1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.09.00.00 Ijtimoiy muhofazaga muhtoj xodimlar mehnatini tartibga solishning qoʻshimcha kafolatlari va xususiyatlari / 05.09.02.00 Yoshlar mehnati]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Qarori
Voyaga yetmaganlarning MEHNATIDAN FOYDALANISHGA YOʻL QOʻYMASLIK BOʻYICHA TALABLAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 21-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2071]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 11-avgustdagi 20-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3664, 11.08.2025-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 52-son, 551-modda) 2-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladilar:
1. Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror 2010-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-yanvar,
88/1-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 15-yanvar,
1-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2009-yil 15-yanvardagi 88/1, 1-son qaroriga ILOVA
Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha talablar toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Voyaga yetmagan shaxslarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami 2009-y., 52-son, 551 modda) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomning talablari barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tatbiq qilinadi.
2. Voyaga yetmaganlarni ishga qabul qilish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi.
3. Ish beruvchi voyaga yetmaganlarning boshqa xodimlar bilan mehnatga oid huquqiy munosabatlarda teng huquqliligini taʼminlash, voyaga yetmaganlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnat sharoitlari va kafolatlarini taʼminlashga majburdir.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasi,Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan ogʻir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning roʻyxati.
II. Voyaga yetmaganlarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaslik boʻyicha talablar
1 §. Ish beruvchilarga qoʻyiladigan talablar
4. Voyaga yetmaganlar mehnatidan quyidagi ishlarda:
yer osti, suv osti, xavfli balandlikda yoki yopiq muhitda bajarish;
xavfli mexanizmlar, asbob va uskunalar bilan bogʻliq boʻlgan;
xavfli buyumlar yoki jarayonlar, harorat, shovqin yoki toʻlqinlanish darajasining yuqori taʼsirida voyaga yetmaganlarning sogʻligʻiga zarar yetkazishga olib keladigan zararli sharoitlardagi;
ogʻir mehnat sharoitlarida bajariladigan (ish vaqtining davomiyligi uzoq boʻlgan, tungi ishlar va boshqalar bilan bogʻliq boʻlgan);
oʻzining xususiyati bilan bunday toifadagi xodimlarning axloq-odobiga zarar yetkazadigan;
belgilab qoʻyilgan normadan ortiq ogʻir yuk koʻtarishi va tashish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1996-y., ilova, 1-son) muvofiq oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari bilan bogʻliq ishlar roʻyxati va oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahati olingan holda belgilanadi.
(4-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 25-dekabrdagi 34-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3595, 27.12.2024-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)
5. Ish vaqtining muddati haftasiga oʻttiz olti soatdan oshmaydigan oʻn oltidan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar, haftasiga yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan oʻn beshdan oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻqishdan boʻsh vaqtlarida ishlayotgan oʻquvchilarning oʻquv yili davomidagi ish vaqti muddati ushbu bandning birinchi qismida tegishli yoshdagi shaxslar uchun nazarda tutilgan ish vaqti eng koʻp muddatining yarmidan ortib ketishi mumkin emas.
6. Voyaga yetmaganlarning kundalik ish vaqti qisqartirilgan hollardagi mehnatiga haq kundalik ish vaqti toʻliq boʻlgan chogʻda tegishli toifadagi xodimlarga beriladigan miqdorda toʻlanadi, korxonalarda oʻqishdan boʻsh vaqtida ishlayotgan oʻquvchilarning mehnatiga ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda yoki ishlab chiqargan mahsulotiga qarab haq toʻlanadi.
Ish beruvchi tomonidan voyaga yetmagan xodimlar uchun mahsulot ishlab chiqarish normalari bunday xodimlar uchun qisqartirilgan ish vaqti davomiyligiga mutanosib ravishda umumiy ishlab chiqarish normasidan kelib chiqib belgilanadi.
7. Ish beruvchi har oyda mehnat organlariga voyaga yetmagan xodimlarning familiyasi, tugʻilgan kuni va mansabi koʻrsatilgan roʻyxatni taqdim etishga majbur.
8. Oʻquv muassasalarining oʻquvchilari tomonidan mutaxassislik olish yoki zararli mehnat sharoitlari bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarda, shuningdek:
xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilmagan boʻlsa;
yoʻl-yoʻriqlar berish va ishlab chiqarish amaliyotiga texnik rahbarlik qilish tashkillashtirilmagan boʻlsa;
ishlab chiqarish amaliyoti davrida tegishli mutaxassisliklar va kasblar ishchilari uchun nazarda tutilgan maxsus kiyim-kechak, yakka tartibdagi himoyalanish vositalari berilmagan boʻlsa, ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2 §. Ota-onalar (ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar) ga qoʻyiladigan talablar
9. Ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻzlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan foydalanishda bolaning sogʻligʻi holati va kasallanishining oldini olishga javobgardir.
10. Ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻzlarining voyaga yetmagan bolalarini biror-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
11. Ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) oʻzlarining voyaga yetmagan bolalari mehnatidan ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan, shuningdek, bajarilishi ularning taʼlim olishiga toʻsqinlik qiladigan ishlarni bajarishga yoʻl qoʻymaslikka majbur.
12. Ota-onalar (ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar) qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirishda quyidagi talablarga rioya etishlari shart:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
oilaviy tadbirkorlikda oilaning voyaga yetmagan oʻn besh yoshga toʻlgan aʼzosi ishtirok etishi mumkin;
oʻn olti yoshga toʻlganda buyumlar yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash uchun hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin, oʻn besh yoshga toʻlgan shaxs ota-onasidan bittasining (ularning oʻrnini bosuvchi shaxsning) yozma roziligi bilan hunarmandning shogirdi sifatida jalb etilishi mumkin;
voyaga yetmaganni oilaviy tadbirkorlikda, shuningdek hunarmandning shogirdi sifatida ishtirok etishiga umumtaʼlim maktabi, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda oʻqishi sharti bilan, agar u qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat taʼlimining toʻliq kursini tugatmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi;
(12-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandchilik faoliyatida ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan ishlarda voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish taqiqlanadi;
oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandchilik faoliyatida ishtirok etayotgan voyaga yetmaganlar uchun ish vaqtining davomiyligi ushbu Nizomning 5-bandiga muvofiq belgilanadi.
13. Kinematografiya tashkilotlarida, teatrlarda, tomosha va konsert tashkilotlarida, sirklarda oʻn besh yoshga toʻlmagan shaxs ishtiroki va (yoki) ijro etishi (eksponirovaniya) ularning sogʻligʻi va axloqiy rivojlanishiga va taʼlim olish jarayonini buzmaydigan oʻqishdan boʻsh vaqtlarda vasiylik va homiylik organlarining roziligi asosida fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomani tuzishga yoʻl qoʻyiladi. Bu holatda shartnoma voyaga yetmaganning nomidan uning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs tomonidan imzolanadi. Vasiylik va homiylik organining ruxsatida kundalik ish vaqti davomiyligining eng yuqori chegarasi va boshqa shartlar, yaʼni bajarilishi mumkin boʻlgan ishlar belgilanadi.
III. Yakuniy qoidalar
14. Ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar), shuningdek, mehnatni muhofaza qilish nazorati organlari va voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiya, agar ishning davom etishi ularning sogʻligʻiga xavf soladigan yoki boshqacha tarzda zarar yetkazadigan boʻlsa, oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.
15. Ushbu Nizomning talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
16. Mazkur Nizom Iqtisodiyot vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, Oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vazirligi, Xalq taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Oliy sud raisi B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Xalq taʼlimi vaziri G. SHOUMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi A. SHAYXOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-dekabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 3-4-son, 27-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son; 28.12.2024-y., 10/24/3595/1086-son)