XORAZM VILOYATI URGANCH TUMANI HOKIMINING
QARORI
Urganch tumandagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6 hamda 21-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunning 39-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 10-bandiga asosan, Urganch tumanidagi aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini 2026-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish maqsadida qaror qiladi:
1. Urganch tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi hamda Urganch tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Urganch tumani hududidagi tashkilotlar boʻyicha 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ish oʻrinlarini belgilash toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
xodimlar soni 20 nafardan ortiq boʻlgan davlat tashkilotlarida majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining yetti foizidan oshmagan miqdorda hamda xodimlar soni 100 nafardan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) majburiy zaxiralanadigan ish oʻrinlari soni xodimlar umumiy sonining uch foizidan oshmagan miqdorida kelgusi yil uchun 128 ta ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish, jumladan:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 33,0 foiz (42 kishi);
kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning aʼzolari uchun 55,4 foiz (71 kishi);
muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun 1,6 foiz (2 kishi);
oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun 5,4 foiz (7 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar uchun 4,6 foiz (6 kishi) miqdorida ish oʻrinlarining majburiy zaxiralari shakllantiriladi.
2. 2026-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish maqsadida quyidagilar:
davlat tashkilotlari (budjet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
xodimlarining roʻyxatdagi oʻrtacha yillik soni yuz nafardan ortiqni tashkil etadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar (davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan korxonalar bundan mustasno) tomonidan majburiy zaxira qoʻyiladigan ish oʻrinlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlari:
zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar Urganch tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini xabardor qiladi;
ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlashi, bu haqda Urganch tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimini birinchi chorak tamom boʻlganidan soʻng, 10 kundan kechikmay xabardor qiladi;
ishga joylashtirish toʻgʻrisida Urganch tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimiga har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi.
Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunining 40-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun moliyaviy yordamlar ajratish tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-son qaroriga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan boʻlgan shaxslarni ish oʻrinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilish uchun ish beruvchilarga — har bir xodim uchun 12 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida subsidiya mablagʻlarini toʻlab berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonuning 3, 13, 34, 38, 39, 40, 41-moddalariga asosan, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga eng kam miqdordagi ish joylarini yaratish yuzasidan qabul qilingan mazkur qarorni bajarmaganlik uchun ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
6. Urganch tumani kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi rahbari Z. Qurbanbayev:
besh kun muddatda ushbu qaror nusxasini 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
7. Ushbu qaror 2026-yil 1-yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan tuman hokimining 2024-yil 4-noyabr kungi 457-12-173-Q/24-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsin hamda hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari J. Xalmetov zimmasiga yuklatilsin.
Urganch tumani hokimi G. SULTANOV
Xorazm viloyati, Urganch tumani,
2025-yil 31-oktabr,
264-12-173-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.