XALQ DEPUTATLARI BUXORO SHAHAR KENGASHINING
QARORI
Buxoro shahrida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida
Mamlakatimizda suv resurslaridan foydalanish mexanizmlarini tubdan isloh qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, shuningdek, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda Soʻnggi uch yil davomida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorning 7-bandiga muvofiq 2024-yildan boshlab: - har yili vegetatsiya davri uchun hamda kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqib, tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga kiritishi; - isteʼmol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan (yuritishdan bosh tortgan) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv soligʻi bazasi xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi boʻyicha tuman, shahar Kengashi sessiya muhokamasiga kiritilishi belgilangan.
Shaharda 2025-yil vegetatsiya mavsumida suv resurslaridan oqilona foydalanish, sugʻorish tarmoqlarida suv yoʻqotilishini kamaytirish, isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan suv resurslarini cheklangan suv miqdorlarini inobatga olgan holda qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini tasdiqlash maqsadga muvofiq boʻlmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasining 2025-yil 22-apreldagi 97-sonli xati inobatga olinsin.
2. Buxoro shahrida 2025-yilgi vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi ekinlari mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash yuzasidan Buxoro tuman “Suv yetkazib berish xizmati” Davlat muassasasi direktori R.Sariyevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Shaharda 2025-yil vegetatsiya mavsumida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suv olish limitlarini ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Buxoro shahar hokimining birinchi oʼrinbosari X.Yaxyoyev, Buxoro tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (R.Sariyev)ga: - cheklangan suv limitlarini inobatga olgan holda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida shahardagi ekin yer maydonlariga ayniqsa, takroriy ekin yer maydonlariga suvni kam talab qiladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarni joylashtirish choralarini koʻrish; - shahar chegarasidan olinadigan suv resurslarini oʻlchab olib, hududlarning yer maydonlarini inobatga olgan holda, suv resurslarini taqsimlash; - shaharda suv isteʼmolchilari tomonidan limit asosida olingan suv resurslarini hisobotini yuritish va belgilangan tartibda shahar soliq inspeksiyasiga oʻz vaqtida taqdim etib borish vazifasi yuklatilsin.
5. Shahar hokimligi apparati matbuot xizmati (D.Toʼymurodov), “Buxoro oqshomi” gazetasi (I.Radjabova)ga, Buxoro tuman “Suv yetkazib berish xizmati” DM (R.Sariyev) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan “suv — tekin” tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish borasidaamalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlarni jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazish maqsadida shahar mahalliy ommaviy axborot vositasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borilishi tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini taʼminlash shahar hokimining birinchi oʻrinbosari X.Yaxyoyevga, ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining Agrar, suv xoʻjaligi va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (A.Axmedov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi Q. TURSUNOV
Buxoro viloyati, Buxoro sh.,
2025-yil 17-may,
VII-8-54-2-42-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.