Maʼlumki, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot shaxsga doir maʼlumotlar sifatida qaraladi.
"Axborotlashtirish toʻgʻrisida"gi qonunga oʻzgartirish kiritildi. Unga koʻra, endi sunʼiy intellekt yordamida shaxsga doir maʼlumotlarga noqonuniy ishlov berganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Qonunga quyidagicha qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi:
- sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning umumiy asoslarini belgilash;
- ushbu sohadagi vakolatli davlat organining vakolatlarini aniqlashtirish.
Sunʼiy intellekt – insonning bilim va koʻnikmalariga taqlid qilish, mustaqil oʻrganish, yechimlarni izlash va aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beruvchi texnologik yechimlar majmui hisoblanadi.
Shu sababli ham, insonning huquqi va erkinligiga aloqador boʻlgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan texnologiyalar asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosalariga tayanish mumkin emas.
Shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish uchun jarima miqdori qancha?
Shu asoslarga koʻra, endi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni OAVlar, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish:
maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (41 mln 200 ming soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻladi.
Xorijiy tajribada javobgarlik belgilanganmi?
Xalqaro tajribaga nazar solsak, Yevropa Ittifoqi tashkilotlarning shaxsiy ma'lumotlarni qanday to'plashi, qayta ishlashi, saqlashi va uzatishi bo'yicha qat'iy qoidalarni o'rnatish bo'yicha GDPR (General Data Protection Regulation) hujjatini qabul qilgan. Unga koʻra sunʼiy intellekt orqali shaxs maʼlumotini oʻzgartirish, roziliksiz qayta ishlash, yolgʻon kontent (deepfake) yaratish quyidagi holatlarda jinoyat yoki ogʻir maʼmuriy huquqbuzarlik hisoblanadi:
Agar:
— shaxsga maʼnaviy zarar yetkazilsa,
— obroʻsiga putur yetsa,
— aldash yoki firibgarlik boʻlsa.
Tartibga amal qilmaslik, jarimaga sabab bo'ladi. Uning maksimal miqdori 20 million yevro yoki kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab yillik daromadining 4 foizini tashkil qilishi mumkin.
Qanday hollarda shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishga ruxsat etilgan?
“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
— subyekt bu maʼlumotlarga ishlov berishga rozilik berganda;
— subyekt taraf boʻlgan shartnomani bajarish uchun bu maʼlumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar subʼektning soʻroviga binoan choralar koʻrish zarur boʻlganda;
— mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun bu maʼlumotlarga ishlov berish zarur boʻlganda;
— subyektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun bu maʼlumotlarga ishlov berish zarur boʻlganda;
—mulkdor va (yoki) operatorning yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun yoxud shaxsga doir maʼlumotlar subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun bu maʼlumotlarga ishlov berish zarur boʻlganda;
— shaxsga doir maʼlumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda;
— agar bu maʼlumotlar hamma foydalanishi mumkin boʻlgan manbalardan olingan boʻlsa.