toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 02.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 14-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2469]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2019-yil 12-apreldagi 62-sonli “Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq, shuningdek unga oʻzgartirishni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2469-2, 01.05.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi 345-son “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 50-son, 559-modda) muvofiq buyuraman:
1. Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Z. RUZIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 11-may,
98-son
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2013-yil 11-maydagi 98-son buyrugʻiga
ILOVA
Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 6-dekabrdagi 345-son “Qishloq xoʻjaligi va meliorativ texnikani, asbob-uskunalarni hisobga olish va ularning texnik holatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 50-son, 559-modda) muvofiq traktorlar, oʻziyurar mashinalar, yoʻl qurilish va meliorativ texnikalarni (bundan buyon matnda texnika deb yuritiladi) boshqarish huquqini berish uchun traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlarini berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlarini berish Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Mashina va asbob-uskunalarning texnik holatini nazorat qilish davlat bosh inspeksiyasining hududiy organlari tomonidan mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2. Texnika yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoki maxsus oʻquv muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarga traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini berish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Mashina va asbob-uskunalarning texnika holatini nazorat qilish davlat bosh inspeksiyalarining buyrugʻi bilan tashkil etilgan komissiyalar (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Komissiya tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Mashina va asbob-uskunalarning texnika holatini nazorat qilish davlat bosh inspeksiyasining Qishloq xoʻjaligi texnikasi boʻyicha tuman va shahar inspektori (bundan buyon matnda davlat inspektori deb yuritiladi), tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi mutaxassisi hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasining soha boʻyicha oʻqituvchisi kiritiladi.
Davlat inspektori komissiya raisi hisoblanadi.
4. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni tegishli tumanda doimiy yoki vaqtincha roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarga beriladi.
II bob. Traktorchi-mashinistlarning bilimlarini tekshirish, guvohnomalar va ogohlantirish talonlarini berish
5. Texnika yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoki maxsus oʻquv muassasalarida taʼlim olgan fuqarolar traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini olish uchun davlat inspektoriga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladilar:
davlat inspektorining nomiga ariza;
tibbiy koʻrik maʼlumotnomasi;
fuqarolik pasportining nusxasi;
texnika yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoki maxsus oʻquv muassasalari tomonidan berilgan diplom yoki guvohnomaning nusxasi;
3 x 4 sm oʻlchamdagi 2 dona fotosurat;
traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini olish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
6. Imtihonlar olishda traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berilganligi uchun eng kam oylik ish haqi miqdoridan:
yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonlar olinganligi uchun — 0,04;
texnikani ekspluatatsiya qilish qoidalari boʻyicha imtihonlar olinganligi uchun — 0,23;
haydash koʻnikmalari qoidalari boʻyicha imtihonlar olinganligi uchun — 0,23;
guvohnoma berilganligi uchun — 0,17;
ogohlantirish taloni berilganligi uchun — 0,08 miqdorda yigʻim undiriladi.
Har bir takroriy imtihon uchun koʻrsatilgan summa 2 barobar miqdorida undiriladi.
Yoʻqolgan traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonlari oʻrniga yangilari berilganligi uchun koʻrsatilgan summa 5 barobar miqdorda undiriladi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2014-yil 17-noyabrdagi 9-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2469-1, 18.11.2014-y.) tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 47-son, 564-modda)
7. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini olish uchun yoʻl harakati qoidalaridan, texnikani ekspluatatsiya qilish qoidalaridan va haydash koʻnikmalari qoidalaridan imtihon topshiriladi.
8. Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlarini berishda imtihon yakunlari boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq dalolatnoma tuziladi.
9. Traktorchi-mashinistlar mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan imtihonlarning qaysi biridan oʻtolmagan boʻlsalar, 15 kundan keyin tegishli imtihonni takroriy topshirishlari mumkin.
10. Mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan imtihonlarning barchasidan oʻtgan traktorchi-mashinistlarga shu kunning oʻzida davlat inspektori tomonidan tegishli toifadagi guvohnoma va ogohlantirish taloni beriladi.
11. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini berishda texnikani boshqarish uchun ruxsat etilgan toifalar ustuniga “ruxsat etilgan” soʻzi bilan muhr qoʻyiladi.
Ruxsat berilmagan toifa ustuniga esa “chiziq” belgisi bilan muhr qoʻyiladi.
12. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni beriladigan texnika turlariga qarab A, B, C, D, E va F toifalarga boʻlinadi.
Ushbu toifalar quyidagicha tavsiflanadi:
“A” toifa — 14 kN (1,4 tk) gacha klassli gʻildirakli traktorlar;
“B” toifa — 14 kN (1,4 tk) dan yuqori klassli gʻildirakli traktorlar;
“C” toifa — zanjirli traktorlar;
“D” toifa — mexanik transmissiyali oʻziyurar mashinalar;
“E” toifa — gidrostatik transmissiyali oʻziyurar mashinalar;
“F” toifa — meliorativ va yoʻl-qurilishi texnikalari.
13. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni 3 sinfga boʻlinadi va traktorchi-mashinistlarga:
III-sinf “A”, “B”, “C”; “D”;
II-sinf “A”, “B”, “C”; “D”, “E”;
I-sinf “A”, “B”, “C”; “D”, “E” ,”F” toifadagi texnikalarni boshqarish huquqi beriladi.
14. III-sinf traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoki maxsus oʻquv muassasalarini bitirgan hamda imtihonlardan oʻtgan fuqarolarga beriladi.
15. II va I-sinf traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini olish uchun talabgor III-sinf traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni bilan kamida 2 yil ish stajiga ega boʻlgan hamda texnika yoʻnalishi boʻyicha oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi yoki maxsus oʻquv muassasalarida 240 soatdan kam boʻlmagan oʻquv dasturi asosida qayta oʻqigan boʻlishi lozim.
III bob. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish talonini almashtirish
16. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni yaroqsiz holatga kelganda yangisiga almashtirib beriladi.
17. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni yaroqsiz holga kelganda, yangisiga almashtirish uchun traktorchi-mashinist davlat inspektoriga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
davlat inspektori nomiga ariza;
yaroqsiz holga kelgan guvohnoma yoki ogohlantirish taloni;
belgilangan miqdorda yigʻim toʻlanganligi haqidagi hujjat.
18. Traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni yoʻqolganda davlat inspektoriga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
davlat inspektori nomiga ariza;
yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlari tomonidan guvohnoma yoki ogohlantirish taloni olib qoʻyilmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni berilgan joyi va sanasi toʻgʻrisida tegishli davlat inspektori tomonidan beriladigan maʼlumotnoma;
yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
19. Davlat inspektoriga barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni traktorchi-mashinist guvohnomasi va ogohlantirish taloni yangisiga almashtirib beriladi.
IV bob. Yakuniy qoida
20. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2013-yil 11-may
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri B. XODIYEV
2013-yil 11-may
Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish talonlari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

‎‎Traktorchi-mashinistlarga guvohnomalar va ogohlantirish
‎talonlarini berishda imtihon yakunlari boʻyicha

‎‎

DALOLATNOMA

‎‎________________ tuman (shahar)

‎‎20__ yil “___” _________________

‎‎__________ raqamli
T/r‎ F.I.O. Tugʻilgan
‎yil, kun,
‎oy‎‏
Oʻqigan
‎muassasasi
‎nomi,
‎diplom yoki
‎guvohnoma
‎raqami va
‎sanasi‎
Tibbiy koʻrik
‎maʼlumotnoma
‎raqami va
‎sanasi ‎‏
Imtihon natijalari‎‎
yoʻl
‎harakatidan
texnikani
‎ekspluatatsiya
‎qilishdan
haydash
‎koʻnikmalaridan
oʻtdi‎ oʻtmadi‎ oʻtdi‎ oʻtmadi‎ oʻtdi‎ oʻtmadi‎
1‎ 2‎ 3‎ 4‎ 5‎ 6‎ 7‎ 8‎ 9‎ 10‎ 11‎
‎‎
‎‎

‎‎Komissiya raisi

_____________‎

‎__________________________

(imzo)‎

‎‎(F.I.O.)

‎‎Komissiya aʼzolari

____________‎

‎‎_________________________ ‎

(imzo)‎

‎‎‎‎(F.I.O.)

____________‎ ‎

_________________________ ‎‎

(imzo)‎

‎‎‎‎(F.I.O.)

____________‎ ‎

_________________________ ‎‎

(imzo)‎

‎‎‎‎(F.I.O.)

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 24-son, 322-modda; 2014-y., 47-son, 564-modda)