Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 12-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3430-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-sentabrdagi 570-son “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son “Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi hamda Tibbiy jihozlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 29-apreldagi 10-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3430, 2023-yil 4-may) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 10/23/3430/0253-son) bilan tasdiqlangan Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Ushbu buyruqqa ilovaning 1-bandi beshinchi xatboshisi 2027-yil 13-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir E. ADILOV
Toshkent sh.,
2026-yil 22 oktabr,
30-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 15 oktabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 7 oktabr
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2026-yil 6 oktabr
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2026-yil 22-oktabrdagi 30-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
“3. Dori vositalarini retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritish dori vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish va roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish jarayonida amalga oshiriladi.
Bunda, ariza beruvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati va ularni koʻrib chiqish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
4. Vakolatli organ tomonidan quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlgan dori vositalari retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 337-son “Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan respublikada muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kirmaydigan dori vositalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi 359-son “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini tartibga solishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar roʻyxatlariga kirmaydigan dori vositalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-sentabrdagi 818-son qarori bilan tasdiqlangan Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatida mavjud boʻlgan moddalarni tarkibida saqlamagan dori vositalari;
ruhiy va jismoniy qaramlikni keltirib chiqarmaydigan dori vositalari;
tibbiy xodimning doimiy kuzatuvisiz qoʻllanilganda inson organizmiga bevosita yoki bilvosita xavf tugʻdirmaydigan, shuningdek reproduktiv toksiklik, genotoksiklik va kanserogenlik xususiyatlariga ega boʻlmagan dori vositalari;
uzoq muddat qoʻllanilganida kumulyativ xususiyatlarga ega boʻlmagan dori vositalari
tarkibida farmakologik taʼsir yoki nojoʻya reaksiyalar sababli qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazishni talab qiladigan faol moddalarni saqlamaydigan dori vositalari;
dori shakli, qoʻllash usullari, bir martalik va sutkalik dozasi, konsentrasiyasi, qadoq hajmi va qoʻllash davomiyligi tibbiy nazoratsiz xavfsiz foydalanish imkonini beradigan, parenteral yoki davolash-profilaktika muassasalarida qoʻllashga moʻljallanmagan dori vositalari;
isteʼmolchi tomonidan belgilari oson aniqlanadigan yengil kasalliklar yoki simptomlarni qisqa muddat davomida mustaqil davolash uchun qoʻllash mumkin boʻlgan dori vositalari;
notoʻgʻri qoʻllash, dozani oshirish, uzoq qabul qilish yoki tibbiy koʻrsatmadan tashqari ishlatish ehtimoli past va bunday qoʻllash jiddiy xavf tugʻdirmaydigan dori vositalari;
tibbiyotda qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomada mustaqil va xavfsiz qoʻllash uchun zarur maʼlumotlar aniq, toʻliq va isteʼmolchi uchun tushunarli koʻrsatilgan dori vositalari;
farmakologik nazorat va postmarketing nazorati natijalariga koʻra dori vositasini tibbiy nazoratsiz qoʻllashda jiddiy xavf tugʻdiradigan nojoʻya reaksiyalar, suiisteʼmol qilish holatlari yoki foyda-xavf nisbatining salbiy oʻzgarishi aniqlanmagan dori vositalari;
dori vositasining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti roʻyxatiga kiritilgan tartibga soluvchi organlar (WHO Listed Authorities) yoki Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Global taqqoslash vositasi (Global Benchmarking Tool) boʻyicha 4-darajali darajali yetuklikka ega boʻlgan tartibga soluvchi organlar tomonidan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.”.
2. 6-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“6. Har biri alohida retseptsiz beriladigan dori vositasi boʻlgan ikkita va undan ortiq taʼsir etuvchi moddalar majmuasidan tarkib topgan dori vositalari mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlarga hamda quyidagi shartlarga muvofiq boʻlganda retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga kiritilishi mumkin:
agar har bir faol modda dori vositasining koʻrsatilgan terapevtik taʼsiriga oʻz hissasini qoʻshsa;
faol moddalar kombinatsiyasining foyda-xavf nisbati ijobiy boʻlsa;
dori vositasi qoʻllanilishi moʻljallangan bemorlar guruhi uchun faol moddalarni birgalikda qoʻllash tegishli klinik va ilmiy maʼlumotlar bilan asoslangan boʻlsa;
dori vositasining oʻzaro taʼsiri, dozani oshirib yuborish, notoʻgʻri qoʻllash va suiisteʼmol qilish xavflari pastligi klinik jihatdan isbotlangan boʻlsa.”.
3. 10-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Ariza beruvchining dori vositalarini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻzgartirish boʻyicha murojaati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-noyabrdagi 738-son qarori bilan tasdiqlangan Dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqiladi.”.
4. 12-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan mezonlarga, ikkita va undan ortiq taʼsir etuvchi moddalar majmuasidan tarkib topgan dori vositalari boʻyicha esa qoʻshimcha ravishda mazkur Nizomning 6-bandida belgilangan shartlarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish rad etiladi.”.
5. 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Dori vositasini retsept bilan beriladigan toifadan retseptsiz beriladigan dori vositalari toifasiga oʻtkazish rad etilgan taqdirda, rad etish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganda yoki dori vositasining xavfsizligi va samaradorligiga oid yangi maʼlumotlar mavjud boʻlganda, ariza beruvchi takroran murojaat qilishga haqli.
Dori vositasining xavfsizligi yoki samaradorligiga oid yangi maʼlumotlar aniqlanganda, farmakonazorat va postmarketing nazorati natijalariga koʻra yoxud qonunchilikdagi oʻzgarishlar munosabati bilan vakolatli organ oʻz tashabbusiga koʻra dori vositasining retsept bilan yoki retseptsiz beriladigan toifasini mazkur Nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan qayta koʻrib chiqishi mumkin.”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026 y., 10/26/3430-2/1125-son)