Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 24-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3823]
Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 161-moddasiga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida buxgalteriya hisobining xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 13-noyabrdagi 142-son “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3100, 2018-yil 14-dekabr) (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.12.2018-y., 10/18/3100/2330-son);
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 6-iyuldagi 51-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3450, 2023-yil 31-iyul) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 10/23/3450/0546-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning 6-bandi.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026 yil 31 mart,
352-son
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 31-martdagi 352-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (4-sonli BHS) “Valyuta kursi oʻzgarishining taʼsiri” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalarda (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) chet el valyutasida operatsiyalarni yuritish va ularning chet eldagi boʻlinmasini moliyaviy hisobotda aks ettirish hamda moliyaviy hisobotni taqdim etish valyutasiga oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Standart qoʻllanilishi lozim boʻlgan valyuta almashinuv kursini (kurslarini) belgilash va valyuta almashinuv kurslaridagi oʻzgarishlar taʼsirini moliyaviy hisobotlarda toʻgʻri aks ettirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu Standart budjet hisobining boshqa standartlari bilan birgalikda qoʻllaniladi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Standart Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi tashkilotlar va ularning chet eldagi boʻlinmalarida chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirish hamda tashkilotlarning moliyaviy hisobotlarini chet el valyutasida taqdim etishga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Hisoblash usuli asosida moliyaviy hisobotlarni tayyorlaydigan va taqdim etadigan tashkilotlar ushbu Standartni quyidagi holatlarda qoʻllaydi:
a) chet el valyutasidagi operatsiyalar va qoldiqlarni hisobga olishda;
b) tashkilotlarning moliyaviy hisobotiga konsolidatsiya qilish yoki ulushdorlik usuli (equity method) orqali kiritilgan chet eldagi boʻlinmaning moliyaviy natijalari va moliyaviy holatini boshqa valyutaga oʻtkazishda;
d) tashkilotlarning moliyaviy natijalari va moliyaviy holatini taqdim etish valyutasiga oʻtkazishda.
3. Mazkur Standart pul oqimlari hisobotida chet el valyutasidagi operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan pul oqimlarini taqdim etishga, shuningdek, chet eldagi faoliyatga oid pul oqimlarini bir valyutadan boshqa valyutaga oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish va taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot”da (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) belgilanadi.
4. Mazkur Standart maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
chet el valyutasi — tashkilotlarning funksional valyutasidan farqli boʻlgan valyuta;
chet eldagi boʻlinma — hisobot beruvchi tashkilotlar tizimidagi va ular tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot, assotsiatsiyalangan tashkilot, shuningdek qoʻshma kelishuv asosida faoliyat yurituvchi tuzilma yoki filial boʻlib, uning faoliyati hisobot beruvchi tashkilotnikidan farqli davlatda yoki valyutada amalga oshiriladi;
chet el valyutasidagi operatsiyalar — budjet hisobida chet el valyutasida amalga oshirilishi yoki hisob-kitob qilinishi belgilangan operatsiyalar;
chet eldagi boʻlinmaga sof investitsiya — hisobot beruvchi tashkilot tomonidan uning chet eldagi boʻlinmasining sof aktivlari/kapitaliga kiritilgan ulushi miqdori;
valyuta kursi — bir valyutaning ikkinchi valyutaga ayirboshlash nisbati;
valyuta kursi farqi — bir valyutaning muayyan miqdordagi birliklarini boshqa valyutaga turli xil almashinuv kurslarida oʻtkazish natijasida yuzaga keladigan tafovut;
funksional valyuta — tashkilotlar oʻz faoliyatini amalga oshiradigan asosiy iqtisodiy muhitning valyutasi;
monetar moddalar — egalik qilinayotgan valyuta birliklari, shuningdek, miqdori qatʼiy belgilangan yoki aniqlasa boʻladigan, valyuta birliklarida olinadigan yoxud toʻlanadigan aktivlar va majburiyatlar;
nomonetar moddalar — belgilangan yoki aniqlasa boʻladigan miqdordagi valyuta birliklarini olish huquqi yoki toʻlash majburiyati mavjud boʻlmagan aktivlar va majburiyatlar;
operatsiya sanasi — tashkilotlarda chet el valyutasidagi operatsiya natijasida qonunchilik hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq aktiv va majburiyatlar buxgalteriya hisobida aks ettiriladigan (dastlabki tan olinadigan) sana;
taqdim etish valyutasi — moliyaviy hisobotlar taqdim etiladigan valyuta;
joriy ayirboshlash kursi — zudlik bilan yetkazib berish uchun qoʻllaniladigan valyuta kursi;
yopilish kursi — hisobot sanasida amal qiladigan joriy ayirboshlash kursi.
1-§. Funksional valyuta
5. Tashkilotlar oʻz faoliyatini amalga oshiradigan asosiy iqtisodiy muhit ular tomonidan pul mablagʻlari shakllantiriladigan va sarflanadigan muhit hisoblanadi. Tashkilotlar oʻz funksional valyutasini belgilashda quyidagi jihatlarni inobatga oladi:
a) daromad olinadigan valyuta, jumladan, soliqlar, grantlar, transfertlar va jarimalardan tushadigan mablagʻlar;
b) tovarlar va xizmatlarning sotish narxlariga taʼsir koʻrsatadigan valyuta (bu odatda tovarlar va xizmatlar boʻyicha sotish narxlari belgilanadigan va hisob-kitoblar amalga oshiriladigan valyuta boʻladi);
d) raqobat muhiti hamda huquqiy tartibga solish tizimi tovarlar va xizmatlarning realizatsiya narxlariga taʼsir koʻrsatadigan mamlakat valyutasi;
e) tovarlar va xizmatlarni yetkazib berishdagi mehnat, materiallar hamda boshqa xarajatlarga taʼsir koʻrsatadigan valyuta (odatda bunday xarajatlar belgilanadigan va toʻlanadigan valyuta).
6. Quyidagi jihatlar ham tashkilotlarning funksional valyutasini aniqlashda qoʻshimcha dalil sifatida eʼtiborga olinishi mumkin:
a) moliyalashtirish faoliyati (qarz majburiyatlari va ulushli qimmatli qogʻozlarni chiqarish) natijasida mablagʻlar shakllantiriladigan valyuta;
b) operatsion faoliyatdan olingan tushumlar saqlanadigan valyuta.
7. Chet eldagi boʻlinmaning funksional valyutasini aniqlashda hamda uning funksional valyutasi hisobot beruvchi tashkilotning (bunda hisobot beruvchi tashkilot deganda chet eldagi boʻlinmaga oʻzining tizim tashkiloti, filiali, assotsiatsiyalangan tashkiloti sifatida yoki qoʻshma kelishuv asosida egalik qiluvchi tashkilot tushuniladi) funksional valyutasiga mos kelish yoki kelmasligini belgilashda quyidagi qoʻshimcha jihatlar inobatga olinadi:
a) chet eldagi boʻlinma faoliyati hisobot beruvchi tashkilot faoliyatining uzviy davomi sifatida (bogʻliq holda) amalga oshirilayotganligi yoki sezilarli darajadagi mustaqillik asosida yuritilayotganligi.
Masalan, mustaqillik asosida faoliyat yuritish holatiga misol sifatida xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarni keltirish mumkin. Bunday vakolatxonalar faoliyatini oʻzi belgilagan funksional valyutada amalga oshirishi mumkin. Bunda xodimlarga ish haqi asosan vakolatxona tomonidan belgilangan funksional valyutada toʻlanadi. Shuningdek, hisobot beruvchi tashkilot boshqaruvi va yoʻnalishi ostida faoliyat yurituvchi davlat universitetining chet eldagi filialini ham misol sifatida keltirish mumkin.
Sezilarli darajada mustaqillikka ega chet eldagi boʻlinma pul mablagʻlarini va boshqa monetar moddalarni jamgʻarishi, xarajatlarni amalga oshirishi, daromadlar olishi, shuningdek, qarz mablagʻlarini jalb qilishi mumkin hamda mazkur operatsiyalar asosan oʻzining funksional valyutasida amalga oshiriladi. Bunday tashkilotlar tijorat asosida faoliyat yurituvchi davlat sektori tashkilotlari sifatida tashkil etilishi mumkin;
b) chet eldagi boʻlinmaning hisobot beruvchi tashkilot bilan amalga oshiradigan operatsiyalari ulushining darajasi;
d) chet eldagi boʻlinma faoliyatidan kelib chiqadigan pul oqimlarining hisobot beruvchi tashkilotlar pul oqimlariga bevosita taʼsiri hamda ularni hisobot beruvchi tashkilotlar ixtiyoriga tezlik bilan oʻtkazish (remittansiya qilish) imkoniyati;
e) chet eldagi boʻlinma faoliyatidan kelib chiqadigan pul oqimlarining hisobot beruvchi tashkilot tomonidan qoʻshimcha mablagʻ ajratilmagan holda mavjud va odatda kutilayotgan qarz majburiyatlarini qoplash uchun yetarliligi.
8. Yuqorida keltirilgan jihatlar aralash holatda boʻlganda hamda funksional valyuta aniq belgilangan hollarda, tashkilot rahbariyati asosiy operatsiyalar, hodisalar va sharoitlarning iqtisodiy taʼsirini eng haqqoniy aks ettiruvchi funksional valyutani aniqlash maqsadida oʻz professional mulohazasidan foydalanadi.
Bunda tashkilot rahbariyati funksional valyutani aniqlashda qoʻshimcha dalillarni taqdim etish uchun moʻljallangan mazkur Standartning 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan jihatlarni koʻrib chiqishdan oldin, mazkur Standartning 5-bandida belgilangan asosiy jihatlarga ustuvor ahamiyat beradi.
9. Tashkilotning funksional valyutasi uning faoliyatiga daxldor boʻlgan asosiy operatsiyalar, hodisalar va holatlarning iqtisodiy mazmunini aks ettiradi. Shu munosabat bilan, funksional valyuta belgilangandan keyin u faqat ushbu operatsiyalar, hodisalar va holatlarda oʻzgarish yuz bergan taqdirda oʻzgartirilishi mumkin.
2-§. Monetar moddalar
10. Monetar moddaning asosiy belgisi — belgilangan yoki aniqlanishi mumkin boʻlgan miqdordagi valyuta birliklarini olish huquqi (yoki yetkazib berish majburiyati) mavjudligidir. Masalan, naqd pulda toʻlanadigan ijtimoiy toʻlovlar boʻyicha majburiyatlar va xodimlarga beriladigan boshqa toʻlovlar, naqd pulda qoplanishi lozim boʻlgan zaxiralar, ijara majburiyatlari, shuningdek, majburiyat sifatida tan olingan naqd dividendlar yoki shunga oʻxshash taqsimotlar.
Aksincha, nomonetar moddaning asosiy belgisi — belgilangan yoki aniqlanishi mumkin boʻlgan miqdordagi valyuta birliklarini olish huquqi (yoki yetkazib berish majburiyati) mavjud emasligidir. Masalan, tovarlar va xizmatlar uchun oldindan toʻlangan summalar, transfert huquqi aktivlari, gudvill, nomoddiy aktivlar, zaxiralar, asosiy vositalar, ijara huquqi aktivlari hamda nomonetar aktivni yetkazib berish orqali qoplanadigan zaxiralar.
3-§. Chet eldagi boʻlinmaga sof investitsiya
11. Tashkilotda chet eldagi boʻlinmadan olinishi yoki chet eldagi boʻlinmaga toʻlanishi lozim boʻlgan monetar modda boʻlishi mumkin. Agar mazkur modda boʻyicha hisob-kitobni yaqin kelajakda amalga oshirish rejalashtirilmagan yoki ehtimoli past boʻlsa, u amalda tashkilotning ushbu chet eldagi boʻlinmaga sof investitsiyasining bir qismi hisoblanadi hamda mazkur Standartning 27 va 28-bandlariga muvofiq qayd etiladi. Bunday monetar moddalarga uzoq muddatli debitor qarzlar yoki kreditlar kirishi mumkin. Biroq, ular tovarlar va xizmatlar boʻyicha debitor va kreditor qarzlarni oʻz ichiga olmaydi.
12. Mazkur Standartning 11-bandida qayd etilgan, chet eldagi boʻlinmadan olinishi yoki chet eldagi boʻlinmaga toʻlanishi lozim boʻlgan monetar moddaga ega boʻlgan tashkilot iqtisodiy tashkilot tarkibiga kiruvchi har qanday nazorat qilinadigan tashkilot boʻlishi mumkin. Masalan, tashkilot tarkibida A va B nomli ikkita nazorat qilinadigan tashkilot mavjud boʻlib, B tashkilot chet eldagi boʻlinma hisoblanadi. A tashkilot B tashkilotga qarz (kredit) ajratadi.
Agar mazkur qarzning qaytarilishi yaqin kelajakda rejalashtirilmagan yoki ehtimoli past boʻlsa, A tashkilotining B tashkilotdan boʻlgan debitor qarzi A tashkilotining B tashkilotdagi sof investitsiyasining bir qismi sifatida eʼtirof etiladi. Ushbu qoida A tashkilotning oʻzi chet eldagi boʻlinma boʻlgan taqdirda ham qoʻllaniladi.
2-bob. Ushbu standart talab qiladigan yondashuv
13. Moliyaviy hisobotlarni tayyorlaganda har bir tashkilot — alohida tashkilot, chet eldagi boʻlinmaga ega boʻlgan tashkilot yoki chet eldagi boʻlinma oʻz funksional valyutasini mazkur Standartning 5 — 9-bandlari talablariga muvofiq belgilaydi. Tashkilot chet el valyutasidagi moddalarni oʻz funksional valyutasiga qayta hisoblaydi va bunday qayta hisoblashning taʼsirlarini mazkur Standartning 16 — 35 va 50-bandlariga muvofiq hisobotda aks ettiradi.
14. Koʻplab hisobot beruvchi tashkilotlar bir nechta alohida tashkilotlardan iborat boʻladi (masalan, iqtisodiy tashkilot nazorat qiluvchi tashkilot hamda bir yoki bir nechta nazorat qilinadigan tashkilotlardan tashkil topadi). Iqtisodiy tashkilot tarkibiga kiruvchi yoki undan mustaqil faoliyat yurituvchi turli tashkilotlar assotsiatsiyalangan tashkilotlarda yoki qoʻshma kelishuvlarda investitsiyalarga va filiallarga ega boʻlishi mumkin.
Hisobot beruvchi tashkilotga kiritilgan har bir alohida tashkilotning moliyaviy natijasi va moliyaviy holati hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotlarni taqdim etadigan valyutasiga qayta hisoblanishi lozim.
Ushbu Standart hisobot beruvchi tashkilotning taqdim etish valyutasi istalgan valyutada yoki valyutalarda boʻlishiga ruxsat beradi. Funksional valyutasi taqdim etish valyutasidan farq qiluvchi har bir alohida tashkilotning moliyaviy natijasi va moliyaviy holati mazkur Standartning 33 — 50-bandlariga muvofiq taqdim etish valyutasiga qayta hisoblanadi.
15. Mazkur Standart alohida tashkilotga yoki alohida moliyaviy hisobotlarni tayyorlaydigan tashkilotga oʻz moliyaviy hisobotlarini istalgan valyutada yoki valyutalarda taqdim etishga ruxsat beradi.
Agar tashkilotning taqdim etish valyutasi uning funksional valyutasidan farq qilsa, uning moliyaviy natijasi va moliyaviy holati mazkur Standartning 33 — 50-bandlariga muvofiq taqdim etish valyutasiga qayta hisoblanadi.
3-bob. Chet el valyutasidagi operatsiyalarni funksional valyutada hisobga olish
1-§. Dastlabki tan olish
16. Chet el valyutasidagi operatsiya quyidagi holatlarda yuzaga keladi:
a) narxi chet el valyutasida belgilangan tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish yoki sotish;
b) toʻlanishi yoki olinishi lozim boʻlgan summalar chet el valyutasida ifodalangan holda mablagʻlarni qarzga olish yoki berish;
d) boshqa hollarda chet el valyutasida ifodalangan aktivlarga egalik qilish yoki ularni tasarrufdan chiqarish yoxud majburiyatlarni qabul qilish yoki bajarish.
17. Chet el valyutasidagi operatsiya funksional valyutada dastlabki tan olinayotganda, operatsiya sanasida funksional valyuta bilan chet el valyutasi oʻrtasidagi joriy (spot) ayirboshlash kursi qoʻllanilgan holda, chet el valyutasidagi summa funksional valyutaga qayta hisoblanadi.
18. Valyuta kursining oʻzgarishi chet el valyutasida saqlanadigan yoki olinishi (toʻlanishi) lozim boʻlgan pul mablagʻlari yoki pul ekvivalentlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bunday valyuta kurslari farqlarining taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot”da (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) belgilanadi.
Mazkur oʻzgarishlar pul oqimlari hisoblanmasa ham, hisobot davri boshidagi va oxiridagi pul mablagʻlari hamda pul ekvivalentlarini muvofiqlashtirish maqsadida chet el valyutasida saqlanadigan yoki olinishi (toʻlanishi) lozim boʻlgan pul mablagʻlari hamda pul ekvivalentlariga valyuta kurslari oʻzgarishining taʼsiri pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi.
Ushbu summalar operatsion, investitsiyaviy va moliyalashtirish faoliyatlaridan kelib chiqqan pul oqimlaridan alohida koʻrsatiladi hamda mazkur pul oqimlari hisobot davri oxiridagi valyuta kurslari boʻyicha qayta hisoblanganida farqlar mavjud boʻlsa, ular ham ushbu summalar tarkibiga kiritiladi.
2-§. Keyingi hisobot davrlarida hisobot taqdim qilish
19. Har bir hisobot sanasida:
a) chet el valyutasida ifodalangan monetar moddalar yopilish kursi boʻyicha qayta hisoblanishi lozim;
b) chet el valyutasida tarixiy qiymat asosida baholanadigan nomonetar moddalar operatsiya sanasidagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblanishi kerak;
d) chet el valyutasida haqqoniy yoki joriy operatsion qiymat asosida baholanadigan nomonetar moddalar mazkur qiymat aniqlangan sanadagi valyuta kurslari boʻyicha qayta hisoblanishi shart.
20. Moddaning balans qiymati tegishli boshqa budjet hisobi standartlari talablari bilan birgalikda aniqlanadi. Masalan, asosiy vositalar Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”ga (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 20-mart) muvofiq tarixiy qiymat, joriy operatsion qiymat yoki haqqoniy qiymat asosida baholanishi mumkin.
Moddaning balans qiymati qaysi asosda aniqlanishidan qatʼi nazar, agar ushbu summa chet el valyutasida belgilangan boʻlsa, u mazkur Standart talablariga muvofiq funksional valyutaga qayta hisoblanadi.
21. Ayrim moddalarning balans qiymati ikki yoki undan ortiq summani taqqoslash orqali aniqlanadi. Masalan, sotish uchun moʻljallangan zaxiralarning balans qiymati Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (7-sonli BHS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (roʻyxat raqami 3120, 2019-yil 14-yanvar) muvofiq tannarx va sof realizatsiya qiymatidan eng pasti sifatida aniqlanadi.
Qadrsizlanish alomatlari mavjud boʻlgan va pul oqimini hosil qilmaydigan aktivning balans qiymati uning ehtimoliy qadrsizlanish zararlarini inobatga olmasdan oldingi balans qiymati hamda tiklanadigan xizmat qiymatidan eng pasti sifatida aniqlanadi.
Agar bunday aktiv nomonetar boʻlib, chet el valyutasida baholangan boʻlsa, uning balans qiymati quyidagilarni taqqoslash orqali aniqlanadi:
a) tegishli holatga qarab, tannarx yoki balans qiymati — ushbu summa aniqlangan sanadagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblangan holda (masalan, tarixiy qiymat asosida baholangan modda uchun operatsiya sanasidagi kurs boʻyicha);
b) tegishli holatga qarab, sof realizatsiya qiymati yoki tiklanadigan xizmat qiymati — ushbu qiymat aniqlangan sanadagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblangan holda (masalan, hisobot sanasidagi yopilish kursi boʻyicha).
Bunday taqqoslashda valyuta kurslari oʻzgarishi tufayli bir xil aktiv boʻyicha funksional valyutada qadrsizlanish zarari tan olinishi mumkin, biroq chet el valyutasida bunday zarar tan olinmasligi yoki aksincha holat yuzaga kelishi mumkin.
22. Agar bir nechta valyuta kurslari (masalan, rasmiy kurs, bank kursi va b.) mavjud boʻlsa, operatsiya yoki balans moddasiga taalluqli pul oqimlari baholash sanasida qaysi kurs boʻyicha hisob-kitob qilinishi mumkin boʻlsa, oʻsha kurs qoʻllaniladi.
Agar ikki valyuta oʻrtasida ayirboshlash imkoniyati vaqtincha mavjud boʻlmasa, qoʻllaniladigan kurs sifatida ayirboshlash amalga oshirilishi mumkin boʻlgan birinchi keyingi kurs olinadi.
3-§. Valyuta kurslari farqlarini tan olish
23. Quyidagi holatlarda hisobot davrida yuzaga kelgan valyuta kurslari farqlari foyda yoki zarar tarkibida tan olinishi lozim, mazkur Standartning 27-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno:
a) monetar moddalar boʻyicha hisob-kitobni amalga oshirish natijasi boʻyicha;
b) monetar moddalarni hisobot davri mobaynida yoki oldingi moliyaviy hisobotlarda ilk tan olish vaqtida qoʻllanilgan kurslardan farq qiluvchi kurslar boʻyicha qayta hisoblash natijasi boʻyicha.
24. Agar monetar moddalar chet el valyutasidagi operatsiyasi natijasida yuzaga kelsa va operatsiya sanasi bilan hisob-kitob sanasi oʻrtasida valyuta kursi oʻzgarsa, valyuta kurslari farqi vujudga keladi.
Agar operatsiya amalga oshirilgan hisobot davrining oʻzida hisob-kitob qilinsa, valyuta kurslari farqining toʻliq summasi ushbu davrda tan olinadi.
Agar operatsiya keyingi hisobot davrida hisob-kitob qilinsa, hisob-kitob sanasiga qadar har bir hisobot davri uchun tan olinadigan valyuta kurslari farqi shu davr mobaynidagi kurs oʻzgarishi asosida aniqlanadi.
25. Agar nomonetar modda boʻyicha foyda yoki zarar toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olinsa, ushbu foyda yoki zararning valyuta kurslari bilan bogʻliq qismi ham toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olinadi.
Aksincha, agar nomonetar modda boʻyicha foyda yoki zarar moliyaviy natijalar hisobotida foyda yoki zarar tarkibida tan olinsa, ushbu foyda yoki zararning valyuta kurslari bilan bogʻliq qismi ham moliyaviy natijalar hisobotida foyda yoki zarar tarkibida tan olinadi.
26. Boshqa budjet hisobi standartlari ayrim foyda va zararlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olishni talab qiladi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (8-sonli BHS) “Koʻchmas mulk, bino va jihozlar”da (roʻyxat raqami 3144, 2019-yil 30-mart) asosiy vositalarni qayta baholash natijasida yuzaga kelgan ayrim foyda va zararlarni toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olinishi belgilangan.
Agar bunday aktiv chet el valyutasida baholangan boʻlsa, ushbu Standartning 19-bandi “d” kichik bandiga muvofiq qayta baholangan summa ushbu qiymat aniqlangan sanadagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblanadi. Natijada yuzaga kelgan valyuta kurslari farqi ham toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olinadi.
27. Agar valyuta kurslari farqlari monetar modda boʻyicha yuzaga kelsa va ushbu monetar modda mazkur Standartning 11-bandiga muvofiq hisobot beruvchi tashkilotning chet eldagi boʻlinmasidagi sof investitsiyasi tarkibiga kirsa, quyidagicha hisobga olinadi:
hisobot beruvchi tashkilotning alohida moliyaviy hisobotlarida yoki chet eldagi boʻlinmaning alohida moliyaviy hisobotlarida — foyda yoki zarar tarkibida;
agar chet eldagi boʻlinma va hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotlari konsolidatsiyalashgan holda taqdim etilsa, valyuta kurslari farqi dastlab toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapitalning alohida tarkibida tan olinadi hamda ushbu investitsiya sotilganda mazkur Standartning 44-bandiga muvofiq valyuta kurslari farqi foyda yoki zarar tarkibida tan olinadi.
28. Agar monetar modda hisobot beruvchi tashkilotning chet eldagi boʻlinmasidagi sof investitsiyasi tarkibiga kirsa va u hisobot beruvchi tashkilotning funksional valyutasida ifodalangan boʻlsa, valyuta kurslari farqi mazkur Standartning 23-bandiga muvofiq chet eldagi boʻlinmaning alohida moliyaviy hisobotlarida yuzaga keladi.
Agar monetar modda chet eldagi boʻlinmaning funksional valyutasida ifodalangan boʻlsa, valyuta kurslari farqi mazkur Standartning 23-bandiga muvofiq hisobot beruvchi tashkilotning alohida moliyaviy hisobotlarida yuzaga keladi.
Agar monetar modda hisobot beruvchi tashkilot yoki uning chet eldagi boʻlinmasining funksional valyutasidan farq qiluvchi boshqa valyutada ifodalangan boʻlsa, valyuta kurslari farqi mazkur Standartning 23-bandiga muvofiq hisobot beruvchi tashkilot va uning chet eldagi boʻlinmasining alohida moliyaviy hisobotlarida yuzaga keladi.
Mazkur valyuta kurslari farqlari chet eldagi boʻlinma va hisobot beruvchi tashkilotni oʻz ichiga olgan moliyaviy hisobotlarda (yaʼni chet eldagi boʻlinma konsolidatsiya qilinadigan yoki ulushdorlik usuli (equity method) asosida hisobga olinadigan moliyaviy hisobotlarda) sof aktivlar/kapitalning alohida tarkibiga qayta tasniflanadi.
29. Agar tashkilot buxgalteriya hisobini oʻz funksional valyutasidan farq qiluvchi valyutada yuritsa, moliyaviy hisobotni tayyorlash paytida barcha summalar mazkur Standartning 16 — 22-bandlariga muvofiq funksional valyutaga qayta hisoblanadi.
Bunda qayta hisoblash natijasida funksional valyutada hosil boʻladigan summalar ilk bor funksional valyutada qayd etilganida shakllanishi mumkin boʻlgan summalarga teng boʻladi. Masalan, monetar moddalar funksional valyutaga yopilish kursi boʻyicha qayta hisoblanadi, tarixiy qiymat asosida baholangan nomonetar moddalar esa ularni tan olishga asos boʻlgan operatsiya sanasidagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblanadi.
4-§. Funksional valyutadagi oʻzgarish
30. Tashkilotlarning funksional valyutasi oʻzgargan taqdirda, yangi funksional valyutaga nisbatan qoʻllaniladigan qayta hisoblash tartiblari mazkur funksional valyuta oʻzgargan sanadan boshlab qoʻllaniladi.
31. Tashkilotlarning funksional valyutasi mazkur Standartning 9-bandida belgilangan hollarda oʻzgartirilishi mumkin. Masalan, tovarlar va xizmatlar narxlariga asosiy taʼsir koʻrsatuvchi valyutaning oʻzgarishi tashkilotlar funksional valyutasining oʻzgarishiga olib kelishi mumkin.
32. Funksional valyuta oʻzgarishining taʼsiri kelgusi davrga nisbatan hisobga olinadi. Boshqacha aytganda, tashkilot barcha moddalarni oʻzgarish sanasidagi valyuta kursi boʻyicha yangi funksional valyutaga qayta hisoblaydi.
Bunda nomonetar moddalar boʻyicha qayta hisoblangan summalar ularning tarixiy qiymati sifatida qabul qilinadi.
Mazkur Standartning 27-bandi va 34-bandi “d” kichik bandiga muvofiq avval sof aktivlar/kapital tarkibida tasniflangan chet el eldagi operatsiyani qayta hisoblash natijasida yuzaga kelgan valyuta kurslari farqlari ushbu operatsiya realizatsiya qilinmagunicha foyda yoki zarar tarkibida tan olinmaydi.
4-bob. Funksional valyutadan boshqa taqdim etish valyutasidan foydalanish
1-§. Taqdim etish valyutasiga oʻtkazish
33. Tashkilotlar moliyaviy hisobotlarini moliyaviy hisobotlarni qabul qiluvchi tashkilotlarga taqdim etish valyutasida taqdim etadi. Agar taqdim etish valyutasi tashkilotlarning funksional valyutasidan farq qilsa, u oʻz moliyaviy faoliyati natijalari va moliyaviy holatini taqdim etish valyutasiga qayta hisoblaydi.
Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari yoki budjet tashkilotlarining chet eldagi boʻlinmalari turli funksional valyutalarda faoliyat yuritgan taqdirda, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tuzish uchun ularning har birining moliyaviy faoliyati natijalari va moliyaviy holati yagona taqdim etish valyutasida ifodalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida budjet hisobini taqdim etish valyutasi milliy valyutada — soʻmda yuritiladi.
34. Funksional valyutasi boshqa boʻlgan tashkilotlarning moliyaviy faoliyati natijalari va moliyaviy holati taqdim etish valyutasiga quyidagi tartibda qayta hisoblanadi:
a) har bir taqdim etilgan moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobot (shu jumladan, taqqoslovchi maʼlumotlar) boʻyicha aktivlar va majburiyatlar mazkur hisobot sanasidagi yopilish kursi boʻyicha;
b) har bir taqdim etilgan moliyaviy faoliyat natijalari toʻgʻrisidagi hisobot (shu jumladan, taqqoslovchi maʼlumotlar) boʻyicha daromadlar va xarajatlar operatsiyalar amalga oshirilgan sanadagi valyuta kurslari boʻyicha;
d) ushbu qayta hisoblash natijasida yuzaga kelgan barcha valyuta kurslari farqlari sof aktivlar/kapital tarkibida alohida modda sifatida eʼtirof etiladi.
35. Mazkur Standartning 34-bandi “d” kichik bandida qayd etilgan valyuta kurslari farqlari quyidagi holatlarda yuzaga keladi:
a) daromad va xarajatlarni operatsiya sanasidagi valyuta kurslari boʻyicha, aktiv va majburiyatlarni esa yopilish kursi boʻyicha qayta hisoblash natijasida. Bunday valyuta kurslari farqlari foyda yoki zarar tarkibida tan olingan daromad va xarajatlar boʻyicha hamda toʻgʻridan-toʻgʻri sof aktivlar/kapital tarkibida tan olingan moddalar boʻyicha ham yuzaga keladi;
b) dastlabki sof aktivlar/kapitalning avvalgi yopilish kursidan farq qiladigan yopilish kursi boʻyicha qayta hisoblash natijasida.
Mazkur valyuta kurslari farqlari foyda yoki zarar tarkibida tan olinmaydi, chunki valyuta kurslarining oʻzgarishi operatsion faoliyatdan kelib chiqadigan joriy va kelgusidagi pul oqimlariga bevosita yoki sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi.
Agar bunday valyuta kurslari farqlari konsolidatsiya qilinadigan, biroq toʻliq egalik qilinmaydigan chet eldagi boʻlinmaga tegishli boʻlsa, qayta hisoblash natijasida jamlangan va nazorat qilinmaydigan ulushlarga taalluqli boʻlgan valyuta kurslari farqlari taqsimlanadi hamda konsolidatsiyalashgan moliyaviy holat toʻgʻrisidagi hisobotda nazorat qilinmaydigan ulushlar tarkibida tan olinadi.
36. Hisobot beruvchi tashkilotlar chet eldagi boʻlinmaning pul oqimlari, yaʼni pul tushumlari va pul toʻlovlarini uning pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotiga kiritish maqsadida qayta hisoblashda Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot” (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) talablariga rioya etishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot”ga (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) muvofiq, chet eldagi boʻlinma taʼrifiga javob beradigan nazorat qilinuvchi tashkilotning pul oqimlari taqdim etish valyutasi va chet el valyutasi oʻrtasidagi pul oqimlari amalga oshirilgan sanadagi valyuta kurslari boʻyicha qayta hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (14-sonli BHS) “Pul oqimlari toʻgʻrisida hisobot”da (roʻyxat raqami 3396, 2022-yil 2-noyabr) chet el valyutasida saqlanadigan yoki olinishi (toʻlanishi) lozim boʻlgan pul mablagʻlari va ularning ekvivalentlari boʻyicha valyuta kurslari oʻzgarishi natijasida yuzaga kelgan, amalda hali pul harakati bilan tasdiqlanmagan (amalga oshirilmagan) foyda va zararlarning taqdim etilishi tartibi belgilangan.
2-§. Chet eldagi boʻlinmaning moliyaviy hisobotlarini bir valyutadan boshqa valyutaga oʻtkazish
37. Chet eldagi boʻlinmaning moliyaviy faoliyati natijalari va moliyaviy holatini taqdim etish valyutasiga qayta hisoblashda mazkur boʻlinmani hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotlariga konsolidatsiya qilish yoki ulushdorlik usuli (equity method) asosida hisobga olish maqsadida mazkur Standartning 33 — 36-bandlari hamda ushbu paragraf talablari qoʻllaniladi.
38. Chet eldagi boʻlinmaning moliyaviy natijalari va moliyaviy holatini hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotlari bilan birlashtirish odatiy konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarni tuzish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda iqtisodiy tashkilot doirasidagi oʻzaro hisob-kitoblar va operatsiyalar chiqarib tashlanadi.
39. Iqtisodiy tashkilot doirasidagi monetar aktiv (yoki majburiyat), qisqa yoki uzoq muddatli boʻlishidan qatʼi nazar, iqtisodiy tashkilot ichidagi mos majburiyat (yoki aktiv) bilan valyutalar kursining oʻzgarishi natijalarini konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarda aks ettirmasdan oʻzaro hisobdan chiqarilishi mumkin emas.
Bunda monetar modda:
a) bir valyutani boshqa valyutaga almashtirish majburiyatini ifoda etadi;
b) valyuta kurslari oʻzgarishi natijasida hisobot taqdim etuvchi tashkilot uchun foyda yoki zarar keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan, hisobot taqdim etuvchi tashkilotning konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarida bunday kurs farqi foyda yoki zarar tarkibida tan olinadi yoki agar u mazkur Standartning 27-bandida koʻrsatilgan holatlardan kelib chiqqan boʻlsa, chet eldagi boʻlinma tugatilgunga qadar sof aktivlar/kapital tarkibida tasniflanadi.
40. Chet eldagi boʻlinmaning moliyaviy hisobotlari hisobot beruvchi tashkilotnikidan boshqa sanada tuzilgan boʻlsa, chet eldagi boʻlinma hisobot beruvchi tashkilotning moliyaviy hisobotlari sanasiga muvofiq qoʻshimcha hisobotlar tayyorlaydi.
41. Hisobot beruvchi tashkilot va chet eldagi boʻlinmaning hisobot sanasi orasida farq boʻlsa, chet eldagi boʻlinmaning aktiv va majburiyatlari uning oʻz hisobot sanasidagi valyuta kursi boʻyicha qayta hisoblanadi.
42. Hisobot beruvchi tashkilotning hisobot sanasiga qadar boʻlgan valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar uchun tuzatishlar amalga oshirilishi mumkin. Bu tuzatishlar konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlarda aktiv va majburiyatlarni yana bir marta qayta baholashga imkon beradi.
43. Chet eldagi boʻlinmani sotib olish natijasida yuzaga keladigan gudvill, shuningdek mazkur boʻlinmani sotib olish munosabati bilan aktivlar va majburiyatlarning balans qiymatlariga kiritilgan haqqoniy qiymat boʻyicha tuzatishlar ushbu chet eldagi boʻlinmaning aktivlari va majburiyatlari sifatida qaraladi.
Shu munosabat bilan, ular chet eldagi boʻlinmaning funksional valyutasida ifodalanadi hamda mazkur Standartning 34-bandiga muvofiq yopilish kursi boʻyicha qayta hisoblanadi.
3-§. Chet eldagi boʻlinmani tasarrufdan chiqarish (sotish) yoki qisman tasarrufdan chiqarish (sotish)
44. Chet eldagi boʻlinma tasarrufdan chiqarilganda (sotilganda), mazkur boʻlinmaga tegishli boʻlgan hamda ilgari sof aktivlar/kapitalning alohida tarkibida toʻplangan valyuta kurslari farqining umumiy qiymati, tasarrufdan chiqarishdan (sotishdan) olingan foyda yoki zarar tan olingan vaqtda, sof aktivlar/kapital tarkibidan foyda yoki zarar tarkibiga qayta oʻtkaziladi.
45. Tashkilotning chet eldagi boʻlinmasidagi oʻz ulushini toʻliq tasarrufdan chiqarishdan tashqari quyidagi qisman tasarrufdan chiqarish holatlari ham tasarrufdan chiqarish sifatida hisobga olinadi:
a) agar qisman tasarrufdan chiqarish chet eldagi boʻlinmani oʻz ichiga olgan nazorat qilinadigan tashkilot ustidan nazoratni yoʻqotishga olib kelsa (bunda hisobot beruvchi tashkilot mazkur nazorat qilinadigan tashkilotda qisman tasarrufdan chiqarishdan soʻng nazorat qilinmaydigan ulushni saqlab qolgan taqdirda ham ushbu holat qisman tasarrufdan chiqarish deb hisoblanadi);
b) agar qoʻshma kelishuvdagi ulush yoki chet eldagi boʻlinmani oʻz ichiga olgan assotsiatsiyalangan tashkilotdagi ulush qisman tasarrufdan chiqarilgandan soʻng saqlanib qolgan ulush moliyaviy aktiv sifatida eʼtirof etilsa.
46. Chet eldagi boʻlinmani oʻz ichiga olgan nazorat qilinadigan tashkilot tasarrufdan chiqarilganda, mazkur chet eldagi boʻlinmaga tegishli va chegaralangan nazoratdagi ishtirokchilarga tegishli toʻplangan valyuta kurslari farqlarining qiymati, toʻgʻridan-toʻgʻri toʻplangan foyda yoki zarar tarkibiga oʻtkaziladi.
47. Chet eldagi boʻlinmani oʻz ichiga olgan nazorat qilinadigan tashkilot qisman tasarrufdan chiqarilganda, tashkilot sof aktivlar/kapitalning alohida toifasida toʻplangan valyuta kurslari farqlarining mutanosib qismini mazkur chet eldagi boʻlinmadagi chegaralangan nazoratdagi ishtirokchilar hisobiga qayta taqsimlaydi.
Chet eldagi boʻlinmaning boshqa har qanday qisman tasarrufdan chiqarish holatlarida esa, tashkilotlar sof aktivlar/kapitalda toʻplangan valyuta kurslari farqlarining mutanosib qismini toʻplangan foyda yoki zarar tarkibiga oʻtkazadi.
48. Chet eldagi boʻlinmani oʻz ichiga olgan nazorat qilinadigan tashkilotning qisman tasarrufdan chiqarilishi chet eldagi boʻlinmadagi ulushning har qanday kamayishi hisoblanadi, faqat mazkur Standartning 45-bandida qayd etilgan holatlar ushbu kamayishga kiritilmaydi.
49. Tashkilot chet eldagi boʻlinmadagi oʻz ulushini sotish, tugatish, ustav kapitaliga kiritilgan mablagʻlarni qaytarib olish yoki ushbu tashkilotdagi ulushdan toʻliq yoxud qisman voz kechish orqali tasarrufdan chiqarishi yoki qisman tasarrufdan chiqarishi mumkin.
Dividend yoki shunga oʻxshash taqsimot faqat investitsiyani qaytarish sifatida amalga oshirilgan taqdirda tasarrufdan chiqarishning bir qismi hisoblanadi (masalan, dividend yoki shunga oʻxshash taqsimot sotib olishdan oldingi foydadan toʻlangan boʻlsa).
Chet eldagi boʻlinmaning balans qiymatini kamaytirish, u boʻlinmaning oʻz zararlaridan kelib chiqadimi yoki mazkur ulushga ega tashkilot tomonidan qadrsizlanish sifatida tan olinishi sabablimi, qisman tasarrufdan chiqarish hisoblanmaydi. Shu munosabat bilan, tushirilgan valyuta kurslari orqali kelgan foyda yoki zararning hech bir qismi balansdagi qiymatni kamaytirish paytida sof foyda yoki zarar tarkibiga oʻtkazilmaydi.
5-bob. Valyuta kurslari farqlarining soliq solishga taʼsiri
50. Foyda soligʻi toʻlaydigan hisobot beruvchi tashkilotlar uchun quyidagilar bilan bogʻliq soliq oqibatlari foyda soligʻiga oid tegishli xalqaro yoki Oʻzbekiston Respublikasining budjet hisobi standartlarida belgilangan tartibda aniqlanadi:
a) chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha foyda va zararlar bilan bogʻliq soliq oqibatlari;
b) tashkilotning va uning chet eldagi boʻlinmasining moliyaviy faoliyati natijalari va moliyaviy holatini boshqa valyutaga qayta hisoblash natijasida yuzaga keladigan valyuta kurslari farqlari.
6-bob. Axborotni ochib berish
51. Mazkur Standartning 53, 55 va 56-bandlarida keltirilgan “funksional valyuta” tushunchasi iqtisodiy tashkilotga nisbatan qoʻllanilganda, u nazorat qiluvchi tashkilotning funksional valyutasini anglatadi.
52. Tashkilot quyidagi maʼlumotlarni ochib berishi shart:
a) foyda yoki zarar tarkibida tan olingan valyuta kurslari farqlari summasi;
b) sof aktivlar/kapital tarkibida alohida modda sifatida tasniflangan valyuta kurslari farqlarining jami summasi hamda ushbu summaning hisobot davri boshidagi va oxiridagi holati boʻyicha qiyosiy maʼlumot (uzviy bogʻliq koʻrsatkichlar harakati).
53. Taqdim etish valyutasi funksional valyutadan farq qilgan hollarda, ushbu holat toʻgʻrisida axborot ochib berilishi shart. Shu bilan birga, funksional valyuta va boshqa taqdim etish valyutasidan foydalanish sabablari ham koʻrsatilishi lozim.
54. Hisobot beruvchi tashkilot yoki chet eldagi boʻlinmaning funksional valyutasi oʻzgargan taqdirda, ushbu holat va funksional valyuta oʻzgarishining sabab(lar)i moliyaviy hisobotda ochib berilishi shart.
55. Tashkilot moliyaviy hisobotni oʻzining funksional valyutasidan farq qiladigan valyutada taqdim etgan taqdirda, u moliyaviy hisobotni mazkur Standart talablariga muvofiq deb koʻrsatish uchun ushbu Standart bilan bogʻliq barcha tegishli standartlar talablarini, shu jumladan mazkur Standartning 34-bandida belgilangan qayta hisoblash usulini toʻliq bajarishi shart.
56. Tashkilot moliyaviy hisobotni yoki boshqa moliyaviy maʼlumotlarni oʻzining funksional valyutasidan yoki taqdim etish valyutasidan farq qiluvchi boshqa valyutada taqdim etganda hamda mazkur Standartning 55-bandi talablariga rioya etmagan taqdirda, u quyidagilarni amalga oshirishi shart:
a) ushbu maʼlumotlarni mazkur Standart talablariga muvofiq tayyorlangan hisobotdan ajratish maqsadida ularni qoʻshimcha axborot sifatida aniq belgilash;
b) qoʻshimcha axborot qaysi valyutada taqdim etilganini ochib berish;
d) tashkilotning funksional valyutasini hamda qoʻshimcha axborotni tayyorlashda qoʻllangan qayta hisoblash usulini ochib berish.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.04.2026 y., 10/26/3823/0413-son)