XALQ DEPUTATLARI BEKOBOD TUMANI KENGASHINING
qarori
Bekobod tumanida 2026-yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarorining 7-bandida kuz-qish davrida yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilab qoʻyilgan.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2026-yil 26-martdagi 0187-sonli xatini koʻrib chiqib, muassasa rahbari Z. Karaboyevning hisobotini tinglab, deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6, 24-moddalariga asosan, xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashi qaror qiladi:
1. Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2026-yil 26-martdagi 0187-sonli xati va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining rahbari Z. Karaboyevning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi 2026-yil vegetatsiya davriga manbalar (kanallar) boʻyicha ajratilgan suv miqdori (limit) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bekobod tumani suvdan foydalanuvchilarga 2026-yil yozgi sugʻorish mavsumiga hududlar boʻyicha ajratilgan suv miqdori (limit) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh. Xaydarov va tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari Z. Karaboyevlar birgalikda:
qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun isteʼmolchilar kesimidagi suv olish limitlarini “Suv hisobi” axborot tizimiga kiritib borish vazifasi topshirilsin.
5. Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari (Z. Karaboyev)ga:
belgilangan suv limitlari asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot berib borishi belgilansin.
6. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashining 2025-yil 30-apreldagi VII-12-56-10-135-K/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7.Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A. Djabborov) hamda ijrosini taʼminlash tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari (Sh. Xaydarov) zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi MOʻMINOVA YOQUTXON ERGASHEVNA
Toshkent viloyati, Bekobod tumani,
2026-yil 20-aprel,
VII-26-28-10-135-K/26-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.