Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish uslubiyotini tasdiqlash toʻgʻrisida
(buyruq nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 25-dekabrda 2745-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 24-fevraldagi 2-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3287, 24.02.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish uslubiyoti ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Jinoiy, maʼmuriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi va Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Jinoiy, maʼmuriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi, Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi, Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi, Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi Axborot xizmati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri adliya boshqarmalari bilan birga:
bir oylik muddatda tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ularning hududiy boʻlinmalari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuridik xizmatlari vakillari ishtirokida seminar tashkil etsin;
adliya organlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish sohasidagi faoliyati toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan maʼlumotlarning ommaviy axborot vositalarida tizimli ravishda yoritib borilishini taʼminlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklansin.
Vazir M. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-dekabr,
384-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015-yil 25-dekabrdagi 384-mh-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish
uslubiyoti
(ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
Mazkur Uslubiyot Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mazmunida huquqni qoʻllash jarayonida korrupsion koʻrinishlarga olib kelishi mumkin boʻlgan korrupsiyaviy omillarni aniqlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarining, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarining (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi), shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazishning tartibini belgilaydi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Uslubiyotda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
normativ-huquqiy hujjat — “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq qabul qilingan, umum majburiy davlat koʻrsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, oʻzgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat;
huquqiy ekspertiza — loyihalarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, ularga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan boshqa qonun hujjatlariga, mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalariga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligini, shuningdek havola qiluvchi normalar qoʻllanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligini tekshirishni amalga oshirish;
korrupsiyaviy omillar — huquqni qoʻllovchilarga asossiz ravishda koʻrib chiqishning keng doirasini yoki umumiy qoidalardan chiquvchi istisnolarni asossiz qoʻllash imkoniyatini belgilovchi, jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin boʻlgan va (yoki) ogʻirlashtirilgan talablarni, shuningdek huquqni tartibga solishdagi boʻshliqlarni oʻz ichiga olgan loyihalarning normalari;
yuridik xizmat — davlat organi va tashkiloti faoliyatini huquqiy taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan meʼyor va mezonlarga muvofiq majburiy tartibda tashkil etiladigan yoki joriy qilinadigan mustaqil tarkibiy tuzilma yoxud lavozim;
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
adliya organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari.
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
2. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza huquqiy ekspertiza doirasida oʻtkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza loyihalarda korrupsiyaviy omillarning vujudga kelishini oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish maqsadida oʻtkaziladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
3. Quyidagilar korrupsiyaga qarshi ekspertizaning vazifalari hisoblanadi:
loyihalarda korrupsion huquqbuzarliklar sodir etishga imkoniyat yaratuvchi korrupsiyaviy omillarni aniqlash;
korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etish mumkinligiga doir qismi boʻyicha loyihani qabul qilish oqibatlarini umumiy baholash;
normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash jarayonida korrupsion tusdagi xavflarning vujudga kelishi imkoniyatlarini prognozlashtirish;
loyihalarda aniqlangan korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish va choralarni koʻrish.
4. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
qonuniylik — loyihalar normalarining mazmuni yuqoriroq yuridik kuchdagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi;
huquqni qoʻllashlilik — normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini qarama-qarshi sharhlash va qoʻllashni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan normalarni chiqarib tashlash;
normalarning shaffofligi va barqarorligi — loyihaning matnini loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etish. Loyihada foydalaniladigan tushunchalar va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etadigan, ularning qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda qoʻllaniladi. Ogʻzaki nutq shakllari, xorijiy tillarning atamalari, davlat tilida teng maʼnoli soʻzlar va tushunchalar boʻlgan taqdirda, eskirgan hamda koʻp maʼnoni anglatadigan soʻzlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalarning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
xolislik — korrupsiyaga qarshi ekspertizani xolis va begʻaraz, qatʼiy qonuniy, nazariy va amaliy asosda, tegishli mutaxassislik doirasida, har taraflama va toʻliq hajmda oʻtkazish;
mustaqillik — korrupsiyaga qarshi ekspertizani mustaqil shaxs tomonidan oʻtkazish. Manfaatdor shaxslar foydasiga xulosa olish maqsadida korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazuvchi shaxsga taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Loyihalarning korrupsiyaviy omillarga ega boʻlgan normalari
5. Quyidagilar huquqni qoʻllovchilarga asossiz ravishda koʻrib chiqishning keng doirasini yoki umumiy qoidalardan chiquvchi istisnolarni asossiz qoʻllash imkoniyatini belgilovchi korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) asosan quyidagilardan iborat boʻlgan diskretsion vakolatlarning kengligi (mazmunidan chegaralarini aniqlashning imkoni mavjud boʻlmagan vakolatlar):
muddatlarning mavjud emasligi yoki noaniqligi va asoslab berilmagan sabablarsiz belgilangan muddatni choʻzish yoki qisqartirish imkoniyatini nazarda tutish;
qarorlarni qabul qilishning sharoitlari va asoslarining mavjud emasligi, shuningdek davlat organlari va boshqa organlarga yoki ularning xodimlariga (bundan buyon matnda organlar deb yuritiladi) oʻz ixtiyoriga koʻra qarorlar chiqarish, bir nechta turdagi qarorlarni qabul qilish va ularni ijro etishning usullarini belgilash imkoniyatini berish;
organlarga oʻz ixtiyoriga koʻra yuridik faktni baholashga hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tegishli harakatlarni amalga oshirishning tartibini mustaqil ravishda belgilashga yoʻl qoʻyish;
organga oʻz ixtiyoriga koʻra tegishli asossiz jismoniy va yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarning vujudga kelishini, ularni oʻzgartirishni yoki bekor qilishni tashabbus qilish imkoniyatini berish;
organlarning takrorlovchi vakolatlarining mavjudligi;
b) huquqni qoʻllovchilar tomonidan har xil va aniq boʻlmagan talqin qilishga imkoniyat yaratadigan normalarning mavjudligi;
v) organlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirishni dispozitiv belgilashda ifodalangan vakolatni asossiz belgilanishi;
g) huquqlar hajmini tanlab oʻzgartirishning imkoniyati mavjudligi, yaʼni organlarning ixtiyoriga koʻra jismoniy va yuridik shaxslar uchun umumiy tartibdan chiquvchi istisnolarni asossiz belgilanishi;
d) boshqa organning vakolatiga tegishli boʻlgan qonunosti hujjatlarning qabul qilinishiga olib keladigan blanket va havola qiluvchi normalarning mavjudligi bilan tavsiflangan, qonunosti norma ijodkorligining nihoyatda erkinligi;
e) normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega boʻlmagan organlar tomonidan qabul qilinishi;
j) organlarga ularning vakolatiga tegishli boʻlmagan vakolatlarning taqdim qilinishi;
z) qonun osti hujjatlar loyihalarida qonun hujjatlariga koʻra qonun bilan tartibga solinishi lozim boʻlgan normalarning belgilanishi;
i) tegishli huquq va vakolatlarni taqdim qilishning tanlov tartibidan voz kechib, ularni tanlovdan tashqari taqdim qilish tartibining mustahkamlanishi;
k) loyihalar normalarining yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning koʻrsatmalariga nomuvofiqligi.
6. Quyidagilar jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin boʻlgan va (yoki) ogʻirlashtirilgan talablarni oʻz ichiga olgan korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) asosan quyidagilardan iborat boʻlgan, huquqni qoʻllovchiga tegishli boʻlgan huquqni amalga oshirish uchun unga yuklatiladigan oshirilgan talablarning mavjudligi:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini cheklashga qaratilgan va (yoki) yuklatilishi qonun hujjatlari normalari bilan asoslantirilmagan talablarning oʻrnatilishi;
bajarish uchun ehtiyoj boʻlmagan majburiyatlarning jismoniy va yuridik shaxslarga yuklatilishi;
jismoniy va yuridik shaxslarga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlar, axborotni taqdim qilish majburiyatining yuklatilishi;
ega boʻlayotgan huquqqa muvofiq boʻlmagan alomatlarga (kasbiy, mulkiy, ijtimoiy) muvofiq boʻlish majburiyatlarining mavjudligi;
b) jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan huquqlarni amalga oshirishning qatʼiy tartibga solinishining mavjud emasligi;
v) barqaror boʻlmagan, ikki maʼnoli tushunchalardan foydalanish yoki qoʻllanilayotgan atamalarning tushunchasi, ilmiy asoslantirilishi va ishonchliligining mavjud emasligi;
g) huquqiy munosabatlarning bir guruh subyektlariga nisbatan boshqalarni teng boʻlmagan, kamsituvchi ahvolga soluvchi afzalliklarning belgilanishi.
d) ijtimoiy munosabatlar ishtirokchilarining erkinligini cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan, jismoniy va yuridik shaxslarning xatti-harakatlari va faoliyatining sababsiz va asossiz tartibga solinishida ifodalaniladigan munosabatlarning haddan tashqari ortiqcha huquqiy tartibga solinganligi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan “d” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
7. Quyidagilar huquqni tartibga solishdagi boʻshliqlar bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyaviy omillar hisoblanadi:
a) maʼmuriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki toʻliq emasligi, yaʼni organlar tomonidan tegishli harakatlarni bajarish tartibining mavjud emasligi, jumladan:
qarorlarni qabul qiluvchi va qonun hujjatlari talablarini bajaruvchi organning mavjud emasligi;
organning harakatlari va vakolatlarining tartibga solinmaganligi;
vakolatlarni bajarish protsessual tartibining belgilanmaganligi;
organlar tomonidan maʼmuriy tartib-taomillarni bajarish uchun asoslarning mavjud emasligi yoki noaniqligi;
qabul qilinayotgan qarorni asoslab berish majburiyatining mavjud emasligi;
amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega boʻlmagan normalarning mavjudligi;
b) organlarning javobgarligi, shuningdek ularning harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish toʻgʻrisidagi normalarning mavjud emasligi;
v) organlarning faoliyati ustidan nazorat qilishning shakllari va turlariga koʻrsatmaning mavjud emasligi;
g) organlarning faoliyati toʻgʻrisidagi hamda ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning soʻrovlari yuzasidan maʼlumotlarni taqdim qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborotni (qonun bilan qoʻriqlanadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar bundan mustasno) oshkor etishni nazarda tutuvchi normalarning mavjud emasligi;
d) tegishli harakatlarni bajarish uchun masʼul boʻlgan organni loyihaning mazmunidan belgilashning imkoniyati mavjud emasligi;
e) normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishini asossiz ravishda qoldirish;
j) huquqni qoʻllovchilarda huquqlar mavjud boʻlganda majburiyatlarning mavjud emasligi yoxud huquqlar mavjud boʻlmaganda majburiyatlarning mavjudligi;
z) tegishli vakolatlar mavjud boʻlmaganda, qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarning qonun osti hujjatlari yordamida toʻldirilishi.
71. Loyiha bilan tartibga solinuvchi huquqiy munosabatlarning oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda adliya organlari tomonidan loyihalarning boshqa normalari ham korrupsiyaviy omillar sifatida baholanishi mumkin.
(71-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
3-bob. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotganda qoʻllaniladigan axborot. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazuvchi adliya organi xodimining huquq va majburiyatlari
8. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotganda ham rasmiy ham norasmiy axborotdan foydalaniladi.
9. Rasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
normativ-huquqiy hujjatlar;
xalqaro shartnomalar;
rasmiy eʼlon qilishlar, jumladan Internet jahon axborot tarmogʻining rasmiy resurslari;
statistik maʼlumot va hisobotlar;
sud amaliyoti.
10. Norasmiy axborotga quyidagilar kiradi:
ommaviy axborot vositalarining xabarlari;
ilmiy nashrlar;
Internet jahon axborot tarmogʻining norasmiy resurslari.
11. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazayotgan adliya organi xodimining asosiy huquqlari:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotgan loyihalarning predmetiga taalluqli boʻlgan hujjatlar bilan tanishish;
korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish;
korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotgan loyihalarning normalarini aniqlashtirish va ular boʻyicha tegishli tushuntirishlarni olish.
12. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazuvchi adliya organi xodimining asosiy majburiyatlari:
korrupsiyaga qarshi ekspertizani tashkillashtirish va oʻtkazishning qonun hujjatlari bilan belgilangan talablariga rioya qilish;
oʻzini oʻzi rad etish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda oʻzining rahbariga darhol maʼlum qilish;
korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik;
taqdim etilgan hujjatlarning but saqlanishini taʼminlash.
4-bob. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari
13. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza adliya organlari tomonidan oʻtkaziladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertiza ishlab chiquvchi yoki normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi, shuningdek loyihalar kelishilishi lozim boʻlgan organlarning yuridik xizmati tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish jarayoniga mustaqil ekspertlar va tor doira yoʻnalishlaridagi mutaxassislar ham jalb qilinishi mumkin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
14. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza oʻtkazilayotganda loyihaning har bir normasi yoki qoidasining, shuningdek loyiha qoidalarining bu sohadagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqligi darajasining tahlili amalga oshiriladi.
15. Loyihada korrupsiyaviy omillar aniqlangan taqdirda, adliya organining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijasi huquqiy ekspertiza oʻtkazilishi natijalari boʻyicha tayyorlanadigan loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosada aks ettiriladi.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
16. Loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi xulosada korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazishda aniqlangan korrupsiyaviy omillar, ular aniqlangan loyihaning tarkibiy qismlarini yoritgan holda, koʻrsatib oʻtilishi lozim.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
17. Oʻtkazilgan loyihalarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari boʻyicha eʼtirozlar majburiy tusga ega va loyiha huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi uchun takroran kiritilganda bartaraf qilinishi shart.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
18. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaviy omillarni oʻz ichiga olgan normalar aniqlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ularni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish qoidalariga (roʻyxat raqami 2565, 2014-yil 28-fevral) muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
19. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi normativ-huquqiy hujjatlari, xalqaro shartnomalari va ularning loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi mazkur Uslubiyotga muvofiq oʻtkaziladi.
Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish, tahlil qilish va monitoring qilish jarayoni yoki natijasi boʻyicha oʻtkaziladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
191. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
adliya organlari, davlat organlari va tashkilotlarining ish rejalari;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari;
jamoat nazorati subyektlarining taklif va mulohazalari;
ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan nashrlar va boshqa materiallarni oʻrganish natijalari.
(191-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
20. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi natijalari boʻyicha adliya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandi 5-kichik bandiga muvofiq davlat boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat tuzilmalariga bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli taqdimnomalar kiritilishi mumkin.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 1-iyundagi 307-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2745-1, 01.06.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)
21. Mazkur Uslubiyot talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 51-son, 644-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 10/18/2745-1/1310-son)