditatsiya sohasi — muvofiqlikni baholash organining akkreditatsiya chog‘ida Milliy akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadigan faoliyati sohasi;
inspeksiya nazorati — mahsulotni, ishlab chiqarish jarayonlarini, xizmatlarni, menejment tizimlarini, muvofiqlikni baholash organlarini ularning muvofiqlikni baholash davrida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladigan davriy qayta baholash tartib-taomili;
inspeksiya organi — yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani va inspeksiya nazoratini o‘tkazish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan yuridik shaxs;
milliy akkreditatsiya tizimi — muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish qoidalari va tartib-taomilini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat miqyosida faoliyat ko‘rsatuvchi tizim;
muvofiqlikni baholash — mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlar, muvofiqlikni baholash organlarining normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha faoliyat;
muvofiqlikni baholash organlari — yuridik shaxs bo‘lgan va muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari, sinov va kalibrlash laboratoriyalari (markazlari), mahsulotni, xizmatlarni, menejment tizimlarini, xodimlarni sertifikatlashtirish organlari;
muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni tasdiqlash — normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablari bajarilganligi isbotlangani haqida Milliy akkreditatsiya organi yoki muvofiqlikni baholash organlari tomonidan qabul qilingan qarorga asoslangan hujjatlashtirilgan (akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma, muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya tarzidagi) tasdiq;
xodimlar — muvofiqlikni baholashga doir ishlarni amalga oshirish uchun tayyorgarlikka va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar.
4-modda. Muvofiqlikni baholashning asosiy vazifalari
Muvofiqlikni baholashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
inson hayoti va sog‘lig‘i, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulki xavfsizligini ta’minlash;
atrof-muhit muhofaza qilinishini, shuningdek tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini ta’minlash;
mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlarning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash;
muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyaning belgilangan sohasida ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini tasdiqlash;
ichki va tashqi bozorlarda mahsulot hamda xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish;
xalqaro iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikda va xalqaro savdoda ishtirok etish;
savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish.
5-modda. Muvofiqlikni baholashning asosiy prinsiplari
Muvofiqlikni baholashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
muvofiqlikni baholashning yagona qoidalari va tartib-taomillarini qo‘llash;
muvofiqlikni baholash haqidagi axborotning ishonchliligi va ochiqligi;
akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarining xizmatlaridan foydalanishga to‘siqlar qo‘yishga va ular o‘rtasidagi raqobatni cheklashga yo‘l qo‘ymaslik;
davlat sirlarining, tijorat sirining va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning saqlanishi;
akkreditatsiya bo‘yicha faoliyatni sertifikatlashtirishga, muvofiqlikni deklaratsiyalashga, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani amalga oshirishga, mahsulot sinoviga, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalarini berishga, ekologik ekspertiza o‘tkazishga doir faoliyat bilan qo‘shib olib borilishiga yo‘l qo‘ymaslik.
(5-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
6-modda. Muvofiqlikni baholash obyektlari
Muvofiqlikni baholash obyektlari quyidagilardan iborat:
mahsulot;
ishlab chiqarish jarayonlari;
xizmatlar;
menejment tizimlari;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (16.01.2016-y., ro‘yxat raqami 2754).
akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslar;
muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor bo‘lgan mutaxassislar;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor bo‘lgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom” (30.12.2015-y., ro‘yxat raqami 2748).
muvofiqlikni baholash organlari inspeksiya nazoratidan o‘tkazilishi chog‘ida ushbu organlarning o‘zi.
7-modda. Muvofiqlikni baholashni amalga oshirish
Muvofiqlikni baholash:
akkreditatsiya qilish;
sertifikatlashtirish;
muvofiqlikni deklaratsiyalash;
inspeksiya nazorati;
yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya;
mahsulot sinovi;
sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza yo‘li bilan amalga oshiriladi.
(7-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
8-modda. Akkreditatsiyani amalga oshirish
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatli ekanligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarning tahlili va ekspertizasini, olingan dalillarni tekshiruvlar o‘tkazish yo‘li bilan baholashni o‘z ichiga oladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Mazkur Qonunning 3-bobi (“Akkreditatsiya”).
9-modda. Muvofiqlikni deklaratsiyalash
Muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi tomonidan tasdiqlash.
Muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarda belgilanadi.
Agar muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullarida mahsulot sinovini o‘tkazish zarur ekanligi belgilangan bo‘lsa, bunday sinov akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi (markazi) tomonidan ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi bilan tuzilgan shartnoma asosida o‘tkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi va “Mahsulotning xavfsizlik talablariga muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1465, 06.04.2005-y.).
10-modda. Inspeksiya nazoratini amalga oshirish
Inspeksiya nazorati Milliy akkreditatsiya organi, muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organlari yoki inspeksiya organlari tomonidan amalga oshiriladi. Inspeksiya nazorati natijalariga ko‘ra muvofiqlik sertifikatini yoki akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani tasdiqlash, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoxud sertifikatni yoki guvohnomani bekor qilish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”ning 5-bobi.
11-modda. Sertifikatlashtirishni, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani, mahsulot sinovini, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalarini yoki ekologik ekspertizani amalga oshirish
Sertifikatlashtirish, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya, mahsulot sinovi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(11-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxati”, “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan bir turdagi mahsulotlarning alohida turlarini sertifikatlash qoidalari” (ro‘yxat raqami 1513, 28.09.2005-y.), O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonuni.
12-modda. Muvofiqlikni tasdiqlashni amalga oshirish
Mahsulot, xizmatlar, ishlab chiqarish jarayonlari, menejment tizimlari, xodimlarning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash sertifikatlashtirish va muvofiqlikni deklaratsiyalash natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni deklaratsiyalash majburiy yoxud ixtiyoriy tusda bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: (“Mahsulotlarni majburiy va ixtiyoriy sertifikatlashtirish”), “Mahsulotning xavfsizlik talablariga muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1465, 06.04.2005-y.), Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 435-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tartibi to‘g‘risida nizom”.
Muvofiqlikni baholash organlarining muvofiqligini tasdiqlash ularni akkreditatsiya qilish natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
13-modda. Muvofiqlikni baholash qoidalari va tartib-taomili
Muvofiqlikni baholash qoidalari va tartib-taomili muvofiqlikni baholash sohasidagi tashkiliy hamda texnik talablarni, ishlarni bajarish va rasmiylashtirish tartibini, usullarini o‘z ichiga oladi.
Muvofiqlikni baholashga doir ishlar xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholashga doir ishlarga sifat bo‘yicha ekspert-auditorlar va (yoki) tegishli tarmoqlarning muvofiqlikni baholash sohasida ishlarni tashkil etishga, ushbu sohadagi jarayonga yoki faoliyatga taalluqli maxsus bilim va tajribaga ega bo‘lgan texnik ekspertlar jalb qilinishi mumkin.
14-modda. Muvofiqlikni baholash natijalarini tan olish
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida tan olish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
2-bob. Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
15-modda. Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar
Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(15-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining muvofiqlikni baholash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
muvofiqlikni baholash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
O‘zbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi shart bo‘lgan muvofiqlikni baholash obyektlari ro‘yxatini tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Xususan, qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxati”
Milliy akkreditatsiya organi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 20-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi to‘g‘risida nizom”.
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarining O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi tartibini tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi (yangi tahriri) Qonuni.
17-modda. O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholash sohasidagi vakolatlari
(17-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida:
(17-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi O‘RQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
muvofiqlikni baholash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek normativ hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi shart bo‘lgan muvofiqlikni baholash obyektlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir takliflar ishlab chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida o‘tkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini O‘zbekiston Respublikasida tan olish zarurligi to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
muvofiqlikni baholash sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etadi.
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining huquqlari
Muvofiqlikni baholash organlari:
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida sertifikatlashtirishni amalga oshirish;
muvofiqlik sertifikatlari berish;
o‘zi bergan muvofiqlik sertifikatlarining yoki muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazishning amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatib turish yoxud muvofiqlik sertifikatlarini yoki muvofiqlik haqidagi deklaratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazishni bekor qilish;
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida mahsulot sinovini o‘tkazish, o‘lchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash;
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida mahsulot sinovlariga oid bayonnomalarni, o‘lchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash to‘g‘risidagi bayonnomalarni berish;
Muvofiqlikni baholash organlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining majburiyatlari
Muvofiqlikni baholash organlari:
normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajarishi;
Oldingi tahrirga qarang.
manfaatdor shaxsga sertifikatlashtirish, muvofiqlikni deklaratsiyalash, inspeksiya nazorati, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya, mahsulot sinovlari, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza qoidalari va tartib-taomili to‘g‘risida axborot taqdim etishi;
(19-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-416-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirishi;
o‘zi bergan muvofiqlik sertifikatlarining, mahsulot sinovlariga oid bayonnomalarning, o‘lchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash to‘g‘risidagi bayonnomalarning, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazilgan muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning hisobini yuritishi;
o‘zi bergan muvofiqlik sertifikatlari va ro‘yxatdan o‘tkazilgan muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar, ularga o‘zgartirishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish, shuningdek ularni bekor qilish to‘g‘risida Milliy sertifikatlashtirish organini xabardor qilishi;
mahsulot sinovlari, o‘lchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlashning belgilangan qoidalari hamda tartib-taomillariga rioya etishi;
mahsulot sinovlari, o‘lchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash natijalarining to‘g‘riligini ta’minlashi;
akkreditatsiya bilan bog‘liq xarajatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lashi shart.
(19-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(19-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Akkreditatsiya
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”.
20-modda. Milliy akkreditatsiya organi
Milliy akkreditatsiya organi O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligidir.
Milliy akkreditatsiya organi:
muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
milliy akkreditatsiya tizimi tashkil etilishini, faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlaydi;
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi va ularga akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma beradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 22-moddasi.
muvofiqlikni baholash organlari ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 10-moddasi.
belgilangan tartibda akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turadi, tugatadi va ushbu guvohnomani bekor qiladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 25, 26 va 27-moddalari.
xalqaro akkreditatsiya organlari va xorijiy davlatlarning milliy akkreditatsiya organlari bilan akkreditatsiya masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi;
Muvofiqlikni baholash organlarining davlat reyestrini yuritadi.
Milliy akkreditatsiya organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(20-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Akkreditatsiya shartlari
Quyidagilarning mavjudligi akkreditatsiya shartlaridir:
akkreditatsiya qilinish uchun ariza;
Oldingi tahrirga qarang.
(21-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi O‘RQ-391-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
akkreditatsiya qilish so‘ralgan sohadagi ishlarni bajarish uchun akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslarning vakolatli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
akkreditatsiya bilan bog‘liq xarajatlar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.
Sertifikatlashtirish organi sifatida akkreditatsiya qilinishga talabgor bo‘lgan yuridik shaxslar muvofiqlikni baholash obyektlarining ishlab chiqaruvchilari, sotuvchilari, ijro qiluvchilari va iste’molchilariga nisbatan tashkiliy hamda moddiy jihatdan tobe bo‘lmasligi kerak.
Qonunchilikda akkreditatsiyaning boshqa shartlari ham belgilanishi mumkin.
(21-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiyaning belgilangan sohasidagi ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning shakli Milliy akkreditatsiya organi tomonidan tasdiqlanadi.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomadan boshqa shaxsning foydalanishi taqiqlanadi.
23-modda. Milliy akkreditatsiya tizimining belgisi
Milliy akkreditatsiya tizimi milliy akkreditatsiya tizimi belgisiga ega bo‘lib, ushbu belgi uni qo‘llovchi muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan akkreditatsiya qilinganligini bildiradi.
Muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani olish bilan bir vaqtda mazkur guvohnomaning amal qilish muddatida milliy akkreditatsiya tizimi belgisini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.
Milliy akkreditatsiya tizimi belgisining shakli va uni qo‘llash tartibi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi. Mazkur belgini qo‘llash qonunchilikda belgilangan tartibda pulli asosda amalga oshiriladi.
(23-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Akkreditatsiya sohasini o‘zgartirish
Akkreditatsiya sohasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya sohasini kengaytirishni yoki qisqartirishni so‘rab ariza bergan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi tomonidan qabul qilinadi.
Muvofiqlikni baholash organining akkreditatsiya sohasini kengaytirish u bilan kelishilgan muddatlarda akkreditatsiya qoidalari va tartib-taomillariga muvofiq amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya sohasini qisqartirish bo‘yicha qaror muvofiqlikni baholash organi qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi tomonidan inspeksiya nazorati natijalariga ko‘ra qabul qilinishi mumkin.
(24-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Akkreditatsiya sohasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror ustidan Milliy akkreditatsiya organi to‘g‘risidagi nizomda belgilanadigan tartibda shikoyat qilinishi yoxud sudga shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang:O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 50-moddasi.
25-modda. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish
Inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilmagan taqdirda, akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilishi mumkin.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga, sud tomonidan esa, o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(25-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish haqida qaror qabul qilgan Milliy akkreditatsiya organi yoki sud mazkur holatlar bartaraf etilganligi haqidagi tasdiqni olgan kundan e’tiboran o‘n kun muddat ichida akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini qayta tiklash haqida qaror qabul qilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang:O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 42-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 27-bobi (“Huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlarni yuritish”).
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u ko‘rgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 38 va 50-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatib turilganligi va qayta tiklanganligi haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozim.
26-modda. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatishni so‘rab ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs bo‘lgan muvofiqlikni baholash organi tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran, bundan uning o‘zgartirilishi mustasno;
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlarni Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
muvofiqlikni baholash organi normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni muntazam ravishda buzganda yoki bir marta qo‘pol tarzda buzganda;
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risida guvohnoma berish haqidagi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanganda;
akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilish muddati o‘tganda.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish Milliy akkreditatsiya organi tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining to‘rtinchi — oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(26-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organining yoki sudning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma Milliy akkreditatsiya organiga qaytarilishi va yo‘q qilib yuborilishi lozim.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u ko‘rgan zarar miqdorida javobgar bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 38 va 50-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganligi haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozim.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi uni tugatish haqida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran tugatiladi.
27-modda. Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi ariza bilan murojaat qilganda;
akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda bekor qilish sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda bekor qilish esa, Milliy akkreditatsiya organining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(27-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organining yoki sudning akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi qarorini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma Milliy akkreditatsiya organiga qaytarilishi, Muvofiqlikni baholash organlarining davlat reyestridan chiqarilishi va yo‘q qilib yuborilishi lozim.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma bekor qilinganligi haqidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozim.
Akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani bekor qilish haqida sudning hal qiluv qarori qabul qilinganda akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma u berilgan sanadan e’tiboran bekor qilingan hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Muvofiqlikni baholashga doir ishlarni moliyalashtirish
Muvofiqlikni baholashga doir ishlarni moliyalashtirish manfaatdor shaxslarning mablag‘lari, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholash sohasida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tariflarni hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikka muvofiq tasdiqlanadi.
(28-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
29-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining birlashmalari
Muvofiqlikni baholash organlari o‘z faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda muvofiqlikni baholash organlarining birlashmalarini tuzishi mumkin.
(29-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
30-modda. Nizolarni hal etish
Muvofiqlikni baholash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(30-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
31-modda. Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Muvofiqlikni baholash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(31-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(32-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2013-yil 5-oktabrdagi 196 (5870)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-oktabr,
O‘RQ-354-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 41-son, 542-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)