toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 16.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining
Qarori
Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 17-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2479]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 16-iyundagi 9-mb-sonli “Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3312, 16.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 12-son, 219-modda) 51-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 8-yanvardagi 8-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 7-modda) muvofiq, shuningdek statistika maʼlumotlarini elektron shaklda taqdim etish tartibini belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat statistika qoʻmitasi raisi B. TURAYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 24-iyun,
3-mb-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2013-yil 24-iyundagi 3-mb-son qaroriga
ILOVA
Elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron shaklda davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
nizom
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 12-son, 219-modda), “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 4-son, 41-modda), “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 230-modda) qonunlariga muvofiq, Internet tarmogʻi orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda elektron hujjat koʻrinishida davlat statistika hisobotini (bundan buyon matnda statistika hisoboti deb yuritiladi) taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
statistika hisoboti — koʻrsatkichlar nomi, maʼlumotlarni toʻldirish uchun joy, mansabdor shaxsning imzosi, shu jumladan elektron raqamli imzosi rekvizitlarini oʻz ichiga olgan, respondent tomonidan birlamchi hisob va buxgalteriya hujjatlarini umumlashtirish asosida toʻldiriladigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat statistika kuzatuvi shakli;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2018-yil 26-sentabrdagi 5-mb-sonli qarori (roʻyxat raqami 2479-1, 08.10.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2018-y., 10/18/2479-1/2008-son)
respondent — statistika hisobotini taqdim etuvchi yuridik shaxs (zarur hollarda uning vakolatxonasi yoki filiali);
elektron namuna — koʻrsatkichlar tavsifini, birlamchi statistik maʼlumotlarni tekshirish qismlarini, zarur meʼyoriy-axborot maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan maxsus dasturiy taʼminotning bir qismi boʻlgan statistika hisobotining elektron shakli;
elektron raqamli imzo — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus oʻzgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik yoʻqligini aniqlash va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasini identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan imzo;
elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot;
respondentning elektron raqamli imzosi (bundan buyon matnda RERI deb yuritiladi) — respondent nomidan statistika hisobotini taqdim etuvchi, kalit sertifikatining egasi boʻlgan shaxsning elektron raqamli imzosi;
statistika organining elektron raqamli imzosi (bundan buyon matnda SOERI deb yuritiladi) — elektron raqamli imzodan foydalangan holda statistika hisobotlarini elektron shaklda yigʻish tizimi doirasida elektron raqamli imzodan foydalanish vakolatiga ega boʻlgan, kalit sertifikatining egasi hisoblangan statistika organi xodimining elektron raqamli imzosi;
Elektron raqamli imzodan foydalangan holda statistika hisobotlarini elektron shaklda yigʻish tizimi (bundan buyon matnda Tizim deb yuritiladi) — statistika hisobotlarini Internet tarmogʻi orqali elektron shaklda qabul qilish, joʻnatish va qayta ishlashni taʼminlovchi axborot tizimi;
statistika hisoboti olinganligi haqida xabarnoma (bundan buyon matnda Xabarnoma deb yuritiladi) — statistika hisoboti kelib tushgan sanasi va statistika organi tomonidan koʻrib chiqish natijasini taqdim etish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotni oʻz ichiga olgan, Tizim tomonidan avtomatik tarzda shakllanuvchi xabar;
toʻgʻrilanishi lozim boʻlgan statistika hisobotini taqdim etish haqida koʻrsatma (bundan buyon matnda Koʻrsatma deb yuritiladi) — statistika hisoboti buzib koʻrsatilganligi (ishonchsizligi) aniqlangan hollarda, statistika organining SOERI bilan imzolangan va respondentga yuboriladigan elektron hujjat;
statistika hisoboti qabul qilinganligi haqida maʼlumotnoma (bundan buyon matnda Maʼlumotnoma deb yuritiladi) — statistika organi tomonidan statistika hisobotining qabul qilinganligini tasdiqlovchi, sanasi va qabul qilgan xodimning familiyasi koʻrsatilgan, SOERI bilan imzolangan va respondentga yuboriladigan elektron hujjat;
qayta ishlash davri — yigʻma statistika maʼlumotlarini oʻz vaqtida tarqatilishini taʼminlovchi, olingan statistik hisobotlarni tahlil qilish va umumlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan belgilangan vaqt oraligʻi. Qayta ishlash davri tegishli yigʻma statistika maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturida belgilangan tarqatish muddatidan oshmasligi kerak.
2. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish respondentning oʻz xohishiga koʻra axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda amalga oshirilishi mumkin.
Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etuvchi respondentlar, ularning qogʻoz shaklida nusxasini taqdim etishga majbur emas.
3. Statistika hisobotlarini elektron shaklda taqdim etmaydigan respondentlar uchun, ularni qogʻoz shaklida, tegishli statistika organiga taqdim etishning amaldagi tartibi saqlanib qolinadi.
4. Statistika organlari tomonidan statistika hisobotini belgilangan taqdim etish davriyligidan koʻproq talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Elektron shakldagi statistika hisoboti qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega hamda belgilangan tartibda arxivda saqlanishi lozim.
Elektron shakldagi statistika hisobotining saqlanish muddati, qogʻoz shaklidagi statistika hisobotlari uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
6. Zaruriyatga koʻra, statistika organi tomonidan elektron statistika hisobotining qogʻoz shakldagi nusxasi tayyorlanishi mumkin, nusxada tegishli rekvizitlar, tayyorlangan vaqti va sanasi koʻrsatiladi. Elektron statistika hisobotining qogʻoz shaklidagi nusxasi uni tayyorlagan statistika organi rahbari tomonidan imzolanadi.
7. Statistika hisobotini kiritish, qayta ishlash, tekshirish, joʻnatish va saqlash boʻyicha maxsus dasturiy taʼminot va elektron namuna Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy sayti (www.stat.uz) orqali bepul taqdim etiladi.
8. Statistika hisoboti shakliga belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tegishli elektron namunaga zarur oʻzgartirishlarni kiritib, rasmiy sayt orqali respondentni oʻzgartirishlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Elektron namunaning oʻzgarganligi toʻgʻrisida maʼlumot olinganda, respondent statistika hisobotini taqdim etish uchun oʻzgartirilgan elektron namunadan foydalanishi zarur.
2-bob. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish
9. Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish uchun respondent:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy sayti orqali Tizimga murojaat qiladi;
oʻzining shaxsiy kompyuteriga mustaqil ravishda maxsus dasturiy taʼminotni oʻrnatadi, shuningdek undan foydalangan holda oʻziga kerak boʻlgan statistika hisobotlarining elektron namunasini oʻrnatadi;
tegishli statistika hisoboti shaklini taqdim etish davriyligi va belgilangan muddatidan kechiktirmay elektron statistika hisobotini shakllantiradi va joʻnatadi.
10. Elektron shaklda taqdim etilgan statistika hisobotlari, toʻliq toʻldirilgan va hisobot maʼlumotlarining mantiqiy yaxlitligini tekshirish dasturiy modulini qoʻllagan holda tekshirilgan boʻlishi kerak.
Elektron namunaning har bir katakchasida statistika hisoboti namunasida yoki unga ilova qilingan roʻyxatda (nomenklatura, tasniflagich) keltirilgan oʻlchov birliklari boʻyicha faqat bitta koʻrsatkich koʻrsatiladi.
Tegishli katakchada:
koʻrsatkich yoʻq boʻlgan holda “–” belgisi;
koʻrsatkich qiymati belgilangan oʻlchov birligidan kam boʻlgan holda “0” qiymati yozib qoʻyiladi.
11. Statistika hisobotida quyidagi majburiy rekvizitlar koʻrsatilgan boʻlishi shart:
respondentning nomi va identifikatsion kodlari (KTUT, STIR);
respondentning elektron va pochta manzili;
hujjat yaratilgan sana;
uni tuzishga masʼul boʻlgan mansabdor shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
RERI.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qoshidagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazining elektron raqamli imzolar kalitlarini roʻyxatga olish markazi tomonidan berilgan RERI bilan imzolangan va oʻzida majburiy rekvizitlarni aks ettirgan elektron shakldagi statistika hisoboti respondentdan chiquvchi deb hisoblanadi.
Belgilangan namunaga mos kelmagan va RERI bilan imzolanmagan elektron shakldagi statistika hisoboti statistika organlari tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
3-bob. Statistika hisobotlarini taqdim etishda elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining oʻzaro hamkorligi
13. Respondentdan elektron statistika hisobotini qabul qilishda, Tizim uning elektron manzilini avtomatik ravishda roʻyxatdan oʻtkazadi. Tizim tomonidan elektron manzilning roʻyxatdan oʻtkazilishi, respondent uchun statistika hisobotlarini faqat elektron shaklda taqdim etish majburiyatini bermaydi.
14. Statistika hisobotini yuborgandan soʻng respondent uning olinganligi va uni koʻrib chiqish muddati toʻgʻrisida Tizim orqali avtomatik tarzda shakllantirilgan elektron Xabarnomani oladi, ushbu xabar uni statistika organi tomonidan qabul qilinganligini tasdiqlamaydi.
15. Xabarnomada koʻrsatilgan vaqtdan kechiktirmay, respondent quyidagi elektron hujjatlardan birini oladi:
Maʼlumotnomani — agar qayta ishlash uchun kelib tushgan statistika hisoboti statistika organlarining nazorat tizimidan muvaffaqiyatli oʻtsa va statistika maʼlumotlarida qoidabuzilishlar (arifmetik xatolar, mantiqiy qarama-qarshiliklar, avvalgi hisobot davrlari maʼlumotlari bilan taqqoslangandagi nomuvofiqliklar) yoʻq boʻlsa;
Koʻrsatmani — taqdim etilgan statistika hisobotida qoidabuzilishlar aniqlanganda.
16. Agar respondent, joriy hisobot davri uchun statistika hisobotini yuborgandan soʻng, undagi xatolar va nomuvofiqliklarni mustaqil aniqlasa, u statistika organlariga toʻgʻrilangan hisobotni tushuntirishlar bilan yuboradi.
Qayta ishlash davri oʻtguniga qadar respondent tomonidan toʻgʻrilangan hisobotning qayta yuborilishi, davlat statistika hisobotini taqdim etish tartibini buzish hisoblanmaydi, hisobot mazkur Nizomda belgilangan tartibda statistika organlari tomonidan qabul qilinadi va qayta ishlanadi.
17. Respondent tomonidan mustaqil toʻgʻrilangan hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturida belgilangan maʼlumotlarni tarqatish muddatlaridan kechikib qayta yuborilishi, davlat statistika hisobotlarini taqdim etish tartibini buzish hisoblanadi va qonun hujjatlariga muvofiq mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
18. Statistika organi xodimi, joriy hisobot davri uchun respondentdan elektron shakldagi statistika hisobotini qabul qilganda:
Xabarnomada belgilangan muddatdan kechiktirmay uni qayta ishlashni taʼminlashi;
statistika hisobotini qayta ishlash tugaganidan soʻng bir soatdan kechiktirmay, respondentga SOERI bilan imzolangan Maʼlumotnoma yoki Koʻrsatmani yuborishi;
joriy hisobot davri uchun statistika hisoboti oʻrnatilgan muddatdan erta kelib tushsa, hisobotni qabul qilishi, uni qayta ishlashni amalga oshirishi va bir soatdan kechiktirmay, respondentga SOERI bilan imzolangan Maʼlumotnoma yoki Koʻrsatmani yuborishi lozim.
19. Hisobotdagi statistika maʼlumotlarida qoidabuzilishlar aniqlangan hollarda, statistika organi tomonidan respondentga Koʻrsatma yuboriladi. Koʻrsatma barcha xato va nomuvofiqliklar roʻyxatini, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalarni, shuningdek toʻgʻrilangan maʼlumotlarni taqdim etish muddati va qayta ishlashni oʻtkazgan xodimning SOERIni oʻz ichiga olishi lozim.
Koʻrsatmadagi maʼlumotlarni toʻgʻrilab taqdim etish muddati, qayta ishlash davrini hisobga olgan holda belgilanadi.
20. Respondent Koʻrsatmani olgandan soʻng, statistika hisobotini toʻgʻrilab, uni statistika organiga qaytadan yuboradi.
Agar joriy hisobot davri uchun toʻgʻrilangan statistika hisoboti Koʻrsatmada belgilangan muddatda taqdim etilgan boʻlsa, hisobotlarni taqdim etish muddatlarini buzganligi uchun belgilanadigan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilmaydi.
21. Agar joriy hisobot toʻgʻri boʻlib, joriy statistika hisobotidagi nomuvofiqliklar ilgari yoʻl qoʻyilgan xatolar va buzib koʻrsatishlar (oʻtgan hisobot davrlarida) bilan bogʻliq boʻlganligi uchun respondent tomonidan uni toʻgʻrilash mumkin boʻlmasa, bu holda respondent Koʻrsatmada belgilangan muddatdan kechiktirmay:
nomuvofiqliklar sabablariga izoh bergan holda, joriy hisobotni statistika organiga qayta yuboradi;
oʻtgan hisobot davrlari uchun toʻgʻrilangan statistika hisobotini statistika organiga taqdim etadi (elektron yoki qogʻoz shaklida).
22. Nomuvofiqliklar sabablariga izoh berilgan holda yuborilgan joriy hisobotni respondentdan olganda, statistika organi:
joriy statistika hisobotini qabul qiladi va respondentga Maʼlumotnoma yuboradi;
respondentdan buzib koʻrsatishlar yoʻl qoʻyilgan barcha oʻtgan davrlar uchun toʻgʻrilangan statistika hisobotini qabul qiladi va ularga nisbatan tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralarini koʻrish masalasini hal etadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yigʻma davlat statistika maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha zarur harakatlarni amalga oshiradi.
23. Respondentda Maʼlumotnoma mavjud boʻlgan taqdirda, statistika hisoboti qabul qilingan deb hisoblanadi. Maʼlumotnomada koʻrsatilgan vaqt va sana statistika hisoboti topshirilgan muddat boʻlib hisoblanadi.
Respondent Maʼlumotnomani statistika hisobotini arxivda saqlash uchun belgilangan muddat davomida saqlaydi.
24. Texnik sabablarga koʻra, mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda Xabarnoma, Maʼlumotnoma yoki Koʻrsatmani olmagan respondent, ushbu holat boʻyicha oʻzi joylashgan joydagi statistika organiga xabar (elektron pochta orqali, telefonda yoki shaxsan) beradi.
25. Statistika organi xabarni olgandan soʻng, respondent bilan birgalikda, 8 soatdan oshmagan muddatda mazkur holatning kelib chiqish sabablarini aniqlash va uni bartaraf etish boʻyicha zarur harakatlarni amalga oshiradi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
26. Elektron shakldagi statistika hisobotlarini qabul qiluvchi statistika organlari xodimlari, ularni oʻz vaqtida qayta ishlanishi va olingan maʼlumotlar maxfiyligini taʼminlagan holda ulardan kelgusida faqat statistika maqsadlarida foydalanilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
27. Statistika organlari xodimlari statistika hisobotini RERI bilan noqonuniy imzolanishi uchun javobgar boʻlmaydilar.
28. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
29. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi raisi X. MIRZAXIDOV
2013-yil 24-iyun
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 29-son, 380-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2018-y., 10/18/2479-1/2008-son)