Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT MUKOFOTLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-apreldagi OʻRQ-473-sonli “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun xizmat koʻrsatgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari mumkin.
2-modda.
“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni, Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari, faxriy unvonlari va Faxriy yorligʻi davlat mukofotlari hisoblanadi.
3-modda.
Davlat mukofotlari Oliy Majlis tomonidan taʼsis etiladi.
Davlat mukofotlariga doir nizomlar va ularning tavsiflari Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanadi.
4-modda.
Davlat mukofotlari bilan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti taqdirlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash Oliy Majlis tomonidan amalga oshiriladi.
5-modda.
Davlat mukofotlari guvohnomalarining namunalari, davlat mukofotlariga taqdim etish va ularni topshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma Oliy Majlis Raisi, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud Raisi, Oliy sud Raisi, Oliy xoʻjalik sudi Raisi, Bosh prokuror, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. Chet el fuqarolarini taqdirlashga doir taqdimnoma Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-modda.
Bir shaxs ayni bir orden, medal yoki Faxriy yorliq bilan, qoida tariqasida, bir marta taqdirlanadi.
Faxriy unvonlar takroran berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.
8-modda.
Fuqarolar navbatdagi mukofotga avval mukofot bilan taqdirlangan vaqtidan keyin kamida uch yil oʻtgach taqdim etiladilar. Favqulodda hollarda fuqarolar navbatdagi mukofotga avval taqdirlangan vaqtidan qatʼi nazar taqdim etilishlari mumkin.
9-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmonlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
10-modda.
“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofot boʻlib, faqat bir marta beriladi.
“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga “Oltin Yulduz” medali va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari quyidagilardan iborat:
— “Mustaqillik” ordeni;
— “Amir Temur” ordeni;
— I darajali va II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni;
— “Mehnat shuhrati” ordeni;
— I darajali va II darajali “Shon-sharaf” ordeni;
— “Doʻstlik” ordeni.
(11-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-apreldagi 225-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 63-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
12-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining medallari quyidagilardan iborat:
“Oltin Yulduz” medali;
“Jasorat” medali;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
“Shuhrat” medali.
13-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berilgan shaxslarga belgilangan namunadagi koʻkrak nishoni va unvon berilganligi toʻgʻrisidagi hujjat topshiriladi.
14-modda.
Ordenlar, medallar va boshqa mukofotlarning nishonlarini taqib yurish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan fuqarolar bilan bir qatorda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy boʻlinmalar ham mukofotlanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16-modda.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar hamda bir marta beriladigan pul mukofotini oladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
17-modda.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar mukofotlar saqlanishini taʼminlashlari lozim.
Davlat mukofotlari, shuningdek ularga doir hujjatlar yoʻqolgan taqdirda, taqdirlanganlar mukofotlarga nisbatan oʻz huquqlarini saqlab qoladilar.
Davlat mukofotlari tang ahvolga tushish natijasida yoʻqotilgan taqdirda istisno tariqasida ordenlar, medallar va koʻkrak nishonlarining asliga teng nusxalari berilishi mumkin.
Mukofot bilan taqdirlanganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar, shuningdek Faxriy yorliq yoʻqolgan taqdirda ularning asliga teng nusxalari belgilangan tartibda beriladi.
18-modda.
Davlat mukofotlaridan:
shaxs ogʻir jinoyat sodir etgani uchun hukm qilinganida — sudning qonun hujjatlarida belgilangan asoslar va tartibdagi taqdimnomasiga binoan;
shaxs oʻz shaʼnini badnom etuvchi xatti-harakatlar sodir etganida — taqdirlash toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish huquqiga ega boʻlgan organning taqdimnomasiga binoan mahrum etiladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum boʻlganlik, belgilangan imtiyozlardan ham mahrum qilinishiga sabab boʻladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum etilgan shaxsga qarashli davlat mukofoti va mukofotga doir hujjat qaytarilishi lozim.
19-modda.
Noqonuniy hukm qilingan va toʻla oqlangan fuqarolarning davlat mukofotlariga nisbatan huquqlari tegishli organlarning iltimosnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan tiklanishi mumkin.
20-modda.
Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻzlariga qarashli boʻlgan davlat mukofotlari va ularga doir hujjatlarni oʻzlari bilan olib ketish huquqiga egadirlar.
Tarkibida qimmatbaho metallar boʻlgan davlat mukofotlarini olib chiqib ketish tartibi qonun hujjatlari bilan belgilab beriladi.
21-modda.
Orden, medal, faxriy unvonga doir koʻkrak nishonini noqonuniy ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki oʻzga tarzda haq evaziga birovga berish qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
22-modda.
Tashqi koʻrinishi davlat mukofotlariga oʻxshash boʻlgan koʻkrak nishonlarini taʼsis etish va tayyorlash taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 22-dekabr,
176-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 266-modda; 1996-y., 5-6-son, 63-modda, 9-son, 120-modda; 1998-y., 9-son, 163-modda; 2000-y., 7-8-son, 202-modda; 2003-y., 9-10-son, 140, 149-moddalar; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2007-y., 27-28-son, 279-modda; 2008-y., 18-son, 143-modda; 2012-y., 37-son, 422-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 03/17/451/0473-son)