toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 26.11.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING HUQUQIY EKSPERTIZA VA XALQARO ShARTNOMALAR BOShQARMASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-noyabrdagi 302-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil departamentlari hamda huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2008-yil 9-apreldagi PQ-834-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi S.X. Bekenov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-may,
82-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 82-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2008-yil 9-apreldagi PQ-834-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi, normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar, strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar) loyihalarini huquqiy jihatdan ishlab chiqish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati faoliyatini taʼminlaydi, shuningdek ularning bajarilishini nazorat qiladi va monitoring olib boradi.
2. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Boshqarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi.
Boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga boʻysunadi.
4. Boshqarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining tegishli xizmatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
II. Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish, qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qonun loyihalari ish rejalarini ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan qonun loyihalari va boshqa masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalarini ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya qilinishini va tashqi iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan investitsiya va tashqi savdo shartnomalari amalga oshirilishining turkumlangan maʼlumotlar bankini shakllantirish va monitoring olib borish.
6. Boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini huquqiy taʼminlash sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi va ularning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunchilik hujjatlariga, shuningdek qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar tayyorlaydi;
qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi va ularni tayyorlaydi;
qonunchilik hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini taʼminlash toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi;
qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
qonunchilik hujjatlarining tizimli hisob-kitobini yuritadi, qonun hujjatlari boʻyicha maʼlumotnoma ishlarini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqa tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda Hukumat qarorlarini talqin qilish va qoʻllash boʻyicha tushuntirishlarni tayyorlaydi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
qonunchilik hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari boshchilik qiladigan Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar qarorlari loyihalarini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisiga va Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalariga huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarini, uning mutaxassislarini normativ-huquqiy hujjatlar matnlari, shuningdek qonun hujjatlari boʻyicha maʼlumotnoma materiallar bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar materiallarini tayyorlashda va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi buyruqlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati faoliyati bilan bogʻliq huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiy boʻlimi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplamini nashr etishga tayyorlaydi;
fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va ularda qoʻyilgan masalalarni hal qilish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni koʻrib chiqish va chora koʻrish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, fuqarolarni qabul qiladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ishlarini tashkil qilish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa organlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda Bosh vazirning koʻrib chiqishi uchun Hukumatning qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ishlari rejasi loyihalarini kiritadi;
Hukumatning qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ishlari rejasining bajarilishi monitoringi olib borilishini, koʻrsatib oʻtilgan rejalarning amalga oshirilishining holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatini muntazam xabardor qilinishini tashkil etadi;
Boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonun loyihalarining ishlab chiqilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan qonun loyihalari ular tomonidan muhokama etilishida qatnashadi, tegishli qonun loyihalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakillari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida qonun loyihalarini muhokama etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamentlari ishini muvofiqlashtiradi;
v) xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalarini ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishini tashkil etish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalalar belgilangan tartibda ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini tashkil etadi;
xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va kelishish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi topshiriqlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlaydi, ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning oʻrinbosarlari topshirigʻiga koʻra Boshqarmaga tegishli sohaga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari rahbarlik qiladigan hukumatlararo komissiyalar va qoʻmitalar majlislarida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash va tuzish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻtkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi;
g) strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya qilinishini va tashqi iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy manfaatlariga rioya qilinishini va tashqi savdo xavfsizligini taʼminlash maqsadida strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontaktlar) loyihalari belgilangan tartibda ekspert jihatidan puxta ishlab chiqilishini va xulosalar tayyorlanishini tashkil qiladi;
strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar) loyihalarini tayyorlash va kelishishda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga va tashqi iqtisodiy xavfsizligiga rioya qilinishini taʼminlash masalalarida tegishli vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi topshiriqlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolanishi lozim boʻlgan investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar) loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni tayyorlash va imzolash masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar hukumatlari, firmalar, kompaniyalar va hukumatga qarashli boʻlmagan tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻtkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi;
d) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalarining turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish hamda amalga oshirilishi monitoringini olib borish sohasida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni bajarish masalalari boʻyicha axborotlarni toʻplaydi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ning turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirishni, yuritishni va muntazam ravishda yangilab borishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontaktlar) boʻyicha majburiyatlarni bajarishning holati toʻgʻrisida turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini va tahliliy bazani shakllantirish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ning amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni bajarish masalalari boʻyicha tahliliy va maʼlumotnoma materiallarni tayyorlaydi.
Boshqarma belgilangan tartibda oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
III. Boshqarmaning huquqlari va javobgarligi
7. Boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda olish va soʻrash;
tegishli materiallar va hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tayyorlash maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlarning rahbarlari va vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisining topshirigʻiga koʻra davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini belgilangan tartibda jalb etish, ushbu maqsadlarda ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat boʻlganda “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari buzilgan holda tushgan hujjatlarni qaytarib yuborish.
8. Boshqarma:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning zarur darajada va samarali bajarilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari koʻrib chiqishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qilishi uchun tayyorlanadigan va kiritiladigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizasining kompleksliligi va sifati uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, shuningdek strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ning bajarilishi va monitoringini olib borish taʼminlanishi uchun;
Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomining taʼminlanishi uchun javob beradi.
IV. Boshqarmaning tuzilmasi
9. Boshqarma tarkibiga huquqiy ekspertiza boʻlimi hamda xalqaro shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning amalga oshirilishi monitoringi boʻlimi kiradi.
Boshqarma tuzilmasi Boshqarma boshligʻi, huquqiy ekspertiza boʻlimi mudiri, xalqaro shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning amalga oshirilishi monitoringi boʻlimi mudiri, xalqaro shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning amalga oshirilishi monitoringi boʻlimi mudirining ikki nafar oʻrinbosari, tegishli masalalar boʻyicha bosh va yetakchi mutaxassislar, shuningdek ikki nafar inspektordan iborat boʻladi.
Boshqarma tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
10. Boshqarma ishlariga boshliq rahbarlik qiladi.
11. Boshqarma boshligʻi, boʻlimlar mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari va mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
V. Boshqarma faoliyatini tashkil etish
12. Boshqarma ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boshqarmaning ish rejalari, boshliqning, boʻlimlar mudirlari, boʻlim mudirining oʻrinbosarlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boshqarmaning ish rejalari va Boshqarma boshligʻining shaxsiy ish rejasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari Boshqarma boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
13. Boshqarma boshligʻi:
Boshqarmaga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, boʻlimlar mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari va mutaxassislar ishini tashkil qiladi va Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi, ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tashkil etilishini, shuningdek Boshqarma sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha qonun hujjatlari loyihalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalari tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ish rejalarini ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan qonun loyihalari va boshqa masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni tashkil qiladi;
xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalari ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishini taʼminlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi;
strategik muhim investitsiya va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar)ni tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga rioya qilinishini va tashqi savdo xavfsizligini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan investitsiya va tashqi savdo shartnomalari amalga oshirilishining turkumlangan maʼlumotlar banki shakllantirilishini va monitoring olib borilishini tashkil qiladi;
Boshqarmaning yuritishi sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
ular boʻyicha respublika Hukumati qarori talab etilmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelib tushgan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlariga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
tasdiqlangan tuzilma va shtat jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha takliflarni Ijro etuvchi apparat boshqaruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri koʻrib chiqishi uchun kiritadi, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislarning kasb darajasini va ish malakasini oshirish choralarini koʻradi, shuningdek ularni ragʻbatlantirish yoki jazolash boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqarmaning boʻlim mudirlari, boʻlim mudiri oʻrinbosarlari va mutaxassislari oʻrtasida vazifalar taqsimoti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanishi uchun kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida amal qiladigan Yoʻriqnomaga muvofiq ish yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
14. Boshqarma boshligʻi vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan belgilanadigan boʻlim mudirlaridan biri bajaradi.
15. Boʻlim mudiri oʻziga birkitilgan masalalar yuzasidan:
boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi va Boshqarma zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi va boʻlimdagi ijro intizomi holati uchun shaxsan javob beradi;
materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini va tayyorlanishini tashkil etadi, koʻrsatib oʻtilgan loyihalarga viza qoʻyadi va ular yuzasidan ekspert xulosalarni imzolaydi;
normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar, strategik muhim investitsiya shartnomalari va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar) loyihalarini tayyorlashda va ekspertizadan oʻtkazishda bevosita qatnashadi, ular boʻyicha tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallar, ekspert xulosalar tayyorlanishini taʼminlaydi;
tegishli masalalar boʻyicha turkumlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam ravishda yangilab turilishini nazorat qiladi;
materiallar toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
respublikaning qonunchiligini yanada takomillashtirish, shuningdek qonunchilikning tegishli sohalaridagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va Boshqarma boshligʻiga taqdim etadi;
oʻzi yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar hamda tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan yigʻilishlar oʻtkazadi;
Boshqarma boshligʻining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Boshqarma boshligʻiga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, malakasini oshirish, ragʻbatlantirish va ularga jazolar berish toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga takliflar taqdim etadi.
Huquqiy ekspertiza boʻlimi mudiri vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini Boshqarma boshligʻi tomonidan belgilanadigan boʻlimning bosh mutaxassislaridan biri bajaradi.
Xalqaro shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning amalga oshirilishi monitoringi boʻlimi mudiri vaqtincha boʻlmagan taqdirda uning vazifasini Boshqarma boshligʻi tomonidan belgilanadigan boʻlim mudirining oʻrinbosarlaridan biri bajaradi.
16. Boʻlim mudirining oʻrinbosari oʻziga birkitilgan masalalar yuzasidan:
tegishli mutaxassislarga bevosita rahbarlik qiladi va Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishi va tayyorlanishini tashkil etadi, topshiriqlarning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;
tegishli masalalar boʻyicha turkumlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam ravishda yangilab turilishini nazorat qiladi;
materiallar toʻgʻrisida boʻlim mudiriga, Boshqarma boshligʻiga shuningdek, belgilangan tartibda, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
respublikaning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, shuningdek qonunchilikning tegishli sohalaridagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va boʻlim mudiriga, Boshqarma boshligʻiga taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar hamda tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan yigʻilishlar oʻtkazadi;
Boshqarma boshligʻining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi.
17. Boshqarmaning bosh mutaxassisi oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha:
materiallarni va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri (uning oʻrinbosari) topshiriqlarini bajaradi, materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishi, ularning sifatli ishlab chiqilishi va topshiriqlarning bajarilishi ustidan nazorat taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar, investitsiya shartnomalari va tashqi savdo shartnomalari (kontraktlar) loyihalarini va boshqa materiallarni oʻrganadi, ularni ekspert jihatidan puxta ishlab chiqadi, ular boʻyicha tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallar, ekspert xulosalar tayyorlaydi;
xalqaro shartnomalar, strategik muhim tashqi savdo va investitsiya shartnomalari (kontraktlar) amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib boradi;
xalqaro shartnomalar, strategik muhim tashqi savdo va investitsiya shartnomalari (kontraktlari)ning turkumlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yuritadi, ularni muntazam ravishda yangilab boradi;
materiallar toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga (uning oʻrinbosariga), shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarini talqin qilish va tushuntirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga (uning oʻrinbosariga) taqdim etadi;
oʻziga birikitirilgan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlarning vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga tayyorlash, shuningdek ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini ularni tayyorlash maqsadida muhokama etish uchun yigʻilishlar oʻtkazadi.
18. Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi oʻziga biriktirilgan masalalar yuzasidan:
materiallar va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri (uning oʻrinbosari) topshiriqlarini bajaradi, materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishi, ularni ishlab chiqishning sifati va topshiriqlarning bajarilishi ustidan nazorat taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini ekspert jihatdan puxta ishlab chiqadi, ular yuzasidan ekspert xulosalari tayyorlaydi;
materiallarni Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga (uning oʻrinbosariga), tegishli bosh mutaxassisga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisiga taqdim etadi;
xalqaro shartnomalar, strategik muhim tashqi savdo va investitsiya shartnomalari (kontraktlar) amalga oshirilishi ustidan monitoring olib boradi;
xalqaro shartnomalar, strategik muhim tashqi savdo va investitsiya shartnomalari (kontraktlar)ning turkumlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yuritadi, ularni muntazam ravishda yangilab boradi;
mutassadilik qilinadigan masalalar boʻyicha tegishli maʼlumotnoma va tahliliy materiallarni tayyorlashda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri (uning oʻrinbosari) yoki tegishli bosh mutaxassis bilan kelishgan holda ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa organlar va tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan ularni tayyorlash maqsadida muhokama qiladi.
19. Inspektorlar Boshqarmada va boʻlimlarda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlar oʻtishini nazorat qiladi, hujjatlar yigʻma jildlarining tayyorlanishini va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 19-son, 156-modda)