toggle_night_mode
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRINING
buyrug‘i
BOG‘LAR HAMDA MADANIYAT VA ISTIROHAT BOG‘LARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 6-dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2160]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Bog‘lar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 27-noyabr,
192-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 27-noyabrdagi 192-B-son buyrug‘iga
ILOVA
Bog‘lar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Qoidalar bog‘lar hamda madaniyat va istirohat bog‘lari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar bog‘lar hamda madaniyat va istirohat bog‘lariga (bundan keyingi o‘rinlarda bog‘lar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolari va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
4. Bog‘larda mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II. Xavfsizlik bo‘yicha umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
7. Bog‘larda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlar bilan yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
Oldingi tahrirga qarang.
8. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq bo‘lgan har bir bog‘da mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikka ega bo‘lgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lgan bog‘da yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam bo‘lgan bog‘da mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis lavozimini joriy etish to‘g‘risidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur bog‘ faoliyatining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bog‘ning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, ular bevosita bog‘ rahbariga bo‘ysunadi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
10. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Bog‘larda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish
12. Bog‘ xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining V bo‘limi.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari ishlab chiqiladi hamda bog‘ xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash bog‘ rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
Oldingi tahrirga qarang.
15. Bog‘lar GOST 17.2.3.02-2014 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
16. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
17. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli omillar yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash
18. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish belgilangan standartlar va me’yorlar talablariga mos jamoaviy va shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
19. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va bog‘larni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
20. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda shaxsiy himoya vositalari qo‘llanishi lozim. Bunday hollarda shaxsiy himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
21. Shaxsiy himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
22. Bog‘ xodimlari maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning me’yorlariga muvofiq shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
5-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
23. Bog‘ o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar va amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
24. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
25. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
26. Bog‘ rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va xavfsiz bajarishda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishiga to‘la javobgardir.
6-§. Kasbiy tanlov
27. Bog‘larda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
28. Xodimlar, ishlab chiqarish uchastkalarining rahbarlari tegishli ma’lumotga va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
29. Bosim ostida ishlovchi uskunalar va xavfi yuqori bo‘lgan ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
30. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
32. Bog‘larda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
Oldingi tahrirga qarang.
33. Bog‘ rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi lozim.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
34. Majburiy tibbiy ko‘riklar bog‘ga tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular bo‘lmagan taqdirda esa bog‘ joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan o‘tkazilishi lozim.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoxud majburiy tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ishdan chetlashtirishi shart.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
36. Davriy majburiy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik bog‘ rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
(36-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
37. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Bog‘ maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
38. Bog‘ maydonlari va binolarning joylashuvi SHNQ 2.07.01-23 “Aholi punktlarining hududlarini rivojlantirish va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish” talablariga mos bo‘lishi kerak.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
39. Bog‘da transport vositalarini va piyodalarni bog‘ hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
40. Transport vositalari va bog‘ hududida piyodalarning harakati chizmasi boqqa kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
41. Bog‘ maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
42. Bog‘ maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suvlar oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
43. Yilning yoz vaqtida yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
9-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
44. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari”ga mos kelishi kerak.
(44-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
Oldingi tahrirga qarang.
45. Yordamchi binolar va xonalar SHNQ 2.09.02-23 “Korxonalarning ishlab chiqarish hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlari. Loyihalash talablari”ga mos kelishi lozim.
(45-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
46. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
47. Nam xonalarda hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli, plitali va boshqalar) muntazam ishlashga mo‘ljallangan ish joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
48. Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi kerak.
49. Binoga transport vositalarini kirish joylari darvozalar va signal asbob va uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
50. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
51. Transport vositalarini binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
52. Darvozalar balandligi transport vositasining balandligidan kamida 0,2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
53. Bog‘larda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
54. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda bog‘ rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
55. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
10-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
56. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talablariga mos bo‘lishi lozim.
(56-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
57. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarini ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritishlarni sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
58. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak. Yorug‘ tushuvchi oynalarni yilda kamida ikki marotaba tozalash lozim.
59. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) to‘sib qo‘yishiga ruxsat etilmaydi.
60. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan tizimda ishlatiladi (umumiy mahalliy bilan birgalikda). Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
61. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolish ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
62. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, silososlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
11-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
63. Shamollatish va isitish SHNQ 2.04.05-22 “Isitish, ventilyatsiya va konditsiyalash” shaharsozlik normalari va qoidalari talabiga muvofiq bo‘lishi lozim.
(63-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
64. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi kerak.
65. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmasligi kerak.
66. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 21°S, o‘rtacha og‘ir ishda 17°S, og‘ir ishda 16°S dan past bo‘lmasligi lozim.
67. Xodimlarning isinishi uchun xonalarda havo harorati 22°S dan kam bo‘lmasligi kerak.
68. Isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
12-§. Suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
(12-paragrafining nomi O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
69. Suv bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” shaharsozlik normalari va qoidalari talabiga mos kelishi kerak.
(69-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
70. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
71. Bog‘ hududidagi hojatxonalar issiq va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
(71-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
72. Bog‘da oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi yo‘q bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalari yoki tuman (shahar) bo‘limlari bilan kelishilgan holda bog‘da yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarini mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
(72-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 28-noyabrdagi 21-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3719, 06.12.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son)
13-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan talablar
Oldingi tahrirga qarang.
73. Bog‘larda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 712-son qarori bilan tasdiqlangan Iste’molchilar elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va Iste’molchilar elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
(73-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-oktabrdagi 76-2023/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-1, 14.11.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son)
74. Elektr tok o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslar (marmar, tekstolit, getinaks va boshqalar)da montaj qilinishi lozim.
75. Yoritish va quvvatli uskunalar hamda elektr tarmoqlarining tuzilishi xonalardagi sharoitlarga va ulardagi ishlab chiqarishning xususiyatiga mos bo‘lishi shart.
76. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan yoki yopiq ijroda bo‘lishi shart.
77. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
78. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llanuvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
79. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qalpoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanishi lozim.
80. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi lozim.
81. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
82. Kabellar va elektr o‘tkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, himoyalovchi yerga ulagichlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va asboblar bilan o‘lchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
83. Elektr apparatlari va agregatlarini nolga va yerga ulash simlarining butunligi bog‘ bosh energetigi boshchiligidagi komissiya tomonidan kamida olti oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
84. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo‘l qo‘yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
85. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
86. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g‘iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘rlar bilan o‘ralgan va to‘r yer bilan ulangan bo‘lishi lozim.
87. Bog‘ning barcha turdagi bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi lozim. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirilib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
III. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlariga qo‘yiladigan talablar
1-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
Oldingi tahrirga qarang.
88. Bog‘larda yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.033-81 “Mehnat xavfsizligi standartlari tizimi. Yong‘in xavfsizligi. Atamalar va ta’riflar”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
(88-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 22-dekabrdagi 25-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3754, 12.01.2026-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)
89. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart.
90. Ishlab chiqarish binolari va xonalari uchun hududiy yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim
91. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va yong‘inni oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
92. Bog‘larda yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan belgilangan me’yorlarda yong‘inga qarshi kurashish uchun o‘t o‘chirish vositalari bo‘lishi lozim.
93. Bino va yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘in vositalari va uskunalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
94. Attraksionlar (attraksion majmualari) ishlatiladigan har bir maydon yong‘inga qarshi vositalar (qum to‘ldirilgan yashik, kurak, ilmoq, chelak, suv to‘ldirilgan bochka va boshqalar) bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
2-§. Yuk ortish va tushirish ishlarida xavfsizlik talablari
95. Yuk ortish va tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 24-son, 221-modda) talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
96. Bog‘larda barcha yuk ortish va tushirish va og‘ir mehnat kategoriyasiga tegishli yukni harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan bo‘lishi lozim.
3-§. Attraksionlarning boshqaruv tizimlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
97. Attraksionlarning boshqaruv tizimlari ularning vazifasini ko‘rsatib beradigan belgi va yozuvlarga ega bo‘lishi hamda ular standart talablariga javob berishi kerak.
98. Attraksionlarning boshqaruv tizimi qizil rangli, “Stop” tugmachasiga ega bo‘lishi kerak.
4-§. Qayiqlarni ishlatishda xavfsizlik talablari
99. Qayiqlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bog‘ hududidagi suv havzalarining xaritasiga ega bo‘lishlari lozim.
100. Qayiqlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish boshlashidan oldin o‘ziga biriktirilgan har bir qayiqning barcha qismlarini soz holatda ekanligini ko‘zdan kechirishi va sozligiga ishonch hosil qilgandan keyin ishni boshlashi lozim.
101. Qayiqlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ish faoliyati vaqtida favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda, uni darhol bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.
5-§. Tuproqni tayyorlashda xavfsizlik talablari
102. Xodim tuproqqa ishlov berishdan oldin ish qurollari va moslamalarining (kuraklar, xaskashlar, panshaxalar va hokazolar) sozligini tekshirib ko‘rishi va shundan so‘ng ishni boshlashi lozim.
103. Tuproqni o‘g‘itlashda nam qo‘lqopdan foydalanish taqiqlanadi.
104. Begona o‘tlarni tozalash ishlarini asbob va uskunalarsiz bajarish taqiqlanadi.
6-§. Daraxtlarni kesish va qulatishda xavfsizlik talablari
105. Daraxtlarni kesish va ularga shakl berish bilan bog‘liq barcha ishlar bevosita brigada boshlig‘ining rahbarligida amalga oshirilishi lozim.
106. Daraxt shoxlarini kesishda mustahkam havozalar yoki narvonlardan foydalanish lozim. Daraxt tanasi yoki uning shoxlariga tirkalgan narvonlarda turib ishlash taqiqlanadi.
107. Balandligi 3 m dan yuqori bo‘lgan narvonlarda ikki nafar xodimdan kam bo‘lmagan hollarda ishlashga ruxsat beriladi.
108. Daraxtlarni kesish paytida ularga chiqish, har xil to‘siqlar va panjaralar ustida turib ish bajarish hamda uni ostida bo‘lish taqiqlanadi.
109. Bog‘da mavjud barcha ish qurollari maxsus idishlar va xonalarda saqlanishi lozim.
110. Daraxtlarni kesish ishlari elektr liniyalari atrofida bajariladigan vaqtda, liniyani elektr tokidan uzilganidan keyin amalga oshirilishi lozim.
111. Daraxt qulatilayotganida xodimlar uni yiqilayotgan tomonida turishi taqiqlanadi.
112. Daraxtlarni qulatishda uni tortishga mo‘ljallangan arqonlar daraxt qulayotganda xodimlarga jarohat yetkazishni istisno etadigan uzunlikda bo‘lishi kerak.
113. Daraxtlarni qulatish ishlarida kamida uch nafar xodim ishtirok etishi kerak.
7-§. Maysalarni o‘rish agregatlari va asboblaridan foydalanishda xavfsizlik talablari
114. Maysalarni o‘rish agregatlari va asboblaridan foydalanishda texnika xavfsizligi talablariga amal qilinishi shart.
115. Agregat pichoqlari va chalg‘ilarni qo‘lda o‘tkirlash hamda charxlashda soz asbob va uskunalardan foydalanish lozim.
116. Chalg‘ilarni oyoqqa qo‘yib o‘tkirlash taqiqlanadi.
117. Maysa o‘rish agregatlarini ishlatishdan avval uning dvigatel va kesuvchi organlari mustahkamligi tekshirilishi kerak.
118. Maysa o‘rish agregatini o‘t oldirishga mo‘ljallangan ipini qo‘lga o‘rab tortish taqiqlanadi.
119. Maysa o‘rish agregatining qayishlari va zanjirlarini u ishlab turgan vaqtda almashtirish hamda uning kesuvchi qismi oldida turish taqiqlanadi.
8-§. Ko‘chat o‘tqazish ishlarida qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
120. Ko‘chat joylashtirilgan katta idishlarni bir joydan ikkinchi joyga o‘tkazish ishlari zambillar yoki aravachalar yordamida bajarilishi kerak.
121. Katta og‘irlikdagi va hajmdagi gultuvaklarni tashish va o‘rnatish ishlarida yuk ko‘tarish mexanizmlari yoki boshqa maxsus moslamalardan foydalanish lozim.
9-§. Tozalash ishlarida xavfsizlik talablari
122. Bog‘larni tozalash ishlarini amalga oshiradigan xodimlar soz asbob va uskunalar (kuraklar, supurgilar, qirqgichlar va hokazolar) bilan ta’minlanishi kerak.
123. Chiqindilarni tozalash uchun asbob va uskunalardan hamda maxsus qo‘lqoplardan foydalanish lozim.
124. Chiqindilarni mexanizmlar yordamida tozalashda ushbu hududlarda begona odamlarning bo‘lishi taqiqlanadi.
125. Balandlikda tozalash ishlari bajarilayotganda narvon va havozalardan foydalanish kerak.
IV. Ishlab chiqarish asbob va uskunalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Ishlab chiqarish asbob va uskunalariga qo‘yiladigan umumiy talablar
126. Ishlab chiqarish uskunalari montaj qilish, foydalanish va ta’mirlash paytida ishlarning xavfsizligini ta’minlashi, yong‘in va portlash xavfidan xoli bo‘lishi, ulardan foydalanish jarayonida atrof muhitni zararli moddalar bilan sanitariya me’yorlaridan ortiq miqdorda ifloslantirmasligi va namlik, quyosh radiatsiyasi, mexanik tebranishlar, bosim va haroratning o‘zgarishlari natijasida xavf-xatar yuzaga keltirmasligi lozim.
127. Ishlab chiqarish uskunalarining harakatlanuvchi qismlari to‘silgan yoki GOST 12.2.062-81 talablariga muvofiq blokirovkalash, to‘xtatish, xabardor qilish tizimlari bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
128. Ishlab chiqarish asbob va uskunalarining texnik holati va ulardan xavfsiz foydalanish uchun javobgarlik, ushbu uskunalar tasarrufida bo‘lgan bo‘linmalarning rahbarlari va ta’mirlash xizmatlari rahbarlariga yuklatiladi.
129. Ishlab chiqarish asbob va uskunalarining elementlari (elektr o‘tkazgichlari, kabellari va boshqalar), ularning shikastlanishiga imkon bermaydigan holatda tayyorlangan bo‘lishi lozim.
130. Ishlab chiqarish asbob va uskunalarining gaz, bug‘, pnevmatik, gidravlik va elektr tizimlari, ularning ushbu uskuna tarkibida ishlash sharoitlarini hisobga olgan holda, ushbu tizimlarga tegishli bo‘lgan standartlarning talablariga mos bo‘lishi lozim.
131. Barcha nazorat moslamalari (termometr, monometr, hisoblagich va boshqalar), shuningdek signal beruvchi chiroqlarning joylashuvi uskunalarni ishlatish va sozlash paytida qulay kuzatish imkoniyatini ta’minlash kerak.
132. Katta o‘lchamli (gabaritli) uskunalari va ularning qismlariga xizmat ko‘rsatish, tekshirish, ta’mirlash va sozlash uchun qulay hamda pol darajasidan 2 m va undan balandlikda joylashganda to‘siqlari va zinalari bor maydonlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
2-§. Daraxt kesuvchi va maysa o‘ruvchi mexanizmlardan foydalanishda xavfsizlik talablari
133. Elektr va benzin dvigatellari yordamida ishlaydigan mexanizmlarni ishlatishdan avval ularning texnik jihatdan sozligiga ishonch hosil qilish lozim.
134. Maysa o‘ruvchi mexanizmlar bilan yomg‘irdan so‘ng hamda notekis va botqoq joylarda ishlash taqiqlanadi.
135. Daraxt kesish mexanizmining kesuvchi qismi, sim, yirik va quruq shoxlarga duch kelgan hollarda dvigatelni darhol o‘chirish kerak.
136. Mexanizm dvigatelini o‘chirmasdan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish taqiqlanadi.
V. Ta’mirlash (tuzatish) ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
1-§. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlikning umumiy talablari
137. Bog‘ning ta’mirlash xizmati uskunalarni mehnat xavfsizligi standartlari tizimi, ularning pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
138. Uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun bog‘da unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi ta’mirlashni qat’iy bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
139. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bog‘ rahbariyati bilan kelishilishi lozim.
140. Ta’mirlash ishlari bajariluvchi hudud to‘silishi va xavfsizlik belgilari o‘rnatilishi lozim.
141. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
142. Barcha ta’mirlash ishlari bog‘ rahbari tomonidan tayinlangan xodimlarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
143. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, materiallar, asboblar va chiqindilar olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi moslamalar, blokirovkalar o‘z joyiga o‘rnatilishi lozim.
2-§. Bog‘dagi attraksionlarni montaj qilish va ularni ta’mirlashda xavfsizlik talablari
Oldingi tahrirga qarang.
144. Attraksionlarni montaj qilish (yig‘ish, o‘rnatish), uning konstruksiyalarini almashtirish bilan bog‘liq montaj va ta’mirlash ishlari faqat attraksionning ekspluatatsiya va ta’mirlash hujjatlari asosida ruxsatnomaga ega ixtisoslashtirilgan montaj tashkiloti tomonidan amalga oshirilishi kerak.
(144-band O‘zbekiston Respublikasi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining 2025-yil 27-martdagi 6-2025/B-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2160-2, 04.04.2025-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son)
145. Attraksionlar ta’mirlanishidan oldin elektr ta’minoti manbaidan uzib qo‘yilishi, attraksionni ishga tushirish qurilmasiga esa “Ulanmasin! Odamlar ishlamoqda” yozuvli taqiqlovchi belgi o‘rnatilishi lozim.
146. Ta’mirlash ishlarini amalga oshirilishi uchun xodimlar soz asbob va uskunalar va moslamalar bilan ta’minlangan bo‘lishlari kerak.
147. Ta’mirlashni amalga oshirgan tashkilot ta’mirlashni tugallagandan so‘ng attraksionni texnik ko‘rikdan o‘tkazishi va belgilangan tartibda foydalanishga topshirishi kerak.
148. Barcha attraksionlarga davriy texnik xizmat ko‘rsatishni bog‘ rahbariyati tomonidan tasdiqlangan reja-grafikka asosan amalga oshirilishi kerak.
149. Rejali ta’mirlash ishlari bajarilmagan va texnik xizmat ko‘rsatish o‘tkazilmagan attraksionlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
150. Attraksionlarning gidroprivodlari, pnevmoprivodlari va moylash tizimlari standart talablariga javob berishi kerak.
151. Yangidan montaj qilingan (yoki mavsumlar orasida saqlangan) attraksionni foydalanishga qabul qilish, uni statik va dinamik sinovlardan o‘tkazish va attraksiondan foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilishi hamda attraksion uchun foydalanish hujjatiga texnik guvohlik to‘g‘risida belgi qo‘yilganidan so‘ng amalga oshirilishi lozim.
152. Texnik guvohlikda attraksionlar ko‘zdan kechirilishi, statik va dinamik sinovlardan, elektr qurilmalari esa kuchlanishini yerga o‘tqazish va izolyatsiya qarshiligi sinovidan o‘tkazilishi kerak.
153. Attraksionlarning statik va dinamik sinovlari ekspluatatsiya hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda o‘tkazilishi kerak.
154. Texnik guvohlik o‘tkazish davomida sinovlar salbiy natijalar ko‘rsatgan holatlarda undan foydalanishni to‘xtatish lozim.
155. Jismoniy yeyilish va avariyalar oqibatida nosoz holga kelgan hamda tiklash mumkin bo‘lmagan attraksionlardan foydalanish taqiqlanadi.
VI. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
156. Mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik bog‘ rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
157. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmagan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(157-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi.
VII. Yakuniy qoida
158. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. XODJAYEV
2010-yil 22-noyabr
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2010-yil 22-noyabr
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2010-yil 22-noyabr
“Sanoatgeokontexnazorat” Davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV
2010-yil 22-noyabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2010-yil 22-noyabr
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV
2010-yil 22-noyabr
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi direktori A. ABDUVALIYEV
2010-yil 22-noyabr
Madaniyat va sport ishlari vaziri A. JABBOROV
2010-yil 22-noyabr
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 49-son, 461-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 17.11.2023-y., 10/23/2160-1/0857-son; 08.04.2025-y., 10/25/2160-2/0309-son; 10.12.2025-y., 10/25/3719/1145-son; 14.01.2026-y., 10/26/3754/0042-son)