Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKISTON TEMIR YOʻLLARI” DAVLAT AKSIYADORLIK KOMPANIYASI FAOLIYATINING AYRIM MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimida sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilish boʻyicha ishlarni yaxshilash, shuningdek uning faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining:
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, uning yoʻnalish filiallarini, shuningdek Toshkent temir yoʻl boʻlimining Karantinli va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish markazini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga berish;
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazini joylardagi yoʻnalish filiallari bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi, Toshkent temir yoʻl boʻlimining Karantinli va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish markazini — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining Oʻlatga qarshi yoʻl stansiyasi etib qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda 2006-yil 15-aprelga qadar ushbu bandda koʻrsatilgan muassasalarning asosiy fondlarini belgilangan tartibda qabul qilish-topshirishni tugallasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilangan tartibda 2006-yil uchun Respublika budjetining xarajatlar parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi va uning yoʻnalish filiallarini, Toshkent temir yoʻl boʻlimining Karantinli va oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olish markazini 2006-yil 15-apreldan boshlab budjetdan moliyalashtirishni toʻxtatsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi Ustavini, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi xodimlari intizomi toʻgʻrisidagi nizomni va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasi shaxsiy tarkibining formali kiyim-boshi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1995-yil 3-iyuldagi 249-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari N.M. Xanov hamda R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 31-mart,
53-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi respublika organlarining boshqaruv xodimlari sonini maqbullashtirish va qisqartirish toʻgʻrisida” 2004-yil 1-son qarorida:
2-ilovaning 36-pozitsiyasida:
3-ustundagi “4027” va “1035” raqamlari tegishli ravishda “4000” va “1008” raqamlari bilan almashtirilsin;
6-ustundagi “3324” va “791” raqamlari tegishli ravishda “3297” va “764” raqamlari bilan almashtirilsin;
3-ilovaning 17-pozitsiyasida:
3-ustundagi “2746” va “2582” raqamlari tegishli ravishda “2773” va “2609” raqamlari bilan almashtirilsin;
6-ustundagi “2232” va “2112” raqamlari tegishli ravishda “2259” va “2139” raqamlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 28-oktabrdagi 375-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 116-modda)