1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang);
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.01.00 Umumiy masalalar. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish;
3.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari;
4.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.03.00 Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etish;
5.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.05.00 Vazirlar Mahkamasi apparati;
6.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.06.00 Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa organlari. Zaxira jamg‘armasi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Davlat hokimiyati organlari. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2024-yil 25-oktabrdagi O‘RQ-982-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 10-dekabrdagi O‘RQ-591-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 29-avgustdagi 525-II-sonli “Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi Qaroriga asosan mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini shakllantirish yakunlariga binoan amalga kiritilgan.
1993-yil 6-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 202-modda) o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 29-avgust,
524-II-son
O‘zbekiston respublikasining Qonuni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI TO‘G‘RISIDA
(yangi tahriri)
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
Vazirlar Mahkamasi — O‘zbekiston Respublikasining Hukumati — O‘zbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi):
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar bo‘ladi;
2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
3) davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi;
4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
5) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi;
6) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari tizimiga va o‘zi tashkil etadigan xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimiga boshchilik qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
(1-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
2-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining huquqiy asoslari
Vazirlar Mahkamasining faoliyat ko‘rsatish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
3-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida kollegiallik, demokratiya va qonuniylik, O‘zbekiston Respublikasida yashovchi barcha millat va elatlarning manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslanadi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.01.00 Umumiy masalalar. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari]
II. VAZIRLAR MAHKAMASINING TARKIBI VA UNI SHAKLLANTIRISH, UNING ASOSIY VAKOLATLARI
4-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish tartibi
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi), uning o‘rinbosarlari, vazirlar, davlat qo‘mitalarining raislari kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqqanidan keyin o‘n kun muddat ichida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yoki Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senati a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini ololmasa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qo‘shimcha maslahatlashuvlar o‘tkazganidan so‘ng Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasining a’zolari Bosh vazirning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
(4-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzod u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma’qullanadi.
Vazirlar Mahkamasi a’zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Bosh vazir ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun yangi nomzodni kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuniga sakkizinchi — o‘n birinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Bosh vazir va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga ko‘rib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
(4-moddaning o‘n ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Vazirlar Mahkamasining vakolatlarini zimmasidan soqit qilish yangi shakllantirilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi o‘tkazilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga Bosh vazir tomonidan yozma murojaat berish orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari o‘zlarining majlislarida Vazirlar Mahkamasining o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi tegishli qarorlarni qabul qiladi.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuniga asosan o‘n uchinchi va o‘n to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
41-modda. Bosh vazirni lavozimidan ozod etish
Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:
a) Bosh vazirning iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasiga binoan;
b) Bosh vazir o‘z vakolatlarini bajarishi mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda;
v) Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi bir necha marta O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;
g) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega bo‘lgan bunday tashabbusni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qo‘llab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatida ovozga qo‘yilganda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy soni uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozini olsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
d) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.
(41-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-285-sonli Qonuniga asosan “d” band bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 160-modda)
Bosh vazirning lavozimidan ozod etilishi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining iste’foga chiqishiga sabab bo‘ladi.
(41-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi ZRU-90-sonli Qonuni bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2007-y., 15-son, 153-modda)
5-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish sohasidagi asosiy vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:
barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy muvozanatni ta’minlash, iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini hamda eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda ishlab chiqilishini va ijro etilishini tashkil etadi;
iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish, texnik, texnologik jihatdan modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash dasturlarini, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi hamda ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;
erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi, eng avvalo xususiy mulkni rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtiroki darajasini strategik va iqtisodiy jihatdan asoslangan miqdorlargacha qisqartirish, keng ko‘lamda xususiylashtirish asosida shart-sharoitlar yaratadi, kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish, qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyalash sharoitlarini yaratish, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash, bank va boshqa moliya institutlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
agrar sektorda bozor munosabatlarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, meliorativ va irrigatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, yer resurslarining sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
davlat boshqaruvi usullarini takomillashtiradi, shu jumladan elektron hukumat prinsiplari asosida takomillashtiradi, bozor prinsiplariga asoslangan xo‘jalik boshqaruvi va korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullari joriy etilishini rag‘batlantiradi;
davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklarini, davlat qo‘mitalarini, idoralarini hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;
ta’lim tizimini rivojlantirishni, uning sifati va samaradorligini oshirishni ta’minlaydi, uzluksiz ta’limdan keng ko‘lamda foydalanish uchun sharoitlar yaratadi, ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini bajarish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish, aholining sog‘lig‘ini saqlash va mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi prinsiplarini joriy etish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng ko‘lamda foydalanishni ta’minlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda to‘la huquqli tarzda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;
ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish, ularning ijtimoiy va pensiya ta’minoti tizimlari faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi, oila, onalik va bolalikni himoya qilishga ko‘maklashadi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish hamda respublika ahamiyatiga va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi, yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish yuzasidan choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini ta’minlash, davlat chegaralarini qo‘riqlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini ta’minlaydi, hukumatlararo shartnomalar tuzadi, ularni ijro etish choralarini ko‘radi;
tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi.
(5-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
6-modda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga rahbarlik qilishning umumiy masalalari
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtirib hamda yo‘naltirib boradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ta’minlanadigan davlat boshqaruvi boshqa organlarining markaziy devoni xodimlari sonini va ular ta’minotiga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritadi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi taqdimnomalarni tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi O‘RQ-389-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi va beshinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)
Vazirlarning va davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. Davlat boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.
Davlat boshqaruvi organlari hay’atlarining a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlari boshqaruvlarining a’zolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(6-moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 16-dekabrdagi O‘RQ-233-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlar bilan almashtirilgan — O‘R QHT, 2009-y., 50-51-son, 532-modda)
Vazirlar Mahkamasi zarurat bo‘lganda o‘z vakolatiga kiruvchi davlat boshqaruvining ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonun hujjatlarida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilgan bo‘lmasa, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va o‘z bo‘ysunuvidagi davlat boshqaruvi boshqa organlariga berishi mumkin.
7-modda. Vazirlar Mahkamasining vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini nazorat qilishi
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va davlat boshqaruvi boshqa organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining hujjatlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga ega.
III. VAZIRLAR MAHKAMASINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI, BOSHQA ORGANLAR VA TASHKILOTLAR BILAN MUNOSABATLARI
8-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining asosiy ko‘rsatkichlarini va unga kiritiladigan o‘zgartishlarni ishlab chiqadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi.
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-martdagi O‘RQ-527-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son — 2019-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari zarur bo‘lgan hollarda o‘z majlislarida Bosh vazirning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini qonunga muvofiq parlament so‘rovi tartibida eshitishi mumkin.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari Vazirlar Mahkamasi muayyan a’zosining o‘zi rahbarlik qilayotgan davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyati masalalari yuzasidan axborotini eshitishlari hamda zarur bo‘lganda uni iste’foga chiqarish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari majlislarida, palatalarning qo‘mitalari majlislarida hozir bo‘lish va axborot berishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi yoki uning muayyan a’zolari faoliyatiga taalluqli masalalar qo‘yilgan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va tushuntirishlar berishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qo‘mitalarining O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini ko‘rib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi. Tavsiyalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari haqida hamda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qo‘mitalariga kelishilgan muddatda ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalarini, boshqa hujjatlarni tayyorlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi devoni tarkibiy bo‘linmalarining, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro hokimiyati organlarining yaqin hamkorligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatidagi hamkorligini tashkil etish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan Oliy Majlis palatalari tomonidan parlament nazoratini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ishtirok etishiga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili faoliyat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakilining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
(8-moddaning O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy etish to‘g‘risida” Qarori.
9-modda. Parlament so‘roviga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining so‘roviga javob
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining, Senatining O‘zbekiston Respublikasi hukumati yoki unga bo‘ysunuvchi davlat yoxud xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatiga taalluqli bo‘lgan parlament so‘rovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining, Senati a’zosining shunday so‘rovi yuborilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki hukumati a’zosi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda javob berishi shart.
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-396-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunining 31 va 311-moddalariga va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunining 32 va 321-moddalariga qarang.
10-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, uning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining hamda Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilish masalalariga doir boshqa hujjatlar qanday bajarilayotganligi haqidagi ma’lumotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini ko‘rib chiqadi;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari tomonidan tarmoqlararo va mintaqaviy o‘ta muhim kompleks dasturlarni amalga oshirishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi, bunda chiqib qoladigan bahsli masalalarni hal etadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlarining ijro etilishini o‘z vakolati doirasida to‘xtatib qo‘yish huquqiga ega.
Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirishga, tabiiy resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilishga taalluqli masalalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilayotganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi bo‘ladi.
11-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:
hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirilishini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishi talab qilinadigan masalalarga doir takliflarini ko‘rib chiqadi, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining bajarilish jarayonini nazorat qiladi, ularning amalga oshirilishi yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif qilish hamda ularning axborotlarini eshitishga haqli;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi, bunda chiqib qoladigan bahsli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat devonining soni va namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2691-sonli “Mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Qarori.
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini to‘xtatib qo‘yish hamda ularni bekor qilishga haqli.
12-modda. Vazirlar Mahkamasining nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi va qonun hujjatlariga muvofiq ularga zarur ko‘mak ko‘rsatadi.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.03.00 Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etish]
IV. VAZIRLAR MAHKAMASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA UNING TARTIBI
13-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislari
Davlat boshqaruvining, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari Vazirlar Mahkamasining majlislarida hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Bosh vazir o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini tayyorlash va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti”.
14-modda. Faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida hal etiladigan masalalar
Quyidagilar faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida ko‘rib chiqiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini ishlab chiqish va ijro etish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi aniq maqsadli davlat fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, O‘zbekiston Respublikasini va uning ayrim mintaqalarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish hajmi hamda O‘zbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzi ko‘lamini oshirish to‘g‘risidagi takliflar;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalarini belgilash hamda o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflar;
davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish dasturlarining loyihalari hamda xususiylashtirishdan olingan mablag‘lardan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi takliflar;
belgilab qo‘yilgan davlat narxlari qo‘llaniladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar ro‘yxati;
qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonunlar loyihalari;
davlatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolash to‘g‘risidagi takliflar.
15-modda. Bosh vazir
Bosh vazir:
1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
3) xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazirning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
5) davlat va xo‘jalik boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlash hamda lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
7) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
(15-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan almashtirilgan — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Bosh vazir o‘z vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.
Bosh vazir yo‘qligida uning vazifasini Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
16-modda. Bosh vazirning o‘rinbosarlari
Bosh vazirning o‘rinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq o‘zlari rahbarlik qilayotgan tarmoqdagi ishlarning ahvoli uchun javob beradilar, tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni, ularning ishini nazorat qilishni amalga oshiradilar hamda ularga topshiriqlar beradilar, Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritilgan takliflarni hamda qaror va farmoyishlarning loyihalarini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadilar.
17-modda. Vazirlar Mahkamasining a’zolari
Vazirlar Mahkamasining a’zolari:
o‘zlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
Vazirlar Mahkamasining majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadilar;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni ko‘rib chiqish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining loyihalarini tayyorlash tashabbusi bilan chiqishlari mumkin.
Vazirlar Mahkamasining a’zolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
18-modda. Vazirlar Mahkamasining Rayosati
Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Bosh vazirning qaroriga binoan Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa a’zolari ham kiritilishi mumkin.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.06.00 Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa organlari. Zaxira jamg‘armasi]
19-modda. Vazirlar Mahkamasining doimiy, muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalar tuzadi va ularning vazifalari, vakolatlari hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.
20-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi O‘RQ-367-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi yoki o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida qabul qilinadi.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha qarorlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli.
(20-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi O‘RQ-285-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 16-son, 160-modda)
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi qarorlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
(20-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Vazirlar Mahkamasi o‘zi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan bevosita yoki vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi qarorlari “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilinadi, zarur bo‘lgan taqdirda esa boshqa ommaviy axborot vositalari orqali ham keng omma e’tiboriga yetkaziladi.
(20-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrdagi O‘RQ-411-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 39-son, 457-modda)
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.05.00 Vazirlar Mahkamasi apparati]
21-modda. Vazirlar Mahkamasining devoni
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislariga tayyorgarlik ko‘rish, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqa materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasining devoni faoliyat ko‘rsatadi.
Vazirlar Mahkamasining devoni va uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati to‘g‘risida”gi nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmalari tuzilmasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xalqaro hamkorlik bo‘limi hamda Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yuridik ta’minlash boshqarmasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Kadrlar bo‘limi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining Xo‘jalik faoliyati boshqarmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari.
Vazirlar Mahkamasining devoni asosiy tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 138-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 15-son, 153-modda; 2008-y., 52-son, 510-modda; 2009-y., 50-51-son, 532-modda; 2011-y., 16-son, 160-modda; 2014-y., 16-son, 177-modda, 20-son, 222-modda; 2015-y., 32-son, 425-modda, 52-son, 645-modda; 2016-y., 39-son, 457-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son, 06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son)