Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 20-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2000-13]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2009-yil 16-iyuldagi 2009-40-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2000, 2009-yil 30-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 36-son, 394-modda) bilan tasdiqlangan Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2026-yil 9-yanvar,
22-son
Kelishildi:
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
2025-yil 29-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 9-yanvardagi 22-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 69-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“69. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishda hujjatlarni koʻrib chiqqanlik uchun qimmatli qogʻozlar emitentlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga quyidagi miqdorda yigʻim toʻlanadi:
a) korporativ obligatsiyalar boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari;
b) korporativ obligatsiyalardan tashqari boshqa qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari;
v) korporativ obligatsiyalardan tashqari ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishiga oʻzgartirishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari;
g) ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan korporativ obligatsiyalar chiqarilishiga oʻzgartirishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish boʻyicha — bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari.”.
2. 95-band quyidagi mazmundagi “g1” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g1) qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan axborot va hisobotlar bir yil ichida ikki va undan ortiq marotaba oʻz vaqtida oshkor etilmagan taqdirda (bartaraf etilguniga qadar);”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026 y., 10/26/2000-13/0061-son)