1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.01.00 Asosiy qoidalar]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er]
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SOVETINING
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING YER TO‘G‘RISIDAGI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston SSR konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq mazkur qarorning nomidagi hamda matnidagi “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar tegishli kelishikdagi “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-apreldagi 599-I-son “O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksini amalga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuni 1990-yil 1-avgustdan, Qonunning 16-moddasi 1991-yil 1-yanvardan kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining yer haqidagi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuniga muvofiqlashtirib olingunga qadar O‘zbekiston Respublikasining yer haqidagi amaldagi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuniga zid kelmasa qo‘llanilaveradi.
3. O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuni mazkur qonun kuchga kiritilgandan keyin, ya’ni 1990-yil 1-avgustdan so‘ng paydo bo‘lgan yer xususidagi huquqiy munosabatlarga nisbatan joriy etiladi. Qonunning 16-moddasida ko‘zda tutilgan huquqiy munosabatlar bundan mustasnodir. Bu huquqiy munosabatlarga nisbatan mazkur modda 1991-yil 1-yanvardan boshlab qo‘llaniladi.
1990-yil 1-avgustgacha paydo bo‘lgan huquqiy munosabatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuni shu qonun kuchga kiritilgandan keyin paydo bo‘lgan huquqlarga va vazifalarga nisbatan qo‘llaniladi.
4. O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuni kuchga kiritilgan paytgacha mo‘tabar organlar qaror qabul etmagan bo‘lsa, yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun ajratib berish to‘g‘risidagi iltimosnomalar Qonunning 12-moddasida ko‘rsatilgan organlar tomonidan shu Qonunda ko‘zda tutilgan tartib va shartlarga rioya etilgan holda hal qilinadi.
Yer uchastkalarini ajratish to‘g‘risida 1990-yil 1-avgustgacha tegishli organlar tomonidan o‘zlarining huquqlari doirasida qabul etilgan, biroq O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi qonuni kuchga kirgan paytgacha ijro qilinmagan qarorlar ushbu Qonunning talablariga muvofiq ijro etilishi lozim.
5. Belgilab qo‘yilsinki, qishloq xo‘jalik korxonalarining xodimlari bo‘lmagan fuqarolar, shuningdek huquqiy shaxslar o‘zlariga 1990-yil 1-avgustgacha vaqtincha foydalanish uchun berib qo‘yilgan yer uchastkalariga ega bo‘lsalar, ular yerga egalik qilish yoki yerdan foydalanish huquqlarini rasmiylashtirguncha o‘z huquqlarini saqlab qoladilar. 13-moddaning 10-bandida ko‘zda tutilgan muddatni hisoblab chiqish Qonun kuchga kiritilgan paytdan boshlanadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetiga 1990-yil 1-dekabrgacha:
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonunidan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetiga taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarorlarini O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuniga muvofiq holga keltirish;
O‘zbekiston Respublikasi ministrliklari, davlat komitetlari va idoralari ushbu Qonunga zid keluvchi normativ hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishi va bekor qilishini ta’minlash topshirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti 1991—1993-yillarda:
xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining ixtiyoriga topshirish uchun foydalanilmayotgan va oqilona foydalanilmayotgan yerlarni aniqlasin;
O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi Qonuni qoidalaridan kelib chiqadigan yer munosabatlarini tartibga solish masalalari yuzasidan qonun hujjatlarini tayyorlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasining 1970-yil 25-sentabr Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer to‘g‘risidagi kodeksi (O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining Vedomostlari, 1970-yil, 27-son, 310-modda; 1977-yil, 32-son, 496-modda; 1978-yil, 16-son, 273-modda; 1980-yil, 16-son, 332-modda; 1981-yil, 16-son, 312-modda; 1988-yil, 4-son, 56-modda; 1990-yil, 6-son, 142-modda) 1990-yil 1-avgustdan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining agrar masalalar va suv xo‘jaligi, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari hamda qonunchilik, qonuniylik va huquq-tartibot masalalari komissiyalariga ushbu qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlar qanday amalga oshirilayotganligini nazorat qilib turish topshirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Raisi M. IBROHIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 20-iyun,
98-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1990-y., 16-18-son, 295-modda; 1991-y., 11-son, 273-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 83-modda)