QAYTA SUGʻURTA QILISH XIZMATLARI KOʻRSATISHNING YAGONA TALABLARI VA STANDARTLARI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 29-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2190]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-sonli “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 158-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-dekabr,
111-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 27-dekabrdagi 111-sonli buyrugʻiga ILOVA
Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlari toʻgʻrisidagi
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 10-apreldagi PQ-618-sonli “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 158-modda) muvofiq qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari va standartlarini belgilaydi.
I-boʻlim. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom bilan oʻrnatilayotgan yagona talablar Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurta qilish xizmatini koʻrsatuvchi sugʻurtalovchilar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun majburiydir.
2. Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning standartlari qayta sugʻurta qilish boʻyicha standart tushunchalardan va qayta sugʻurta qilish xizmatlarini koʻrsatishning standart shartlaridan iboratdir. Qayta sugʻurta qilish xizmatlarini koʻrsatishning standartlari, agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida yoki qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qayta sugʻurta qilish xizmatlarini koʻrsatish jarayonida qoʻllaniladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
II-boʻlim. Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning yagona talablari
3. Qayta sugʻurta qilish xizmatlari qayta sugʻurta qilish shartnomasi asosida koʻrsatiladi. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim. Bu talabga rioya etmaslik qayta sugʻurta qilish shartnomasining haqiqiy sanalmasligiga sabab boʻladi.
4. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi qayta sugʻurta qildiruvchining (qayta sugʻurta brokerining) oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yoʻllashi va qayta sugʻurtalovchi uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yoʻli bilan tuziladi.
5. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi quyidagi yoʻllar bilan tuzilishi mumkin:
a) mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan barcha shartlarni oʻz ichiga olgan bitta hujjatni tuzish;
b) qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) va uning asosida tuzilgan qayta sugʻurta qilish sliplarini tuzish.
6. Qayta sugʻurta qildiruvchi (qayta sugʻurta brokeri) tomonidan qayta sugʻurtalovchiga ular oʻrtasida avval tuzilgan qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) asosidagi qayta sugʻurta qilish slipini yuborish yoʻli bilan tavakkalchiliklarni qayta sugʻurtaga berilganda, qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) shartlari qayta sugʻurta qilish slipining ajralmas qismi hisoblanadi. Bunda har bir qayta sugʻurta qilish slipi alohida qayta sugʻurta qilish shartnomasi hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmish sugʻurtalovchilar oʻrtasida qayta sugʻurta qilish shartnomasi tuzilganda tomonlarning har biri boshqa tomondan sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya nusxasini taqdim etishini talab qilishi shart. Tomonlarning biri sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyada koʻrsatilmagan sugʻurta klasslari boʻyicha tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga (sugʻurtalashga) berganligi yoki qabul qilganligi aniqlansa, ushbu holatni aniqlagan tomon ofertani toʻxtatishi (qaytarib olishi/rad qilishi) yoki, agar tavakkalchilik qayta sugʻurta qilishga qabul qilingan (berilgan) boʻlsa, qayta sugʻurta qilish shartnomasini bekor qilishi shart.
8. Qayta sugʻurta qilish shartnomasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
tomonlarning toʻliq nomi;
qayta sugʻurta qilish shartnomasining raqami, tuzilgan joyi va sanasi;
qayta sugʻurta qilish shartnomasining amal qilish muddati;
qayta sugʻurta qilish obyekti;
sugʻurta hodisasi va istisnolar;
qayta sugʻurta qilishga berilayotgan tavakkalchiliklar;
sugʻurta qoplamasi amal qilish hududi (sugʻurta himoyasi amal qiluvchi hudud);
tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga berish va qabul qilish tartibi;
qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi va qayta sugʻurta qilish mukofoti;
(8-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qilish komissiyasi;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
qayta sugʻurta qilish mukofoti boʻyicha toʻlovlarni, sugʻurta tovonlarini va qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha boshqa toʻlovlarni amalga oshirish tartibi, muddatlari va valyutasi;
sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda tomonlarning xatti-harakatlari;
qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovoni miqdorini aniqlash tartibi;
tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga berish va qabul qilishda tomonlarning xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyishi oqibatlari;
qayta sugʻurta qilish shartnomasini bekor qilish tartibi;
shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda tomonlarning javobgarligi;
nizolarni hal qilish tartibi;
tomonlarning rekvizitlari;
tomonlar vakillarining mansabi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
(8-bandning yigirma ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 12-iyundagi 75-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2190-1, 01.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2190-1/3352-son)
81. Qayta sugʻurtalovchi (qayta sugʻurta brokeri) sugʻurta majburiyatlarini qayta sugʻurtalash uchun xorijiy sugʻurta tashkilotlariga berishdan avval beriladigan sugʻurta majburiyatlarining kamida 50 foizi miqdorida qayta sugʻurtalash boʻyicha ofertani (qayta sugʻurtalash shartnomalarini tuzish takliflarini) Oʻzbekiston Respublikasi hududida qayta sugʻurtalash faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan sugʻurta tashkilotlariga yuborishi shart. Bunda:
oferta shartlari sugʻurta majburiyatlarini xorijiy sugʻurta tashkilotlariga qayta sugʻurtalashga berish shartlariga muvofiq boʻlishi kerak;
oferta aksepti yoki akseptni rad etish qayta sugʻurtalovchilar — mahalliy sugʻurta tashkilotlari tomonidan, agar ofertada aksept uchun kechroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, ikki ish kunidan kechikmagan holda amalga oshiriladi;
sugʻurta majburiyatlari qayta sugʻurtalovchi — mahalliy sugʻurta tashkiloti tomonidan oʻzining ushlab qolish hajmi doirasida qabul qilinadi;
qayta sugʻurtalovchi — mahalliy sugʻurta tashkiloti sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan taqdirda va asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta toʻlovini amalga oshirishda qayta sugʻurtalash shartnomasi shartlari doirasida qayta sugʻurta qildiruvchining qarorlariga amal qiladi.
Ushbu band talablari obligator qayta sugʻurtalashga tatbiq etilmaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va investitsiya bitimlarida oʻzgacha tartib nazarda tutilgan boʻlsa, qoʻllanilmaydi.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 30-sentabrdagi 101-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2190-2, 16.10.2019-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2019-y., 10/19/2190-2/3917-son)
9. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasi va qayta sugʻurta qilish mukofoti absolyut miqdor koʻrinishida yoki tomonlar kelishuviga koʻra belgilangan sugʻurta summasi va qayta sugʻurta qilish mukofotini hisoblash mexanizmi koʻrinishida aniqlanadi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
10. Qayta sugʻurta qilish shartnomasining amal qilish muddatini (qayta sugʻurta qilish davrini) aniqlashda tomonlar shartnoma amal qilishining boshlanish va tugash paytini daqiqagacha aniqlikda belgilaydilar.
11. Qayta sugʻurta qilish shartnomasining tomonlari qayta sugʻurta qilish shartnomasiga yoki tomonlarning moliyaviy ahvoliga taalluqli maʼlumotlarni eʼlon qilish va boshqa usul orqali uchinchi shaxslarga oshkora etishga haqli emas.
Mazkur bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan maʼlumotlar, qayta sugʻurta qilish shartnomasi tomonidan boshqa tomonning yozma roziligi asosida, shuningdek qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda uchinchi shaxslarga oshkora qilinishi mumkin.
(11-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
III-boʻlim. Qayta sugʻurta qilish xizmatlarini koʻrsatishning standartlari
1-bob. Qayta sugʻurta qilish boʻyicha standart tushunchalar
12. Qayta sugʻurta qilish xizmatlarini koʻrsatishda foydalaniladigan asosiy atamalar va taʼriflarni turlicha talqin etilishining oldini olish maqsadida quyidagi standart tushunchalar qoʻllaniladi:
qayta sugʻurta qilish shartnomasining agregat limiti — qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlab berish majburiyatini olgan sugʻurta tovonining maksimal toʻlovlar summasi;
agregatlash — ziyon baholanayotgan va qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovoni summasi belgilanayotgan bir hodisa boʻyicha barcha zararlarning yigʻindisini chiqarish;
addendum — avval kelishilgan shartlarning tomonlar oʻrtasida kelishilgan oʻzgarishlarini oʻz ichiga olgan avval tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasiga yozma qoʻshimcha;
bordero — sugʻurta qilishga olingan va qayta sugʻurta qilish uchun moʻljallangan tavakkalchiliklar roʻyxatini, shuningdek ularning batafsil tavsifini oʻz ichiga olgan va qayta sugʻurta qilish shartnomasida belgilangan muddatda qayta sugʻurtalovchiga beriladigan hujjat;
brokerlik slipi — qayta sugʻurta brokerining qayta sugʻurtalovchiga qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi ofertasi;
mukofot deposi — qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurtalovchiga toʻlanishi lozim boʻlgan va qayta sugʻurta qildiruvchi hisob raqamida vaqtinchalik turgan sugʻurta mukofoti;
qayta sugʻurta qilish shartnomasi — ushbu shartnomaga muvofiq qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qilish shartnomasida kelishilgan toʻlov (qayta sugʻurta mukofoti) evaziga qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlari asosida qayta sugʻurta qildiruvchining sugʻurta shartnomasi boʻyicha aniqlangan sugʻurta tovonini (sugʻurta summasini) toʻlash majburiyati bilan bogʻliq xarajatlarini toʻliq yoki qisman qayta sugʻurta qildiruvchiga (yoki u tomonidan koʻrsatilgan boshqa shaxsga) qoplab berish majburiyatini oladi;
retrotsessiya shartnomasi — qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻlib, unga koʻra qayta sugʻurtalovchi oʻzi tuzgan qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta majburiyatlarining bir qismini yoki toʻliq qismini boshqa qayta sugʻurtalovchiga beradi;
qayta sugʻurtaga olingan sugʻurta shartnomasi — tavakkalchiliklari qayta sugʻurtaga olingan sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomasi;
kassa zarari — asosiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha qayta sugʻurta qilish shartnomasi tomonlari kelishgan zarar hajmi boʻlib, unga yetganda yoki oshganda qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qilish shartnomasida belgilangan muddatlarda sugʻurta tovonini qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlab berishga majbur;
kovernota — qayta sugʻurtalovchilar roʻyxati va ularning ulushlari koʻrsatilgan holda qayta sugʻurtalovchi yoki qayta sugʻurta brokeri tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchiga beriladigan tavakkalchilik qayta sugʻurtaga olinganligini yoki qayta sugʻurta qilish shartnomasi tuzilganligini tasdiqlovchi qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi guvohnoma;
kompromiss toʻlov — sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta hodisasi deb tan olinmasligi yoxud qonunchilik hujjatlarida koʻrsatib oʻtilgan yoki sugʻurta shartnomasi asosida qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlashni rad qilishi yoki uning hajmini kamaytirishi mumkin boʻlgan hodisa sodir boʻlganligi natijasida qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlashi;
(12-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
kvota ulushli qayta sugʻurta qilish — proporsional qayta sugʻurta qilish turi boʻlib, uning shartlariga muvofiq qayta sugʻurta qildiruvchi maʼlum sugʻurta turi, sugʻurta turlarining guruhi yoxud butun sugʻurta portfeli boʻyicha qabul qilingan oldindan kelishilgan yoki istisnolarsiz barcha sugʻurta tavakkalchiliklarning qayta sugʻurtalovchi bilan kelishilgan ulushini qayta sugʻurta qilishga berish;
qayta sugʻurta qilish shartnomasi limiti — qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovoni toʻlovini amalga oshirish majburiyati yuzaga kelishi mumkin boʻlgan maksimal summa;
noproporsional qayta sugʻurta qilish — shunday qayta sugʻurta turiki, u boʻyicha barcha hisob-kitoblar asosiy sugʻurta yoki qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha zararlar miqdoriga asoslanadi, qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyati qayta sugʻurta qildiruvchining qayta sugʻurta qilish shartnomasida oʻrnatilgan tartibda hisoblangan yakuniy zarari miqdori qayta sugʻurta qilish shartnomasida kelishilgan miqdordan ortganda yuzaga keladi;
obligator qayta sugʻurta qilish — qayta sugʻurta qilishning shunday shakliki, unda qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchi bilan tuzgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlariga koʻra ushbu shartnoma taʼsir doirasiga kiruvchi asosiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha tavakkalchiliklarni qayta sugʻurtalovchiga qayta sugʻurta qilishga berishga, qayta sugʻurtalovchi esa ushbu tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga qabul qilishga majburdirlar;
obligator-fakultativ qayta sugʻurta qilish — qayta sugʻurta qilishning shunday shakliki, unda qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchi bilan tuzgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlariga koʻra tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga berishga majbur, qayta sugʻurtalovchi esa qayta sugʻurta qildiruvchining tavakkalchiliklarini oʻz xohishiga koʻra qayta sugʻurtaga qabul qilish huquqiga ega;
qayta sugʻurta qilish obyekti — qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurtalovchi sifatida tuzilgan sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash xavfi;
(12-bandning oʻn toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
daʼvo ustidan nazorat toʻgʻrisida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan qayta sugʻurta qilish boʻyicha tomon (qayta sugʻurtalovchi, qayta sugʻurta brokeri) sugʻurta daʼvosini mustaqil koʻrib chiqish (hal qilish) boʻyicha butkul huquqqa ega. Qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurta qilish boʻyicha tomonning sugʻurta javobgarligini tan olish yoki rad etish toʻgʻrisidagi har qanday qarorini tan oladi;
taqdirga ergashish toʻgʻrisida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan sugʻurta daʼvosini koʻrib chiqish (hal qilish) boʻyicha barcha huquqlarga qayta sugʻurta qildiruvchi butkul egalik qiladi. Qayta sugʻurtalovchi (qayta sugʻurta brokeri) qayta sugʻurta qildiruvchining sugʻurta javobgarligini tan olish yoki rad etish toʻgʻrisidagi har qanday qarorini tan oladi;
daʼvolarni hal qilish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida shartlashish — ushbu shartlashishga asosan qayta sugʻurta qilish boʻyicha tomonlar (qayta sugʻurta qildiruvchi, qayta sugʻurtalovchi, qayta sugʻurta brokeri) sugʻurta daʼvosini koʻrib chiqish (hal qilish) boʻyicha oʻzlarining barcha harakatlarini oʻzaro kelishadilar;
original sugʻurta mukofoti — asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta qilish shartnomasiga koʻra qayta sugʻurta qildiruvchi boʻlgan sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta qildiruvchidan olinayotgan sugʻurta mukofoti;
original shartlar — asosiy sugʻurta shartnomasi tarkibida boʻlgan shartlar;
original sugʻurta qildiruvchi — asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta qildiruvchi;
original sugʻurtalovchi — asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi;
asosiy sugʻurta shartnomasi — qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurtalovchi sifatida tuzilgan sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomasi boʻlib, u boʻyicha sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash tavakkalchiligi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta qilinadi;
(12-bandning yigirma yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qilish — sugʻurtalovchi sugʻurta shartnomasi boʻyicha oʻz zimmasiga olgan sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash xavfi uning tomonidan toʻliq yoki qisman boshqa sugʻurtalovchida (sugʻurtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalanishi;
(12-bandning yigirma sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
summalar eksedenti asosida qayta sugʻurta qilish — proporsional qayta sugʻurta qilishning shunday turiki, uning shartlariga koʻra qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurta qilishga faqat sugʻurta summasi qayta sugʻurta qilish shartnomasida koʻrsatilgan miqdordan (oʻzida qoldirilgan ulush miqdoridan) katta boʻlgan sugʻurta qilish shartnomalarini qayta sugʻurta qilishga beradi, qayta sugʻurtalovchi esa ularni qabul qiladi. Bunda qayta sugʻurta qildiruvchi shartlashilgan oʻz ulush miqdorini oʻz masʼuliyatida olib qoladi, qayta sugʻurtalovchi esa sugʻurta summasining qolgan qismidagi, lekin qayta sugʻurta qilish shartnomasida oʻrnatilgan limit doirasida sugʻurta majburiyatlarini qabul qiladi;
(12-bandning yigirma toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
zarar ekssedenti asosidagi qayta sugʻurta qilish — noproporsional qayta sugʻurta qilishning shunday turiki, uning shartlariga koʻra qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyati faqat sugʻurta qilingan tavakkalchilik boʻyicha sugʻurta hodisasi yoki bir voqea tufayli yuzaga kelgan bir qancha sugʻurta hodisalari natijasida yetkazilgan zarar miqdori qayta sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan miqdordan ortgandagina yuzaga keladi;
zararlilik ekssedenti asosida qayta sugʻurta qilish — noproporsional qayta sugʻurta qilishning shunday turiki, uning shartlariga koʻra qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyati faqat asosiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha maʼlum bir vaqt davrida sugʻurta tovonlarining sugʻurta mukofotlariga nisbati sifatida aniqlanadigan sugʻurta mukofotlari zararliligi qayta sugʻurta qilish shartnomasida belgilangan foizdan yoki maʼlum miqdordan ortgandagina yuzaga keladi;
qayta sugʻurta qildiruvchi — oʻziga qabul qilgan tavakkalchiliklarni qayta sugʻurtaga beruvchi sugʻurtalovchi (qayta sugʻurtalovchi);
qayta sugʻurta qilish sigʻimi — qayta sugʻurtalovchining tavakkalchilikni qayta sugʻurta qilishga qabul qilishining moliyaviy imkoniyati bahosi;
qayta sugʻurta qilish komissiyasi — qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlariga muvofiq qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlanadigan yoki qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta mukofotidan ushlab qoladigan mukofot;
qayta sugʻurta mukofoti (brutto-mukofot) — qayta sugʻurta qilish shartnomasida belgilangan qayta sugʻurta qilish komissiyasi, shuningdek qayta sugʻurta qilish shartnomasida koʻzda tutilgan boshqa toʻlovlarni oʻz ichiga olgan qayta sugʻurta qilish uchun toʻlov;
qayta sugʻurta netto-mukofoti — qayta sugʻurta mukofotidan (brutto-mukofotdan) qayta sugʻurta qilish shartnomasida koʻzda tutilgan qayta sugʻurta qilish komissiyasi va qayta sugʻurta brokerining komission mukofotining ayirmasiga teng miqdor;
qayta sugʻurta xizmati — qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchiga ular oʻrtasida tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi asosida koʻrsatilayotgan xizmat;
qayta sugʻurta qoplamasi — asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlangan sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) yoki uning bir qismini qayta sugʻurta qildiruvchiga qoplab berish boʻyicha qayta sugʻurtalovchining majburiyati;
(12-bandning oʻttiz sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qilish slipi — qayta sugʻurta qilishga berilayotgan tavakkalchilikni sugʻurta qilishning asosiy shartlarini oʻz ichiga olgan va uni yuborish yoʻli bilan qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) asosida qayta sugʻurtalovchiga qabul qilish uchun tavakkalchiliklar taklif qilinuvchi hujjat;
qayta sugʻurtalovchi — faqat qayta sugʻurta qilish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega yoxud sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs, oʻzi joylashgan davlat qonunchilik hujjatlariga muvofiq, qayta sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega chet el sugʻurta tashkiloti;
(12-bandning qirqinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
proporsional qayta sugʻurta qilish — qayta sugʻurta qilishning shunday turiki, unga muvofiq qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash borasidagi majburiyati qayta sugʻurta qilish shartnomasida kelishilgan proporsiyada (foizlarda) aniqlanadi;
professional qayta sugʻurtalovchi — faqat qayta sugʻurta qilish faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyasiga ega tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs;
qayta sugʻurta qilish davri — qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatini olib borish vaqt oraligʻi;
qayta sugʻurta qilishga qabul qilingan tavakkalchiliklar — asosiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan va ular boʻyicha sugʻurta hodisasi roʻy berganda qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlangan sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) yoki uning bir qismini qayta sugʻurta qilish shartnomasiga asosan qoplab berish majburiyatini olgan tavakkalchiliklar;
(12-bandning qirq toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
oʻzida qoldirilgan ulush — qayta sugʻurta qildiruvchining asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha oʻz javobgarligida olib qolayotgan sugʻurta majburiyatlari miqdori;
qayta sugʻurta qilish shartnomasi amal qilish muddati — qayta sugʻurta qilish shartnomasi kuchga kirishdan uning amal qilishi toʻxtagungacha boʻlgan vaqt oraligʻi;
sugʻurta voqeasi — sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasi deb tan olinishi mumkin boʻlgan roʻy bergan voqea;
asosiy shartnoma boʻyicha sugʻurta hodisasi — sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomasida koʻzda tutilgan, u yuzaga kelganda sugʻurtalovchining (qayta sugʻurtalovchining) sugʻurta qildiruvchi (qayta sugʻurta qildiruvchi) yoki naf oluvchiga sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash majburiyati paydo boʻladigan voqea;
(12-bandning qirq sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
sugʻurta majburiyatlari — sugʻurtalovchining sugʻurta (birgalikda sugʻurta qilish, qayta sugʻurta qilish) shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash boʻyicha majburiyatlari;
(12-bandning qirq toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qilishga berilgan sugʻurta majburiyatlari — qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurtalovchi tomonidan qoplab beriladigan qayta sugʻurta qildiruvchining sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash boʻyicha majburiyatlari;
(12-bandning elliginchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qilishga qabul qilingan sugʻurta majburiyatlari — qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash boʻyicha majburiyatlari;
tantyema — qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlanadigan qayta sugʻurta qilish shartnomasi yoki qayta sugʻurta qilish shartnomalari guruhining amal qilishi yakuniy natijalari boʻyicha qayta sugʻurtalovchi olgan daromadidan komission haq;
fakultativ qayta sugʻurta qilish — qayta sugʻurta qilishning shunday shakliki, unga koʻra qayta sugʻurta qildiruvchi oʻz ixtiyoriga koʻra tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga beradi, qayta sugʻurtalovchi esa oʻz ixtiyoriga koʻra ushbu tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga oladi;
fakultativ-obligator qayta sugʻurta qilish — qayta sugʻurta qilishning shunday shakliki, uning shartlariga koʻra qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchi bilan tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlarida tavakkalchiliklarni qayta sugʻurtalovchiga oʻz ixtiyoriga koʻra qayta sugʻurta qilishga berish huquqiga ega, qayta sugʻurtalovchi esa taklif qilinayotgan tavakkalchiliklarni qabul qilishga majbur.
2-bob. Qayta sugʻurta qilish xizmatlari koʻrsatishning standart shartlari
1-§. Qayta sugʻurta qilish shartnomasining tuzilishi va kuchga kirishining standart shartlari
13. Qayta sugʻurta qildiruvchi va qayta sugʻurtalovchi oʻrtasida tuzilayotgan qayta sugʻurta qilish shartnomasi tomonlarning qayta sugʻurta qilish sohasidagi munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy hujjatdir.
14. Qayta sugʻurta qilish shartnomasining tuzilishi va kuchga kirishi sanasi boʻlib, qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan qayta sugʻurta qilish mukofoti yoki uning birinchi badalini toʻlanganligidan qatʼi nazar, qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchining (qayta sugʻurta brokerining) ofertasini akseptlash sanasi hisoblanadi.
15. Agar fakultativ qayta sugʻurta qilishda oferta qayta sugʻurta qildiruvchi (qayta sugʻurta brokeri) tomonidan qayta sugʻurtalovchiga asosiy sugʻurta shartnomasi kuchga kirgandan keyin yuborilgan boʻlsa, qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchining (qayta sugʻurta brokerining) ofertasi qabul qilinganda, qayta sugʻurtalovchi ofertani akseptidan avval asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha roʻy bergan sugʻurta hodisalari boʻyicha javobgarlik olib bormaydi.
16. Qayta sugʻurta qildiruvchi (qayta sugʻurta brokeri) qayta sugʻurtalovchiga qayta sugʻurta qilish slipini yuborish yoʻli bilan tavakkalchiliklarni qayta sugʻurta qilishga berayotganda qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchiga (qayta sugʻurta brokeriga) qayta sugʻurta qilish slipida koʻrsatilgan tavakkalchiliklarni qabul qilishi boʻyicha qarori toʻgʻrisida besh ish kuni ichida yozma xabar berishi shart.
17. Qayta sugʻurta qilish shartnomasida nazarda tutilgan tomonlarning huquq va majburiyatlari qayta sugʻurta qilish shartnomasi kuchga kirgan paytdan boshlab yuzaga keladi.
18. Tavakkalchiliklar qayta sugʻurta qilishga berilayotganda qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchi talabi boʻyicha qayta sugʻurta qilishga berilayotgan tavakkalchilik haqida barcha zarur axborotni, shuningdek tegishli hujjatlar va sugʻurta qoidalarini qayta sugʻurtalovchiga taqdim etishi shart.
19. Obligator qayta sugʻurta qilish shartnomasi tuzilayotganda qayta sugʻurta qilish davri obligator qayta sugʻurta qilish shartnomasi kuchga kirish paytidan avval asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sodir boʻlgan sugʻurta hodisalarini qamrab olishi mumkin.
20. Obligator qayta sugʻurta qilish shartnomasi uni tomonlar imzolagan paytdan ayni paytda u qamrab oladigan qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan tuzilgan asosiy sugʻurta shartnomalarining mavjudligidan va kuchga kirganligidan qatʼi nazar, tuzilgan hisoblanadi va kuchga kiradi.
21. Fakultativ qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha qayta sugʻurta qildiruvchi asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta obyektidagi barcha oʻzgarishlar va sugʻurta tavakkalchiligining oshishiga taʼsir etishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar haqida unga maʼlum boʻlgan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmasdan qayta sugʻurtalovchiga xabar berishi shart.
22. Agar asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha ikki va undan ortiq sugʻurta obyektlari sugʻurtalangan boʻlsa, proporsional qayta sugʻurta qilinganda qayta sugʻurta qildiruvchi har bir sugʻurta obyekti boʻyicha sugʻurta majburiyatlarining proporsional qismini oʻzida qoldiradi.
2-§. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning standart shartlari
23. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta mukofoti va sugʻurta tovoni miqdorlarini aniqlash uchun toʻlov valyutasidan farq qiluvchi boshqa valyuta ekvivalentidan foydalanilsa, hisob-kitoblar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlovni amalga oshirish kunidagi rasmiy kursi qabul qilinadi.
24. Toʻlov kuni boʻlib, tegishli summa mablagʻ oluvchi tomonning hisob raqamiga kelib tushgan kun hisoblanadi.
25. Qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchiga qayta sugʻurta mukofotini (uning birinchi badalini) qayta sugʻurta qilish shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda qayta sugʻurta qilish komissiyasi va boshqa toʻlovlarni chegirib qolgan holda qayta sugʻurta qildiruvchining hisob raqamiga asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti (uning birinchi badali) kelib tushgan kundan boshlab yoki qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qilish shartnomasini (agar tavakkalchilik qayta sugʻurta qilishga qayta sugʻurta qilish slipini yuborish yoʻli bilan amalga oshirilayotgan boʻlsa, qayta sugʻurta qilish slipini) imzolagan kundan boshlab, ushbu ikki sananing qay biri kechroq ekanligidan kelib chiqib, oʻn ish kuni ichida toʻlaydi.
26. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinsa, qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchiga qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta mukofotining qayta sugʻurta qilish shartnomasi amal qilishi muddatining tugamagan davriga proporsional qismini qayta sugʻurta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilingan kundan boshlab besh ish kuni ichida qaytarishi shart.
27. Agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida qayta sugʻurta mukofotini qismlarga boʻlib (har oyda, har chorakda, har yarim yilda va sh.k.) toʻlash nazarda tutilgan boʻlsa, navbatdagi badallar qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan qayta sugʻurta shartnomasi tuzilgan kundan yoki avvalgi badal toʻlangan kundan tegishli muddat oʻtgungacha boʻlgan sanadan kechiktirmasdan, ushbu sanalardan qay biri kechroq ekanligidan kelib chiqib, toʻlanishi shart.
28. Qayta sugʻurta mukofoti yoki uning navbatdagi badali toʻlovi qayta sugʻurta qildiruvchiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra kechikkan taqdirda qayta sugʻurta qildiruvchi bu haqda imkon boʻlishi bilanoq qayta sugʻurtalovchini yozma xabardor qilishi shart.
29. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta mukofotining navbatdagi badal toʻlovini kechiktirilishi qayta sugʻurta qilish shartnomasini muddatidan ilgari bekor boʻlishiga olib kelmaydi.
30. Sugʻurta voqeasi sodir boʻlgan paytda qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurta mukofotini toʻlash majburiyatini bajarmagan yoki tegishli ravishda bajarmagan holatlarda, qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchiga toʻlashi lozim boʻlgan sugʻurta tovonini toʻlayotganda sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan paytda kelib tushmagan qayta sugʻurta mukofoti summasini ushlab qolishga haqli.
3-§. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning yuzaga kelishi va sugʻurta tovoni toʻlanishining standart shartlari
31. Qayta sugʻurtalovchining qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatlari asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurta qildiruvchining shunday majburiyatlari kelib chiqqunga qadar yuzaga kelishi mumkin emas.
32. Asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta hodisasi deb tan olinishi mumkin boʻlgan voqea sodir boʻlganda, qayta sugʻurta qildiruvchi tegishli xabarni olgandan keyin besh ish kunidan kechiktirmasdan qayta sugʻurtalovchini bu haqda xabardor qilishi shart.
33. Asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta daʼvolarini hal etish qayta sugʻurta qilish shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta daʼvolarini hal etish boʻyicha shartlashish asosida amalga oshiriladi.
Agar qayta sugʻurta qilish shartnomasida sugʻurta daʼvolarini hal etish boʻyicha shartlashish nazarda tutilmagan boʻlsa, qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta daʼvosini asosiy sugʻurta shartnomasiga muvofiq mustaqil hal etadi, bunda u maslahatlar olish uchun qayta sugʻurtalovchiga murojaat etishi mumkin. Qayta sugʻurtalovchi asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasining 50% dan koʻpini qayta sugʻurta qilishga olgan taqdirda qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta voqeasini sugʻurta hodisasi deb tan olish, sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) miqdorini aniqlash va uni toʻlash haqidagi qarorini qayta sugʻurtalovchi bilan kelishishi shart.
(33-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
34. Qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchidan sugʻurta tovonini toʻlash haqidagi talabi boʻyicha arizani barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida bunday ariza boʻyicha qaror qabul qilishi va qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash haqida qaror qabul qilgan taqdirda, sugʻurta tovonini toʻlash haqida qaror qabul qilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida sugʻurta tovonini qayta sugʻurta qildiruvchiga oʻtkazishi shart.
35. Qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurta qilish shartnomasi amalda boʻlgan davrda asosiy sugʻurta shartnomasiga muvofiq sugʻurta tovoni (sugʻurta toʻlovi) toʻlovlari bilan bogʻliq qayta sugʻurtalovchining qayta sugʻurta qildiruvchiga sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatlari qayta sugʻurta qilish shartnomasi muddati tugashi bilan toʻxtamaydi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
36. Qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchi bilan kelishgan holda oʻz mutaxassislarini yoki mustaqil ekspertlarni sugʻurta voqeasi kelib chiqish holatlarini tekshirishda qatnashish uchun yuborishga haqli.
Bunda qayta sugʻurtalovchi jalb etgan mutaxassislar yoki mustaqil ekspertlarning tekshirishda qatnashishi bilan bogʻliq xarajatlar qayta sugʻurtalovchi tomonidan toʻlanadi.
Sugʻurta hodisasini tekshirishda qatnashish uchun mustaqil ekspertlar qayta sugʻurtalovchi tomonidan qayta sugʻurta qildiruvchining soʻroviga muvofiq jalb qilingan holda bunday ekspertlarning xizmatlari uchun toʻlovlar boʻyicha xarajatlar qayta sugʻurta qildiruvchi tomonidan toʻlanib, keyinchalik qayta sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta tovonida oʻzining ulushiga proporsional ravishda qoplanadi.
37. Qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish yoki uning miqdorini kamaytirish huquqiga ega, agarda:
qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash haqidagi qarorini asosiy sugʻurta shartnomasi yoki qayta sugʻurta qilish shartnomasi shartlarini buzgan holda qabul qilgan boʻlsa;
(37-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchidan asosiy sugʻurta shartnomasi shartlarini yoki tavakkalchilik darajasiga, muddatlar va qayta sugʻurtalovchi majburiyatlari hajmiga jiddiy taʼsir etuvchi holatlarni yashirgan boʻlsa;
sugʻurta hodisasi haqidagi xabar kelishilgan muddatlarga rioya etmagan holda bildirilib, bunday rioya etmaslik sugʻurta hodisasi sodir boʻlishi holatlari haqida toʻgʻri axborot olib boʻlmasligiga sabab boʻlsa;
qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) qayta sugʻurta qilish shartnomasiga muvofiq qayta sugʻurta qilinmagan tavakkalchiliklar yoki obyektlar boʻyicha toʻlagan boʻlsa;
(37-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
qayta sugʻurta qildiruvchi sugʻurta tovonining (sugʻurta toʻlovining) kompromiss toʻlovini amalga oshirgan boʻlsa.
(37-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
38. Qayta sugʻurtalovchi qayta sugʻurta qildiruvchining sugʻurta hodisalarini hal etish xarajatlarini qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasining asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta summasiga boʻlgan nisbatga (proporsional qayta sugʻurta qilish shartnomalari uchun) yoki qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan sugʻurta tovonining qayta sugʻurta qildiruvchi tan olgan zararning umumiy miqdoriga boʻlgan nisbatga (noproporsional qayta sugʻurta qilish shartnomalari uchun) proporsional qoplaydi.
(38-band Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 13-martdagi 5-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3792, 19.03.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)
39. Qayta sugʻurta qildiruvchi qayta sugʻurtalovchiga regress talablari va daʼvolaridan yoki asosiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan va qaytarilgan mol-mulkni sotishdan olingan pul mablagʻlarining tuzilgan qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha uning majburiyatlariga proporsional boʻlgan ulushini qayta sugʻurta qildiruvchining hisob raqamida tegishli mablagʻ hisobga olingan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida toʻlashi shart.
40. Agar qayta sugʻurta qildiruvchi unga sugʻurta qildiruvchidan oʻtgan zararlar uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqidan oldindan voz kechgan boʻlsa va bu qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzish paytida qayta sugʻurtalovchiga maʼlum boʻlgan boʻlsa, bu holat qayta sugʻurtalovchini sugʻurta tovonini toʻlashdan ozod qilinishi uchun asos boʻlmaydi.
4-§. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha qayta sugʻurtalovchining majburiyatlarini toʻxtatib turish va sugʻurtaning amal qilish muddatini uzaytirish boʻyicha standart shartlar
41. Qayta sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatlari toʻxtatib turilgan taqdirda qayta sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash majburiyatlari toʻxtatib turilgan davrda sodir boʻlgan sugʻurta hodisalari natijasida yuzaga kelgan zararlar uchun sugʻurta tovonini toʻlamaydi.
42. Asosiy sugʻurta shartnomasining amal qilish muddatining uzaytirilishi qayta sugʻurta qilish shartnomasining amal qilish muddatining uzayishiga olib kelmaydi.
5-§. Qayta sugʻurta qilish shartnomasiga oʻzgartirishlar va/yoki qoʻshimchalar kiritishning, shuningdek uning muddatidan ilgari bekor qilishning standart shartlari
43. Qayta sugʻurta qilish shartnomasiga oʻzgartirishlar va/yoki qoʻshimchalar kiritish faqat tomonlarning yozma kelishuvi boʻyicha yoʻl qoʻyilishi mumkin.
44. Qayta sugʻurta qilish shartnomasi tomonlarning oʻzaro roziligi bilan bir tomon ikkinchi tomonni qayta sugʻurta qilish shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinishi taxmin qilingan sanadan kamida 30 kun oldin yozma xabar berish orqali muddatidan ilgari bekor qilinishi mumkin.
45. Qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) muddatidan ilgari bekor qilinsa, qayta sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi bosh shartnoma (bitim) asosida va u amalda boʻlgan davrda imzolangan qayta sugʻurta qilish sliplari boʻyicha tomonlarning majburiyatlari oʻz kuchida qoladi.
46. Qayta sugʻurta qilish shartnomasini tuzish va ijro etish jarayonida yuzaga keladigan barcha bahs va kelishmovchiliklar tomonlar oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan hal etilishi, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etilishi lozim.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
47. Sugʻurtalovchi tomonidan mazkur Nizom talablari buzilgan taqdirda sugʻurtalovchiga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar qoʻllaniladi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 4-5-son, 46-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/2190-1/3352-son, 16.10.2019-y., 10/19/2190-2/3917-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 19.03.2026-y., 10/26/3792/0255-son)