O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari va medal lentalarini taqib yurishni tartibga keltirish maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurishning ilova qilinayotgan qoidalari hamda O‘zbekiston Respublikasi orden va medallari lentalarining tavsifi tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi orden va medallarini, odatda, umumdavlat bayramlari hamda boshqa bayramlar va tantanali majlislar vaqtida taqib yuradilar.
Boshqa hollarda esa nishondorlar O‘zbekiston Respublikasining yo orden, medallarini, yoxud ularning plankalardagi lentalarini taqib yurishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini, plankalardagi orden lentalari va medallarning lentalarini taqib yurish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining orden va medallarni ta’sis etish to‘g‘risidagi qonunlariga, shuningdek quyidagi qoidalarga rioya etiladi:
1. “Oltin Yulduz” medali boshqa alohida o‘rnak ko‘rsatganlik uchun olingan nishonlarni taqib yurish chog‘ida orden va medallardan yuqorida, avvalgi “Oltin Yulduz” medalidan hamda “O‘roq va Bolg‘a” oltin medalidan o‘ngroqda qadaladi.
2. O‘zbekiston Respublikasining ordenlari kolodkalarda taqib yuriladigan bo‘lsa, sobiq SSR Ittifoqi ordenlaridan o‘ngroqda joylashadi.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari kolodkasiz taqib yurilganda sobiq SSR Ittifoqi ordenlaridan chaproqda joylashadi.
O‘zbekiston Respublikasining medallari sobiq SSR Ittifoqi medallaridan o‘ngroqda, ordenlardan keyin taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasining plankalardagi orden lentalari sobiq SSR Ittifoqining orden lentalaridan o‘ngroqda taqib yuriladi.
O‘zbekiston Respublikasining plankalardagi medal lentalari sobiq SSR Ittifoqi medallarining lentalaridan o‘ngroqda, orden lentalaridan keyin taqiladi.
3. O‘zbekiston Respublikasining ikki va undan ko‘proq ordenlari kolodkalarda taqib yurilganda ular quyidagi tartibda joylashtiriladi: I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, “Do‘stlik” ordeni, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni.
O‘zbekiston Respublikasining (sobiq SSR Ittifoqining) ikki va undan ko‘proq medallari taqib yurilganda ular ordenlardan keyin quyidagi tartibda joylashtiriladi “Jasorat” medali, “Shuhrat” medali.
4. “Mustaqillik” ordenini har kuni taqib yurish uchun orden lentasi tayyorlanadi. Shoyi lentaning eni 24 mm va bo‘yi 12 mm. Lentaning o‘rtasidan eni 4 mm bo‘lgan yoqutrang chiziq o‘tadi. Uning har ikki tomoniga eni 1 mm oq chiziqlar, eni 3 mm sariq chiziqlar, eni 1 mm oq chiziqlar, eni 2 mm zangori chiziqlar, eni 1 mm yoqutrang chiziqlar, eni 2 mm yashil chiziqlar ketma-ket joylashgan.