|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining ““Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 2019-yil 5-noyabrdagi OʻRQ-580-sonli Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Taʼriflar
Bank — tijorat tashkiloti boʻlib, bank faoliyati deb hisoblanadigan quyidagi faoliyat turlari majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxsdir:
yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablagʻlardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish;
toʻlovlarni amalga oshirish.
Omonat (depozit) — talab qilinishi bilanoq yoki toʻlovni amalga oshiruvchi shaxs bilan toʻlovni oluvchi shaxs yoxud ularning qonuniy vakillari oʻrtasida kelishilgan muddatda foizlar yoki ustama haq toʻlagan holda yoxud bunday toʻlovlarsiz hammasini qaytarib berish sharti bilan topshiriladigan pul summasi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 3-iyundagi OʻRQ-387-sonli “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining oʻninchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 14-avgustdagi 17/2-son qarori bilan tasdiqlangan Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisida Nizom 1-bandining ikkinchi xatboshisi.
Chet el banki — chet el bankining oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradigan shuʼba banki boʻlib, uning ustav kapitalining hammasi chet el banki tomonidan toʻlanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 67-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning XII bobi.
2-modda. Bank faoliyatining subyektlari
Oʻzbekiston Respublikasida tashkil etilgan hamma banklar bank faoliyatining subyektlaridir.
3-modda. Banklar faoliyatining huquqiy asosi
Banklar faoliyati ushbu Qonun, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonun, boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solib boriladi.
4-modda. Bank operatsiyalari
Banklar oʻz faoliyatlarida quyidagi bank operatsiyalarini amalga oshiradilar:
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan vakil banklarning hisobvaraqlarini ochish va yuritish, hisobvaraqlar boʻyicha hisob-kitob qilish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 771-moddasi.
omonatlarni jalb etish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 759-moddasi.
kreditlarning qaytarilishi, foizliligi va muddatliligi sharti bilan oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlar hisobidan oʻz nomidan kreditlar berish.
Banklar boshqa turdagi operatsiyalarni ham amalga oshirishlari mumkin, chunonchi:
mablagʻ egasi yoki mablagʻni tasarruf etuvchi bilan tuzilgan shartnomaga binoan pul mablagʻlarini boshqarish;
chet el valyutasini naqd pul va naqd boʻlmagan pul shakllarida yuridik hamda jismoniy shaxslardan sotib olish va ularga sotish;
pul mablagʻlari, veksellar, toʻlov va hisob-kitob hujjatlarini inkasso qilish;
uchinchi shaxslar nomidan majburiyatlarning bajarilishini nazarda tutuvchi kafolatlar berish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 289-moddasi.
uchinchi shaxslardan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish huquqini olish;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 749-moddasi.
qimmatli qogʻozlar chiqarish, xarid qilish, sotish, hisobini yuritish va ularni saqlash, mijoz bilan tuzilgan shartnomaga binoan qimmatli qogʻozlarni boshqarish, qimmatli qogʻozlar bilan boshqa operatsiyalarni bajarish;
bank faoliyati yuzasidan maslahat va axborot xizmati koʻrsatish;
jismoniy va yuridik shaxslarga hujjatlar va boshqa boyliklarni saqlash uchun maxsus binolar yoki ular ichidagi poʻlat sandiqlarni ijaraga berish;
moliyaviy lizing;
Oldingi tahrirga qarang.
mikroqarz berish;
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-oktabrdagi OʻRQ-494-sonli Qonuniga asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son)
xalqaro bank amaliyotiga muvofiq, litsenziyada maxsus koʻrsatilgan boshqa operatsiyalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar bevosita ishlab chiqarish, savdo va sugʻurta faoliyati bilan shugʻullanishga haqli emaslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(4-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 7-apreldagi OʻRQ-206-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 15-son, 176-modda)
5-modda. Banklar faoliyatini litsenziyalash
Bank, shu jumladan chet el banki, Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan beriladigan litsenziya asosida amalga oshiradi. Litsenziyada bank bajaradigan operatsiyalar roʻyxati koʻrsatiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrdagi 154-I-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning XIV bobi.
Litsenziyasiz amalga oshiriladigan bank faoliyati gʻayriqonuniy deb hisoblanadi va bunday faoliyat natijasida olingan daromad davlat budjetiga olib qoʻyilishi lozim.
6-modda. Firma nomi
“Bank” atamasi yoki mazkur atama qoʻshib yasalgan soʻz birikmalarini ushbu Qonunga muvofiq bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan tashkilotlar oʻz firma nomida yoki reklama maqsadlarida ishlatishlari mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1098 — 1101 moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 27-bandi, Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 18-sentabrdagi OʻRQ–51-sonli “Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasining uchinchi xatboshisi.
Ushbu talabni buzish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
II. BANKLAR TAShKIL ETISh VA ULARNING FAOLIYATINI TUGATISh TARTIBI
7-modda. Bank muassislari
Banklar, qoida tariqasida, mulkchilikning har qanday shakli asosida aksiyadorlik jamiyati tarzida tashkil etiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning II bobi.
Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar bank muassislari boʻlishi mumkin, basharti, qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va jamoat fondlari bundan mustasno.
Oldingi tahrirga qarang.
Har bir aksiyadorning ustav kapitalidagi ishtirokining eng koʻp ulushi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 6-maydagi OʻRQ–370-sonli “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 13-moddasining uchinchi qismi, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan “Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 230-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarini olishga doir bitimlarni koʻrib chiqish hamda bunday bitimlarni tuzish uchun oldindan rozilik olish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Banklarning aksiyalarini olish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bank muassislari bank aksiyadorlari tarkibidan u roʻyxatga olingan kundan boshlab bir yil mobaynida chiqib ketish huquqiga ega emaslar.
Bankning boshqa banklarning ustav kapitalida ishtirokiga yoʻl qoʻyilmaydi, chet el kapitali ishtirokidagi banklar va shuʼba banklar tashkil etish hollari, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollar bundan mustasno.
(7-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-49-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 37-38-son, 368-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom 4-bandining ikkinchi xatboshisi.
8-modda. Bank ustavi
Banklar oʻz ustavlari asosida faoliyat koʻrsatadilar.
Bank ustavida:
bankning (toʻla va qisqartirilgan) nomi va qayerda joylashganligi (pochta manzili);
bank operatsiyalarining roʻyxati;
ustav kapitalining miqdori, muassislar roʻyxati va ustav kapitalidagi ulushlarning taqsimoti;
bankning boshqaruv organlari, ularni tashkil etish tartibi, ularning vakolatlari hamda vazifalari haqidagi maʼlumotlar;
bank auditi tartibi, shu jumladan buxgalteriya hisobi xalqaro standartlariga muvofiq belgilangan hisobotlar va auditorlik dasturlarining maqsadlari koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Bank ustavida, ushbu moddada belgilangan talablardan tashqari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan maʼlumotlar ham boʻlishi kerak.
Bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartishlar belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning IV bobi, “Bankning ustav fondi miqdorini, aksiyadorlari tarkibini, nomlanishi va joylashgan joyini oʻzgartirish, ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat № 573, 19.11.1998-y.).
9-modda. Bankning ustav kapitali
Bankning ustav kapitali bank muassislari va aksiyadorlari toʻlagan pul mablagʻlaridan tashkil topadi.
Kreditga va garovga olingan mablagʻlardan hamda boshqa jalb etilgan mablagʻlardan bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Alohida hollarda qonun hujjatlariga muvofiq bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun budjet mablagʻlaridan foydalanilishi mumkin.
Eng kam ustav kapitali bank muassislari tomonidan uni roʻyxatga olish paytigacha toʻlanishi kerak. Ustav kapitali uchun toʻlanadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy bankida yoki boshqa banklarida ochilgan jamgʻarish hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Koʻrsatilgan mablagʻlardan depozit sifatida foydalanish mumkin.
Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 6-apreldagi PQ-1317-sonli “Bank tizimining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va investitsiyaviy faolligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandi, “Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi nizomning (roʻyxat raqami 2693, 06.07.2015-y.) 3-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning V bobi.
10-modda. Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash
Banklar Markaziy bankda roʻyxatga olingan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega boʻladilar.
Roʻyxatga olish tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Roʻyxatga olish bilan bir vaqtda banklarga bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya topshiriladi.
Banklarni roʻyxatga olish va ularga litsenziya berish haq evaziga amalga oshiriladi.
Banklarning filiallari Markaziy bankda roʻyxatga olinadi va oʻz faoliyatlarini ularni tashkil etgan bankka berilgan litsenziya asosida amalga oshiradilar.
Qarang: “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning XIV bobi (roʻyxat raqami 2014, 08.10.2009-y.).
11-modda. Bank ochish uchun oldindan Markaziy bankning ruxsatnomasini olish asoslari va muddatlari
Litsenziya berishdan oldin Markaziy bank arizachilarga bank tashkil etish sohasidagi faoliyatlarini davom ettirish imkonini beradigan dastlabki ruxsatnomani beradi.
Dastlabki ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi qaror ariza va u bilan birga barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab koʻpi bilan uch oy ichida qabul qilinadi va muassislarning moliyaviy imkoniyatlarini hamda obroʻsini, bank rahbarligiga taklif etilayotganlarning kasb malakalarini, biznes-rejani, moliyaviy rejani, kapitalning tuzilishini, tegishli bank binolari va uskunalar bilan taʼminlash imkoniyatlarini baholashga asoslanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning XI bobi.
12-modda. Banklarni roʻyxatga olish va ularga litsenziya berish muddati
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish uchun muassislar dastlabki ruxsatnoma olingan kundan boshlab uzogʻi bilan olti oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan talablarni bajarishlari kerak.
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish haqidagi qaror Markaziy bank talablari bajarilgan kundan koʻpi bilan bir oylik muddatda chiqariladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 74, 76-bandlari.
13-modda. Banklarni roʻyxatga olishni va ularga litsenziya berishni rad etish asoslari
Markaziy bank quyidagilarga asoslanib bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etishi mumkin:
bankni roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar topshirilmaganligi;
taʼsis hujjatlarining qonun hujjatlariga nomuvofiqligi;
bir yoki bir necha muassisning moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi;
muassislar moliyaviy mablagʻlarining manbalari eʼlon qilinmaganligi;
bankni roʻyxatga olish paytigacha eng kam ustav kapitalining toʻlanmaganligi;
bank rahbari va bosh buxgalteri lavozimlariga nomzodlarning bu kasbga nomuvofiqligi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun ariza berishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi. Bunda bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza yangidan berilgan hisoblanadi.
Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqishda bankni roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuniga asosan ikkinchi — beshinchi qismlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 77, 771-bandlari.
14-modda. Bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olish asoslari
Markaziy bank quyidagi hollarda bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani chaqirib olishi mumkin:
bank toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganida, passivlar aktivlardan koʻpayib ketganida;
litsenziya berishga asos boʻlgan maʼlumotlarning notoʻgʻriligi aniqlanganda;
bank oʻz omonatchilari va boshqa kreditorlari oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir boʻlmaganida;
hisobot maʼlumotlari muntazam ravishda buzib koʻrsatilganda;
qonun hujjatlariga va litsenziya shartlariga zid keladigan bank operatsiyalari amalga oshirilganda;
litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran bank operatsiyalarini amalga oshirish bir yildan ortiq muddatga kechikkanda;
monopoliyaga qarshi qoidalar buzilganda;
Oldingi tahrirga qarang.
ichki nazorat qoidalari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibi buzilganda;
(14-moddaning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi OʻRQ-516-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)
Oʻzbekiston Respublikasida oʻz shuʼba bankini tashkil etgan chet el bankidan litsenziya chaqirib olinganda.
15-modda. Chet el kapitali ishtirokida banklar taʼsis etish va ularning faoliyatiga nisbatan qoʻyiladigan qoʻshimcha talablar
Markaziy bank chet el kapitali ishtirokidagi banklar oldiga qoʻshimcha talablar qoʻyish, shu jumladan chet davlatlar banklaridan ular oʻzlari joylashgan va roʻyxatga olingan erdagi tekshiruv organi nazorati ostida ekanliklarining tasdiqnomasini talab qilish huquqiga ega.
Chet el banklariga litsenziyalar, basharti, chet davlat banki oʻz mamlakatida qaytarib berish sharti bilan pul depozitlari va boshqa boyliklarni qabul qilish huquqiga ega boʻlsagina beriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning XII bobi.
16-modda. Banklarning filial hamda vakolatxonalari
Banklar Oʻzbekiston Respublikasida oʻz filiallarini, chet el banklari esa oʻz vakolatxonalarini Markaziy bankning ruxsati bilan ochishlari mumkin.
Bank filiali — uni tashkil etgan bank nomidan bank faoliyatini amalga oshiruvchi alohida boʻlinmadir.
Chet el banki vakolatxonasi — bank faoliyatini amalga oshirmagan holda bankning manfaatlarini koʻzlab ish yurituvchi alohida boʻlinmadir.
Filiallarning rahbarlarini ularni tashkil etgan bankning rahbari Markaziy bank bilan kelishib tayinlaydi.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 2-oktabrdagi PF-2084-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Aksiyadorlik tijorat banki toʻgʻrisidagi nizomning 17-bandi, “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2014, 08.10.2009-y.).
17-modda. Banklarning chet ellardagi filiallari va vakolatxonalari
Banklar Markaziy bankning ruxsati bilan chet ellarda oʻz shuʼba banklarini, filiallari va vakolatxonalarini ochishlari, banklar tashkil etishda qatnashishlari mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 15-avgustdagi 23/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni roʻyxatga olish va ular faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 109-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”.
18-modda. Banklarning ittifoqlari va uyushmalari
Banklar, basharti, qonun hujjatlarining talablariga zid kelmasa, oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, oʻz aʼzolari manfaatlarini himoya qilish va birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish uchun ittifoqlar, uyushmalar va boshqa birlashmalar tuzishlari mumkin.
Bunday birlashmalar mustaqil ravishda tijorat faoliyati, shu jumladan bank faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin emas, ular tijoratchi boʻlmagan tashkilotlar uchun belgilab qoʻyilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 21 — 27-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 57-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
19-modda. Banklar faoliyatini toʻxtatish va ularni tugatish
Bank quyidagi hollarda oʻz faoliyatini toʻxtatadi:
aksiyadorlar yigʻilishining qaroriga koʻra;
Markaziy bank litsenziyani chaqirib olganida;
bankrot deb eʼlon qilinganida.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 474-II-sonli “Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Qonunining 164, 165-moddalari.
Oʻz faoliyatini toʻxtatgan bank Markaziy bank tomonidan banklarni davlat roʻyxatiga olish daftaridan chiqariladi.
Bankning faoliyati toʻxtatilganligi haqidagi xabar matbuotda eʼlon qilinadi.
Bank faoliyatini toʻxtatish va uni tugatish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53 — 57-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 98 — 101-moddalari va “Banklarni tugatish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat № 626, 11.02.1999-y.).
III. BANK FAOLIYATINI TARTIBGA SOLISh. BANKLARNING HUQUQ VA BURChLARI
20-modda. Banklarning mustaqilligi
Oʻzbekiston Respublikasida banklar bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildirlar.
Bank xizmatchisi bank boshqaruvining roziligi bilan oʻrindoshlik asosida boshqa joyda ishlashi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari bank muassasalarida oʻrindoshlik asosida ishlashga haqli emaslar.
21-modda. Davlat va banklarning masʼuliyati chegaralab qoʻyilishi
Banklar davlatning majburiyatlari boʻyicha, davlat esa banklarning majburiyatlari boʻyicha javobgar emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
22-modda. Bankning boshqaruv organlari
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi, bank kengashi va boshqaruvi bankning boshqaruv organlari hisoblanadi.
Bank kengashining burchlari quyidagilardan iborat:
omonatchilar va aksiyadorlarni himoya qilish maqsadida bank faoliyatini, shu jumladan kreditlash va mablagʻlarni investitsiyalashning toʻgʻriligini nazorat qilish;
bank rahbarlarini ishga tayinlash va ishdan boʻshatish;
bank kapitalining bir tekis oʻsib borishini taʼminlab turish;
bank siyosatini ishlab chiqish;
qonun hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash.
Bank kengashi aʼzolari kamida besh kishidan iborat boʻlishi lozim. Aksiyadorlardan tashqari bank sohasi olimlari va mutaxassislari ham bank kengashi aʼzosi boʻlishlari mumkin.
Bankka operativ rahbarlik qiluvchi va uning faoliyati uchun javob beruvchi bank boshqaruvi bankning ijroiya organi hisoblanadi. Boshqaruv bank kengashi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishi oldida hisobdordir.
23-modda. Banklarning fondlari
Banklar oʻz foydalaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda turli fondlar tashkil etishlari mumkin.
24-modda. Banklarning pul mablagʻlarini zaxiralash sohasidagi burchi
Banklar Markaziy bankda majburiy zaxiralarini saqlashlari shart. Majburiy zaxiralar normativi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 31-martdagi 12/8-sonli qarori bilan tasdiqlangan Tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga oʻtkaziladigan majburiy rezervlari toʻgʻrisidagi nizom.
25-modda. Banklarning umumiy iqtisodiy normativlarga rioya qilish sohasidagi burchlari
Banklarning barqarorligini taʼminlash hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar Markaziy bank tomonidan belgilanadigan iqtisodiy normativlarga rioya etishlari shart.
Qarang: “Tijorat banklari kapitalining monandligiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2693, 06.07.2015-y.).
Banklar oʻz kapitali va likvid resurslarini yetarli darajada saqlab turishlari, aktivlarni tasniflash asosida shubhali va harakatsiz aktivlarga qarshi zaxiralarni tashkil etishlari, shuningdek zarar koʻrish xavfini kamaytirish maqsadida oʻz aktivlari diversifikatsiyalanishini taʼminlashlari lozim.
Banklar:
amalga oshirilgan investitsiyalarning turlari yoki shakllariga;
koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk sotib olish hamda unga egalik qilishga;
boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida qatnashishga doir shartlarga rioya etishlari lozim.
Banklar:
kapitalni taqsimlash natijasida oʻz kapitali talab qilinadigan eng kam miqdordan ham kamayib ketadigan boʻlsa, kapitalni taqsimlashga;
aksiyalar shaklidagi oʻz qimmatli qogʻozlari bilan kafolatlangan kredit berishga;
oldindan Markaziy bankning roziligini olmay turib, oʻz aksiyalarini sotib olishga haqli emaslar.
Normativlar va ularni hisob-kitob qilish uslubiga boʻlajak oʻzgartishlar amalga kiritilishidan kamida bir oy oldin Markaziy bank tomonidan rasman eʼlon qilinadi. Ustav kapitalining eng kam miqdori oʻzgartirilishi toʻgʻrisida Markaziy bank bunday oʻzgartish amalga kiritilishidan kamida uch oy oldin rasman xabar beradi.
26-modda. Bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan bitimlar tuzish
Banklarning oʻziga aloqador boʻlgan shaxslar bilan yoki ular nomidan tuzadigan shartnomalari oʻziga aloqador boʻlmagan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslansa, ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi.
Markaziy bank bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan bitimlar tuzish, jumladan ularga kreditlar ajratish yuzasidan cheklovlar belgilaydi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/15-son qarori bilan tasdiqlangan Bankka aloqador boʻlgan shaxslar bilan tuziladigan bitimlar toʻgʻrisidagi Nizom.
Quyidagi shaxslar:
bankning mansabdor shaxsi, jumladan bank kengashining aʼzosi, shu bankning boshqa xodimlari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari;
Oldingi tahrirga qarang.
ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdoridan ortiq qismiga egalik qilib turgan bank aksiyadorlari;
ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdoridan ortiq qismiga egalik qilib turgan aksiyador yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari, shuningdek ularning yaqin qarindoshlari;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunining 53-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-yanvardagi 24-sonli “Bank tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3-bandi.
(26-moddaning uchinchi qismi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
bank yuridik shaxslarning qatnashchisi boʻlib, ularning ustav kapitalidagi ulushi oʻn foizdan ortiq boʻlsa, mazkur yuridik shaxslar, ularning mansabdor shaxslari va bu shaxslarning yaqin qarindoshlari bank bilan aloqador shaxslar deb hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilgan shaxslarning biri bilan aloqador boʻlgan shaxs ularning har biri bilan aloqador deb hisoblanadi.
Bank bilan aloqador shaxsga kredit, shuningdek bank bilan aloqador shaxs uchun kafolatlar ushbu modda talablarini hisobga olgan holda bank kengashining qaroriga koʻra berilishi mumkin.
27-modda. Banklarning Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining kassa ijrosiga doir operatsiyalarni bajarishi
Markaziy bankning topshirigʻiga koʻra banklar Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining kassa ijrosiga doir operatsiyalarni bajaradilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 24-martdagi 20, 2016-14, 01-02/8-10-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Budjet tizimi budjetlari daromadlarining kassa ijrosi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma”.
28-modda. Banklarning kredit stavkalari va vositachilik haqi miqdorini belgilash huquqlari
Bank operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanadi.
Davlat dasturlarini moliyalash uchun Markaziy bank tomonidan banklarga beriladigan kreditlar boʻyicha Markaziy bank ushbu banklar qarzdordan undirib oladigan foiz stavkalarining eng koʻp miqdorini belgilashi mumkin, bunda markazlashtirilgan resurslar uchun toʻlov va banklarning xarajatlari oʻrnini qoplash hisobga olinadi.
29-modda. Banklarning hisobot va boshqa axborotni taqdim etish majburiyatlari
Banklar oʻz faoliyatlariga doir hisobot va boshqa axborotni Markaziy bankka oʻz vaqtida taqdim etishlari shart.
Oldingi tahrirga qarang.
291-modda. Banklarning moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar bank hisobvaraqlari boʻyicha axborot taqdim etish majburiyati
Korxonalar olti oy mobaynida (savdo va savdo-vositachilik korxonalari esa uch oy mobaynida) bank hisobvaraqlari boʻyicha pul operatsiyalarini oʻtkazish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmagan hollarda, dehqon va fermer xoʻjaliklari bundan mustasno, banklar bunday korxonalar toʻgʻrisidagi axborotni ular hisobga olingan joydagi davlat soliq xizmati organiga tegishli choralar koʻrish uchun taqdim etishlari shart.
Bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisida sud qarori mavjud boʻlgan taqdirda, korxonalarning yopilayotgan hisobvaraqlaridagi mablagʻlar qoldiqlari bank tomonidan foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga kiritib qoʻyiladi, korxonaning toʻlanishi uchun bankka taqdim etilgan kreditorlik qarzi esa, koʻzda tutilmagan holatlarning alohida hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
(291-moddasining nomi, birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Korxonalarning bank hisobvaraqlari yopilgandan keyin ularning nomiga kelib tushayotgan mablagʻlar foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarga kiritib qoʻyiladi.
Foydalanish huquqisiz maxsus hisobvaraqlarda jamlangan mablagʻlar banklar tomonidan birinchi navbatda korxonalarning budjet va budjetdan tashqari fondlar oldidagi qarzlarini qoplash uchun, qolgan summa esa ularning kreditorlik qarzini toʻlovlarning kalendar navbati boʻyicha qoplash uchun yoʻllanadi.
Korxonalarni tugatish boʻyicha maxsus komissiya korxona faoliyatini davom ettirishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan yoki belgilangan tartibda tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan eʼtiboran bu korxonaning hisobvaraqlari tasarrufi tegishincha korxonaning oʻziga yoki tugatish komissiyasiga oʻtadi.
(291-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 20-avgustdagi 832-I-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 229-modda)
30-modda. Bank operatsiyalariga doir hujjatlar
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar hujjatlarni Markaziy bank belgilagan tartibda va muddatda oʻz idoraviy arxivlarida saqlashlari shart.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)
Qarang: Tijorat banklari faoliyatida vujudga keladigan hujjatlarni saqlash muddatlari roʻyxatini qoʻllash boʻyicha koʻrsatmalar (roʻyxat № 951, 26.07.2000-y.).
31-modda. Banklar va mijozlar oʻrtasidagi munosabatlar
Banklar va ularning mijozlari oʻrtasidagi munosabatlar shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mijozlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzlari tanlagan bitta yoki bir necha bankda milliy valyutada va chet el valyutasida talab qilib olguncha saqlanadigan depozit hisobvaraqlar ochishga haqli.
(31-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-apreldagi 772–I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 5-son, 124-modda)
Banklar mijozlarga hisobvaraqlar ochishning Markaziy bank belgilagan tartibiga rioya qilishlari shart.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma (roʻyxat № 1948, 27.04.2009-y.).
Bankning barcha xizmatlari bank aksiyadorlari va boshqa mijozlarga teng shartlar asosida koʻrsatiladi.
32-modda. Banklararo operatsiyalar
Banklar shartnoma asosida mablagʻlarni depozitlar, kreditlar shaklida bir-birlaridan jalb etishi va bir-biriga joylashtirishi, tashkil etiladigan hisob-kitob markazlari va vakillik hisobvaraqlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishi hamda litsenziyada nazarda tutilgan boshqa oʻzaro operatsiyalarni bajarishi mumkin.
Qarang: Markaziy bank Boshqaruvining 2006-yil 17-yanvardagi 1/3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Markaziy bankning banklararo toʻlov tizimi orqali elektron toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
33-modda. Banklarning hisob-kitob qilish tartibi
Banklar va ularning mijozlari hisob-kitoblarni Markaziy bank belgilaydigan tartibda amalga oshiradilar. Koʻrsatilgan tartibni buzganlik uchun ular qonun hujjatlarida belgilangan tarzda javobgar boʻladilar.
Qarang: “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 2465, 03.06.2013-y.).
34-modda. Kreditlar qaytarilishini taʼminlash
Banklar qonun hujjatlariga muvofiq koʻchar va koʻchmas mulkni garovga qoʻyish, kafolat berish, kafillikka olish va majburiyatlar asosida kredit beradilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744 — 748-moddalari.
Banklar taʼminlanmagan kredit (eʼtimodli kredit) berish haqida qaror qabul qilishlari mumkin.
35-modda. Qarzdorlarni toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Bankdan olgan kreditlarini oʻz vaqtida toʻlash majburiyatlarini bajarmayotgan qarzdorlarni bank toʻlovga qobiliyatsiz deb eʼlon qilishi va bu haqda matbuotda xabar berishi mumkin. Bank bunday qarzdorlarni bankrot deb topishni soʻrab, iqtisodiy sudda daʼvo qoʻzgʻatish huquqiga ega.
(35-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
IV. BANKLARGA VASIYLIK QILISh
36-modda. Vasiylikni tayinlash
Bankning muvaqqat maʼmuriyatini tayinlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda Markaziy bank vasiy tayinlaydi va vasiylik qilish haqida farmoyish chiqaradi. Farmoyish matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bankning oldindan vasiydan rozilik olmay qilgan harakatlari haqiqiy emas.
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Banklarga vasiylik qilish toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat № 570, 19.12.1998-y.).
37-modda. Vasiyning vakolatlari
Vasiy bankning mansabdor shaxslari va uning aksiyadorlari vakolatlariga, shuningdek bank ahvolini normallashtirish uchun zarur choralar koʻrish, jumladan qonun hujjatlariga muvofiq filiallarni yopish, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni ishdan boʻshatish huquqiga ega boʻladi.
Vasiy istalgan paytda fuqarolarning depozitlari va investitsiyalari bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga qisman yoki toʻla toʻxtatib qoʻyilganligini eʼlon qilishi mumkin, bunda depozitlar va investitsiyalarning taxminiy qiymatini saqlab qoladigan choralar koʻrilishi shart.
Basharti, vasiylik vaqtida yoki vasiylik davrining oxirida bankni sogʻlomlashtirishning iloji yoʻqligi Markaziy bank tomonidan aniqlansa, u litsenziyani chaqirib oladi va belgilangan tartibda bankni tugatadi.
Qarang: Banklarni tugatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat № 626, 11.02.1999-y.).
V. BANK MIJOZLARINING MANFAATLARINI HIMOYA QILISh
38-modda. Bank siri
Banklar oʻz mijozlari va vakillarining operatsiyalari, hisobvaraqlari hamda jamgʻarmalariga doir maʼlumotlar sir saqlanishiga kafolat beradi. Bankning barcha xizmatchilari bank, uning mijozlari va vakillarining bank operatsiyalari, hisobvaraqlari va jamgʻarmalariga doir maʼlumotlarni sir saqlashlari shart.
Yuridik shaxslar va boshqa tashkilotlarning operatsiyalari hamda hisobvaraqlariga doir maʼlumotnomalar ana shu tashkilotlarning oʻziga, prokuror, sudlarga, jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa surishtiruv va tergov organlariga beriladi.
Jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari va omonatlariga doir maʼlumotnomalar mijozlarning oʻziga va ularning qonuniy vakillariga; mijozlarning hisobvaraqlari va omonatlarida turgan pul mablagʻlari hamda boshqa qimmatbaho narsalar xatlanishi, ularga undiruv qaratilishi yoki mol-mulk musodara etilishi mumkin boʻlgan hollarda yuritilayotgan ishlar boʻyicha sudlar, surishtiruv va tergov organlariga beriladi.
Hisobvaraqlar va omonatning egalari vafot etganda ushbu hisobvaraqlar hamda omonatga doir maʼlumotnomalar mazkur hisobvaraq yoki omonat egasi bankka topshirgan vasiyatnomasida koʻrsatgan shaxslarga, vafot etgan omonatchilarning jamgʻarmalariga doir meros ishlarini yuritayotgan davlat notarial idoralariga, chet el fuqarolarining hisobvaraqlariga doir maʼlumotnomalar esa — chet el konsullik muassasalariga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborotni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
(38-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi OʻRQ-516-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)
Xizmat burchi yuzasidan bank axborotidan xabardor boʻlgan shaxslar xizmat sirini oshkor qilganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar oʻz mijozlari boʻlgan korxonalarning operatsiyalari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni ular soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻliq va toʻgʻri toʻlayotganliklarini nazorat qilish uchun soliq organlarining soʻroviga binoan taqdim etadi.
(38-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-197-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 513-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Banklar kredit axborotini kredit byurolariga kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida taqdim etadi.
(38-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 10-apreldagi OʻRQ-321-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 15-son, 163-modda)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi budjet tizimi budjetlari mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanilishini oʻrganish uchun bank hisobvaraqlari boʻyicha davlat pul mablagʻlarining harakatlanishi bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni va axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining soʻroviga binoan taqdim etadi.
(38-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 15-yanvardagi OʻRQ-516-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)
39-modda. Banklarning oʻz mijozlari oldidagi javobgarligi
Banklar mablagʻlarning saqlanishi hamda omonatchilar oldidagi majburiyatlarining bajarilishi uchun, shu jumladan toʻlovlar bir bankdan boshqa bankka oʻz vaqtida oʻtishi hamda mablagʻlarning korxonalar va tashkilotlar hisob-kitob varaqlariga kiritilishi uchun oʻz mijozlari va omonatchilari oldida javobgardirlar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasi.
Bank tugatilganda uning jismoniy shaxs boʻlgan omonatchilari bankni tugatishdan keladigan tushumlar hisobidan oʻz omonatlarini olishda imtiyozga egadirlar.
Banklar depozit va kredit operatsiyalariga doir muddatlar va shartlar, shu jumladan Markaziy bank chiqargan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqilgan yillik foiz stavkalari, mukofotlar va yigʻimlar toʻgʻrisida oʻz mijozlariga muntazam ravishda axborot berib borishlari shart.
40-modda. Monopoliyaga qarshi qoidalar
Banklarning bank operatsiyalari bozorini monopoliyalash va bank ishida raqobatni cheklashga qaratilgan bitimlarga erishish maqsadida oʻz ittifoqlari, uyushmalari va boshqa birlashmalaridan foydalanishi taqiqlanadi.
Monopoliyaga qarshi qoidalarga rioya etilishi Markaziy bank tomonidan, shuningdek ushbu maqsadlarda qonun hujjatlariga muvofiq tuziladigan boshqa organlar tomonidan nazorat qilinadi.
VI. BANKLARDA HISOB YURITISh VA HISOBOT. BANKLARNI NAZORAT QILISh
41-modda. Banklarda hisob yuritish va hisobot
Banklarda buxgalteriya hisobi yuritish va hisobot qoidalari Markaziy bank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari va xalqaro standartlarga muvofiq belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisida Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1834, 11.07.2008-y.).
Buxgalteriya hisobi yuritish va hisobot qoidalari buzilganligi uchun bank rahbarlari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Qarang: Markaziy bank tomonidan bank va boshqa kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar talablarini buzganliklari uchun tijorat banklari, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga nisbatan qoʻllaniladigan chora va sanksiyalar toʻgʻrisidagi nizomning (roʻyxat № 622, 05.02.1999-y.) 6.1-bandi.
42-modda. Banklarning moliyaviy hisobotlarni eʼlon qilishi
Banklar oʻz moliyaviy hisobotlarini Markaziy bank belgilaydigan shakl va muddatlarda, unda koʻrsatilgan maʼlumotning toʻgʻriligini auditorlar tasdiqlagach, matbuotda eʼlon qiladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining chop etiladigan yillik moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizom (roʻyxat № 1419, 25.10.2004-y.)
43-modda. Banklar auditi
Banklarning faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq auditorlik tekshirishlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan auditorlar tomonidan har yili tekshirib turilishi lozim.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 78-sonli № 78-II sonli “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 10-moddasining birinchi qismi.
Audit, xususan, kapitalning yetarliligini baholash, ssudalarni tasniflash, ssudalar boʻyicha zararlarni qoplash, tavakkalchilikni va likvidlikni oʻlchashni oʻz ichiga oladi.
Banklar qonun hujjatlariga muvofiq ichki auditorlik dasturlarini ishlab chiqishlari va amalga oshirishlari ham shart.
Qarang: Tijorat banklarining ichki auditiga Markaziy banki tomonidan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom (yangi tahriri) (roʻyxat № 992-1, 20.04.2004-y.).
44-modda. Banklarni nazorat qilish
Markaziy bank qonun hujjatlariga muvofiq banklar faoliyatini nazorat qilib boradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 50 — 54-moddalari.
Markaziy bank tijorat banklaridan axborot berishni talab qilishga va ushbu Qonunni bajarish maqsadida boshqa ishlarni amalga oshirishga haqlidir.
Banklar faoliyatini tekshirish Markaziy bank tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan banklar va ularning filiallarida inspeksiya (tekshirish) oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2217, 14.04.2011-y.).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 25-aprel,
216-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda, 9-son, 241-modda; 1999-y., 5-son, 124-modda, 9-son, 229-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 368-modda, 41-son, 405-modda; 2008-y., 52-son, 513-modda; 2009-y., 15-son, 176-modda, 39-son, 423-modda; 2012-y., 15-son, 163-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son, 04.10.2018-y., 03/18/494/1992-son; 16.01.2019-y., 03/19/516/2484-son)