O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT AKTIVLARINI BOSHQARISH AGENTLIGI DIREKTORINING
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari”ga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2626-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-son “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 27-oktabrdagi 01/27-26/26-son qarori (roʻyxat raqami 2626, 2014-yil 18-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 47-son, 563-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari”ga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor S. MURODOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
01/11-4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2026-yil 26-maydagi 01/11-4-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari”ga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Rieltorlik xizmatlarining milliy standarti (2-son RXMS) “Koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari” (keyingi oʻrinlarda standart deb yuritiladi) koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatish orqali amalga oshiriladigan rieltorlik faoliyatiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.”.
2. 1-bandning beshinchi xatboshisidan “qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rieltorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan,” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
3. 11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Ijrochi buyurtmachining talabiga koʻra unga malaka sertifikatini koʻrsatishi shart.”.
4. 16-bandda:
toʻqqizinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2026 y., 10/26/2626-2/0596-son)