O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini shakllantirish va uning nufuzini oshirishda, shuningdek, harbiy xizmatchilar tomonidan o‘z muqaddas burchini sidqidildan ado etib, har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylanishiga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bularning barchasi O‘zbekiston xalqida, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida milliy armiya bilan faxrlanish tuyg‘usini, Vatan himoyachisidek sharafli kasbga hurmat-ehtirom hissini uyg‘otmoqda.
Shu bilan birga, harbiy xizmatga nomzodlarni tanlab olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va harbiy xizmatga chaqirishning amaldagi tizimi bugungi kun talablariga javob bermasligi, bu borada yanada samarali tizim ishlab chiqishni, Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
Chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tizimini takomillashtirish, mazkur jarayonni amalga oshirishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, nomzodlarga qo‘shin turlarini tanlash imkoniyatini yaratish, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga chaqirish jarayonidagi bir-birini takrorlovchi tadbirlarga barham berish maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safini har tomonlama yetuk, sog‘lom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiruvchilar bilan butlash;
chaqiriluvchilar ongida milliy g‘urur, ona yurtga sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirishning mavjud tizimini optimallashtirish;
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda bir-birini takrorlovchi bosqichlarni soddalashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish sifati va samaradorligini oshirish hamda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarni harbiy okruglar harbiy gospitallari mutaxassislari tomonidan o‘tkazish;
harbiy xizmat nazarda tutilgan vazirliklar va idoralar rahbarlari, shuningdek, harbiy okrug qo‘mondonlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.
2. Chaqiruv tadbirlarini sifatli tashkil etish maqsadida fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha quyidagi komissiyalar tuzilsin:
a) muddatli harbiy xizmatga chaqirish uchun:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzurida Rahbariyat kengashi (keyingi o‘rinlarda — Rahbariyat kengashi);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig‘ish punktlarida harbiy-tibbiy komissiya (keyingi o‘rinlarda — harbiy-tibbiy komissiya);
tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — butlash komissiyasi);
b) muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga o‘tkazish uchun — tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzurida hududiy komissiya (keyingi o‘rinlarda — hududiy komissiya);
v) chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘ligi darajasini aniqlash va davolanishga yo‘naltirish uchun — mudofaa ishlari bo‘limlari huzurida hududiy tibbiy komissiya (keyingi o‘rinlarda — hududiy tibbiy komissiya).
3. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Quyidagilar belgilansin:
a) Rahbariyat kengashining asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarini sifatli tashkil etish;
chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati, tafakkuri, fidoyiligi, qiziqishlari va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda, ular butlash komissiyasi tomonidan qo‘shin turlariga to‘g‘ri tayinlanganligiga baho berish;
harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sog‘ligi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilarni Qurolli Kuchlar qo‘shin turi komandalariga tayinlash (yoki turli sabablarga ko‘ra komandalarga tayinlanmaganligi) bo‘yicha qaror qabul qilish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan chaqiriluvchilarni yig‘ish va tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilishida o‘zaro hamkorlikni tashkil etish;
butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya, hududiy tibbiy komissiya uchun joylarda zarur shart-sharoitlarni yaratish, dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan ta’minlash, jamoat tartibini saqlash ishlarini tashkil qilish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining oshkoraligini, shuningdek, chaqiruvga oid tadbirlarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlash;
harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi va hududiy tibbiy komissiya qarorlaridan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilarning shikoyatlarini ko‘rib chiqish va yechimi bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safidan turli sabablarga ko‘ra qaytarilgan muddatli harbiy xizmatchilari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish va tegishli chora-tadbirlar belgilash;
b) Harbiy-tibbiy komissiyaning asosiy vazifalari etib:
Butlash komissiyasi tomonidan qo‘shin turlariga tayinlangan chaqiriluvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchilarning hisob kartalariga kiritilgan yozuv va xulosalarning to‘g‘riligini tekshirish;
Rahbariyat kengashi raisi bilan hamkorlikda chaqiriluvchilarni qo‘shimcha tekshiruv va davolashga yo‘naltirish, shuningdek, qo‘shimcha tekshiruv va davolashdan keyin ularning qaytishlarini nazoratga olish;
chaqiriluvchilarning sog‘ligi darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan yakuniy tibbiy xulosa berish;
tibbiy komissiya faoliyati jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlilini inobatga olgan holda, harbiy-tibbiy komissiya shifokor-mutaxassislari bilan kengashlar o‘tkazish;
Qurolli Kuchlarni butlash yakuni bo‘yicha tibbiy komissiya ishi natijalarini umumlashtirish, hisobot tayyorlash va belgilangan tartibda Rahbariyat kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etish;
v) Butlash komissiyasining asosiy vazifalari etib:
muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun tavsiya etilgan va hududiy tibbiy komissiya tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan chaqiriluvchilar bilan suhbat o‘tkazish, sog‘ligi darajasi, jismoniy tayyorgarligi, fikrlash qobiliyati va boshqa xususiyatlarini inobatga olgan holda, qo‘shin turlariga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish;
qabul qilingan qarorlarni chaqiriluvchilar yig‘majildidagi tegishli sahifaga belgilangan tartibda rasmiylashtirish va imzolash;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining oshkoraligi va xolisligini ta’minlash;
joylardagi tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlarining chaqiriluvchilarni yig‘ish va ularni tantanali ravishda harbiy qismlarga yuborish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazishda o‘zaro hamkorligini tashkil etish;
chaqiriluvchilar, ularning ota-onalarining chaqiruvga oid murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
g) Hududiy komissiyaning asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga o‘tkazish;
chaqiriluvchilarni yig‘ish, muqobil xizmatga yuborish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish hamda Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarishga oid tadbirlarni tantanali ravishda o‘tkazishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish;
chaqiriluvchilarni muddatli harbiy va muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni doimiy yashash joylariga qaytarish bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish;
hududiy komissiyalar faoliyati va chaqiruvning oshkoraligini ta’minlash;
d) Hududiy tibbiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib:
chaqiriluvchilarni birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurashish va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlari ro‘yxatida turuvchi chaqiriluvchilar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish;
chaqiriluvchilarni qo‘shimcha tekshiruv va davolashga yo‘naltirish, qo‘shimcha tekshiruv va davolashdan so‘ng ularning tibbiy komissiyaga kelishlarini nazoratga olish;
chaqiriluvchilarning sog‘ligi darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan xulosa berish;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni sifatli va xolisona amalga oshirish maqsadida muntazam ravishda tibbiy komissiya a’zolari bilan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida kengashlar o‘tkazib borish;
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlash va ushbu hisobotni harbiy-tibbiy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmasi (organlari) hamda mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etish.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda chaqiruv tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 24-bandi ikkinchi xatboshisidagi “tuman (shahar) chaqiruv komissiyasi” so‘zlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 6-mart,
PQ-4630-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qaroriga
1-ILOVA
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq o‘tkaziladigan chaqiruv yoshidagi fuqarolarni (keyingi o‘rinlarda — chaqiriluvchilar) muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolarni harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi va muddatli harbiy xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish bo‘yicha qarori e’lon qilinganidan so‘ng Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar tarkibi hamda ularning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
3. Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari hamda mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Harbiy-tibbiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi PQ-4076-son qarori va sohaga oid boshqa qonun hujjatlariga muvofiq chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etadi, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi, tibbiy ko‘rik natijasi bo‘yicha xulosalar beradi va hujjatlarni rasmiylashtiradi.
4. Harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish tadbirlarining o‘tkazilishiga umumiy rahbarlik qiladi, shuningdek, Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi, hududiy komissiya va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan mas’uldir.
5. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyati ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha tashkil etiladi.
2-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar tarkibi
6. Rahbariyat kengashi tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) kengash raisi — harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari (harbiy-ma’muriy sektor rahbarining o‘rinbosari);
b) kengash a’zolari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahar va viloyat boshqarmasi boshliqlarining o‘rinbosarlari;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari vakili;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi vakili;
harbiy okrug boshqarma, xizmat va bo‘lim boshliqlari;
mudofaa ishlari boshqarmalari boshliqlari;
v) kengash kotibi — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining o‘rta tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan vakili.
7. Harbiy-tibbiy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalining shifokor-mutaxassisi;
b) komissiya a’zolari:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy gospitalidan terapevt, jarroh va nevropatolog;
Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmalaridan (organlaridan) otorinolaringolog, oftalmolog va psixiatr.
8. Butlash komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — harbiy okrug boshqarma, xizmat va bo‘lim boshliqlari, harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari;
b) komissiya a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiyasi vakillari.
9. Hududiy komissiya tarkibiga quyidagilar kiradi:
a) komissiya raisi — tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari;
b) komissiya raisining o‘rinbosari — mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i;
v) komissiya a’zolari:
tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi tuman (shahar) kengashi raisining birinchi o‘rinbosari;
tibbiy komissiya katta shifokori;
g) komissiya kotibi — mudofaa ishlari bo‘limi bo‘linma boshlig‘ining yordamchisi.
10. Hududiy tibbiy komissiya tarkibiga tuman (shahar) tibbiyot birlashmalaridan ajratiladigan jarroh, terapevt (katta shifokor vazifasi jarroh yoki terapevt zimmasiga yuklanadi), dermatovenerolog, stomatolog, oftalmolog, otorinolaringolog, psixiatr va nevropatolog kiradi.
11. Quyidagilar o‘z faoliyatini har yili:
tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi hududiy tibbiy komissiyalar — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi butlash komissiyalari — 15-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig‘ish punktlarida harbiy-tibbiy komissiyalar — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi — 20-fevraldan 30-aprelgacha;
tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlari huzuridagi hududiy komissiyalar — 1-martdan 30-aprelgacha amalga oshiradi.
3-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalarning huquqlari va javobgarligi
12. Rahbariyat kengashi:
har bir fuqaro bo‘yicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan o‘z fikrini bildirish;
butlash komissiyasi tomonidan qo‘shin turlariga tayinlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni ko‘rib chiqish va bekor qilish;
majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq kelib chiqqan nizolarni tomonlarning kelishuvi yoki sud orqali hal qilish huquqiga ega.
Rahbariyat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
13. Rahbariyat kengashi:
kengash faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
o‘z ish faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini ta’minlash;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni yig‘ish, harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatilgan harbiy xizmatchilarni yashash joylarida tantanali kutib olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar yuqori saviyada o‘tishini tashkil etish;
yig‘ish va chaqiruv punktlarida chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlarini tashkil etish;
komissiyalar a’zolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish, majburiyatlarni ular o‘rtasida taqsimlash va tasdiqlash;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek, chaqiriluvchilarning yig‘ish va chaqiruv punktlariga o‘z vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz va ulug‘ ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish;
chaqiruv va yig‘ish punktlari uchun buyuk sarkardalarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdi jasoratlarini namoyon etuvchi, Temur tuzuklari va shu kabi boshqa tarixiy asarlar to‘g‘risida chaqiriluvchilar tushunadigan talqinda ko‘rgazmali bannerlar tayyorlash, chop etish va tarqatish ishlarini tashkil etish;
tegishli vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va rezervga bo‘shatilgan yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda faol fuqarolik pozitsiyasi, mamlakatimizning kelajagi va taqdiri uchun javobgarlik hissi, Qurolli Kuchlar bilan faxrlanish, harbiy xizmatga bo‘lgan hurmat, shuningdek, Vatanga chuqur muhabbat va sadoqat tuyg‘usini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot materiallari, ko‘rgazmali bannerlar, kichik hajmdagi risolalar va tarqatma bukletlar tayyorlab, yig‘ish va chaqiruv punktlarini jihozlash ishlariga javobgardir.
Rahbariyat kengashi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
14. Harbiy-tibbiy komissiya:
hududiy tibbiy komissiya tomonidan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra qabul qilingan xulosalarni ko‘rib chiqish va bekor qilish;
har bir fuqaroning sog‘ligi bo‘yicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan o‘z fikrini bildirish;
tibbiy ko‘rik xulosalariga ko‘ra chaqiriluvchilarni qo‘shimcha tekshiruvga yuborish huquqiga ega.
Harbiy-tibbiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
15. Harbiy-tibbiy komissiya:
faoliyatini boshlashdan avval shifokorlar xonalarining sanitar qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiqligi, tibbiy jihoz va uskunalarning mavjudligi, ularni ishlatilish holatini, dori vositalari va tibbiy buyumlar borligini ko‘zdan kechirish;
Rahbariyat kengashiga chaqiriluvchilar tibbiy hujjatlari hamda kasallik tarixidan ko‘chirmalar, ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurash va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridan ro‘yxatlar o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;
chaqiriluvchilarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning sog‘ligi darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan yakuniy tibbiy xulosa berish;
chaqiriluvchilarni davolash yoki qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish uchun yo‘llash, shuningdek, ularning davolanish va qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘z vaqtida qaytib kelishlarini nazorat qilish;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchining harbiy xizmatga yaroqliligi, shuningdek, davolash yoki qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish uchun chaqiruvni kechiktirish bo‘yicha chaqiriluvchilarning hisob varaqalariga kiritilgan yozuv va xulosalarning to‘g‘riligini tekshirish va yakuniy xulosa qabul qilish;
Rahbariyat kengashiga hududiy tibbiy komissiyalarning chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan axborot yoki ma’lumot berish va ularni bartaraf etish tadbirlarini qo‘llash;
tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini sifatli tashkil etish maqsadida shifokor — mutaxassislar bilan uslubiy-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlash va Rahbariyat kengashiga, sog‘liqni saqlash birlashmasiga hamda mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etish ishlariga javobgardir.
16. Butlash komissiyasi:
har bir chaqiriluvchiga nisbatan ularni qo‘shin turlariga tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida o‘z fikrini bildirish;
tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni tashkil etish huquqiga ega.
Butlash komissiyasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
17. Butlash komissiyasi:
komissiya faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
o‘z faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini ta’minlash;
chaqiruv punktlarini chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun tayyorlashda mudofaa ishlari bo‘limlariga amaliy yordam ko‘rsatish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni yig‘ish punktiga yuborish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek, chaqiriluvchilarning chaqiruv punktiga o‘z vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish;
harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni harbiy qismlarga tantanali ravishda kuzatish, rezervga bo‘shatilgan yoshlarni yashash joylarida tantanali kutib olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish ishlarida faol ishtirok etish va amaliy yordam berish;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan yoshlar bilan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk sarkardalarimiz va ulug‘ ajdodlarimiz haqida davra suhbatlarini tashkil etish;
davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatga chaqirilayotgan chaqiriluvchilar, rezervga bo‘shatilgan yoshlar va aholi o‘rtasida harbiy xizmatga chaqirish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish ishlariga javobgardir.
18. Hududiy komissiya:
chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasiga o‘tkazish uchun qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan o‘z fikrini bildirish;
fuqarolarning chaqiruvga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish huquqiga ega.
Hududiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
19. Hududiy komissiya:
komissiya faoliyati hamda qaror qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etish;
o‘z faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqligi, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini ta’minlash;
chaqiruv punktini chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun tayyorlash;
komissiyalar a’zolarining uslubiy tayyorgarligini tashkil etish, majburiyatlarni ular o‘rtasida taqsimlash va tasdiqlash;
muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan harbiy xizmatchilarni harbiy qismlarga yuborish jarayonida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek, chaqiriluvchilarning yig‘ish va chaqiruv punktlariga o‘z vaqtida yetib kelishlari yuzasidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy xizmatga chaqiriladigan chaqiriluvchilarni harbiy qismga kuzatish, rezervga bo‘shatilgan yoshlarni yashash joylarida tantanali kutib olish tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish;
chaqiruv punktida buyuk sarkardalarimiz Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va Jaloliddin Manguberdi jasorati, Temur tuzuklari va shu kabi boshqa tarixiy asarlar to‘g‘risida chaqiriluvchilar tushunadigan talqinda ko‘rgazmali bannerlar tayyorlash va chaqiruv punktini jihozlash;
chaqiruv tadbirlari jarayonida tashkil etilgan komissiyalar ish faoliyati, shuningdek, chaqiruvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni yaratish ishlariga javobgardir.
20. Hududiy tibbiy komissiya:
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida qo‘shimcha tekshiruvga yuborish;
har bir fuqaroning sog‘ligi bo‘yicha qabul qilinadigan qaror va xulosalarga nisbatan o‘z fikrini bildirish huquqlariga ega;
Hududiy tibbiy komissiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
21. Hududiy tibbiy komissiya:
faoliyatini boshlashdan avval shifokorlar xonalarining sanitar qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiqligi, tibbiy jihoz va uskunalarning mavjudligi, ularni ishlatilish holatini, dori vositalari va tibbiy buyumlar borligini ko‘zdan kechirish;
chaqiriluvchilarni birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ularning sog‘ligi darajasi bo‘yicha harbiy xizmatga yaroqliligi yuzasidan tibbiy xulosa berish;
butlash komissiyasi va hududiy komissiyasiga chaqiriluvchilar tibbiy hujjatlari hamda kasallik tarixidan ko‘chirmalar, ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurash va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlaridan ro‘yxatlar o‘z vaqtida taqdim etilishini ta’minlash;
shifokor-mutaxassislar tomonidan chaqiriluvchilarning hisob varaqalariga yozuv va xulosalarni kiritish;
chaqiriluvchini davolash yoki qo‘shimcha tibbiy tekshiruvlar o‘tkazish uchun yo‘llash, shuningdek, ularning davolanish va qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘z vaqtida qaytib kelishlarini nazorat qilish;
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan hududiy komissiyaga axborot berish va ularni bartaraf etish tadbirlarini qo‘llash;
chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha hisobot tayyorlash va hududiy hamda butlash komissiyasiga taqdim etishga javobgardir.
4-bob. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish tartibi
22. Rahbariyat kengashining raisi va a’zolari Qurolli Kuchlar safini yangidan chaqirilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar bilan o‘z vaqtida sifatli butlash uchun mas’uldir.
23. Rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiya, butlash komissiyasi va hududiy tibbiy komissiya faoliyati Rahbariyat kengashi raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq tashkil etiladi.
24. Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi o‘z ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini o‘rganishdan boshlaydi.
Chaqiriluvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xulosasi, uning ma’naviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy va moddiy sharoiti, oila a’zolarining ijtimoiy holatini o‘rganish natijalariga muvofiq Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan ularni qo‘shin turi bo‘yicha komandalarga tayinlash ishlari amalga oshiriladi.
25. Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilingan qarorlar Rahbariyat kengashi va butlash komissiyalarining “Qabul qilingan qarorlar kitobi”da taalluqliligi bo‘yicha belgilangan tartibda komissiya kotibi tomonidan qayd etiladi va Rahbariyat kengashi va butlash komissiyasi tomonidan imzolanadi.
26. Butlash komissiyasi raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining yakuni bo‘yicha axborot tayyorlanadi va Qurolli Kuchlarni butlash ishlari yakunlanganidan so‘ng besh kun muddat ichida Rahbariyat kengashiga taqdim etiladi. Rahbariyat kengashi esa o‘n kun muddat ichida axborotni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga taqdim etadi.
27. Hududiy komissiya faoliyati komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
28. Hududiy komissiya o‘z ishini chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini o‘rganishdan boshlaydi.
29. Chaqiriluvchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xulosasi, uning ma’naviy va kasbiy xususiyatlari, oilaviy, moddiy sharoiti, oila a’zolarining ijtimoiy holatini o‘rganish natijalariga muvofiq hududiy komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
harbiy xizmatga yaroqliligi va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga tayinlash to‘g‘risida;
harbiy xizmatga yaroqliligi va muqobil xizmatga chaqirish to‘g‘risida;
salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga vaqtincha yaroqsizligi to‘g‘risida;
chaqirilish muddatini belgilangan tartibda kechiktirish yoki harbiy xizmatga chaqirilishdan ozod qilish to‘g‘risida;
yigirma yetti yoshga yetganligi munosabati bilan Qurolli Kuchlar zaxirasiga o‘tkazish to‘g‘risida;
salomatligiga ko‘ra tinchlik davrida harbiy xizmatga yaroqsizligi, urush davridagi harbiy xizmatga cheklangan tarzda yaroqliligi va zaxiraga o‘tkazish to‘g‘risida;
harbiy xizmatga yaroqsiz deb topib, harbiy ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida.
Hududiy komissiya tomonidan jamoaviy tarzda qabul qilingan qarorlar “Hududiy komissiya bayonnomalari kitobi”da komissiya kotibi tomonidan qayd etiladi. Mazkur kitob hamda chaqiriluvchilar shaxsiy hujjatlari yig‘majildidagi tegishli sahifa hududiy komissiya raisi va a’zolari tomonidan imzolanadi.
Hududiy komissiya raisi tomonidan chaqiriluvchilarni muqobil xizmatga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olish, harbiy xizmatga chaqirishni kechiktirish va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezerviga va zaxirasiga o‘tkazish ishlarining yakuni bo‘yicha axborot tayyorlanib, o‘n kun muddat ichida tegishli tuman (shahar) hokimiga, mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan tegishli mudofaa ishlari boshqarmasiga taqdim etadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar a’zolarining (kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar bundan mustasno) doimiy ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha oylik ish haqi ular mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarini bajaradigan butun davr mobaynida saqlab qolinadi.
31. Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi bo‘lgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari Rahbariyat kengashiga, shuningdek, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin.
32. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizomga
ILOVAFuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olish bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil etish
SXEMASI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi PQ-4630-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-oktabrdagi “Fuqarolarni muddatli harbiy va muqobil xizmatlarga chaqirish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga qabul qilish bo‘yicha chaqiruv komissiyalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 265-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2009-yil, 40-son, 435-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi 90-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-yil, 2-son, 15-modda) ilovasining 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 712-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 37-son, 996-modda) ilovasining 13-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 960-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-yil, 49-son, 1197-modda) ilovasining 7-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 321-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 5-son, 101-modda) 1-ilovasi 13-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish, shuningdek, ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 210-son qarori 1-ilovasining 2-bandi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2020-y., 07/20/4630/0266-son)