Ўзбекистон Республикаси Қонунчилик маълумотлари миллий базаси
ONLINE TRANSLATE
Kasanachilarning mehnat qilishiga oid muhim qoidalar

1. Kasanachilik nima?

Kasanachilik — tuziladigan mehnat shartnomasiga muvofiq jismoniy shaxs (kasanachi) tomonidan o‘z yashash joyi bo‘yicha yoki kasanachiga yoxud uning oila aʼzolariga tegishli bo‘lgan yoki kasanachi tomonidan ijaraga olingan boshqa xonalarda ish beruvchining buyurtmalari bo‘yicha tovarlar ishlab chiqarish yoki xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshiriladigan ishdir.

2. Kasanachilarni ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh necha yosh?

16 yoshga to‘lgan jismoniy shaxs kasanachi bo‘lishi mumkin. Agar kasanachilikning xususiyati kasanachi bilan yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzish zaruratini taqozo etsa, 18 yoshga to‘lgan shaxslarning kasanachilikni amalga oshirishiga yo‘l qo‘yiladi.

3. Kasanachilar bilan mehnat shartnomasini tuzish tartibi qanday?

Kasanachilikni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan jismoniy shaxs bilan ish beruvchi o‘rtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuziladi.

Kasanachilar bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga qo‘shimcha tarzda quyidagi shartlar ham kiritiladi:

kasanachi tomonidan mehnat vazifalarini amalga oshirish uchun asbob-uskunalar, jihozlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlarni berish tartibi;

xom ashyo, materiallar va tayyor mahsulotlarni qabul qilish hamda topshirish tartibi;

moddiy javobgarlik shartlari;

ish beruvchi va kasanachining mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda mehnat shartlariga rioya etishga doir majburiyatlari;

kasanachiga taʼtillar berish, uni ijtimoiy sug‘urta qilish, uning pensiya taʼminoti shartlari;

ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun kasanachi o‘z uskunasi, asbobi va jihozidan foydalangan taqdirda uning xarajatlari o‘rnini qoplash tartibi va shartlari;

ish beruvchining buyurtmasini bajarish munosabati bilan kasanachi foydalangan energiya, suv, aloqa uchun xarajatlarning o‘rnini qoplash (kompensatsiya qilish) tartibi;

mehnat vazifalarini amalga oshirishi uchun unga berilgan uskuna, asbob va jihozni taʼmirlash yuzasidan ish beruvchining majburiyatlari;

kasanachining aybiga ko‘ra materiallar, uskunalar, asboblarning buzilishi, shuningdek mahsulotning to‘liq yoki qisman yaroqsizligi bilan bog‘liq moddiy zararning o‘rnini ish beruvchiga qoplash shartlari;

kasanachiga foydalanish uchun berilgan uskunalar, asboblarni, jihozlarni, butlovchi buyumlarni, xom ashyoni va materiallarni inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda ish beruvchining vakillarini kasanachilik amalga oshirilayotgan xonalarga kiritish shartlari;

kasanachiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar (elektr energiyasining, suv, gazning mavjud emasligi va boshqalar) munosabati bilan ish beruvchining buyurtmasini belgilangan muddatlarda bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda, kasanachining bu haqda ish beruvchini xabardor qilishga doir majburiyatlari.

4. Kasanachiga oila aʼzolari ham yordamlashishi mumkinmi?

Kasanachi tomonidan ishlarni bajarish ish beruvchining roziligi olinmagan holda kasanachining oila aʼzolari ishtirokida (yordamida) amalga oshirilishi mumkin. Bunda kasanachining oila aʼzolari va ish beruvchi o‘rtasida yakka tartibdagi mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. Kasanachi o‘ziga yordam beradigan oila aʼzolari tomonidan bajariladigan ishlarning (xizmatlarning) sifati uchun ish beruvchi oldida javobgardir.

5. Kasanachining ish vaqti qanday belgilanadi?

Ish beruvchi kasanachi uchun ishlab chiqarish topshirig‘ini belgilashda butun ishlar majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi normal yoki qisqartirilgan ish vaqti davomiyligidan oshib ketmasligi uchun ishlarning ayrim turlarini bajarishga doir vaqt normativlarini hisobga olishi kerak.

Kasanachi ishlab chiqarish topshirig‘i hajmidan hamda mehnat shartnomasidan kelib chiqib o‘zi uchun ish vaqti davomiyligini, ish jadvalini va tartibini mustaqil ravishda belgilaydi.

Kasanachi ish vaqtini o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlashini inobatga olib, u bajargan barcha ish uchun 1 hissa miqdorda haq to‘lanadi va unga nisbatan ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida, shuningdek tungi vaqtda ishlaganligi uchun mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etilmaydi.

6. Kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi qancha?

Kasanachining yillik mehnat taʼtili davomiyligi, agar kasanachi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi ko‘proq bo‘lgan yillik mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega bo‘lmasa, 21 kalendar kundan kam bo‘lishi mumkin emas.

Kasanachilarga yillik mehnat taʼtilini berish vaqti va navbati kasanachi bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlangan jadvalda belgilanadi.

7. Kasanachining mehnatiga haq to‘lash qanday amalga oshiriladi?

Kasanachilarga, qoida tariqasida, ishbay haq to‘lanadi. Haq to‘lash amalda bajarilgan ishlar (xizmatlar) uchun yoki sifati bo‘yicha belgilangan talablarga javob beruvchi ishlab chiqarilgan mahsulot uchun amalga oshiriladi.

Kasanachining ish haqi, basharti kasanachi mehnat normalarini va mehnat majburiyatlarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak va biron-bir eng yuqori miqdor bilan cheklanmaydi.

Mehnat shartnomasida kasanachining mehnatiga bo‘nak tarzida haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

Agar kasanachi o‘z mehnatini bajaradigan joyda ish haqiga hudud koeffitsiyenti belgilangan bo‘lsa, kasanachi mehnatiga haq to‘lash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.

Yanada qiziqarli huquqiy tushuntirishlar bilan Hudud24.uz saytida tanishing