Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini oshirish, shuningdek, davlat va jamiyat oʻrtasida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Mazkur islohotlar doirasida fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishning zamonaviy institutsional tizimi shakllantirildi.
Xususan, Xalq qabulxonalari orqali aholi murojaatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilish, joyida oʻrganish va tezkor hal etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi hamda murojaatlarning ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatildi.
Raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonlari yanada soddalashtirildi. Virtual qabulxona hamda murojaat.gov.uz portali orqali fuqarolarga murojaatlarni elektron shaklda yuborish va ularning koʻrib chiqilishi jarayonini onlayn kuzatish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirish “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining maqsadlaridan biri etib belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-51-sonli Farmonida aholi bilan davlat organlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni taʼminlash, fuqarolarning murojaat qilish huquqini soʻzsiz amalga oshirish orqali ularning davlat boshqaruvida ishtirokini yanada kengaytirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalari nazarda tutildi.
Shuningdek, mazkur Farmonga asosan murojaatlarda koʻtarilayotgan tizimli muammolarni tahlil qilish maqsadida barcha hududlarda hamda vazirlik va idoralarda ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Amalga oshirilgan islohotlar natijasida murojaatlarni koʻrib chiqishda tezkorlik, ochiqlik va masʼuliyat darajasi sezilarli oshdi, davlat organlarining fuqarolar murojaatlariga nisbatan javobgarligi kuchaytirildi hamda ijro intizomi yanada mustahkamlandi.
Shu bilan birga, bugungi kunda aholini murojaat qilishga majbur qilayotgan muammolarni mahallaning yoki hududning oʻzida hal qilish hamda ularning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayapti. Bu esa murojaatlar sonining oshib ketishiga sabab boʻlmoqda.
Xususan, 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga jami 1,2 mlnta murojaat kelib tushgan.
Hududlar kesimida eng koʻp murojaatlar Toshkent shahri (169,9 mingta), Qashqadaryo (136,7 mingta), Surxondaryo (116,4 mingta), Toshkent (110, 6 mingta), Samarqand (109,5 mingta) viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.
Vazirlik va idoralar kesimida eng koʻp murojaatlar Ichki ishlar vazirligi (148,2 mingta), Majburiy ijro byurosi (133,8 mingta), Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi (101,2 mingta), Energetika vazirligi (87,8 mingta), Sogʻliqni saqlash vazirligi (63 mingta ), Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (60,9 mingta)ga kelib tushgan.
Joriy yilning yanvar — sentabr oylarida 702,1 mingta murojaat kelib tushgan. Hududlar kesimida murojaatlarning koʻpayishi Fargʻona (13 foiz), Namangan va Xorazm (4 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahri (7 foiz) hissasiga toʻgʻri kelgan.
Qayd etish joizki, joriy yilning 1-oktabr holatida respublika boʻyicha 4,4 mingta murojaat qonunchilikda belgilangan muddatlarda (30 kun ichida) koʻrib chiqilishi taʼminlanmagan.
Mahalliy hokimliklar kesimida eng koʻp muddat buzilish holatlari Qashqadaryo, Toshkent, Surxondaryo, Fargʻona va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan boʻlsa, tashkilotlar kesimida Bosh prokuratura, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hissasiga toʻgʻri kelgan.
Mahalliy darajada hal etilishi mumkin boʻlgan masalalar oʻz vaqtida koʻrib chiqilmayotgani, aholi bilan manzilli muloqot qilinmayotgani, murojaatlarini koʻrib chiqish jarayonlari boʻyicha aniq maʼlumotlar berilmayotgani oqibatida respublika darajasidagi rahbarlar qabulini tashkil etishga oid murojaatlar koʻpaymoqda.
Joriy yilda rahbarlar shaxsiy qabulini soʻrab 16,7 mingta murojaat kelib tushgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 58 foizga oshgan. Hududlarda 46,7 mingta sayyor qabul oʻtkazilib, 176,9 mingta masala boʻyicha ariza va shikoyatlar qabul qilingan.
Hududlar kesimida eng koʻp murojaatlar Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Andijon, Xorazm viloyatlaridagi sayyor qabullarda kelib tushgan.
Shuningdek, 9 mingdan ortiq fuqaro qariyb 21 mingta murojaatlarni Toshkent shahriga kelib Prezident Xalq qabulxonasiga topshirgan. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 31 foizga oshgan.
Hokimliklar rahbariyati tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan 23,7 mingta shaxsiy qabuldan 4,2 mingtasi oʻtkazilmagan. Qabullarda koʻtarilgan 67,3 mingta masaladan faqatgina 19,9 mingtasi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarda koʻtarilgan masalalar toʻliq hal qilinmagani, javoblarning noaniq yoki yetarli asoslantirilmagani oqibatida 92 mingdan ortiq takroriy murojaat kelib tushgan boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan 38 foizga koʻpaygan.
Tashkilotlar kesimida takroriy murojaatlar soni Energetika vazirligida (58 foiz), Majburiy ijro byurosida (39 foiz), Oila va xotin-qizlar qoʻmitasida (29 foiz), Sogʻliqni saqlash vazirligida (20 foiz) oshgan.
Hududlar kesimida takroriy murojaatlar Toshkent (227 foiz), Fargʻona (99 foiz), Toshkent shahrida (84 foiz), Namangan (71 foiz) va Jizzax (53 foiz) viloyatlarida oʻsgan.
Jamoaviy xarakterda jami 7 mingta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularda ichki yoʻllarni taʼmirlash, elektr tarmoqlari obyektlarini qurish va taʼmirlash, sodir etilgan huquqbuzarlikka oid masalalar, ish haqi toʻlash, surishtiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlari, gaz taʼminoti hamda noqonuniy qurilishlar bilan bogʻliq masalalar eng koʻp koʻtarilgan.
Bundan tashqari, tashkilotlar xodimlarining qoʻpol muomala yoki etika qoidalariga rioya qilmasligi, qabul qilingan qarorning mazmunini fuqaroga aniq va sodda tilda tushuntirmasligi oqibatida joriy yilning oʻtgan davrida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 37,7 mingta murojaat kelib tushgan.
Ularning aksariyati mahalla raislari (4 744 ta), ichki ishlar organlari xodimlari (3 765 ta), sogʻliqni saqlash xodimlari (3 248 ta), majburiy ijro byurosi xodimlari (3 192 ta), bank xodimlari (2 037 ta), taʼlim tizimi xodimlari (1 953 ta) hamda ijtimoiy xodimlar (1470 ta) xatti-harakatlaridan norozi boʻlib qilingan murojaatlar hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, 2025-yil va 2026-yilning 6 oyi davomida oʻtkazilgan tekshirishlarda aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 4 mingdan ortiq prokuror nazorati hujjati qoʻllanilib, 100 mingga yaqin shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.
Bunda 194 ta taqdimnoma kiritilgan, 734 ta protest keltirilgan, 441 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, 595 nafar shaxs intizomiy, maʼmuriy va moddiy javobgarlikka tortilgan, 447 nafar shaxs rasman ogohlantirilgan, sudlarga 54,5 mlrd soʻm zararni undirish yuzasidan 1 729 ta daʼvo arizasi kiritilgan, 33,6 mlrd soʻmlik yetkazilgan zarar undirilgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqish masalasida eng koʻp prokuror nazorati hujjatlari Samarqand (198 ta), Navoiy (175 ta), Toshkent (173 ta), Fargʻona (137 ta), Buxoro (127 ta), Jizzax (115 ta), Namangan (91 ta), Xorazm (64 ta) viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (75 ta) va Toshkent shahrida (63 ta) qoʻllanilgan.
Aholi bilan davlat organlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlariga qilgan murojaati oʻz vaqtida va xolisona koʻrib chiqilishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 16-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi A. Eshmuratovning davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash borasidagi faoliyati yuzasidan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Davlat organlari va tashkilotlariga murojaatlar bilan ishlash borasida yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishi holatlari koʻrsatib oʻtilsin.
3. Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik, Energetika vazirliklari, Majburiy ijro byurosi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi:
murojaatlarning koʻpayishiga sabab boʻlgan omillarni har tomonlama tahlil qilsin va murojaatlar koʻpaygan sohalarga alohida eʼtibor qaratsin;
murojaatlarni birinchi bosqichda qonuniy, sifatli va toʻliq hal etish orqali ularning sonini qisqartirish choralarini koʻrsin;
aholi qabuli, sayyor qabullar va murojaat qiluvchilar bilan ochiq muloqotlar samaradorligini oshirsin;
murojaatlarni koʻrib chiqishda ijro intizomi, muddatlarga rioya etish va javoblar sifatini oshirsin;
aholi eng koʻp murojaat qilayotgan yoʻnalishlar boʻyicha tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
xodimlarning muomala madaniyati, kasbiy malakasi va aholi bilan ishlash koʻnikmalarini oshirish boʻyicha doimiy oʻquvlar tashkil etib borsin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi:
murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlarining buzilishiga sabab boʻlgan har bir holatni oʻrganib chiqsin hamda aybdor shaxslarning javobgarlik masalasini hal qilsin;
murojaatlarni qabul qilish, roʻyxatga olish hamda oʻz vaqtida koʻrib chiqish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
murojaatlar bilan ishlovchi xodimlarning malakasini oshirish, ularning qonunchilik talablarini bilishi va ijro intizomiga rioya etishini taʼminlasin;
murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlariga rioya etilishi holatini har chorakda muhokama qilib borsin va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar qabul qilsin.
5. Energetika vazirligi, Majburiy ijro byurosi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi:
takroriy murojaatlarning kelib chiqish sabab va omillarini tahlil qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taʼsirchan choralarni koʻrsin;
tizimli muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini taʼminlasin;
murojaatlarning ijrosi ustidan nazorat va monitoring tizimini kuchaytirsin, hal etilgan murojaatlar boʻyicha natijadorlikni baholash amaliyotini joriy etsin;
murojaatchilar bilan qayta aloqa mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish orqali qabul qilingan qarorlardan qoniqish darajasini muntazam oʻrganib borsin;
murojaatlarning eng koʻp uchrayotgan yoʻnalishlari boʻyicha profilaktik choralar koʻrish, aholiga huquqiy tushuntirish ishlarini kengaytirish hamda davlat xizmatlari haqidagi axborotning ochiqligi va tushunarliligini oshirsin;
takroriy murojaatlar ulushini bosqichma-bosqich kamaytirish boʻyicha aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilab, ularning ijrosini nazorat qilsin.
6. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Taʼlim va ilm-fan vazirliklari, Majburiy ijro byurosi, Markaziy bank, Ijtimoiy himoya milliy agentligi:
xodimlarning xatti-harakatlari, fuqarolar bilan muomalasi va xizmat vazifalarini bajarishi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni muntazam tahlil qilib borsin;
aholi bilan muloqot qilish, nizoli vaziyatlarni hal etish, murojaatlar bilan ishlash va xizmat odobi boʻyicha xodimlarning bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv-seminarlar tashkil etib borsin;
murojaatlarning koʻpayishiga yoʻl qoʻygan xodimlarning faoliyatiga tanqidiy baho berish, ularning shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrsin.
7. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi bilan birgalikda 2027-yil 1-yanvarga qadar “mahalla yettiligi” aʼzolarining Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlar bilan ishlash boʻyicha bilim va malakasini hamda koʻnikmalarini oshirish boʻyicha onlayn oʻquv dasturi modulini ishga tushirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlarni koʻrib chiqish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holati boʻyicha prokuror nazoratini kuchaytirsin;
murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlarini buzgan, ularni toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlamagan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal qilinishini ta'minlasin;
murojaatlar bilan ishlash sohasida qonunchilikni qoʻllash amaliyotini tahlil qilib, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi bilan birgalikda bir oy muddatda takroriy murojaatlar bilan ishlash metodologiyasini ishlab chiqsin hamda takroriy murojaatlarning kelib tushish sabab va omillarini aniqlash, ularni bartaraf etish, murojaatlarni mazmunan va samarali koʻrib chiqish tartibini belgilaydigan tegishli yoʻriqnoma loyihasini tayyorlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli koʻrib chiqsin hamda ijrosini qatʼiy nazoratga olsin;
takroriy shikoyatlarga sabab boʻlayotgan tizimli muammolarni har tomonlama tahlil qilib, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
rahbarlar va masʼul mansabdor shaxslarning sayyor qabullari hamda aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarini muntazam tashkil etib borsin;
murojaatlarni koʻrib chiqishda byurokratik holatlarga yoʻl qoʻyilmaslikni, har bir murojaat yuzasidan asosli va qonuniy qaror qabul qilinishini taʼminlasin;
murojaatlar bilan ishlash samaradorligini baholashning taʼsirchan ichki nazorat mexanizmlarini joriy etsin hamda masʼul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirsin;
aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha hududlarda tuzilgan doimiy ishchi guruhlar faoliyatini nazorat qilib borsin;
murojaatlar bilan ishlash holati, takroriy murojaatlarga sabab boʻlayotgan tizimli muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masalani har chorakda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalari kun tartibiga kiritish choralarini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
vazirlik va idoralarning murojaatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tanqidiy muhokama oʻtkazsin, kamchiliklarga yoʻq qoʻygan masʼul mansabdor shaxslarning masʼuliyatini oshirsin;
murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari buzilishi qayd etilgan vazirlik va idoralar faoliyatini tizimli oʻrganish asosida ularda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ijro intizomini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin hamda amalga oshirilishini taʼminlasin;
murojaatlarni koʻrib chiqish sohasida yagona amaliyotni shakllantirish, murojaatlarni tahlil qilish, tizimli muammolarni aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
vazirlik va idoralar rahbarlarining ish samaradorligini baholashda murojaatlarning soni, belgilangan muddatda, toʻliq koʻrib chiqilganligi va ijobiy hal etilganligi hamda takroriy murojaatlar ulushi asosiy mezonlardan biri sifatida qoʻllash amaliyotini kuchaytirsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi:
har chorakda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida murojaatlar bilan ishlash holati boʻyicha oʻtkazilgan eshituvlar va qabul qilingan Kengash qarorlari samaradorligini tanlov asosida oʻrgansin hamda natijalarini Komissiya majlislarida muhokama qilib borsin;
2027-yilning yanvar-fevral oylarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bittadan tuman (shahar) misolida mahalliy Kengashlar sessiyalarida tegishli tuman (shahar)da aholi murojaatlari bilan ishlash holati yuzasidan namunaviy eshituvlarni oʻtkazish boʻyicha hududdagi boshqa tuman, shahar Kengashlari uchun seminarlar tashkil etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari ikki hafta muddatda:
oʻz faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlash holatini tanqidiy oʻrganib, tahlil qilsin;
eng koʻp murojaatlar kelib tushayotgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini qoʻmita majlisida eshitish yuzasidan reja-grafik loyihasini ishlab chiqib, Senat Kengashiga takliflar kiritsin;
belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga maʼlumot kiritib borsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining tegishli hududda murojaatlar bilan ishlash holati toʻgʻrisidagi axborotini hamda undan kelib chiqib aholi murojaatlari bilan ishlashda sustkashlikka yoʻl qoʻygan hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini har chorakda sessiyalarda eshitib borish;
eshituv yakuni boʻyicha sohada tizimli muammolar saqlanib qolishiga, takroriy murojaatlar soni ortishiga yoʻl qoʻygan va murojaatlarni belgilangan muddatlarda koʻrib chiqmagan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berish;
Kengash deputatlari, Xalq qabulxonasi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida jamoaviy murojaatlarni joyiga chiqqan holda oʻrganish hamda aholi vakillari ishtirokida ochiq muhokamalar oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish;
Kengashga kelib tushgan murojaatlarni hamda deputatlarning qabullarida koʻtarilgan masalalarni har chorak yakunida tahlil qilish, tahlil natijalari asosida aholi muammolarini hal etishda deputat soʻrovi va Kengash soʻrovini shakllantirishda foydalanib borish tavsiya etilsin.
14. Ushbu Qarorning 3 — 10-bandlarida belgilangan vazifalar ijrosiga masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari amalga oshirilgan ishlar yuzasidan 2027-yilning 10-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga batafsil maʼlumot kiritsin.
15. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda murojaatlarni koʻrib chiqish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazib, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqsin;
mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni umumlashtirgan holda 2027-yilning 10-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashiga axborot kiritsin.
16. Ushbu Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
17. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 14-oktabr,
KQ-411-V-son