OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3811]
Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-mart,
45-son
Kelishildi:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2026-yil 17-mart
Fanlar akademiyasi prezidenti SH. AYUPOV
2026-yil 17-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 30-martdagi 45-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar atom energiyasidan foydalanish obyektlarida (bundan buyon matnda obyekt deb yuritiladi) radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlikka qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish natijasida xodimlar (personal), aholi, atrof-muhitga koʻrsatiladigan radiatsiyaviy taʼsir hamda atmosfera havosiga chiqariladigan va suv obyektlariga tashlanadigan radioaktiv moddalarning miqdori SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)”da belgilangan normalardan oshmasligi lozim.
2. Radioaktiv materiallarni obyekt hududi doirasida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplamlari ularni dezaktivatsiya qilish imkoniyatini taʼminlaydigan tarzda loyihalashtirilishi va tayyorlanishi zarur.
Qadoqlash toʻplamlarini loyihalashtirishda radioaktiv materiallar bilan qadoqlash toʻplami materiallarining nurlanish sharoitidagi oʻzaro taʼsiri, shuningdek nurlanish taʼsiri ostida ularning xususiyatlari (fizik, kimyoviy va ekspluatatsiya) oʻzgarishi mumkinligi inobatga olinishi lozim.
3. Tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda mazkur Qoidalarning 4 — 6 va 17-bandlariga muvofiq yadroviy xavfsizlik taʼminlanishi zarur.
Bunda ushbu bandlarda keltirilgan yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga oid talablar quyidagilardan kamida bittasi bajarilganda uran va plutoniyni obyekt ichida tashishga nisbatan qoʻllanilmasligi lozim:
obyekt ichida tashish jarayonining istalgan vaqtida hamda transport vositasidagi uran-233, uran-235 va plutoniyning umumiy massasi 300 grammdan oshmasa;
yadroviy boʻlinuvchi material urandan iborat boʻlib, undagi uran-235 izotopi boʻyicha boyitish darajasi 1 foizdan oshmasa.
4. Tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda neytronlarning samarali koʻpayish koeffitsiyenti (keff) normal ekspluatatsiya sharoitida 0,95 dan, normal ekspluatatsiya buzilganda (loyihaviy avariyalar vaqtida) esa 0,98 dan oshmasligi lozim.
5. Tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplami konstruksiyasida mazkur konstruksiyada nazarda tutilmagan vodorod saqlovchi moddalarning uning ichiga kirib borishiga yoʻl qoʻyilmasligi shart.
6. Qadoqlash toʻplamlari konstruksiyasida neytronlarni yutuvchi nuklidlarni oʻz ichiga olgan elementlar qoʻllanilsa, ushbu elementlarning minimal yutish qobiliyati mexanik, kimyoviy va radiatsiyaviy taʼsirlarni hisobga olgan holda asoslantirilishi, bunda qadoqlash toʻplamlaridan foydalanish jarayonida mazkur elementlarning texnik holati ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan nazorat qilinishi lozim.
7. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplamlari va transport vositalarining xizmat (ekspluatatsiya) resursi ekspluatatsiya davrida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan nazorat qilinishi, bunda nazoratni amalga oshirish tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilanishi kerak.
8. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yoki obyekt ichida tashish boʻyicha ishlarni bajaruvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan ushbu Qoidalarning 1-ilovasiga asosan radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjati ishlab chiqilishi lozim.
Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjati alohida hujjat sifatida rasmiylashtirilishi yoki atom energiyasidan foydalanish obyekti xavfsizligini asoslash hisobotiga kiritilishi mumkin.
9. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi zarur.
10. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini taʼminlash boʻyicha texnik va tashkiliy chora-tadbirlarga oid radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjati maʼlumotlari bilan obyekt ichida tashish yoʻriqnomasi oʻrtasida tafovut boʻlmasligi lozim.
11. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagi ekspluatatsiya hujjatlarni ishlab chiqishi kerak:
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish yoʻriqnomasini;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish jarayonida avariya yuzaga kelganda xodimlarning harakatlari boʻyicha yoʻriqnomani;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplamlarining resursini boshqarish dasturini.
Mazkur ekspluatatsiya hujjatlari alohida hujjatlar sifatida rasmiylashtirilishi yoki atom energiyasidan foydalanish obyektining ekspluatatsiya hujjatlariga ilova (qism) sifatida kiritilishi mumkin.
Ushbu ekspluatatsiya hujjatlarining tarkibi va mazmuniga qoʻyiladigan talablar mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan.
12. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish tartibi oʻzgarganda, shuningdek yangi qadoqlash toʻplamlaridan foydalanilganda yoki radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan mavjud qadoqlash toʻplamlarining konstruksiyasiga tashish xavfsizligiga taʼsir etuvchi oʻzgartirishlar kiritilganda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ekspluatatsiya va radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlashi zarur.
2-bob. Obyekt ichida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik
13. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda ishtirok etuvchi barcha xodimlar (personal) radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish yoʻriqnomasiga rioya etishlari shart.
14. Radioaktiv materiallarni tashishda bir transport vositasida boshqa xavfli yuklarning bir vaqtda tashilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda qadoqlash toʻplamlari, transport vositalarining konstruksiyasi va (yoki) transport vositasidagi qadoqlarni mahkamlash tizimlari qadoqlarning nazoratsiz hamda oʻz-oʻzidan harakatlanishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
16. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda texnik va tashkiliy chora-tadbirlar bilan qadoq ichiga suv kirib ketishiga yoʻl qoʻyilmasligi zarur.
17. Tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda normal ekspluatatsiya sharoitida, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilganda, shu jumladan loyihaviy avariyalar sharoitida, yadroviy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida ularni joylashtirish boʻyicha cheklovlar belgilanishi lozim.
18. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda, normal ekspluatatsiya sharoitida hamda normal ekspluatatsiya buzilganda radiatsiyaviy nazorat quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
xodimlarning individual nurlanish dozalarini nazorat qilishni;
qadoqlash toʻplamlarining tashqi yuzalarida, shuningdek qadoqlash toʻplamlarisiz tashilayotgan radioaktiv materiallarga bevosita yaqin joylarda ionlashtiruvchi nurlanishning ekvivalent doza quvvatini nazorat qilishni;
radioaktiv ifloslanish darajasini nazorat qilishni;
transport vositalaridan foydalanilganda haydovchi joylashgan joyda ionlashtiruvchi nurlanishning ekvivalent doza quvvatini nazorat qilishni.
19. Radioaktiv materiallarning, qadoqlash toʻplamlarining xususiyatlari hamda radiatsiyaviy nazorat natijalarini rasmiylashtirish va saqlash tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilanishi lozim.
20. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplamlari yoki transport vositalarida radioaktiv ifloslanish darajasi belgilangan nazorat darajalaridan oshgani aniqlansa, ularni dezaktivatsiya qilish tartibini belgilashi zarur.
21. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish chogʻida belgilangan yoʻnalish boʻylab mazkur tashishga xalaqit beruvchi har qanday ishlarni bajarish taqiqlanadi.
22. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda qadoqlash toʻplami va (yoki) transport vositasining tashqi yuzasida radiatsiyaviy xavf belgilarining oʻrnatilishi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yoki radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish boʻyicha ishlarni bajaruvchi hamda xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan taʼminlanishi kerak.
23. Radioaktiv materiallarni tashiyotgan transport vositasining yurish qismida, ulovchi moslamalarida yoki qadoqning transport vositasiga mahkamlanishida nuqson aniqlanganda transport vositasining harakati toʻxtatilishi zarur.
24. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot yoki radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish boʻyicha ishlarni bajaruvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda foydalaniladigan qadoqlash toʻplamlari va transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni dezaktivatsiya qilish uchun moʻljallangan joylar, zarur texnik vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar mavjudligini taʼminlashi shart.
3-bob. Yakuniy qoida
25. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik qoidalariga
1-ILOVA
1-ILOVA
Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatining tarkibi va mazmuniga qoʻyiladigan talablar
1. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida atom energiyasidan foydalanish obyektiga (bundan buyon matnda obyekt deb yuritiladi) tashiladigan radioaktiv materialning tavsifi (miqdori, faolligi, izotop tarkibi, fizik va kimyoviy xossalari) koʻrsatilishi kerak.
2. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda foydalaniladigan qadoqlash toʻplamlari va transport vositalari (ular qoʻllanilganda) tavsifi keltirilishi lozim.
Faqat obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan hamda xavfsizlik uchun muhim elementlar toifasiga mansub qadoqlash toʻplamlari uchun konstruksiya tavsifi, chizmalar (rasmlar, sxemalar) va asosiy konstruksiya materiallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi zarur.
3. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida quyidagilar keltirilishi lozim:
qadoqlash toʻplamlarining mustahkamligi va ulardan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan ruxsat etilgan yuklamalar;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha asoslantirish;
qadoqlashning harorat rejimlari;
tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallar tashilganda qadoqlash toʻplamlarining yadroviy xavfsizligi.
4. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida qadoqlash toʻplamlari va transport vositalarining tashqi yuzalarida (ular qoʻllanilganda), shuningdek qadoqlash toʻplamlarisiz tashilayotgan radioaktiv materiallar yuzasida ionlashtiruvchi nurlanishning ekvivalent doza quvvatining maksimal qiymatlari hamda radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda xodimlarga toʻgʻri keladigan doza yuklamalari keltirilishi zarur.
5. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv moddalarning qadoqdan ruxsat etilgan chiqib ketish miqdori asoslangan boʻlishi kerak.
6. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida qadoqni radiatsiyaviy nazorat qilish hajmi va usullari asoslantirilishi, shuningdek qadoqni radiatsiyaviy nazorat qilish tartibi keltirilishi lozim.
7. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida loyihaviy avariyalarning boshlangʻich hodisalari roʻyxati hamda obyekt ichida tashishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan loyihadan tashqari avariyalar roʻyxati asoslantirilishi, shuningdek avariyalar rivojlanishining oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar asoslab berilishi lozim.
8. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida qadoqlash toʻplamlari va transport vositalari resursini (ulardan foydalanilgan taqdirda) boshqarish boʻyicha chora-tadbirlar hajmi asoslab berilishi hamda resursni boshqarish tartibi keltirilishi kerak.
9. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish amalga oshiriladigan ekspluatatsiya hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar keltirilishi lozim.
10. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish yoʻnalishlari koʻrsatilishi zarur.
11. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda foydalaniladigan qadoqlash toʻplamlari va transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish tartibi koʻrsatilishi kerak.
Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda jisman himoyani tashkil etishning umumiy tavsifi keltirilishi zarur.
Jisman himoya tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar faqat umumiy koʻrinishda keltiriladi.
Bunda jisman himoya qilishning muhandislik-texnik vositalari majmuasi vositalarining joylashuv joylari va turlari, shuningdek jisman himoya tizimining hamda uning alohida funksional tizimlari va vositalarining xususiyatlariga doir aniq maʼlumotlar oshkor etilmasligi lozim.
Yuqorida koʻrsatilgan maʼlumotlar boshqa hujjatlarda mavjud boʻlganda radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida mazkur hujjatlarga havolalar keltirilishi kerak.
Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida radioaktiv materiallarni tashishda xavfsizlik qoidalariga
2-ILOVA
2-ILOVA
Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish boʻyicha ekspluatatsiya hujjatlarining tarkibi va mazmuniga qoʻyiladigan talablar
1. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish xavfsizligini asoslash hujjatida quyidagi maʼlumotlar keltirilishi zarur:
atom energiyasidan foydalanish obyektiga tashiladigan radioaktiv materialning tavsifi, shu jumladan uning miqdori, faolligi, izotop tarkibi, fizik va kimyoviy xossalari;
tashiladigan radioaktiv materiallarning nomenklaturasi;
radioaktiv materiallar hamda qadoqlash toʻplamlarining nazorat qilinadigan xususiyatlari roʻyxati, ularni nazorat qilish usullari va vositalari;
yadroviy xavfsizlikni taʼminlash zaruratidan kelib chiqib, yadroviy boʻlinuvchi materiallarning miqdori va joylashtirilishiga nisbatan cheklovlar (agar tarkibida yadroviy boʻlinuvchi materiallar mavjud boʻlgan radioaktiv materiallar tashilsa);
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda qoʻllaniladigan qadoqlash toʻplamlari va transport vositalari nomenklaturasi;
transport vositalarida qadoqlarni va (yoki) radioaktiv materiallarni joylashtirish hamda mahkamlash sxemalari;
atom energiyasidan foydalanish obyekti hududi boʻylab radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish yoʻnalishlari;
transport-texnologik jarayonlarni bajarishda qadoqlangan transport vositalarining harakatlanish tezligi va qadoqlarni koʻtarish balandligi boʻyicha cheklovlar;
qadoqlash toʻplamlariga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash davriyligi hamda tartibi;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishni amalga oshirishdan oldin transport vositalarining texnik holatini nazorat qilish tartibi;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish jarayonida qadoqlar bilan ishlash jarayonining bajarish tartibi;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish jarayonida xavfsizlik qoidalari;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda radiatsiyaviy nazorat hajmi va usullari;
qoʻllaniladigan shaxsiy himoya vositalari turlarining roʻyxati;
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda belgilangan radiatsiyaviy fon chegaralaridan oshmasligi.
2. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashishda avariya holatlarida xodimlarning harakatlari boʻyicha yoʻriqnoma quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyalar roʻyxati;
avariyalar yuzaga kelishining belgilari;
avariyalar sodir boʻlganda avariyalar rivojlanishining oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan xodimlar harakatlarining roʻyxati va ketma-ketligi (masʼul shaxslar koʻrsatilgan holda);
avariya oqibatlarini bartaraf etish ishlarini taʼminlash uchun moʻljallangan moddiy-texnik vositalar roʻyxati.
3. Radioaktiv materiallarni obyekt ichida tashish uchun moʻljallangan qadoqlash toʻplamlari resursini boshqarish dasturi quyidagilarni oʻz ichiga olishi zarur:
resursi boshqariladigan qadoqlash toʻplamlarining nomenklaturasi;
nazorat qilinadigan parametrlar roʻyxati;
qadoqlash toʻplamlarining qoldiq resursiga taʼsir koʻrsatuvchi shikastlanishlarning toʻplanish jarayonlari va nazorat qilinadigan parametrlarni kuzatish usullari;
zarar yetkazuvchi omillarni bartaraf etish yoki kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qilish va amalga oshirish tartibi;
qadoqlash toʻplamlarining ishlatilgan va qoldiq resursini baholash tartibi hamda usullari;
qoldiq resursni oʻzgartirish yoki oʻz xizmat resursini tugallagan qadoqlash toʻplamlarini almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish mezonlari va tartibi;
qadoqlash toʻplamlariga texnik xizmat koʻrsatish davriyligi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2026 y., 10/26/3811/0341-son)