Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
Buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI AUDITORLIK FAOLIYATI MILLIY STANDARTI (60-SONli AFMS) “BOShQA AUDITOR IShI NATIJALARIDAN FOYDALANISh”NI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 20-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1221]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 2-iyuldagi 43-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3316, 30.07.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasiga asosan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Ilova qilinayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Auditorlik faoliyatining milliy standarti (60-sonli AFMS) “Boshqa auditor ishi natijalaridan foydalanish” tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2003-yil 27-yanvar,
16-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2003-yil 27-yanvardagi 16-son buyrugʻi bilan
“TASDIQLANGAN”
“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi auditorlik faoliyatining milliy standarti (60-sonli AFMS) “Boshqa auditor ishi natijalaridan foydalanish”
Mazkur Auditorlik faoliyati milliy standarti (AFMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 149-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 9-son, 62-modda) 3-bandiga asosan ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini meʼyoriy tartibga solish elementi hisoblanadi.
1-§. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standartning maqsadi auditor boshqa auditor (auditorlar) tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektning bitta va bir nechta boʻlinmalarida oʻtkazilgan auditorlik tekshiruvi natijalaridan foydalanib, xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti haqida auditorlik xulosasini tuzadigan hollar uchun meʼyor va qoidalarni belgilash hisoblanadi.
2. Mazkur standart talablari auditorlik faoliyatini amalga oshirish chogʻida barcha auditorlik tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
2-§. ASOSIY TUShUNChALAR
3. Mazkur standart maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
asosiy auditor — moliyaviy hisobot boshqa auditor tomonidan tekshirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektning bir yoki undan ortiq boʻlinmalari boʻyicha moliyaviy axborotni oʻz ichiga olgan hollarda, xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisoboti boʻyicha auditorlik xulosasini tuzganlik uchun javobgar boʻladigan auditor;
boshqa auditor — asosiy auditor tomonidan tekshiriladigan xoʻjalik yurituvchi subyektning moliyaviy hisobotiga kiritiladigan boʻlinmaning moliyaviy axborotini tekshiradigan va mazkur axborotga doir hisobotni tuzganlik uchun javobgar boʻladigan auditor;
boʻlinma — faoliyati toʻgʻrisidagi moliyaviy axborot asosiy auditor tomonidan tekshiriladigan moliyaviy hisobotga kiritiladigan boʻlim, filial, shuʼba korxonasi yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyekt.
3-§. ASOSIY AUDITOR SIFATIDA ChIQISh
4. Quyidagi omillar taʼsiri oqibatida asosiy auditorni tayinlash zarurati tugʻiladi:
asosiy auditor tomonidan tekshirilayotgan moliyaviy hisobotga kiritilgan boʻlinma moliyaviy axborotining hajmi;
asosiy auditorning boʻlinma faoliyatiga oid bilim darajasi;
xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmalari moliyaviy axborotini jiddiy buzib koʻrsatishlar xatari.
4-§. ASOSIY AUDITOR TAOMILLARI
5. Asosiy auditor boshqa auditor ishining natijalaridan foydalanishni rejalashtirayotganda, boshqa auditorning tekshirilayotgan sohadagi kasbiy bilimdonligini baholashi kerak. Buning uchun asosiy auditor:
taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra boshqa auditor tanlovini oʻtkazishi;
boshqa auditor auditorning malaka sertifikatiga ega ekanligiga ishonch hosil qilishi;
boʻlinma faoliyati haqidagi bilimini baholash maqsadida boshqa auditor bilan suhbat oʻtkazishi kerak.
Asosiy auditor oʻzining boshqa auditor bilimdonligiga tegishli xulosalari haqida maʼlumotnoma tuzadi, unga oid maʼlumotlar bilan birga u ish hujjatlariga qoʻshiladi.
6. Asosiy auditor boshqa auditorni quyidagilardan xabardor qiladi:
a) auditorlik tekshiruvi chogʻida uning mustaqilligi haqida va bu haqda yozma majburiyat oladi;
b) boshqa auditor hisobotini tuzish hamda auditorlik tekshiruvi chogʻida ularning harakatlarini muvofiqlashtirish boʻyicha tegishli taomillarni oʻtkazish tartibi haqida. Asosiy auditor boshqa auditorni alohida eʼtibor talab etiladigan masalalar, shuningdek auditorlik tekshiruvi vaqtining tugashi haqida xabardor qilishi lozim.
7. Asosiy auditor quyidagi taomillarni bajarishi shart:
a) boshqa auditor bilan qoʻllaniladigan auditorlik taomillarini muhokama qilish;
b) boshqa auditorning reja va dasturini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
v) boshqa auditorning ish hujjatlarini koʻrib chiqish;
g) xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) maʼmuriyati bilan boshqa auditor tekshiruvi natijalarining muhokamasida ishtirok etish;
d) xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) moliyaviy axborotini qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazish yoʻli bilan boshqa auditor ishining sifatini nazorat qilish.
5-§. BOShQA AUDITOR TAOMILLARI
8. Boshqa auditor asosiy auditorga maʼlum boʻlgan hamda boshqa auditor tomonidan tekshirilayotgan moliyaviy axborotni toʻgʻrilash va oshkor etishni talab etadigan boshqa boʻlinmalarning bitim hamda operatsiyalariga taalluqli soʻrovlar qilishi mumkin.
9. Boshqa auditor xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) moliyaviy axboroti tekshiruvining borishi haqida asosiy auditorni muntazam xabardor qilib turadi.
10. Asosiy auditorga boshqa auditorning soʻrovnomasi yozma shaklda bayon etilishi, sana qoʻyilishi va asosiy auditorga tilxat orqali berilishi lozim.
11. Soʻrovnomada asosiy auditor boshqa auditorga javob qaytarishi kerak boʻlgan muddat koʻrsatiladi.
6-§. ASOSIY AUDITOR JAVOBIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
12. Asosiy auditor boshqa auditordan soʻrovnoma olgan taqdirda boshqa auditorning soʻrovnomasida koʻrsatilgan muddatni hisobga olgan holda yozma shaklda javob yoʻllashi lozim.
13. Asosiy auditorning boshqa auditorga javobi aniq boʻlishi lozim.
14. Asosiy auditorning maktubiga sana qoʻyilishi va boshqa auditorga tilxat orqali berilishi lozim.
7-§. ASOSIY VA BOShQA AUDITORLARNING JAVOBGARLIGI
15. Asosiy auditor tomonidan tuziladigan moliyaviy hisobot toʻgʻrisidagi auditorlik hisobotiga xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) moliyaviy axborotiga taalluqli boshqa auditorning hisobotiga kiritilgan axborotlar ham qoʻshiladi.
16. Asosiy auditor tomonidan tuziladigan moliyaviy hisobot toʻgʻrisidagi auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasini boshqa auditor ham imzolaydi.
17. Boshqa auditor xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) moliyaviy hisobotiga taalluqli oʻz hisobotining haqiqiyligi uchun javobgar boʻladi.
18. Agar asosiy auditor boshqa auditorning ishidan foydalanib boʻlmaydi degan xulosaga kelgan boʻlsa, asosiy auditorning oʻzi esa boshqa auditor tomonidan tekshirilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlinmasi (boʻlinmalari) moliyaviy hisobotiga taalluqli qoʻshimcha taomillarni bajara olmasa, u auditorlik tekshiruvi hajmining cheklanganligi tufayli belgilangan tartibda auditorlik xulosasini tuzishdan voz kechadi.