Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 2003-yil 21-avgustdagi 361-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.R. Yunusov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2004-yil 17-fevral,
74-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Hududga kirish hujjatlarini rasmiylashtirganlik uchun stavka va avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi uchun olinadigan toʻlov qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Yigʻimlarni undirish erkin muomaladagi valyutada bevosita bojxona postlarida vakolatli banklarning qabul qilish punktlarida amalga oshiriladi, olingan mablagʻlar jamgʻarma daromadlarining tranzit hisob raqamlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasining valyuta hisob raqamlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Hujjatlarni rasmiylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun yigʻimlar toʻlash ustidan nazorat bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga tushgan valyuta mablagʻlaridan “Oʻzavtoyoʻl” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan, tranzit magistral yoʻllarni taʼmirlash va saqlash uchun yoʻl texnikalari, asbob-uskunalar, texnologiyalar hamda xorijda ishlab chiqarilgan materiallarni sotib olish, shuningdek xorijda yoki xorijiy firmalar mutaxassislarini respublikaga taklif qilgan holda malakali kadrlar tayyorlash uchun foydalaniladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi yuk oqimlarining Gruziya portlari orqali oʻtishini muvofiqlashtirish boʻyicha Hukumat komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 24-maydagi 194-son qarorining 1-bandidagi “Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi”, “Oʻzavtoyoʻl” konserni”, “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi”, “Oʻzdavpaxtasanoatsotish” uyushmasi” soʻzlari tegishli ravishda “Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi”, “Oʻzavtoyoʻl” davlat- aksiyadorlik kompaniyasi”, “Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi”, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 8-9-son, 67-modda)
4. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 5-maydagi 180-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 5-son, 23-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomda:
7-bandning ikkinchi xatboshi va 8-bandning 8.1-kichik bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga” soʻzlaridan keyin “hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga” soʻzlari qoʻshilsin;
8-bandning 8.4-kichik bandi uchinchi xatboshidagi “va Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga” soʻzlari “shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 7-son, 80-modda, 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 2010-y., 21-son, 162-modda)