XALQ DEPUTATLARI ARNASOY TUMANI KENGASHINING
QARORI
Arnasoy tumani boʻyicha 2025-yil vegetatsiya davrida sugʻorish ishlari uchun ajratilgan suv limitini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish sarmaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qaroriga hamda Respublika suv xoʻjaligi vazirligining 2024-yil 15-martdagi 72-sonli buyrugʻiga asosan Arnasoy tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan har yili 1-aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1-oktyabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy isteʼmolchilar kesimida ekinlarni sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqishi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashiga kiritilishi belgilangan.
Shuningdek tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan 2025-yil vegetatsiya davrida sugʻorish ishlari uchun jami 171,8 mln m3 suv limiti ajratilgan. Shundan Janubiy Mirzachoʻl Magistral kanali va markaziy chap tarmogʻidan 84,4 mln m3, LR-12 kanalidan 47,3 mln m3, PR-12-4-kanalidan 37,1 mln m3, zovur suvlaridan 3,0 mln m3 suv limitlarini ajratilib, sugʻorish uchun suv olish limitlarini hududlar boʻyicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunining 6-,24-moddalariga muvofiq xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi “Quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish sarmaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari X.Eshonqulovning tuman boʻyicha 2025-yil vegetatsiya davrida sugʻorish ishlari uchun ajratilgan suv limiti yuzasidan bergan taklifi maʼqullansin va ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi (X.Eshonqulov)ga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qarori asosida ishlarni tashkil etish;
belgilangan limitlar asosida isteʼmolchilarga suv yetkazib berish;
oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish;
sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash tadbirlarini amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritilishini raqamlashtirish;
isteʼmolchilar kesimida isteʼmol qilingan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish;
suv isteʼmolchilarining buyurtmanomasi asosida boshqa suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish;
amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobotlarni oʻz vaqtida berib borish vazifalari yuklatilsin.
4. Qaror rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur qaror “Аrnasoy tongi” gazetasida rasman eʼlon qilinsin hamda tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
6. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashining 2025-yil 27-martdagi VII-6-69-3-43-K/25-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman Kengashining agrar, suv xoʻjaligi, ekologiya hamda sanoat, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat koʻrsatish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi va tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari X.Suyarov zimmasiga yuklansin.
8. Mazkur qaror qabul qilingan kundan kuchga kiradi.
Kengash raisi MUSANOV ODIL OLIMOVICH
Jizzax viloyati, Arnasoy tumani,
2025-yil 1-may,
VII-7-85-3-43-K/25-son
Oldingi tahrirga qarang.
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.
(1-ilova Jizzax viloyati Xalq deputatlari Arnasoy tumani kengashining 2026-yil 15-martdagi VII-17-43-3-43-K/26-sonli qarori tahririda)