ANDIJON VILOYATI XOʻJAOBOD TUMANI HOKIMINING
QARORI
2026-yilgi chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, chaqiriluvchilarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etish toʻgʻrisida
“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-sonli qaroriga asosan, 2026 yilgi chaqiruv mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarning samaradorligini oshirish hamda muddatli harbiy va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilayotgan fuqarolarni har tomonlama oʻrganish hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari boʻyicha tayyorlash, muddatli harbiy xizmatni oʻtash tizimini yanada takomillashtirish, chaqiriluvchilarni tanlab olishda shaffoflik, oshkoralik va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi 413-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 211-moddalariga asosan, qaror qilaman:
1. Andijon viloyati hokiming 2025 yil 31 iyul kungi 293-1-0-Q/25-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi 413-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin. chaqiriluvchilarni tanlab olish tadbirlarining sxemasi 1-ilovaga; chaqiriluvchilarning harbiy xizmatni oʻtashga tayyorligini baholash boʻyicha tanlov kengashi tarkibi 2-ilovaga; chaqiriluvchini oʻrganish varagʻi 3-ilovaga, 2025-2026 yilda chaqiruv mavsumida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga chaqirilishi lozim boʻlgan chaqiriluvchilarni saralab olish rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi vakillari tomonidan chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, ular bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazish boʻyicha tanlov kengashi faoliyatini toʻlaqonli tashkil etilishida amaliy yordam koʻrsatilsin.
4. Tuman hokimining oʻrinbosari R. Egamberdiyev rahbarligida, tuman mahallalar uyushmasi boʻlimi (A. Madraximov), tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi (N. Mirzakarimova) hamda tuman Yoshlar ishlari boʻlimi (M. Abdumutolibov) bilan birgalikda, chaqiriluvchilarning tanlab olishda norozi boʻlgan chaqiriluvchilarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etilsin.
5. Tuman hokimligi matbuot xizmati (S. Saidaliyev), tuman “Haqiqat” gazetasi tahririyati (T. Shermatov)larga joriy yilning avgust oyidan boshlab har oyda tumanda oʻtkaziladigan tanlov tadbirlarini ommaviy axborot vositalari, gazeta, internet saytlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Tuman hokimining oʻrinbosari R. Egamberdiyev, tuman mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi Sh.Samatov, tegishli mutasaddi tashkilot va muassasalar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-iyuldagi 413-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari asosida ish tashkil etsin.
7. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari R. Egamberdiyev zimmasiga yuklatilsin.
Tuman hokimi J. BOZORBOYEV
Andijon viloyati, Xoʻjaobod tumani,
2025-yil 5-avgust,
110-1-27-Q/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.