XALQ DEPUTATLARI BEKOBOD TUMANI KENGASHINING
QARORI
Bekobod tumanida 2025-yilning sugʻorish (vegetatsiya) mavsumi uchun suv isteʼmolchilariga ajratiladigan cheklangan suv miqdori (limit)ni tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Xalq deputatlari Toshkent viloyati Bekobod tumani Kengashining 2026 yil 20 apreldagi VII-26-28-10-135-K/26-sonli «Bekobod tumanida 2026 yil vegetatsiya davri uchun isteʼmolchilar kesimida suv olish limitlarini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takommillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarori 7-bandida 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi belgilab qoʻyilgan.
Tumanda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv-tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish asosiy maqsad qilib olingan.
2025-yil sugʻorish (vegetatsiya) davrida isteʼmolchilar 8696,0 tani tashkil etib, jami maydon 46 400,0 gektar, shundan, suv olish limiti 502,9 mln metr kubni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qaroriga asosan tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasining 2025-yil 27-martdagi 83/03-01-24-sonli xatini koʻrib chiqib, muassasa rahbari Z.Qoraboyevning hisobotini eshitib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Bekobod tumani Kengashi qaror qiladi:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-son qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2.Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari Z.Qoraboyevning 2025-yilning sugʻorish (vegetatsiya) mavsumi uchun suv isteʼmolchilariga ajratiladigan cheklangan suv miqdori (limit)ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3.Bekobod tumani suvdan foydalanuvchilarga 2025-yil yozgi sugʻorish mavsumiga ajratilgan cheklangan suv miqdori (limit) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4.Bekobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan 2025-yilning vegetatsiya davrida sugʻorish ishlari uchun ajratilgan cheklangan suv miqdori (limit) toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5.Tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari Z.Qoraboyevga:
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish vazifalari yuklatilsin.
Amalga oshirilgan ishlar yuzasidan joriy yilning oktyabr oyida xalq deputatlari tuman Kengashida hisobot bersin.
6.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya boʻyicha doimiy komissiyasi (A.Djabborov) zimmasiga yuklatilsin.
Sessiya raisi MOʻMINOVA YOQUTXON ERGASHEVNA
Toshkent viloyati, Bekobod tumani,
2025-yil 30-aprel,
VII-12-56-10-135-K/25-son
Hujjatni ilovalari bilan PDF shaklida tanishish mumkin.