OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ISTIQBOLLI LOYIHALAR MILLIY AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 25-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3860]
1. Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2026-yil 7-may,
15-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 7-maydagi 15-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiyalar, obligatsiyalar va qimmatli qogʻozlarning hosilalari bilan amalga oshiriladigan repo bitimlariga tatbiq etiladi.
Mazkur Nizom davlat qimmatli qogʻozlari bilan amalga oshiriladigan repo bitimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
repo bitimi — bitim shartlari bilan belgilangan muddat va bahoda qimmatli qogʻozlarni qayta sotib olish (sotish) sharti bilan tuziladigan oldi-sotdi bitimi;
repo tashabbuskori — savdo tizimida repo bitimida ishtirok etish taklifi bilan buyurtma bergan tomon;
repo akseptanti — savdo tizimida repo tashabbuskori bilan bitim tuzgan tomon;
savdo tizimi — repo bitimi boʻyicha elektron savdolar amalga oshiriladigan, uning asosida buyurtmalarni roʻyxatga olish, qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlarining hisobini yuritish, bitimlarni avtomatik tarzda tuzish imkonini beruvchi fond birjasining va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisining (bundan buyon matnda qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari deb yuritiladi) avtomatlashtirilgan elektron tizimi;
qimmatli qogʻozlar — hujjatlar boʻlib, ular mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydi, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish imkoniyatini nazarda tutadi;
birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritilgan qimmatli qogʻozlar — fond birjasi tomonidan belgilangan savdo qoidalari talablariga muvofiq fond birjasining kotirovkalash varagʻiga kiritilgan qimmatli qogʻozlar;
mukofot — repo bitimi boʻyicha pul mablagʻlaridan foydalanish evaziga repo tashabbuskori tomonidan repo akseptantiga toʻlanadigan, qimmatli qogʻozlar qiymatiga nisbatan foizlarda belgilanadigan hamda qimmatli qogʻozlarni dastlabki sotish va qayta sotib olish narxlari oʻrtasidagi farqni ifodalaydigan haq;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2-bob. Repo bitimlarini amalga oshirishga qoʻyiladigan talablar
3. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlarini tuzish qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchilarining savdo tizimlarida amalga oshiriladi.
Birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritilgan qimmatli qogʻozlar repo bitimlarining taʼminoti sifatida kiritilishi mumkin. Bunda emitent yoki qimmatli qogʻozning Oʻzbekiston Respublikasining suveren kredit reytingidan koʻpi bilan ikki pogʻona past boʻlgan xalqaro kredit reytingi yoki uning milliy reyting shkalasi boʻyicha ekvivalenti mavjud boʻlgan taqdirda, ulardan taʼminot sifatida foydalanishga ruxsat etiladi.
4. Joylashtirilmagan qimmatli qogʻozlar, shuningdek emitent tomonidan sotib olingan yoki emitent tasarrufiga boshqacha tarzda kelib tushgan qimmatli qogʻozlar (obligatsiyalar va qimmatli qogʻozlarning hosilalari bundan mustasno) bilan repo bitimlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Repo bitimi repo tashabbuskori va repo akseptanti oʻrtasida tuziladi va unda qimmatli qogʻozlarni dastlabki sotish (sotib olish) shartlari (narxi, miqdori va taraflarning kelishuviga koʻra boshqa shartlar), shuningdek qimmatli qogʻozlarni qayta sotib olish (sotish) shartlari (muddati, miqdori, narxi va taraflarning kelishuviga koʻra boshqa shartlar) boʻlishi kerak.
6. Repo bitimi savdo tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Repo bitimlarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va shartlari, shuningdek pul mablagʻlarini deponentlash va qimmatli qogʻozlarni repo bitimlari boʻyicha blokirovka qilish muddatlari, tartibi va shartlari qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisi tomonidan uning qoidalari bilan belgilanadi.
3-bob. Repo bitimlarini tuzish shartlari
8. Repo tashabbuskori qimmatli qogʻozlar savdosi tashkilotchisining savdo tizimida repo bitimini tuzish boʻyicha buyurtma berishi mumkin.
9. Taqdim etilgan buyurtmalar qimmatli qogʻozlarni dastlabki sotish (sotib olish) narxini, qayta sotib olish (sotish) muddatini va mukofot miqdorini (qimmatli qogʻozlarning umumiy qiymatiga nisbatan yillik foizlarda) oʻz ichiga olishi kerak.
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi boʻlgan va repo bitimi boʻyicha akseptant vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs repo bitimi boʻyicha mukofot miqdorini bitim tuzilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan kam boʻlmagan miqdorda belgilashi shart.
Repo bitimi boʻyicha mukofot oʻtkazilgan savdolar yakunlari boʻyicha yillik foiz hisobida repo bitimida belgilanadi.
10. Repo bitimi oʻzaro bogʻliq boʻlgan ikki qismdan iborat boʻlib, unda quyidagilar amalga oshiriladi:
birinchi qismda qimmatli qogʻozlarni repo bitimida belgilangan shartlarda sotish (sotib olish);
ikkinchi qismda qimmatli qogʻozlarni repo bitimida nazarda tutilgan muddatda va shartlarda qayta sotib olish (sotish).
11. Repo bitimining muddati repo bitimining birinchi qismi roʻyxatga olingan sanadan repo bitimining ikkinchi qismi ijro etiladigan sanagacha boʻlgan davr hisoblanadi.
12. Repo akseptanti repo tashabbuskorining repo bitimini tuzish toʻgʻrisidagi buyurtmasini savdo tizimida qabul qilgan paytdan boshlab repo bitimi savdo tizimida avtomatik ravishda tuzilgan va roʻyxatga olingan hisoblanadi.
13. Repo bitimining ikkinchi qismi repo bitimida belgilangan muddat tugaganda repo bitimi roʻyxatdan oʻtkazilgan savdo tizimida avtomatik ravishda ijro etiladi hamda qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlari boʻyicha hisob-kitoblar savdo tizimi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
14. Repo bitimining shartlari va muddatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish repo bitimi taraflarining oʻzaro roziligiga asosan amalga oshiriladi.
Repo bitimi taraflari repo bitimining ikkinchi qismi ijro etiladigan sanadan kamida bir ish kuni oldin repo bitimining shartlari va muddatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisiga savdo tizimi qoidalariga muvofiq murojaat qilishga haqli.
Bunda, repo bitimining shartlari va muddatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni savdo tizimida roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi.
15. Repo bitimining ikkinchi qismi boʻyicha taraflarning huquq va majburiyatlari repo bitimining birinchi qismiga nisbatan teskari tartibda amalga oshiriladi. Bunda, qimmatli qogʻozlarni repo bitimining birinchi qismida sotgan taraf ikkinchi qismda ularni qayta sotib oluvchi, qimmatli qogʻozlarni repo bitimining birinchi qismida sotib olgan taraf esa ikkinchi qismda ularni qayta sotuvchi hisoblanadi.
16. Repo bitimlari boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlarga oid huquq va majburiyatlar repo bitimining muddati davomida repo tashabbuskoridan repo akseptantiga oʻtadi.
17. Repo bitimining ikkinchi qismi boʻyicha taraflarning majburiyatlari repo bitimining birinchi qismi toʻliq ijro etilgandan soʻng yuzaga keladi.
18. Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisi repo bitimining ikkinchi qismi ijro etiladigan sanadan kamida bir kun oldin repo bitimi taraflariga repo bitimining ikkinchi qismi ijro etilishi toʻgʻrisida xabarnoma yuboradi.
19. Savdo tizimi repo bitimining ikkinchi qismini ijro etishdan oldin repo bitimi taraflarining pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlari repo bitimi boʻyicha majburiyatlarni toʻliq bajarish uchun yetarliligini tekshiradi.
Repo bitimi taraflarining pul mablagʻlari va (yoki) qimmatli qogʻozlari repo bitimining ikkinchi qismi boʻyicha majburiyatlarni toʻliq bajarish uchun yetarli boʻlgan taqdirda, savdo tizimi pul mablagʻlari va qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitoblarni avtomatik ravishda amalga oshirilishini taʼminlaydi hamda repo bitimining ikkinchi qismi ijro etilgan deb hisoblanadi.
20. Repo bitimining ikkinchi qismi ijro etiladigan sanada majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlari va (yoki) qimmatli qogʻozlarning yetarliligi taʼminlanmagan taqdirda, yetarlilik shartini bajarmagan taraf repo bitimi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmagan deb hisoblanadi va qonunchilik hujjatlarida hamda repo bitimi shartlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Savdo tizimida yoki Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining tizimida yuzaga kelgan texnik nosozliklar sababli yetarlilik shartlarining bajarilmaslik holatlari bundan mustasno.
21. Repo bitimiga muvofiq qayta sotib olinadigan (qayta sotiladigan) qimmatli qogʻozlar soni repo bitimi boʻyicha dastlabki sotilgan (sotib olingan) qimmatli qogʻozlar soniga teng boʻlishi kerak.
22. Qimmatli qogʻozlar bilan repo bitimlari, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, faqat Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida amalga oshiriladi.
4-bob. Repo bitimlari boʻyicha hisobot
23. Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisi oʻzi tomonidan roʻyxatga olingan repo bitimlarining alohida xronologik hisobini yuritishi shart.
24. Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisi roʻyxatga olingan repo bitimlari doirasida amalga oshirilgan qimmatli qogʻozlar oldi-sotdisining alohida hisobini yuritadi.
25. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchisidan va qimmatli qogʻozlar bozori boshqa ishtirokchilaridan repo bitimlariga oid maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli. Bunda, repo bitimlariga oid maʼlumotlar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining soʻrovida belgilangan muddatlarda taqdim etilishi kerak.
26. Qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi holatlari aniqlangan vaqtdan boshlab ikki ish kuni ichida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini bu haqda xabardor qilishlari shart.
5-bob. Yakuniy qoida
27. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.06.2026 y., 10/26/3860/0630-son)