Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Aholi bilan davlat organlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni taʼminlash, fuqarolarning murojaat qilish huquqini soʻzsiz amalga oshirish orqali ularning davlat boshqaruvida ishtirokini yanada kengaytirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-111-son Farmoniga muvofiq qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirishning maqsadlari etib belgilansin:
(a) aholi bilan davlat organlari oʻrtasida ochiq va samarali muloqotni taʼminlash;
(b) Xalq qabulxonalarining yagona vertikal tizimini joriy etish orqali ular faoliyatini samarali tashkil qilish;
(v) Xalq qabulxonalarining “mahalla yettiligi”, davlat organlari va tashkilotlarining jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimlari (axborot xizmatlari) bilan yaqin hamkorligini taʼminlash orqali murojaatlarning bevosita hududlarda qabul qilinishi va koʻrib chiqilishiga erishish.
II. Aholi va davlat organlari oʻrtasidagi muloqot koʻlamini kengaytirish va samaradorligini oshirish
2. 2026-yil 1-maydan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar boʻyicha nazorat vaqti rejimi oʻrnatiladi, bunda koʻrib chiqilishi belgilangan muddatdan oʻtgan murojaatlar ijro uchun avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organiga oʻtadi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar uch ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta oʻrganib chiqiladi;
(v) aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatida, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;
(g) davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning koʻrib chiqilishiga oid eʼtirozlarni oʻrganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi koʻrsatkichlarida aks ettiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini koʻradi, murojaatlar tahlilini olib boradi;
(b) vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi;
(v) kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilish, ularni tahlil qilish, aniqlangan tizimli muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, mahalliy hokimliklarda doimiy faoliyat olib boradigan ishchi guruhlar tashkil etiladi hamda ularga davlat organlari va tashkilotlarining shaxsan birinchi rahbarlari boshchilik qiladi, ishlab chiqilgan takliflarni har uch oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash holati boʻyicha har olti oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklarning reytingi ochiq eʼlon qilib boriladi. Reytingda murojaatlar salmogʻi, ularni hal etish darajasi, muddatlarga rioya etilganligi, murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tizimga kiritilgan materiallar qayta ijroga yuborilishi, takroriyligi kabi mezonlar aks ettiriladi;
(d) davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan oʻtkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini toʻliq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat oʻrnatiladi;
(j) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tomonidan har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali murojaatlar bilan ishlash faoliyati, hududda muammolarni hal qilish boʻyicha koʻrilgan choralar, kelgusida bajariladigan ishlar va rejalar haqida keng jamoatchilikka batafsil axborot beriladi;
(z) jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida oʻrganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi;
(i) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash boʻlinmalari xodimlari, shuningdek, “mahalla yettiligi” aʼzolarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati tegishlicha Xalq qabulxonalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
III. Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini oshirish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi (keyingi oʻrinlarda — Prezident Xalq qabulxonasi) tashkil etilsin.
Prezident Xalq qabulxonasi markaziy apparatining umumiy boshqaruv xodimlari shtat birliklari soni 49 ta hamda yordamchi xodimlar (xizmatchilar) soni 20 ta etib belgilanadi.
Bunda:
(a) 19 ta shtat birligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi PF-111-sonli Farmonida nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
(b) 30 ta shtat birligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari shtat birliklarini qisqartirish hisobiga ajratilsin.
5. Belgilansinki:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)dagi Xalq qabulxonalari Prezident Xalq qabulxonasining alohida boʻlinmalari sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritadi hamda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
(b) Prezident Xalq qabulxonasi markaziy apparati faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)dagi Xalq qabulxonalarida mavjud shtat birliklari doirasida Xalq qabulxonasi mudir oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari bilan kelishilgan holda Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi tomonidan;
(v) tuman (shahar)dagi Xalq qabulxonalari mudirlari oʻrinbosarlari, Prezident Xalq qabulxonasi markaziy apparati va Xalq qabulxonalari boshqa xodimlari — Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Prezident Xalq qabulxonasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti mutasaddiligida amalga oshiradi va unga hisob beradi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti boshligʻi oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi hisoblanadi;
(v) Prezident Xalq qabulxonasi boshligʻi oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqarma boshligʻi uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
IV. Prezident Xalq qabulxonasining vazifalari, huquq va vakolatlari
9. Quyidagilar Prezident Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ariza va shikoyatlar bilan kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish hamda ularning murojaatlari koʻrib chiqilishini taʼminlash;
(b) murojaatlar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan har tomonlama, toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishi va nazorat qilinishini tashkil etish;
(v) murojaatlarda koʻtarilgan, joylarda aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilish, natijalari boʻyicha tegishli materiallar tayyorlash;
(g) joylardagi Xalq qabulxonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, normativ-uslubiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, shuningdek, ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning bajarilishini monitoring qilish;
(d) vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlar bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini taʼminlash, tegishli tashkilotlarga koʻrsatma va topshiriqlar yuborish.
10. Prezident Xalq qabulxonasi quyidagi huquq va vakolatlarga ega:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan shaxslarning huquqlariga rioya etilishi boʻyicha qonunchilik hujjatlarining soʻzsiz bajarilishi, zarur hollarda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar xodimlari va “mahalla yettiligi” aʼzolarini jalb qilgan holda oʻrganilishini tashkil qilish;
(b) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tomonidan sayyor va ommaviy qabullar reja-grafiklar asosida oʻtkazilishini nazorat qilish, aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan masalalar boʻyicha qabullar tashkil etish yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan talabnoma kiritish;
(v) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy qabullari oʻtkazilishini va “ishonch telefonlari” faoliyatini monitoring qilish;
(g) aholi murojaatlari bilan ishlash holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga tahliliy axborotlar kiritish;
(d) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqargan sabab va sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
(j) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish va aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish hamda koʻrib chiqish uchun sudga yuborish;
(z) murojaatlarda koʻtarilgan masala, muammo va keltirilgan vajlarni har tomonlama tekshirish va samarali hal qilish yuzasidan murojaatlarni koʻrib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlariga koʻrsatmalar berish;
(i) oʻz vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni talab qilib olish;
(k) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar va aholi muammolari bilan ishlash, ijtimoiy soha va boshqa obyektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini oʻrganish maqsadida ularning hududi va binolariga moneliksiz kirish;
(l) mansabdor shaxslar va fuqarolardan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi xususida ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilib olish;
(m) davlat organlari va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyatini muhokama qilishga oid yigʻilishlarida ishtirok etish;
(n) qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organlari va tashkilotlari maʼlumotlar bazalaridan foydalanish;
(o) aholi kayfiyatiga taʼsir qilayotgan masalalar boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotini eshitib borish;
(p) oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tuzish;
(r) Prezident Xalq qabulxonasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquq va vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Davlat organlari va tashkilotlari Prezident Xalq qabulxonasi va joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan kiritilgan talabnoma, taqdimnoma, koʻrsatmalarni bajarmagan taqdirda, ushbu holatlar boʻyicha materiallar tegishli choralar koʻrish uchun prokuratura organlariga kiritiladi.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Prezident Xalq qabulxonasi:
(a) bir oy muddatda Prezident Xalq qabulxonasi toʻgʻrisidagi nizom va uning tuzilmasi hamda shtatlar jadvalini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga tasdiqlash uchun kiritsin;
(b) olti oy muddatda aholi bilan muloqotni samarali tashkil etish boʻyicha rivojlangan xorijiy mamlakatlarning tajribasini oʻrganish orqali, shuningdek, keng jamoatchilik vakillarining takliflarini inobatga olgan holda Xalq qabulxonalari faoliyatini hamda davlat organlarida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif kiritsin.
13. Prezident Xalq qabulxonasi Toshkent shahri Mirobod tumani Fidokorlar koʻchasi 23-uy va Shayxontohur tumani Bunyodkor shohkoʻchasi 2-uy manzillaridagi binolarga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Bunda mazkur binolarda foydalanishda boʻlgan ofis jihozlari (kompyuter, printer va aloqa jamlamalari, mebel va boshqa kerakli inventar va uskunalar) Prezident Xalq qabulxonasining balansiga begʻaraz oʻtkazib berilishi nazarda tutilsin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ikki oy muddatda barcha Xalq qabulxonalarining moddiy-texnik bazasini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, ularda xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlashni yaxshilash uchun zarur sharoitlar yaratsin, Xalq qabulxonalari xodimlarini zamonaviy kompyuterlar, mebel jihozlari hamda boshqa kerakli asbob-uskunalar va anjomlar, yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) bir oy muddatda Prezident Xalq qabulxonasi faoliyatini tashkil etish uchun talab qilinadigan mablagʻlarni 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning iqtisod qilingan mablagʻlari doirasida ajratsin. Bunda Prezident Xalq qabulxonasini zarur mebel, kompyuter va boshqa jihozlar bilan taʼminlash uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;
(b) 2027-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Prezident Xalq qabulxonasi faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentining qabuli soʻralgan murojaatlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2-ilovaga* muvofiq ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
* 1-2-ilovalar keltirilmaydi.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshligʻi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sh.I. Asadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 1-aprel,
PF-51-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.04.2026-y., 06/26/51/0299-son)