Hozirgi raqamlashgan davrda koʻplab huquqiy va iqtisodiy munosabatlar onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Shuning uchun ham, elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda ERI deb ataladi) nafaqat qulay vosita, balki yuridik kuchga ega muhim element sifatida ahamiyat kasb etmoqda. ERI yordamida turli davlat xizmatlaridan foydalanish, shartnomalarni tuzish, soliq va hisobotlarni yuborish, hatto sudda ish yuritish ham mumkin.
Quyida elektron raqamli imzo boʻyicha bilishingiz shart boʻlgan 5 asosiy qoida keltiriladi.
1. ERI – oddiy imzodek yuridik kuchga ega
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan, elektron raqamli imzo orqali tasdiqlangan hujjat qogʻozdagi imzo va muhr bilan tasdiqlangan hujjatga tenglashtiriladi. Bu degani, ERI orqali imzolangan ariza, shartnoma yoki boshqa hujjat toʻliq yuridik kuchga ega hisoblanadi.
ERI shaxsiy axborot hisoblanadi va faqatgina uning egasi tomonidan yoki uning aniq va ravshan roziligi asosida ishlatilishi mumkin. Agar biror shaxs boshqasining ERIsini ruxsatisiz ishlatsa, bu holat qonunbuzarlik sifatida baholanadi va javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.
2. ERI orqali tasdiqlangan maʼlumotlar xavfsizligi
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ERI bilan imzolangan hujjat yoki maʼlumot uning haqiqiyligi va muallifligi toʻliq tasdiqlangan deb hisoblanadi. Bunday hujjatni keyinchalik inkor etish, yaʼni “mazkur imzoni men qoʻymaganman” deb rad etish deyarli mumkin emas. Shu bois, ERI qoʻyish jarayoni huquqiy jihatdan katta masʼuliyat talab qiladi. Har bir foydalanuvchi ERIdan faqat ishonchli platformalarda va oʻzining roziligi asosida foydalanishi lozim. Shuningdek, ERI kalitlarini uchinchi shaxslarga berish, ularni ochiq saqlash yoki himoyasiz qurilmalarda ishlatish tavsiya etilmaydi, chunki bu shaxsiy maʼlumotlarning xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin.
3. ERIning amal qilish muddati
Elektron raqamli imzo maʼlum bir muddatgacha amal qiladi. Odatda, ERI1 yildan 2 yilgacha muddatda beriladi va muddati tugagach, u yangilanishi kerak boʻladi. Agar ERI muddati oʻtgan boʻlsa, u bilan tasdiqlangan hujjatlar yuridik kuchga ega boʻlmasligi mumkin. Shu sababli, ERIning amal qilish muddatini doimiy ravishda kuzatib borish tavsiya etiladi.
4. ERIni davlat organlari va xususiy xizmatlarda qoʻllash
Elektron raqamli imzo nafaqat davlat xizmatlaridan foydalanishda, balki koʻplab xususiy tashkilotlar bilan munosabatlarda ham ishlatiladi. Masalan, bank xizmatlaridan foydalanish, elektron tijoratda shartnoma tuzish, onlayn ariza yuborish kabi holatlarda ERI keng qoʻllaniladi. Bugungi kunda “my.gov.uz”, “soliq.uz” kabi platformalarda ERIsiz toʻliq xizmat olish deyarli imkonsiz.
5. ERI orqali amalga oshirilgan huquqiy harakatlar uchun javobgarlik
Jismoniy shaxsning imzosi: shaxsiy javobgarlik bilan bogʻliq. Bu degani, maʼlum bir inson oʻz raqamli imzosi bilan imzolangan barcha hujjatlar uchun javobgar.
Yuridik shaxsning imzosi: javobgarlik tashkilotning oʻziga yuklanadi. Bu shuni anglatadiki, ushbu imzodan foydalangan holda amalga oshirilgan harakatlar uchun tashkilot javob beradi, nafaqat muayyan shaxs.
Xulosa
Elektron raqamli imzo – zamonaviy raqamli huquqiy munosabatlarda shaxsni aniq identifikatsiya qilish, huquqiy harakatlarni tasdiqlash va hujjat aylanmasini samarali amalga oshirishda ishonchli hamda kafolatli mexanizm hisoblanadi. Uning asosiy huquqiy afzalliklari – ishonchlilik, haqiqiylikni tasdiqlash imkoniyati va inkor etilmaslik tamoyillaridir.
Shu bois, har bir fuqaro va tadbirkor ERIdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etishi, uning amal qilish muddatini oʻz vaqtida nazorat qilishi va faqat qonuniy maqsadlarda ishlatishi zarur. Bu nafaqat shaxsiy manfaatlarni, balki umumiy huquqiy munosabatlarning shaffofligi va ishonchliligini taʼminlaydi.
Dilmurod Mamatmurotov,
“Adolat” MHAM xodimi