XALQ DEPUTATLARI QUVA TUMANI KENGASHINING
Qarori
Tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-son qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida tumandagi ichki xoʻjalik yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha yoʻl boʻlimi tashkil etilgan.
Boʻlimning asosiy vazifasi etib ichki xoʻjalik yoʻllarini saqlash, joriy taʼmirlash va ularda joylashgan koʻpriklarni soz holatda saqlash va boshqa masalalardan iboratligi belgilab oʻtilgan.
2025-yilning fevral-mart oylarida tuman obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joylarda mahalla fuqarolar yigʻini vakillari bilan birgalikda ichki xoʻjalik yoʻllarini saqlash va joriy taʼmirlash boʻyicha xar bir koʻchaga kirgan holda oʻrganish ishlari olib borilgan va nuqson dalolatnomalari rasmiylashtirilgan. Mahallalar kesimida ichki koʻchalar holati, asfalt yoʻllardagi mavjud chuqur-chanoqlarni taʼmirlash, tuproqli koʻchalarni shagʻallashtirish boʻyicha olib borilgan oʻrganish ishlar natijasida tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan manzilli roʻyxat shakllantirilgan va 2025-yil davomida tuman boʻyicha 39 ta mahalla fuqarolar yigʻini kesimida 45 ta ichki xoʻjalik yoʻllarida 28132 metr uzunlikda shagʻallashtirish, 35 ta koʻchada 13189 m.kv miqdorda mavjud boʻlgan chuqur-chanoqlarini taʼmirlash ishlarini bajarilishi koʻzda tutilgan.
Mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 29-noyabrdagi KQ-5-V-son qarori bilan tasdiqlangan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining, Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qoʻshimcha manbalarini aniqlash va ulardan foydalanishni tartibi toʻgʻrisida”gi namunaviy nizomning 11-bandi, 4-xatboshisida koʻrsatilgan tartibda belgilangan davr mobaynida jamoatchilik muhokamasida boʻlganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuning 6- va 24-moddalariga asosan xalq deputatlari Quva tumani Kengashi qaror qiladi:
1.Tumanda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-son qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi S.Ahmadjonovning hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2.Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 oktyabrdagi 665-son qaroriga muvofiq Quva tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ichki yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash ishlari boʻyicha 2025-yil uchun yakuniy manzilli roʻyxat ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3.Tuman hokimining oʻrinbosarlari (J.Zakirov, M.Akbarov), tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi (S.Axmadjonov) tegishli boʻlim va tashkilot rahbarlari bilan birgalikda:
Aholi punktlari koʻchalari hamda ichki xoʻjalik yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, saqlash, koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va sugʻorish tizimlari bilan taʼminlash hamda yoʻl boʻyi infratuzilmasini rivojlantirish ishlarini amalga oshirish uchun budjet mablagʻlari hisobidan ajratilayotgan mablagʻlarni maqsadli va manzilli sarflanishini qatʼiy nazoratga olish;
Mahalla fuqarolar yigʻinlari bilan birgalikda taʼmirlangan ichki xoʻjalik yoʻllarini asrash, ularning shikastlanishining oldini olish choralarini koʻrish, yoʻllarning atrofini koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni taʼminlash va zifalari yuklansin.
4.Tuman hokimining oʻrinbosarlari (J.Zokirov, M.Akbarov), tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi (S.Axmadjonov)lar tumanda ichki yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash uchun ajratiladigan pul mablagʻlarini belgilangan tartibda qonuniy sarflanishi uchun, bunda tuman hududida turli dasturlar va loyihalar doirasida, shujumladan “Tashabbusli budjet” loyihasi asosida rekonstruksiya qilinishi, mukammal yoki joriy taʼmirlanish ishlari belgilangan obyektlar va koʻchalarga sarfetmaslikka shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
Shuningdek, ular zimmasiga ichki yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash ishlari uchun tuman budjetiga ajratiladigan mablagʻlarni xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori asosida xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tuman boʻyicha qayta taqsimlashga ruxsat berilganligi, hokimlik tasarrufidagi ichki yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash ishlari uchun rejalashtirilgan mablagʻlarni boshqa yoʻnalishlarga qayta taqsimlash qatʼiyan taqiqlanishi eslatib oʻtilsin.
5.Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash tuman hokimining oʻrinbosarlari (J.Zakirov, M.Akbarov)ga, nazorat qilish esa xalq deputatlari tuman Kengashining “Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha” doimiy komissiyasi (A.Dadajonov) zimmasiga yuklansin.
Kengash raisi UMAROV XALIMJON KOMILOVICH
Fargʻona viloyati, Quva tumani,
2025-yil 29-oktabr,
VII-15-135-11-156-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.