XALQ DEPUTATLARI NAVOIY VILOYATI KENGASHINING
QARORI
Mahallalar faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan viloyatidagi mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash hamda oʻzgartirish kiritish masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi “Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 48-sonli qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi “Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 294-sonli qarori talablari asosida, viloyat hokimining 2025-yil 20-martdagi 01-02/171-sonli viloyati hokimligi huzuridagi Mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish masalalari boʻyicha idoralararo doimiy komissiyasining bayonnomasi, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy viloyati boshqarmasining 2025-yil 20-martdagi 01/03/268-sonli xati, viloyat hokimining 2025-yil 19-iyundagi viloyati hokimligi huzuridagi Mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish masalalari boʻyicha idoralararo doimiy komissiyasining xulosasi hamda bildirilgan taklif, fikr-mulohazalarni inobatga olib, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 162- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari viloyat Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-maydagi “Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 294-sonli Qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Viloyati hokimligi huzuridagi mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish masalalari boʻyicha idoralararo doimiy komissiyaning xulosasi bilan berilgan manzilli takliflar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining viloyati boshqarmasi “Mahalla yettiligi”ning viloyat boshqarma boshliqlari hamda tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:
Navoiy viloyatidagi ayrim mahallalar birlashtirilishining mazmun mohiyati toʻgʻrisida aholi orasida tushuntirish ishlarini olib borish; birlashtirilayotgan mahallalarni nomlashda aholining fikrini inobotga olgan holda oʻrnatilgan tartib boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish;
mahallalarni birlashtirish hisobiga boʻshayotgan mahalla fuqarolar yigʻini balansidagi binolaridan samarali foydalanish choralarni koʻrish;
bunda, boʻshayotgan binolarda aholi uchun guzarlar, kutubxonalar va boshqa madaniy maskanlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamgʻarmasiga foyda keltirish maqsadida binoni hududiy tadbirkorlarga ijaraga berish va ish oʻrinlarini yaratish;
mahalliy hokimliklar bilan birgalikda fuqarolarni roʻyxatga olish bilan bogʻliq masalalarda hamkorlik qilish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining viloyati boshqarmasi, viloyat Adliya boshqarmasi, viloyat Davlat soliq boshqarmasi, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:
Mahalla boshqarmasi, tuman (shahar) boʻlimlari qoshida viloyat Adliya va Davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy boʻlimlaridan masʼul biriktirilgan holda mahallalarni tugatish komissiyalarini tuzish;
komissiya tomonidan belgilangan tartibda ixchamlashtirilayotgan (birlashayotgan) mahalla fuqarolar yigʻinlarining hujjatlarini rasmiylashtirish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining viloyati boshqarmasi, “Oʻzarxiv” agentligining viloyati Arxiv ishi hududiy boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:
Ixchamlashtirilayotgan mahalla fuqarolar yigʻinlarining tegishli hujjatlarini Arxivga qabul qilish choralarini koʻrish;
shuningdek, ixchamlashtirilayotgan mahalla fuqarolar yigʻinlarining muhr va shtamplarni ichki ishlar boʻlimlari tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
6. Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi, Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi:
birlashtirilgan mahallalar chegaralarini aks ettirgan va tavsiflagan holda, ularni birlashtirish boʻyicha xaritalarini chizish hamda fuqarolarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish;
ixchamlashtirilayotgan mahalla fuqarolar yigʻini inshootlarni birlashtirilgan mahalla fuqarolar yigʻinlariga balansiga berish choralarini koʻrsin.
7. Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasining tuman va shahar boʻlimlari tomonidan kelishilib tasdiqlangan, har bir mahallaning chegaralarini qaytadan koʻrib chiqib, yakuniy chegaralarni belgilash hamda qonunchilikka muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashiga tasdiqlash uchun kiritsin.
8. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining viloyati boshqarmasi, viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligining viloyat boshqarmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Davlat soliq boshqarmasi, Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda:
ixchamlashtirilayotgan mahalla fuqarolar yigʻinlarining hodimlariga belgilangan tartibda ogohlantirish xatlarini berish, shuningdek, amaldagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiya pullarini ajratish;
ixchamlashtirilgandan soʻng mahalla hodimlarini birlashtirilgan mahallaga belgilangan tartibda tanlov asosida ishga qabul qilish va qolgan hodimlarini esa bandligini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Viloyat hokimligi huzuridagi mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish masalalari boʻyicha idoralararo doimiy komissiyasiga:
Mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish, tugatish va ularning chegaralarini belgilash hamda bir-biriga qoʻshilib ketayotgan mahallaning birini nomini saqlab qolinishi yoki yangi nom berilishida mahalla aholisining takliflari inobatga olinsin.
Mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish, tugatish va ularning chegaralarini belgilash jarayonida mahalla aholisi tomonidan kelib chiqadigan nizoli masalalarni qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqish vazifasi yuklatilsin.
10. Viloyat hokimining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi ushbu qarorni matbuotda eʼlon qilsin hamda viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosarlari (R.Sulaymonov, J.Xodjayev) va xalq deputatlari viloyat Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (N.Isoqov) zimmalariga yuklatilsin.
Kengash raisi ALIYEV GʻOFIR QUVATOVICH
Navoiy viloyati,
2025-yil 9-iyul,
VII-14-83-5-0-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.