SIRDARYO VILOYATI MIRZAOBOD TUMANI HOKIMINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-181-son Farmoni hamda Sirdaryo viloyati hokimining 2025-yil 16-oktabrdagi 415-9-0-Q/25-sonli qarori ijrosi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-181-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 va 211-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-oktabrdagi “Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-181-son Farmoni hamda Sirdaryo viloyati hokimining 2025-yil 16-oktabrdagi 415-9-0-Q/25-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni bilan:
I. Issiqxona xoʻjaliklarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ularning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish maqsadida, issiqxona xoʻjaliklari uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ularga quyidagi imtiyozlar berilganligi:
issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari boʻyicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlari uchun 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanganligi;
faoliyat yuritayotgan issiqxona xoʻjaliklarining 2025-yil 1-oktabr holatiga mavjud soliq qarzi yuzasidan toʻlov muddati foizlarni hisoblamagan holda 2028-yil yakuniga qadar uzaytiriladi hamda ushbu soliq qarzi 2029-yilning har choragida teng ulushlarda toʻlanishi;
Bunda soliq qarzini undirish boʻyicha:
issiqxona xoʻjaliklariga qoʻllangan maʼmuriy va moliyaviy jarimalar hamda barcha hisoblangan penyalar toʻliq hisobdan chiqarilishi;
issiqxona xoʻjaliklari bank hisobvaraqlariga qoʻyilgan inkasso topshiriqnomalari chaqirib olinishi;
yuridik va jismoniy shaxslaming issiqxona xoʻjaliklari boʻyicha yer soligʻi yer fondi toifasidan qatʼi nazar qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlar uchun belgilangan soliq stavkalarida hisoblanishi;
Bunda qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlar uchun soliq stavkalarida hisoblangan yer soligʻi summasi 2025-yil yanvardan qayta hisob-kitob qilinishi;
kredit majburiyatlari bajarilmagani sababli tijorat banklari balansiga oʻtgan issiqxonalar va garov taʼminotida boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini realizatsiya qilish boʻyicha aylanmalar 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etilishi, shuningdek, mazkur mulklar tijorat banklari balansiga qabul qilingan vaqtdan yangi tashabbuskorga sotilgunga qadar boʻlgan davr mobaynida yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinishi;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida qurilgan issiqxona majmualarini foydalanishga qabul qilish va ularga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda Yer kodeksining 43-moddasiga asoslangan holda mazkur yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan chiqarish talab etilmasligi, ushbu majmualar va ular joylashgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin tijorat banklari tomonidan ularni kredit taʼminoti sifatida qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmasligi;
issiqxona xoʻjaliklari uchun ajratilgan yer maydonining 5 foizi, lekin 20 sotixdan oshmagan qismiga qishloq xoʻjaligi yerlari toifasini oʻzgartirmagan holda issiqxona infratuzilmasini (qozonxona, mahsulotlarni saralash va qadoqlash, issiqxona ehtiyot qismlarini saqlash, xizmat binolari) barpo qilishga ruxsat berilganligi;
II. Issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidan qatʼi nazar 2030-yilga qadar quyidagi moliyaviy imtiyozlar joriy qilinganligi:
Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan:
issiqxona xoʻjaliklari loyihalarining biznes-rejasidagi ish oʻrinlarini yaratish va mahsulotlar realizatsiyasidan tushum kabi koʻrsatkichlar bajarilishining oʻrtacha miqdori 2025-2027-yillarda 30 foizdan va 2028-2029-yillarda 50 foizdan yuqori boʻlgan issiqxona xoʻjaliklariga “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ajratilayotgan kompensatsiya yordami qayta tiklanishi va toʻlab berilishi;
2025-yil 1-oktabrga qadar issiqxona yoʻnalishida ajratilgan kredit (lizing)lar miqdoridan qatʼi nazar barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga hisobot oyi yakunida muddati oʻtgan qarzdorliklar mavjud boʻlmagan taqdirda, xorijiy valyutada ajratilgan kredit foizining 4 foiz punktidan yuqori qismi, milliy valyutada ajratilgan kredit foizining 14 foiz punktidan yuqori qismi kompensatsiya qilib berilishi;
mazkur kichik bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan imtiyozlar bir vaqtning oʻzida qoʻllanishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tijorat banklari tomonidan issiqxona xoʻjaliklariga hosil qiymatining 50 foizi miqdorida aylanma mablagʻlarni toʻldirishga, shuningdek, chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatishga 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada (shundan 4 foiz bank marjasi) imtiyozli kreditlar ajratilishi;
issiqxona xoʻjaliklari tomonidan energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasi orqali xarid qilingan issiqlik nasoslarini oʻrnatish xarajatlarining 20 foizgacha qismi energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi;
tabiiy gazda ishlaydigan issiqxona xoʻjaliklariga oktabr-mart oylarida har oy uchun 50 foiz oldindan toʻlovlar asosida tabiiy gaz kafolatli hajmda yetkazib berilishi;
Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini oshirish maqsadida:
eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyoti bekor qilinganligi;
dukkakli ekinlarni yigʻish texnikasini xarid qilgan tadbirkorlik subyektlariga Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan texnika qiymatining 15 foizi hamda lizing va kredit stavkasining 10 foizdan oshgan qismi qoplab berilishi maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
3. Davlat kadastrlari palatasi tuman boʻlimi (K.Ismailov), tijorat banklari bilan birgalikda:
1-noyabrga qadar issiqxona xoʻjaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari muddatini kredit muddatlariga mutanosib ravishda uzaytirish choralarini koʻrsin.
Amalga oshirilgan ishlar boʻyicha tuman hokimligiga yakuniy maʼlumot kiritilsin.
4. Tijorat banklari:
bir oy muddatda mavjud issiqxona xoʻjaliklarini xatlovdan oʻtkazsin hamda xatlov natijalariga koʻra istiqbolli deb topilgan issiqxona xoʻjaliklariga 2025-yil 1-oktabrgacha ajratilgan kreditlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorliklar toʻlov grafiklarini kelgusidagi pul oqimlaridan kelib chiqib, qayta koʻrib chiqsin hamda hosil boʻlgan penya summalarini hisobdan chiqarsin;
tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari orqali qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan issiqxona majmualarini salohiyatli investorlarga bozor qiymatida toʻgʻridan-toʻgʻri sotish choralarini koʻrsin.
Bunda 2027-yil yakuniga qadar quyidagilarga ruxsat beriladi:
tijorat banklariga va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalariga vakolatli davlat organining roziligisiz qarzdor issiqxona xoʻjaliklari ustav kapitalida ulushga ega boʻlishga yoki yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tashkil qilishga;
tijorat banklari huzuridagi investitsiya kompaniyalari hamda ularning ulushi jami 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga issiqxona majmualari faoliyatini tiklash jarayonida toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlarni amalga oshirishga.
5. “HududgazMirzaobod” gaz taʼminoti filiali (A.Roʻziboyev), “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Mirzaobod filiali (I.Norqoʻziyev):
har yili 1-oktabrga qadar (2025-yil uchun 10 kun muddatda) belgilangan shartlarda tabiiy gazni yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzilishini taʼminlasin.
Bunda shartnomalarda tabiiy gaz yetkazib berilmagani natijasida yoʻqotilgan hosil uchun yetkazib beruvchi tomonning javobgarligi aniq belgilab qoʻyilishga eʼtibor qaratsin;
amalda barpo etilgan issiqxona xoʻjaliklari tijorat banklari balansiga oʻtkazilgan yoki yangi investorga sotilgan yoxud boshqacha tarzda samarali foydalanish uchun berilganda (shu jumladan, boshqa hududlariga koʻchirilganda), shuningdek, yangi issiqxonalar tashkil etilganda, ushbu issiqxonalar uchun texnik shartlar belgilangan tartibda 10 kun muddatda taqdim etilishini hamda ularning gaz va elektr tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosarlari B.Xatamov va S.Saidumarov zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi A. UMAROV
Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani,
2025-yil 23-oktabr,
283-9-125-Q/25-son