XALQ DEPUTATLARI CHORTOQ TUMANI KENGASHINING
Qarori
Chortoq tumani boʻyicha 2026-yil uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-farmoni ijrosiga muvofiq viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi va viloyat soliq boshqarmasining “qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar” loyihasi boʻyicha kiritgan takliflari muhokama etib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6 va 24-moddalariga asosan Xalq deputatlari tuman Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-sonli Farmoniga muvofiq quyidagilar:
Yer soligʻining amaldagi soliq stavkalari 2026-yilda 1,04 baravarga indeksatsiya qilinishi kutilayotganligi;
Soliq kodeksi boʻyicha Namangan viloyati uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha turar joyning 1 kv.m uchun 439,85 (toʼrt yuz oʼttiz toʼqqiz soʼm sakson besh tiyin) soʻm va noturar joyning 1 kv.m uchun 5.698,00 (besh ming olti yuz toʼqson sakkiz) soʻm bazaviy soliq stavkasi belgilangan;
Kelgusi yil bazaviy soliq stavkasiga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar qoʻllashda keyingi yil mahalliy byudjet daromadlari prognozidan kelib chiqish boʻyicha tavsiyalari maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy va yuridik shaxslar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar” miqdorlarini belgilash boʻyicha tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimining hamda tuman soliq inspeksiyasining qoʻshma taklifi maqullansin.
3. Mazkur qaror bilan:
Chortoq tuman hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun jismoniy shaxslar boʻyicha turar joy uchun mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar miqdorlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
Chortoq tuman hududida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar boʻyicha noturar joy uchun mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga kiritilayotgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlar miqdorlari 2-ilovaga muvofiq, Bunda, tuman Soliq inspeksiyasiga jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2025-yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozimligi;
Xalq deputatlari tuman Kengashiga Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan belgilangan yer soligʻi stavkalariga qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni kiritish huquqi berilganligi alohida koʻrsatib oʻtilsin.
4. 2026-yil uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsientlar 3-ilovaga;
noruda qurilish materiallari uchun (sementdan tashqari) belgilangan qatʼiy stavkalariga 2026-yil uchun qoʻllaniladigan koeffitsientlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Tuman hokimining birinchi oʼrinbosari B. Boymirzayev, tuman Iqtisodiyot va moliya boʻlimi (A. Jabbarov), tuman Soliq inspeksiyasi (S. Tulakov) 3 kun muddatda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar boʻyicha mutloq miqdorda belgilangan bazaviy soliq stavkasi boʻyicha hududlar boʻyicha aniqlik kiritsin.
6. Tuman xalq deputatlari Kengashi 1 hafta muddatda ushbu qarorning 1 va 2-ilovalariga asosan belgilangan soliq stavkalariga hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, koʻcha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni qoʻllash boʻyicha muhokamalar oʻtkazib, 2026-yilning 5-yanvariga qadar muhokamalar yakuni boʻyicha tasdiqlangan soliq stavkalarni tuman Soliq inspeksiyasiga taqdim etsin.
7. Xalq deputatlari tuman Kengashi ushbu qarorning 1 va 2-ilovalariga asosan belgilangan soliq stavkalariga nisbatan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsientlarni kelgusi yil uchun mahalliy byudjet daromadlari prognozidan hamda mamlakatimizda iqtisodiy faollikning tiklanganligi hamda aholi va tadbirkorlarning daromadlari barqarorlashganligidan kelib chiqqan holda qoʻllashlari tavsiya etilsin.
8. Tuman Soliq inspeksiyasi (S. Tulakov) yer soligʻi boʻyicha tasdiqlangan soliq stavkalarini 2026 yil 10 yanvarga qadar barcha soliq toʻlovchilarga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yetkazilishini taʼminlasin.
9. Tuman Soliq inspeksiyasi (S. Tulakov) va tuman hokimligining axborot xizmati (B. Tillaboyev) bilan birgalikda ushbu qaror 1, 2, 3, 4-ilovalariga muvofiq soliq stavkalari, soliq solish tartib-taomillari hamda boshqa masalaga oid maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qaror tuman “Chortoq haqiqati” gazetasida eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin, ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
11. Tuman soliq inspeksiyasi (S. Tulakov):
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan vakolatlaridan kelib chiqib:
Soliqlarning toʻliq va toʻgʻri hisoblanishini hamda oʻz vaqtida byudjetga undirilishini nazoratga olib borish;
tegishli byudjetning ijro etilishi jarayonida unga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha zaxiralarni aniqlash; yer soligʻining soliq bazasini oshirish, yaʼni xatlov ishlarini samarali tashkil yetib borsinlar.
12. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (Oʼ. Boltaboyev) hamda tuman hokimining birinchi oʻrinbosari B. Boymirzayev zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi I. SATTAROV
Namangan viloyati, Chortoq tumani,
2025-yil 30-dekabr,
VII-14-150-6-88-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.