OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Agrar sohada moliyaviy qoʻllab-quvvatlash samaradorligini oshirish va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini kengaytirish, davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalarni aniq natija koʻrsatkichlariga bogʻlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligida tavakkalchiliklarni boshqarish va sugʻurta mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Qishloq xoʻjaligi subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligining quyidagi subsidiyalarni ajratish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2026-yil hosilida paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun (4 va 5-navli paxta bundan mustasno) 500 ming soʻmdan:
(i) qishloq xoʻjaligi subyektlariga — 2026-yil 31-dekabrga qadar birja savdolari orqali realizatsiya qilganda;
(ii) paxta-toʻqimachilik klasterlari va toʻqimachilik korxonalariga — qishloq xoʻjaligi subyektlaridan birja savdolari orqali xarid qilingan paxta xomashyosi uchun tuzilgan shartnoma asosida yakuniy hisob-kitoblar qonunchilikda belgilangan tartibda toʻliq amalga oshirilganda;
(b) 2026-yilda oʻziga biriktirilgan yer maydonlarida (ikkilamchi ijaraga berilgan yer maydonlari bundan mustasno) paxta yetishtirgan paxta-toʻqimachilik klasterlari va ular taʼsischi boʻlgan korxonalarga paxta yetishtirilgan har bir gektar yer maydoni uchun 1,5 million soʻmdan. Bunda:
(i) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bir oy muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligi taqdim etgan konturlarda paxta-toʻqimachilik klasterlari va ular taʼsischi boʻlgan korxonalar oʻziga biriktirilgan yer maydonlarida 2026-yil hosili uchun paxta xomashyosi (30 sentnerdan yuqori) yetishtirganligini kosmik monitoring maʼlumotlari asosida oʻrganib chiqadi;
(ii) Qishloq xoʻjaligi vazirligi haqiqatda ekilgan maydonlar boʻyicha tasdiqlangan maʼlumotlar asosida bir hafta muddatda subsidiya miqdorini hisoblab chiqadi hamda mablagʻ ajratish boʻyicha hisob-kitoblarni Agrar sohada toʻlovlar agentligiga taqdim etadi;
(v) 2027 — 2029-yillarda chorvachilik xoʻjaliklariga asosiy maydonlarda ozuqa ekinlari yetishtirilgani uchun har bir gektar ekin maydoniga Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining xulosasiga asosan yillik 500 ming soʻm miqdorida;
(g) 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-iyunga qadar tadbirkorlik subyektlariga sovutilgan mol va qoʻy goʻshtini import qilishda, har bir kilogramm goʻsht uchun 2,5 ming soʻm miqdorida.
2. Belgilansinki:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-apreldagi “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-130-son qaroriga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga mol va qoʻy goʻshtini havo transportida import qilishda, har bir kilogramm goʻsht uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 1,2 AQSH dollari etib belgilanadi hamda ajratish muddati 2027-yil 1-iyunga qadar uzaytiriladi;
(v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan mazkur qarorning 1-bandidagi subsidiyalarni moliyalashtirish uchun:
(i) 2026-yilda talab etiladigan mablagʻlarni respublika budjetining 2026-yil III choragi yakuni boʻyicha daromadlarining rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan ajratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
(ii) 2027-yilda talab etiladigan mablagʻlar 2027-yil Davlat budjeti parametrlarida inobatga olinishini taʼminlaydi.
II. Natijaga asoslangan tizim asosida subsidiya ajratish
3. 2027-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar huquqiy tajriba tariqasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha subsidiyani natijaga asoslangan “Natijaviy subsidiya” tizimi asosida ajratish tartibi joriy etilsin.
4. Belgilansinki, “Natijaviy subsidiya” tizimi doirasida:
(a) subsidiya miqdori uni oluvchining xarajatlari bilan bir qatorda hosildorlik, mahsulot sifati, saqlash, qayta ishlash yoki eksport koʻrsatkichlarining oshishi, sarflanadigan resurslar maqbullashtirilishi, energiya tejamkor qurilma, uskunalar ishlatilishi, Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi toifasi kabi koʻrsatkichlar asosida belgilanadi;
(b) natija koʻrsatkichlariga erishilganligi inson omilisiz avtomatik ravishda davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlaridagi maʼlumotlar asosida tasdiqlanadi.
5. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
(a) ikki oy muddatda subsidiya ajratishdan koʻzlangan maqsad, natija koʻrsatkichlari, natijani baholash mezonlari, maʼlumotlarni tasdiqlovchi axborot manbalarini nazarda tutuvchi “Natijaviy subsidiya” tizimining hisoblash metodikasini tasdiqlasin va “Agrosubsidiya” platformasida tegishli modul yaratsin;
(b) 2027-yil 1-noyabrga qadar huquqiy eksperiment holatini tahlil qilsin va uning ijobiy natijalari asosida “Natijaviy subsidiya” tizimini boshqa agrar sohadagi qoʻllab-quvvatlash choralariga tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
(v) 2027-yildan boshlab har yili 1-dekabrga qadar agrar sohadagi qoʻllab-quvvatlash choralarining iqtisodiy, ijtimoiy va resurs tejamkorlik samaradorligini baholab, samaradorligi past subsidiyalarni qayta koʻrib chiqish yoki bekor qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin.
6. Agrar sohada toʻlovlar agentligi mablagʻlarining qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi, ichki nazorat tizimining ishonchliligi hamda korrupsiyaviy xavflarning oldini olish tizimini joriy etsin va buning uchun Qishloq xoʻjaligi vazirligining umumiy shtat birliklari doirasida Agentlikka qoʻshimcha 15 ta shtat birligi ajratilsin.
III. Tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini takomillashtirish
7. Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga yetkazilgan zararlarni tezkor va xolis baholash hamda sugʻurta tovonini oʻz vaqtida toʻlash maqsadida gidrometeorologik kuzatuv stansiyalari mavjud boʻlmagan hududlarda sugʻurta hodisasini mustaqil ekspert xulosasi, xalqaro muqobil provayderlarning reanaliz maʼlumotlari, sunʼiy yoʻldosh tasvirlari va masofadan kuzatuv maʼlumotlari asosida tasdiqlashga ruxsat berilsin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan va uch yil davomida sugʻurta hodisasi kuzatilmagan qishloq xoʻjaligi korxonalariga toʻrtinchi yildan boshlab sugʻurta mukofotiga 10 foizdan 20 foizgacha chegirma berish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
(b) sugʻurta mukofotlarining 3 foizdan 5 foizigacha boʻlgan qismi ogohlantiruvchi tadbirlar zaxirasiga yoʻnaltiriladi va ushbu mablagʻlar quyidagi xarajatlarning 80 foizigacha qismini qoplashga sarflanadi:
(i) chorvachilikda — vaksinatsiya, profilaktika, veterinariya xizmatlari va dori-darmon xarid qilish;
(ii) paxta va gʻallachilikda — biologik himoya tadbirlarini moliyalashtirish;
(iii) bogʻdorchilik va uzumchilikda — doʻl va tabiiy xavflar taʼsirini kamaytiruvchi himoya vositalarini oʻrnatish xarajatlarining 50 foiz qismini, biroq 5 million soʻmdan oshmagan miqdorda qoplab berish.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) mustaqil ekspert xulosasi, reanaliz, meteorologik, sunʼiy yoʻldosh va masofadan kuzatish maʼlumotlarini sugʻurta hodisasini tasdiqlovchi rasmiy dalillar sifatida qoʻllash tartibini;
(b) mazkur qaror bilan joriy qilinayotgan subsidiyalarni ajratish hamda ogohlantiruvchi tadbirlar zaxirasini shakllantirish va undan foydalanish tartiblarini;
(v) qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abdurahmonov belgilansin.
12. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-sentabr,
PQ-354
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-sentabrdagi PQ–354-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashning navbatdagi chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-97-son qarorida:
(a) 3-banddagi “tijorat banklari” soʻzlari “tijorat banklari va lizing tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 4-bandning “b” kichik bandidagi “tijorat banklariga” soʻzlari “tijorat banklari va lizing tashkilotlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-apreldagi “Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-130-son qarori 1-bandi “a” kichik bandidagi “2026-yil 31-dekabrga” soʻzlari “2027-yil 1-iyunga” soʻzlari bilan, “0,8” raqami “1,2” raqami bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmogʻi va yaylov xoʻjaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-179-son qarorining 9-bandida:
(a) “v” kichik bandda:
“i” xatboshidagi “5” raqami “20” raqami bilan almashtirilsin;
“ii” xatboshidagi “20” raqami “50” raqami bilan almashtirilsin;
(b) quyidagi mazmundagi “d” kichik band bilan toʻldirilsin:
“(d) mazkur bandning “v” kichik bandidagi kreditlar barqaror ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish boʻyicha tuman (shahar) shtablari qaroriga asosan ajratiladi. Bunda qoʻshimcha kredit shartlarini belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-iyundagi “Paxta-toʻqimachilik sohasida moliyaviy barqarorlikni oshirish hamda tolani chuqur qayta ishlashni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-246-son qarorida:
(a) 2-bandning “a” kichik bandidagi “Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 6-bandda:
(i) “a” kichik banddagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligiga” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “b” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(iii) “v” kichik banddagi “Agrar sohada toʻlovlar agentligi respublika budjetidan ajratilgan” soʻzlari “Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi oldingi yillarda paxta xomashyosi uchun subsidiya toʻlovlarini moliyalashtirishga Davlat budjetidan ajratilib, iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan oʻzining hisobraqami (21510) orqali” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2026-y., 07/26/354/0978-son)